Yosh buxoroliklar
XX asr boshlarida Buxoro ijtimoiy hayotida bir-biriga qarama-qarshi ikki kuch paydo bo‘ldi. Birinchisi — Buxoroning siyosiy hayotini demokratik asosda qayta qurish, uning iqtisodini rivojlantirish, ilg‘or mamlakatlar qatoriga ko‘tarilishi uchun astoydil kurashuvchi Yosh buxoroliklar. Ikkinchisi — diniy mutaassiblar, har qanday yangilik va islohotlarning dushmani bo‘lgan toifa vakillari edi. Yosh buxoroliklar siyosiy harakat sifatida 1910-yildan faoliyat ko‘rsata boshlashdi. Ular Buxoro taraqqiyparvarlarining yetuk namoyandalari (Abdulvohid Burhonov, Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy, Fayzulla Xo‘jayev, Usmon Xo‘ja, Abduqodir Muhitdinov, Musojon Sayidjonov va boshqalar) bo‘lib, Buxoroni mustabid amir hukmronligidan qutqarib, respublika tuzumini o‘rnatishga harakat qildilar. Yosh buxoroliklar Buxoroda yangi usul maktablarini tashkil qildilar. Bu maktablar uchun turli darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari yozildi. ʻʻBuxoroi sharifʼʼ va ʻʻTuronʼʼ gazetalari nashr qilindi.
Ushbu nashrlar xalqni jaholatdan uyg‘otish va ma’rifatga da’vat etish bilan birgalikda milliy-ozodlik va mustaqillik g‘oyalarini ham ko‘tarib chiqdi.
Amir Olimxon islohotlari
Amir Abdulahaddan so‘ng Buxoro taxtini uning o‘g‘li Sayid Olimxon (1910–1920) egalladi. Uni 1893-yilda otasi Peterburgga o‘qishga jo‘natdi. Bu yerda u 3 yil davomida harbiy ishlar va davlat boshqarish asoslarini o‘rgandi. Amirlik taxtiga o‘tirgan Sayid Olimxon Buxoroda davlat asoslari va diniy tizimni o‘zgartirish taraddudida bo‘lmadi. Ammo Rossiyadagi voqealar va amirlikning o‘zidagi muxolafatchi harakatlar uni chora-tadbirlar ko‘rishga va Yosh buxoroliklarning (jadidlar) mamlakatni demokratlashtirish va islohotlar o‘tkazish to‘g‘risidagi talablariga yon berishga majbur qildi. 1917-yil Rossiyadagi fevral voqealari va u tufayli Buxoro siyosiy hayotidagi jonlanish, siyosiy o‘zgarishlarning Buxoro amirligida ham takrorlanishidan saqlanish amirni ayrim islohotlarni amalga oshirishga undadi. 1917-yil bahorida bosh qozi amir qabulxonasida mamlakatda islohotlar o‘tkazish haqida va’da berdi.
U amirning mavjud tuzum asoslariga daxl qilmaydigan va xalqning ahvolini ko‘p ham o‘nglamaydigan farmonini o‘qib eshittirdi.
Farmonda odil sudlov, xiroj, zakot va boshqa soliqlarni undirishning barqaror asoslarini yaratish haqida so‘z borardi. Sanoat va savdoni rivojlantirishga ham e’tibor qaratilgandi. Amaldorlarga xizmat yuzasidan vazifalarni ijro etish chog‘ida qo‘shimcha ustama haq olish taqiqlandi. Buning o‘rniga davlat tomonidan qat’iy belgilab qo‘yilgan maosh ta’sis etildi. ʻʻSo‘ngra biz tomonimizdan, — deyiladi farmonda, — xususan, shariat amri bilan mamlakatda foydali bilimlarni rivojlantirish va rag‘batlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘riladiʼʼ.
Shuningdek, amir o‘z xazinasidan tashqari alohida davlat xazinasini ta’sis etishga, davlat ehtiyojlaridagi kirimlar va chiqimlarni aniq hisoblab boruvchi byudjet belgilashga ham va’da bergandi. Farmonda bosmaxona ochish, mahbuslarni zindonlardan ozod qilish haqida ham va’dalar berildi. Ana shu maqsadda poytaxtda istiqomat qiluvchi ʻʻtiniq fikrli va oqilʼʼ odamlardan ʻʻassambleyaʼʼ (majlis) tuzuvchi ʻʻmillatʼʼni saylash ham mo‘ljallangandi.
Farmon katta va’dalar asosida tuzilgan bo‘lsa-da, jadidlarda u shubha uyg‘otdi. Yosh buxoroliklar rahnamolari (farmonni amalga oshirish maqsadida tuzilgan qo‘mita Yosh buxoroliklar qo‘mitasi deb atalgan) o‘zlarining islohotlar borasidagi fikr-mulohazalarda yakdillikka erisholmadi. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Mullaxon o‘g‘li, Mirzo G‘ulom vazmin, bosiq harakatlar bilan farmonni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, radikal harakat tarafdorlari Fayzulla Xo‘jayev, Abdurauf Fitrat va Usmon Xo‘ja kabilar yanada chuqur islohotlar o‘tkazishni talab qilib, o‘z tarafdorlarini zudlik bilan namoyish o‘tkazishga da’vat etdi. 1917-yil 8-aprelda jadidlar Karki va Buxoroda namoyishlar o‘tkazishdi.
Buxoroda namoyishga to‘plangan 150 kishiga Fayzulla Xo‘jayev va Abdurauf Fitrat rahnamolik qilishgan. Shiorlarda ʻʻYashasin Amir!ʼʼ qatorida ʻʻHurriyat, Adolat, Musavvat!ʼʼ kabi boshqa mazmundagi da’vatlar ham bor edi. Namoyishga chiqqanlar Arkkacha yetib kelishganida amir sarbozlari ularni to‘xtatishga buyruq oldi. 200 ta piyoda va 300 ta otliq sarbozdan iborat amir qo‘shini namoyishga chiqqanlarni tarqatib, hibsga ola boshladi. Bundan tashqari Ark ostonasini islohotlarga qarshi chiqqan 7 mingdan ziyod ancha uyushgan mullalar guruhi egallab oldi. Mullalar Arkka yaqin kelishga botingan har qanday kishini o‘ldirish bilan tahdid qilishdi. Namoyishchilarga toshlar yog‘dirilib, ularni do‘pposlay va haqoratlay boshlashdi. 30 dan ziyod namoyishchi hibsga olindi, ko‘plariga tan jarohati yetkazildi. Qutulib qolgan namoyishchilar boshqa shaharlarga qochib jon saqlashdi. Buxorodagi voqealar jadidlarni sergaklantirdi. Ma’rifatli hukmdor tariqasida namoyon bo‘lgan Sayid Olimxonning xalq orasida hurmati qolmadi.
Buxoro amirligining qulashi
Omon qolgan jadidlar 1917-yili bolsheviklar tomonidan egallangan Turkistonga qochishdi. 1920-yil yanvarda Toshkentda o‘rnashib olgan Yosh buxoroliklarning so‘l qismi Fayzulla Xo‘jayev rahbarligida ʻʻInqilobchi yosh buxoroliklarning Turkistondagi markaziy byurosiʼʼni tuzishdi. Ammo bu tashkilot nufuzli siyosiy kuchlarni o‘zida mujassam etmagan. Bu tashkilot O‘rta Osiyoni butunlay zabt etib, uni bolsheviklar qo‘l ostida bo‘lgan yangi davlat tarkibiga qo‘shib olishga harakat qilgan mustamlakachilarning kurash vositasiga aylandi. Fayzulla Xo‘jayev rahbarlik qilgan Yosh buxoroliklar va bolsheviklarning birgalikdagi harakatlari bilan Buxoroda davlat to‘ntarishi tayyorlandi. Amir qo‘shinini parokanda qilish bo‘yicha ishlar olib borildi.
Mahalliy aholi orasida kuchli tashviqot yurita boshlandi. Shu maqsadda ʻʻTongʼʼ jurnali va ʻʻUchqunʼʼ gazetasi nashr etildi.
Yosh buxoroliklar amirni taxtdan ag‘darishning siyosiy va tashviqiy asoslarini hozirlashga kirishdi. Ularning tashabbusi bilan 1920-yil 29-avgustda Chorjo‘yda qo‘zg‘olon uyushtirildi. Bu yerda Muvaqqat inqilobiy qo‘mita tuzilib, u Rossiya hukumatidan yordam so‘rab iltimosnoma bilan murojaat qildi. Sovet davlati esa yaxshi qurollangan qo‘shin va mahalliy aholini dahshatga soluvchi harbiy aviatsiya bilan ta’minlangan yirik harbiy qismlarni Buxoroga tashladi. Amir va uning qo‘shinlari deyarli hech qanday qarshilik ko‘rsatolmadi. Bunday vaziyatdan chiqolmagan amir Sayid Olimxon o‘z oilasi va devonidagi amaldor-u a’yonlar bilan Afg‘oniston tomonga qochib o‘tdi.
1920-yil 2-sentyabrda bolsheviklar armiyasi qo‘shinlari Buxoroga kirdi. 6-oktyabrda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi va Fayzulla Xo‘jayev boshchiligidagi birinchi hukumat Xalq Nozirlar Kengashi tuzilganligi e’lon qilindi. Tarixiy hujjat Buxoro amirligi xazinasi haqida Buxoro amirining bosh vaziri — qo‘shbegi Mirzo Nasrulloning shaxsan o‘zi tuzgan ro‘yxat bo‘yicha: Buxoro tillasi 1148380 dona, rus tillasi 4365100 dona, yombi holidagi gamburg tillasi 17 dona, kumushi 45 tonna, rus kumushi 22 tonna 160 kg, Buxoro tangasi 62834780 dona, Buxoro mis tangasi 13 tonna, tilla kukuni 1 tonna, yirik brilliantlar 3483 karat, buyumlarga tikilgan brilliantlar 968 karat, qimmatbaho toshlar 8617 karat bo‘lgan. Amir Olimxon qo‘lidagi rus sanoat banklari aksiyalarining qiymati 33 million so‘m edi. Uning xazinasida 100 mln Rossiya imperiyasi pullari bo‘lgani ham qayd etilgan.
Yakunlarni chiqaramiz!
► Yosh buxoroliklar faoliyati.
► 1910-yil taxtga Sayid Olimxon o‘tirdi.
► Islohotlar o‘tkazishga urinishlar, namoyishlar.
► 1920-yil 29-avgustda Chorjo‘yda qo‘zg‘olon uyushtirildi.
► Buxoro amirligi tugatilib, 1920-yil BXSR tashkil qilindi.
Atamalar izohi
Mutaassib (arabcha — o‘ta fidoyi) — dinga qattiq berilgan, uning aqidalariga ko‘r-ko‘rona amal qiluvchi.
Radikal (lotincha — tubdan) — keskin va qat’iy choralar tarafdori.
muvaqqat (arabcha) — vaqtincha, muayyan muddatga tuzilgan hukumat.