XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida qoraqalpoqlarning hududiy joylashuvi va ijtimoiy hayoti


XIX asrda qoraqalpoqlar


Tarixan qoraqalpoqlar Ural, so‘ngra Volga bo‘ylarida, Orol atrofi hamda Sirdaryoning quyi havzalari etaklarida yashab kelishgan. Ularning ko‘chib yashashlariga ko‘proq tashqi omillar sabab bo‘ldi. Nihoyat ular XIX asr boshlarida quyi Amudaryo havzasi, Orolning janub va janubi g‘arb tomonlarida muqim hayot tarziga o‘ta boshlashdi. Qoraqalpoqlar goh qozoqlar, goh turkmanlar hujumlariga uchrab, buning oqibatida Xiva xonligi fuqaroligiga o‘tishdi. Quyi Amudaryoning katta cho‘l va suv chiqmagan cho‘lga tutash sho‘rxok yerlarini ular o‘zlarining mashaqqatli mehnati evaziga o‘zlashtirishdi. O‘troq hayotga o‘ta boshlagach, dehqonchilik bilan shug‘ullanish qoraqalpoqlar hayotida asosiy o‘rinni egallay boshladi.
Shunday bo‘lsa-da, chorvachilik ham qoraqalpoqlar hayotida yetakchi sohalardan biri bo‘lib qolaverdi. XIX asr o‘rtalarida qoraqalpoqlar Xiva xonligi hukmronligi ostida bo‘lib, ular Amudaryoning har ikkala qirg‘og‘ida va Orol dengiziga quyiladigan yerlarda yashagan. Ularning soni o‘sha vaqtda taxminan 100 ming nafardan oshmagan. Qoraqalpoqlarga berilgan yerlar xonlik mulki sanalgan, ular bu yerlar uchun soliqlar to‘lashgan. Har xil majburiyatlarni bajarishgan.


Qoraqalpoqlarning ijtimoiy hayoti.

Qoraqalpoqlar urug‘larga bo‘lingan, ularda yerdan foydalanish jamoa tariqasida kechardi. Urug‘lar sug‘orish kanallari qazilishi uchun mas’ul bo‘lishgan. Chorva xususiy mulk bo‘lgani bois unga urug‘ tamg‘asi urilar va jamoa yaylovlarida boqilardi. Qoraqalpoqlarning har bir ovul aholisi bitta urug‘ga mansub edi. Qoraqalpoqlarni boshqarish qulayroq bo‘lishi uchun Muhammad Rahimxon I ʻʻQoraqalpoq ulusiʼʼni shakllantirdi, barcha qoraqalpoq jamoalari ana shu ulusga kirgan. Ulusni boshqarish xonning ixtiyorida edi. Urug‘lar va qabilalar ancha yirik guruhlarga birlashtirilib, ularni boshqarish uchun xon saroyining oliy amaldorlari — otaliq va beklarbegi tayinlangan. Ayrim viloyatlarni boshqarish uchun tayinlangan hokimlar, odatda, xonning yaqin qarindoshlari bo‘lishgan. Qoraqalpoq ruhoniylari, eshonlari va aholining nufuzli kishilari Xiva xonlarining alohida homiyligida bo‘lgan. Qoraqalpoqlar orasida sudlarning ikki turi — qozilar sudi va biylar sudi mavjud edi.


Xo‘jaligi va mashg‘ulotlari.


Qoraqalpoqlar XIX asrning ikkinchi yarmiga kelib o‘troqlashib, dehqonchilik ular hayotida asosiy o‘rinni egallay boshladi. Ammo chorvachilik ham yetakchi sohalardan biri bo‘lib qolaverdi. Dehqonchilik ishlari qizg‘in vaqtlarda qoraqalpoq oilalari ekinzor yerlarning qulay bir joyiga o‘z o‘tovlarini qurib mehnat qilishgan. Ana shunday tinch mehnat bilan band bo‘lgan paytlarda bosqinchilik bilan boylik orttirishni kasb qilib olgan qaroqchi guruhlar qoraqalpoqlar o‘tovlariga to‘satdan hujum qilardi. Bu kutilmagan bosqin natijasida ular ko‘plab mol-mulklaridan ajralardi. Bunday paytlarda yurt oqsoqollari Xiva xonidan o‘zlarini himoya qilishni so‘rab choparlar yo‘llashardi. Qoraqalpoqlar hayotida baliqchilik va ovchilik ham muhim o‘rin egallagan. Amudaryoning bo‘ylarida va Orol dengizi atrofidagi ko‘llarda baliqlar serob bo‘lib, ular ko‘plab oila hamda urug‘lar uchun asosiy tirikchilik manbayi edi. Hatto sharqdan g‘arbga borayotgan savdo karvonlari tuzlangan baliqni ko‘p miqdorda ana shu baliqchilik bilan shug‘ullanuvchi oilalardan olib ketishardi. Qoraqalpoqlar, asosan, ro‘zg‘or uchun zarur buyumlarni tayyorlash bilan shug‘ullanardi. Ehtiyojdan ortgan buyumlar esa bozorga chiqarilgan. Ular o‘tovlarning atrofini o‘rash uchun matolar, tuya junidan guldor namatlar to‘qirdilar. Ularning xalq amaliy san’atida o‘tovlar uchun o‘ymakor eshiklar, uy-ro‘zg‘or buyumlari yasash, gilam to‘qish, kashtachilik yuqori darajada rivojlangan. Bu qoraqalpoqlarda xo‘jalik va turmush talablarini ta’minlab turuvchi hunarmandchilik sohalarining ham rivojlanganini, ular, ayniqsa, yog‘och va suyakka ishlov berish borasida qo‘li gul usta bo‘lishganini ko‘rsatadi.


Qorаqаlpоqlаrdа urug‘chilik vа qаbilаviy munоsаbаtlаr


XIX asrda ham qoraqalpoqlarning ayrim ovullarida urug‘ munosabatlari mustahkam tarzda davom etdi. Xitoy-qipchoq, mang‘it va kenagas qabilalari tarkibidagi urug‘lar ʻʻo‘n to‘rt urugʼʼ — aris (urug‘) birlashmasini tashkil qilgan.
Arislar orasida eng yirigi o‘n to‘rt urug‘ bo‘lsa, harbiy kuch borasida ikkinchi o‘rinda shulluk va joungurni birlashtirgan aris-qo‘ng‘irotlar turardi. Ularda yer-suv mulki, chorva mahsulotlari urug‘niki deb hisoblansa-da, urug‘ oqsoqollari, ruhoniylar va biylarning ulushi katta miqdorni tashkil qilgan.
Bu hol XIX asr ikkinchi yarmida tabaqalanish jarayonining kuchayishini yanada tezlashtirdi. Qoraqalpoq urug‘larini boshqarish biy va uning oqsoqollari qo‘lida bo‘lgan. Urug‘ biylarini Xiva xonlari tayinlar va mansabga tayinlanganini tasdiqlovchi yorliq berardi. Biylar qo‘l ostidagi urug‘ a’zosini jazolar, loyiq deb bilgan odamlariga tortiq va hadyalar in’om qilardi. Xiva xonining ishonchini qozongan biylarning vakolati yanada kengaytirilib, ularga alohida muruvvat ko‘rsatilgan. XIX asrning ikkinchi yarmida butun qoraqalpoq urug‘larini bosh qarish, soliqlarni undirish, harbiy xizmatni o‘tash majburiyatlariga doir ishlarni tartibga solish maqsadida beklarbegi lavozimi tayin etilgan. Ayrim tumanlarni idora qilish uchun esa xon o‘zining qarindosh-urug‘lari va ishonchli odamlarini qoraqalpoqlar yashayotgan quyi Amudaryo va Orolbo‘yi hududlariga jo‘natib turgan. Islom dini asoslarini qoraqalpoq xalqi orasida mustahkamlash, yoshlarini Xiva madrasalariga jo‘natib turish uchun Xivadan musulmon ruhoniylari ham jo‘natilgan.

Qoraqalpoq o‘tovi

Urf-оdаtlаri vа turmush tаrzi

Qoraqalpoqlarda urug‘chilik o‘ziga xos qadriyat bo‘lib, uning ta’siri oila va qarindoshchilik munosabatlarida ko‘zga tashlanib turardi. Har bir urug‘ o‘z qavmining mustahkamligini ta’minlashga intilgan. Har bir urug‘ning o‘ziga xos dafn marosimlari bo‘lib, ularning qabristonlari ham alohida edi. An’ana bo‘yicha qabristonga ularda shu urug‘ning mashhur avliyo yoki pir darajasidagi kishilari dafn etilgan. To‘y marosimlarida urug‘ning barcha a’zolari ishtirok etishi shart bo‘lgan. Umuman olganda, qoraqalpoqlar ko‘chmanchilikdan o‘troq turmushga o‘tishgacha bo‘lgan uzoq davrda, xalq bo‘lib shakllanish jarayonida o‘ziga xos ma’naviy-moddiy qadriyatlar yaratdi.
Mehr-oqibat, insonparvarlik g‘oyalari bilan sug‘orilgan turmush tarzi shakllandi. ʻʻQirqqizʼʼ va boshqa turkiy xalqlarning ma’naviy mulki bo‘lgan turli xil dostonlarida mardlik, erksevarlik, Vatanga sadoqat, sof sevgi, or-nomus ustuvor edi. Bu g‘oyalar qoraqalpoq xalqi hayotidan mustahkam o‘rin oldi.