XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida qoraqalpoqlar madaniyati


Xalq og‘zaki ijodiyoti


Tinch hayot izlab bir joydan ikkinchi joyga asrlar davomida ko‘chib yurgan mehnatsevar qoraqalpoq xalqi moddiy madaniyat yodgorliklarini to‘liq saqlab qolish imkoniyatiga ega bo‘lmagan. Xalq iste’dodini namoyon etuvchi boy og‘zaki she’riy ijodiyotning janrlari ancha ko‘p bo‘lgan. Ular orasida maqollar, hikmatlar, laparlar, nasihat qo‘shiqlarda ifoda etilgan ʻʻotalar so‘ziʼʼ alohida ajralib turardi. Qoraqalpoq xalq og‘zaki ijodida kulgi qahramoni bo‘lgan O‘mirbek laqqi obrazi orqali razillik, yomonlik, yovuzlik, zolimlik kabi salbiy illatlar hajv yo‘li bilan fosh etilib, mehnatsevarlik, ezgulik, qahramonlik ulug‘langan. Qoraqalpoq xalqining og‘zaki ijodi chuqur mazmunga egaligi va xalqchilligi bilan ajralib turadi. Xalq ma’naviy madaniyatining yuksak darajasi ajdodlardan avlodlarga yetkaziladigan xalq dostonlarida, termalarida, shuningdek, musiqali o‘lanlarda saqlanib qolgan. Xalq orasida qoraqalpoq folklorining doston yo‘llari mashhur edi. Doston qahramonlik haqida she’riy asarlar bo‘lib, ularda xalq baxt-saodati va farovonligi uchun kurashgan mard botirlarning buyuk jasoratlari madh etilgan. Ancha mashhur bo‘lgan dostonlar orasida esa qoraqalpoqlarning ozodlik va mustaqillik uchun fidoyilarcha kurashi tasvirlangan ʻʻQirqqizʼʼ dostoni alohida ajralib turadi.
Dostonda Sarkub hukmdori Olloyor o‘z qizi Guloyimga Muyeli degan hosildor yerlarni tortiq qilgani haqida aytiladi. Bu joyda Guloyim va uning qirq kanizagi mustahkam bir qal’a barpo etishadi. Dushmanlar Sarkub yerlariga hujum qilib, Guloyimning otasini o‘ldirishadi. Sarkub mulklari talanadi, sarkubliklarning ko‘pi asir olinib haydab ketiladi. Guloyim va uning kanizaklari dushmanga qarshi kurashga kirishadi, qoraqalpoqlarni asirlikdan ozod qiladi va ona yurtga ozodlikni qaytaradi. Bu ishda Guloyimga uning oshig‘i xorazmlik bahodir Arslon yordam beradi. Dostonning bosh g‘oyasi — yuksak vatanparvarlik hissi va ona Vatanga, xalqqa fidoyilarcha muhabbatdir. ʻʻQirqqizʼʼ dostoni bugungi kunda xalq og‘zaki ijodining durdonalaridan biri sanaladi.

Qoraqalpoq baxshisi. XIX asr

Ilm-fan.


XIX asr oxiri–XX asr boshlarida qoraqalpoqlarning bir qancha madrasasi bo‘lib, ulardan eng kattalari Qoraqum eshon va Tosh madrasalari edi. Qoraqum eshon madrasasi XIX asr o‘rtalarida qurilgan. Dastlab u masjid vazifasini bajargan. Tosh madrasa esa 1841-yil Mang‘it hokimi Xo‘janiyoz tomonidan qurdirilgan. Madrasada ta’lim ikki bosqichli bo‘lib, birinchi bosqichda arab tili grammatikasi o‘rganilgan bo‘lsa, keyingi bosqichda diniy-huquqiy bilimlar o‘qitilgan. XIX asr oxirida qoraqalpoqlarning yozma asarlari rivojlana boshladi. Qoraqalpoq shoirlari Kunxo‘ja (1799–1880), Otash Olshinboy (1788–1875), Ajiniyoz (1824–1878) kabilarning nomlari keng tanildi. Ular bilimdon, o‘z taqdirini xalqining taqdiri bilan bog‘lagan kishilar edi. Masalan, Kunxo‘ja o‘z ijodiyotini ovullarning oddiy ahliga, ularning kundalik mehnati va turmushiga bag‘ishladi. U adolatsiz tartiblarni qattiq qoraladi. Ajiniyoz Qasiboy o‘g‘li (taxallusi Zevar) Mo‘ynoqdagi eski maktabda, so‘ngra Xivadagi Sherg‘ozixon madrasasida o‘qigan. Qoraqalpoq ziyolilari orasida birinchilardan bo‘lib oxund (o‘qimishli, ilmli kishi; xalq dostonlari ning mahoratli kuychisi) darajasiga erishgan. O‘zbek, qozoq, turkman tillarini yaxshi bilgan.


Shoirning ʻʻBo‘zatovʼʼ dostonida qoraqalpoq xalqining hayoti, ayniqsa, ularning yurtma-yurt ko‘chib yurish jarayoni bilan bog‘liq voqealar katta mahorat bilan tasvirlangan. Ajiniyoz adabiy merosidan bizga 100 ga yaqin she’rlar va dostonlar yetib kelgan. Uning she’rlarida vatanparvarlik, insonparvarlik g‘oyalari kuylangan. ʻʻQiz Mengesh bilan aytishuvʼʼ dostoni esa xalq orasida mashhur bo‘lgan. Uning hayoti va ijodi haqida qoraqalpoq yozuvchisi K. Sultonov ʻʻAjiniyozʼʼ romanini yozgan. Berdaq (1827–1900) qoraqalpoqlarning buyuk shoiridir. U qo‘ng‘irot urug‘iga mansub bo‘lib, Orol bo‘yida tug‘ilgan. Ovul maktabida, so‘ngra Qoraqum eshon madrasasida o‘qigan. 20 yoshidan she’rlar yoza boshlagan va yarim asr davomida turli mavzularda o‘lanlar to‘qidi. Berdaq o‘z ijodini xalqi uchun o‘lmas asarlar yaratishga bag‘ishladi. She’rlaridan biri ham ʻʻXalq uchunʼʼ deb nomlangan.
Uning she’rlarida zulmni qoralovchi tuyg‘ular, jo‘shqinlik ustuvor bo‘lgan. Jumladan, ʻʻAhmoq podshohʼʼ dostoni shunday ulkan ta’sir kuchiga ega edi.
Tarixiy mavzudagi ʻʻAvlodlarʼʼ, ʻʻOmongeldiʼʼ, ʻʻOydo‘stbiyʼʼ, ʻʻErnazarbiyʼʼ asarlarida shoir o‘z xalqi qahramonlarini faxr bilan kuylaydi.

Berdaq

XX asr boshlariga kelib qoraqalpoq adabiyotidagi demokratik an’analarni yangi avlod vakillari Umar, Qulimbet, Sariboy, Qulmurot, Sodiq kabilar davom ettirishdi.


Yakunlarni chiqaramiz!
► XIX asrning birinchi yarmidan Xiva xoni hukmronligi ostida o‘troq turmush tarziga o‘tish.

► asosiy mashg‘ulotlar: dehqonchilik, baliq ovlash, hunarmandchilik.

► 1873-yil — Turkiston general-gubernatorligi tarkibida Amudaryo bo‘limi tuzilishi — tovar-pul munosabatlarining rivojlanishi.

► soliqlar va majburiyatlar: zakot, solg‘ut, ushr; qazish ishlari; navkarlikka olish.

► Berdaq, Kunxo‘ja, Otash Olshinboy, Ajiniyoz.