XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Xiva xonligining davlat tuzumi va ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli


Xonlikning ijtimoiy-siyosiy tuzumi


Xiva xonligi ustidan podsho hukumati o‘zining protektorat hududi sifatida qattiq nazorat o‘rnatdi. Ichki va tashqi siyosatdagi arzimas o‘zgarishlarni ham Xiva xoni Turkiston general-gubernatori bilan kelishib olishi lozim edi.
Xon ustidan nazorat qilish maqsadida 7 kishidan iborat Kengash (devon) ta’sis etilib, ularning to‘rt nafari podsho hukumati vakillari edi.
Amudaryoning avval Xiva xonligi tasarrufida bo‘lgan va Gandimiyon shartnomasiga ko‘ra Rossiya imperiyasi ixtiyoriga o‘tgan o‘ng qirg‘og‘i hududida Turkiston general-gubernatorligining Amudaryo bo‘limi tashkil qilingandi. Uning boshlig‘i ayni mahalda Rossiya imperiyasining Xiva xonligidagi vakili sifatida mamlakatni boshqarishda xonning hamma harakatlari ustidan nazoratni amalga oshirardi. Xonlikning yillik tarixga ega va o‘zbek xalqining madaniy rivojlanishida muhim rol o‘ynagan turkiy urug‘ qo‘ng‘irotlarga mansub sulola vakillari tomonidan boshqarilayotgan monarxiya edi. Qo‘ng‘irot urug‘i siyosiy va ijtimoiy hayotda hamda harbiy sohada xonning suyanchig‘i edi. Xon cheklanmagan ma’muriy-sudlov va harbiy hokimiyatga ega edi. U mamlakatni qo‘ng‘irot urug‘i zodagonlari, saroy a’yonlari va oliy ruhoniylar guruhi madadiga tayanib boshqarardi. Xon hokimiyati o‘z xalqi manfaatlaridan ko‘ra ko‘proq tor doiradagi amaldorlar manfaatidan kelib chiqib ish olib borardi.

Xiva xonligi bosh vaziri

Xiva xonligida qo‘shin xalq qarshilik harakatini bostirish va davlat yaxlitligini saqlash uchun kurash vositasi edi. Bu qo‘shin yaxshi uyushmagan, harbiy tartib-intizom bo‘sh, nihoyatda sodda qurollangandi. Xonning muntazam qo‘shini yasovul boshi boshqaradigan 1,5 ming kishidan iborat edi. 1873-yildan boshlab Xiva qo‘shini faqat ichki tartibni saqlash vazifasinigina bajargan. Xonlik ma’muriy jihatdan 18 ta beklik va 2 ta noiblikka bo‘lingandi.
Ulardan eng yiriklari Hazorasp, Urganch, Qiyot, Ko‘hna Urganch, Xo‘jayli, Qo‘ng‘irot hisoblangan. Ularning har biriga xon tomonidan tayinlangan bek yoki hokim rahbarlik qilardi. Xonlikda ikkita kichik viloyatlar ham bo‘lib, ularni xon noiblari boshqarardi. Xiva shahri va uning tevaragi bevosita xonning tasarrufida bo‘lgan. Mavjud boshqaruv apparatidagi mansabdor shaxslar dehqon va hunarmandlardan yig‘iladigan soliqlar hisobidan kun kechirardi.
Mehtar (bosh vazir) va devonbegi (devonxona mutasaddisi) xonning oliy amaldorlari va yaqin maslahatchisi bo‘lgan. Xonlikdagi sudlov tizimida hokimiyatga qarshi arzimagan qilmish uchun ham o‘lim jazosi qo‘llanilardi.
Islom dini ruhoniylari mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy hayotda katta ta’sirga ega edi. Xiva Buxorodan keyingi islom dini markazlaridan biri sanalardi.
Shaharda 160 dan ortiq masjid va dindorlarning qadam josiga aylangan 60 dan ziyod avliyoning daxmasi mavjud bo‘lgan. Mamlakatda 1,5 ming ga yaqin maktablar faoliyat yuritardi. Bu maktabni bitirgan talabalarning ayrimlari oliy (madrasa) o‘quv yurtida o‘qishni davom ettirib, 10 yilgacha ta’lim olishardi.
Bunda asosiy fanlar sifatida arab grammatikasi, islom huquqi va falsafasi, shuningdek, qo‘shimcha ravishda elementar arifmetika va geometriya o‘qitilardi. Madrasa talabalari imtihon sinovlari topshirganlaridan so‘ng bo‘shab qolgan qozilik, imomlik yoki boshqa biror nufuzli lavozimlarni egallashlari mumkin edi. Yodda tuting! Xiva xoni mamlakatni o‘zi mansub bo‘lgan qo‘ng‘irot urug‘i zodagonlari, saroy a’yonlari va oliy ruhoniylar guruhi madadiga tayanib boshqargan.

Yerga ishlov berish. XIX asr oxiri

Yer egaligi


Yer davlat boyligining birlamchi omilidir. Bu boylik dehqonlar mehnati evaziga qo‘lga kiritiladi. Dehqonlar mehnati yer unumdorligini oshirish va ishlab chiqarishni rivojlantirishga qaratilgan. Bu borada Xiva xonligi dehqonlari ham mirishkor edilar. Xonlikda g‘alla yetishtirish qishloq xo‘jaligining asosiy tarmog‘i bo‘lib, asosan, sholi, jo‘xori hamda suli ko‘p yetishtirilardi. XIX asrning 90-yillaridan boshlab Rossiya bilan savdo-sotiqning rivojlanishi natijasida paxta yetishtirishga ixtisoslashuv ham jadal kechdi. Xonlikdagi yerlarning asosiy qismi xon va uning amaldorlariga tegishli edi. Amaldor va a’yonlarga haq sifatida Xiva xonlari ularga davlat yerlari hisobidan ehsonlar qilishardi. Bundan tashqari xon va uning amaldorlari, qarindoshlari soliqlardan ozod etilgandi. Yer maydonlarining katta qismi diniy muassasalar tasarrufida bo‘lib, xonlikdagi jami sug‘oriladigan yerlarning 40% i masjidlar mulki hisoblangan. Xususan, 64 ta masjid va madrasa XIX asrning oxirgi choragida 205 ming tanobdan ziyod yerga egalik qilgan. Bu xonlarning dindorlarga nisbatan hurmat va izzatining ifodasi ham edi. Xususan, vaqf yerlari va XIX asrning oxirida qariyb 4 ming dindor oilasi barcha soliqlardan ozod etilgandi.


Soliq va majburiyatlar


1873-yildan so‘ng hosildor yerlarning katta qismi Rossiya tasarrufiga o‘tishi oqibatida xonlik ma’muriyati sarf-xarajatlarga bo‘lgan ehtiyojlarini yangi soliqlarni joriy etish yoki ilgari mavjud bo‘lganlarini oshirish yo‘li bilan qoplay boshladi. Xiva xonligida turli majburiyatlar, doimiy yoki favqulodda soliqlarning qariyb 25 turi mavjud bo‘lgan. Dehqonlar solg‘ut — yer solig‘i, zakot, cho‘p puli — o‘tloqlardan foydalanganlik uchun soliq, turar joylardan o‘tov solig‘i kabilarni to‘lashgan. Bunday soliqlardan tashqari dehqonlar turli-tuman majburiyatlarni ham bajarishgan. Bu majburiyatlar orasida sug‘orish tizimini ta’minlash, yangilarini barpo etish eng og‘iri edi. Xiva dehqonlari har yili kanallarni tozalashga, ko‘tarmalarni qurish va qayta tiklashga, to‘g‘onlar va ko‘priklarni ta’mirlashga chiqardi. Bu ishlarga dehqonlar o‘z ish qurollari va oziq-ovqati bilan kelardi. Majburiy ishga chiqmaganlar esa muayyan miqdordagi mablag‘ni xazinaga to‘lashlari shart bo‘lgan. Xon farmonlarini e’lon qiluvchi jarchi o‘z foydasiga afanak puli yig‘gan bo‘lsa, ishlar nazoratchisi va mutasaddisi ham o‘z ulushini olishga harakat qilgan.
Dehqonlar aholining 90% ga yaqinini tashkil etsalar-da, sug‘oriladigan yerlarning atigi 5% iga egalik qilishardi. Yersiz va kam yerli dehqonlar esa yirik zamindorlarning va vaqf yerlarida ijarachi sifatida ishlab berishardi.
Dehqonlar ulushbay yoki hosilning teng yarmi hisobiga mehnat qilishgan.
Ishlar yakunlanganidan keyin, odatda, yer egasiga hosilning 40–50% i berilgan. Teng yarmiga ishlovchilar esa yarimchilar deb atalgan. Yeri ham, asbob-uskunalari ham, ish hayvoni ham bo‘lmagan dehqonlar esa zamin dorlar qo‘lida turli shartlarga ko‘nib ishlashga majbur edi. Qarzdor dehqonlar o‘z qarzlarini uzish uchun ma’lum vaqt davomida tekin ishlab berishlari lozim edi. Shu zaylda xonlikda yersiz dehqonlar soni yildan yilga o‘sib borardi.
Ular xonlar, beklar va ularning amaldorlariga tobora qaram bo‘lib borishardi.
Bu jarayonlarning barchasi Xiva xonligining umumiy iqtisodiy va ijtimoiy ahvoliga o‘z salbiy ta’sirini o‘tkazdi.

Xiva xonligi qo‘riqchilari. XX asr boshi

Sanoatning rivojlanishi


XIX asr oxiri–XX asr boshlarida uy hunarmandchilik ishlab chiqarishi hanuz saqlanib kelayotgandi. Unda ip yigirish va to‘quvchilik, oyoq kiyimlar, gilamlar, kigizlar va hokazolar tayyorlanardi. Har bir dehqon xo‘jaligi yordamchi daromad manbayi bo‘lgan uy hunarmandchiligi bilan shug‘ullanardi. Deyarli har bir qishloqda ko‘nchi, etikchi, bo‘zchi, bo‘yoqchi, juvozchi va boshqalar faoliyat ko‘rsatishgan. Hunarmandlar o‘z hamqishloqlaridan buyurtmalar olib ishlashar va tayyorlangan buyumlari uchun natura tarzida, mahsulot yoki pul bilan haq olishardi. Ulardan ba’zilari bevosita mahalliy bozorlardagi usta xonalarda mehnat qilishardi.
O‘rta Osiyoning Rossiya, qozoq juzlari, Kavkaz, Eron bilan savdo munosabatlari rivojlanishi ichki savdo-sotiqni jonlantirdi. Bozor munosabatlarining rivojlanishi tovar-pul munosabatlarining shitob bilan o‘sishiga imkoniyat yaratdi. Shaharlarning qishloqlarga nisbatan jadal rivojlanishi yangi shaharlarni vujudga keltirdi va eskilarining rivojlanish jarayonini tezlashtirdi. Bu mamlakat iqtisodiy hayotida shaharlarning ahamiyati ortishiga olib keldi. XX asr boshlariga kelib Xiva, Yangi Urganch, Qo‘ng‘irot, Toshhovuz, Gurlan singari shaharlar ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy markazlarga aylandi.


Bog‘ot, Mo‘ynoq, Taxta singari yangi shaharlar vujudga keldi. Ushbu shaharlarda mahalliy va Rossiya qo‘shma korxonalarining idoralari, sanoat korxonalari joylashgandi. Masalan, Yangi Urganch shahrida o‘n bitta paxta tozalash zavodi (ulardan oltitasi mahalliy tadbirkorlarga tegishli edi), ikkita yog‘ zavodi, sovun va ko‘n zavodi, bitta tegirmon bo‘lgan. Bundan tashqari Yangi Urganchda Rossiya–Osiyo va Sibir savdo bankining bo‘limlari, pochta-telegraf idorasi, komission va sug‘urta jamiyatlarining vakolatxonalari ochilgandi. Gurlanda ham rossiyaliklarga, ham mahalliy sarmoyadorlarga tegishli kapital jamlangandi. Bu shaharda, asosan, paxtani tashib ketish bilan shug‘ullangan Rossiya savdogarlarining 10 ta idorasi va mahalliy tadbirkorlar — aka-uka Rizayevlar, P. A. Manuilov, S. Maxsum, S. Tojiniyozov, T. Solijonov va boshqalarning jami 9 ta paxta tozalash zavodi joylashgandi. 1909-yilga kelib Xiva xonligida 81 ta sanoat korxonasi ishlayotgan edi. Sanoat shakllanishi 1910–1915-yillarda yanada jadallashib, kerosin va neft bilan ishlaydigan 40 ta sanoat korxonasi barpo etildi.

Xorazm hunarmandchilik mahsulotlari. XX asr boshi


Yodda tuting!

Rossiya tovar mahsulotlari O‘rta Osiyo bozorlariga tez kirib keldi. Natijada mahalliy ishlab chiqariladigan mahsulotlar kasodga uchradi.


Rossiya bilan savdo aloqalari


Turkiston o‘lkasining mustamlakaga aylanishi jarayonida Rossiya imperiyasi va mahalliy kapital hamkorligi vujudga keldi. Mahalliy tadbirkorlar faoliyati, milliy kapital namoyandalarining sarmoyalari daromadi Rossiya bozori mahsulotlariga bevosita bog‘langandi. Ular ikki davlat o‘rtasida bozor munosabatlarini rivojlantirish uchun qo‘shma bank uyushmalari tuzishga harakat qilishdi. 1909-yilda Rossiya–Osiyo banki va Madiyorov–Baqqolov kapitalini birlashtirgan ʻʻA-Metaʼʼ sindikati tashkil qilindi. Sindikat har yili Rossiyaga qariyb 3 ming tonna paxta xomashyosi eksport qilardi va beda urug‘i sotib olish bo‘yicha yakkahukmronlikni o‘rnatgandi. Rossiya kapitali o‘z protektorati bo‘lgan Xiva xonligida o‘zi uchun zaruriy xomashyo bazasini yaratdi. Bu yerdagi ishchi kuchining arzonligi va 1873-yildagi Gandimiyon shartnomasi bandlariga ko‘ra mahalliy bozorda monopol mavqeyi hisobidan ulkan daromad olish faollashdi. Rossiya kapitali amaliyotlari tufayli O‘rta Osiyoda ichki bozor imkoniyatlari ancha kengaydi. Tovar-pul munosabatlari rivojlanib, uning asosida yangi savdo-sanoat markazlari shakllandi. Mayda savdogarlar choy, manufaktura mahsulotlari, shakar, samovar kabi taqchil tovarlarni, hatto eng olis qishloqlarga ham olib borib sotishardi. Sanoatning bir yoqlama va sust rivojlanishi mamlakat iqtisodiyotida yetakchi hunarmand-kasanachilik ishlab chiqarishining salmog‘i nisbatining saqlanib qolishiga olib keldi. Mahalliy hunarmandlarning mahsulotlari mamlakat hududidan tashqarida yuqori baholangan. Chunki bu mahsulotlar qadimiy boy hunarmandchilik ishlab chiqarishi an’analari asosida tayyorlanardi.


Hunarmandchilik va ichki savdo


XIX asr oxiri va XX asr boshlarida ayrim tumanlar hunarmandchilik ishlab chiqarishining u yoki bu sohasiga ixtisoslashuvi jarayoni kuzatildi. Metallni qayta ishlovchi asosiy ustaxonalar Buxoro, Xiva, Yangi Urganch, Chimboy, Hazorasp shaharlarida joylashgan edi. Bu yerda ketmonlar, omoch tishi, belkuraklar, boltalar, taqalar, idish-tovoqlar va hokazolar yasalardi. Ko‘nchilik ishlab chiqarishi esa Buxoro, Xiva, Xonqa, Yangi Urganch, Xo‘jayli va boshqa markazlarda rivojlangan edi. Qoplar va arqonlar, asosan, Yangi Urganchda tayyorlangan. Gilam va kigizlar Porsu, Alieli, Ko‘hna Urganch, G‘azovot kabi hunarmandchilik maskanlarida ishlab chiqarilardi. Ayni mahalda O‘rta Osiyoning deyarli barcha shaharlarida to‘qimachilik, sopol idishlar va zargarlik buyumlari yasash rivojlangandi. 1885-yilda Kaspiyorti temiryo‘lining qurilishi va 1887-yil oxirlarida Amudaryo flotiliyasining ta’sis etilishi Rossiyaga qaramlikni yanada kuchaytirdi. Avvallari savdo-sotiq, asosan, quruqlikdagi karvon yo‘llari orqali olib borilgan bo‘lsa, endilikda yuklarning katta qismi temiryo‘l orqali va paroxodlar bilan Amudaryoning yuqori oqimi bo‘ylab tashiladigan bo‘ldi. Bu kabi yangiliklar Rossiya imperiyasi foydasiga xizmat qilib, unga mustamlaka bo‘lgan davlatning qoloqligiga, qolaversa, hunarmandchilik ishlab chiqarishi bir qator tarmoqlarining inqiroziga olib kelardi. Iqtisodiyot sohasidagi davlat siyosati ham hunarmandchilik ishlab chiqarishi rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Xonlik va mahalliy hokimiyat hunarmandlarni har xil soliqlarga ko‘mib tashladi.

Qo‘sh darvoza


Har bir hunarmandchilik ustaxonalarining egalari amaldorlarga sovg‘alar taqdim etishi, daromadlariga mos kelmaydigan soliqlarni to‘lashlari lozim edi.
Natijada hunarmandlar o‘z ishlab chiqarishini ko‘paytirishga va yangi texnologiyalarni joriy qilishga qodir bo‘lmay qolar edi. Kasanachilikda sex birlashmalari o‘rta asrlardagi ko‘rinishda saqlanib qoldi. Sex birlashmalariga hunarmandlar kasblariga ko‘ra uyushgandi. Unga usta, xalfa va shogird kirar edi. Kredit berib turgan boy sexga rahbarlik qilar edi. Hunarmandlar ishlab topgan pullarining anchagina qismini avliyolar va ma’naviy ustozlar sharafiga xayr-ehsonga berishar, xazinaga ko‘pdan ko‘p soliqlar to‘lashardi.
Xalfa va shogirdlar ahvoli og‘ir bo‘lib, ularning ish kuni cheklanmagan edi.
Xalfa olgan bo‘nagi (avans) evaziga ishlab berishga majbur edi.
Olgan avansning hammasini to‘lamaguncha ustaxonadan ketolmas edi.
Rossiya imperiyasidan arzon narxlardagi sanoat tovarlari kirib kelishining ko‘payishi mahalliy korxonalarning buyumlariga talabni pasaytirdi.
Mahalliy matolar, iplar, kulolchilik, cho‘yan va misdan yasalgan buyumlar ba’zi turlarining ishlab chiqarilishi keskin kamayishiga olib keldi.

Yakunlarni chiqaramiz!

► 1909-yil — Xiva xonligida 81 ta sanoat korxonasi ishlab turgan.

► 1885-yilda Kaspiyorti temiryo‘lining qurilishi va 1887-yil oxirlarida Amudaryo flotiliyasining ta’sis etilishi.

► Kasanachilikning rivojlanishi.


Atamalar izohi

Sindikat (yunoncha — birgalikda ishlash) — bir turdagi mahsulotlar ishlab chiqaradigan korxonalar birlashmasi.

Monopoliya (yunoncha — tanho sotish) — iqtisodiyotning bir sohasidagi yakkahukmronlik.

Kasanachilik — uyda yollanib ishlanadigan hunarmandchilik.