Xiva xonligining tugatilishi


Xalq harakatlarining yetilib borishi


Turli xildagi jabr-zulmlar natijasida dehqonlarning kuchayib borayotgan noroziligi soliqlarni to‘lashdan, majburiyatlarni bajarishdan ommaviy bosh tortish, yirik zamindorlar yerlarini egallab olish, soliq yig‘uvchilar va xonlik ma’muriyatining boshqa namoyandalariga hujum qilish holatlarini ko‘paytirdi.
Dehqonlarning chiqishlari yer egalari amaldorlarining uylarini vayron qilish, qarz tilxatlarini yirtib tashlash va soliq yig‘uvchilarni quvib yuborish bilan birga kechgan stixiyali isyonlar tarzida yuz berardi. Vaqt o‘tgan sayin xon hokimiyati va mahalliy ma’murlar suiiste’mollari zo‘rayishi barobarida dehqonlar chiqishlarining uyushishi va ommaviyligi ham o‘sib bordi.
XIX asrning 80-yillarida Pitnak, Hazorasp, Yangi Urganch, Ko‘hna Urganch tumanlarida dehqon uyushmalari vujudga kelib, kurash keskin tus ola boshladi. Xon ixtiyorida ularga qarshi kurash uchun kuchlar yetarli emasdi.
Shu bois u Rossiya podshosi qo‘shinlarini yordamga chaqirdi. Isyonlar bostirilib, dehqonlar harakati rahbarlari qatl etildi.

Toshdarvoza. Xiva


Shunday bo‘lsa-da, dehqonlarning g‘alayonlari to‘xtamadi. 1902-yilda Matyoqub pishiq rahnamoligida Xonqa, Hazorasp, Bog‘ot tumanlari dehqonlari qo‘zg‘olon ko‘tarishdi. Xon yana Rossiya podshosi hukumati qo‘shinlariga murojaat qildi. Qattiq jazo choralari ko‘rilib, qo‘zg‘olon tor-mor etildi. Uning rahbarlari qatl qilindi. Mustamlakachi hokimiyat va mahalliy amaldorlarning jabr-zulmi, turmush sharoitlarining yomonligi ko‘plab xalq g‘alayonlarini keltirib chiqardi. Xalq noroziligi ommaviy tus oldi va chuqur tomir otdi. XX asr boshlarida arzimas sabablar bilan qo‘zg‘olonlar yuz berib turardi. Ba’zi tumanlarda sabr kosasi to‘lgan dehqonlar o‘z oilalari bilan xonlikdan ommaviy tarzda yoppasiga qocha boshlashdi. 1906-yilda Yangi Urganch, Xonqa, Hazoraspda muhtoj dehqonlar yirik zamindorlar yerlarini egallab ola boshlashdi. Xiva xonligida 1910–1911-yillar qurg‘oqchilik va hosilsizlik yili bo‘ldi. Xonlik aholisi ocharchilik girdobida qolgandi. Yetkazilgan zararlarni qoplash uchun xon ma’murlari aholidan imkoni bo‘lgan hamma narsani tortib ola boshladi. Soliqlar esa oshib bordi.


Aholining ommaviy qashshoqlashuvi dehqonlarda norozilik tug‘dirdi.
1910–1917-yillarda dehqonlar g‘alayoni keng tus oldi: insofsiz katta yer egalari va boylarni kaltaklash, ularning imoratlari, xo‘jalik inshootlari, omborlarini buzib tashlash kabilar avj oldi. 1912-yildagi Hazorasp, Xonqadagi qo‘zg‘olonlar keskin tus oldi. Doimiy qo‘zg‘olonlar natijasida xalq o‘qotar aslahalar bilan qurollanib, urush olib borish taktikasini o‘rganib olgan edi.
Dehqonlar yirik zamindorlar va xonlik amaldorlarining yerlarini egallab ola boshladi. Asfandiyorxon 1000 kishilik o‘zining eng sara qo‘shinini qo‘zg‘olonchilarni bostirishga tashladi. Ammo kutilmaganda Alieli va Toshhovuz o‘rtasida ular qo‘zg‘olonchilar tomonidan tor-mor etildi.
Xonga madadga yetib kelgan podsho hukumati qo‘shinlari qo‘zg‘olonni qiyinchilik bilan bostirdi. Yodda tuting! 1912-yilgi qo‘zg‘olon xalq norozilik chiqishlarida yangi omilni namoyon qildi, ya’ni qo‘zg‘olonchilar o‘qotar aslahalar bilan qurollanib, urush olib borish taktikasini o‘zlashtirgandi.


Islohotlar uchun kurash


Xalq qo‘zg‘olonlari xonlikda ijtimoiy-siyosiy harakatlar rivojlanishiga kuchli ta’sir o‘tkazdi. Mamlakatdagi yalpi noroziliklar ta’siri ostida jadidchilikning Xiva xonligidagi ko‘rinishi, Yosh xivaliklar harakati vujudga keldi. Uning Yosh buxoroliklardan farqli jihati harakatda aholining turli qatlamlari: dehqonlar, hunarmandlar, savdogarlar, ziyolilar va mayda mulkdorlarning ishtirok etishi edi. Yosh xivaliklar harakati rahbarlari Polvonniyoz hoji Yusupov, Bobooxun Salimov, Bekjon Rahmonov, Nazir Sholikorov, Jumaniyoz Sultonmurodov kabi taraqqiyparvarlar bo‘lib, ular Xorazmda katta nufuzga ega bo‘lishgan.
Yosh xivaliklar o‘z davrining bilimdon va fozil kishilari bo‘lib, Xiva xonligida ma’rifat tarqatish va islohotlar o‘tkazish uchun jiddiy harakat qilishdi.
1910-yilda xon ʻʻIslohotlar loyihasiʼʼni qabul qildi. Loyiha boshqa ruv tizimini tartibga solishni nazarda tutar edi. Xon devoni saqlab qolinib, faqat amaldorlar davlat ta’minotiga o‘tkazilishi mo‘ljallangan edi. Loyihada, shuningdek, yangicha milliy maktablarni tashkil qilish g‘oyasi ham ilgari surilgandi. Takliflar umumiy jihatlari bilan cheklanganligiga qaramasdan, ular chuqur islohotlar orqali Xiva davlatchiligi mustaqilligini tiklashga qaratilgan edi. Yangicha milliy maktablar ta’lim va madaniyat saviyasini ko‘tarish hamda xivalik ziyolilarning yangi avlodini shakllantirish uchun kerak edi. Bu ularda xon hokimiyatining mustabidligiga nisbatan murosasizlik hissini tarbiyalashga xizmat qilardi.


Xiva xonligining tugatilishi


Muhammad Rahimxon II vafot etgach, podsho hukumati yordamida taxtni uning o‘g‘li Asfandiyorxon (1910–1918) egallaydi. Petro-Aleksandrovskda turgan Rossiya harbiy kuchlari madadiga ishonib, yangi xon islohotlar o‘tkazdi, ishni zulmni kuchaytirish va muxolafatni to‘liq mahv etishdan boshladi. 1913-yilda u islohotchilar rahnamolaridan biri, mamlakat bosh vaziri Islomxo‘jani davlat mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblab o‘ldirtiradi.
Xon buyrug‘iga ko‘ra yerlarni yangidan o‘lchash boshlandi. Aslida, bu tadbir yangi soliqlarni joriy qilishdan iborat edi. Dehqonlar esa bunga Mang‘it va Xo‘jaylida qo‘zg‘olonlar ko‘tarish bilan javob berishdi. Xonning tayanchi bo‘lgan podsho hukumati uni uzoq qo‘llay olmadi. Rossiyadagi 1917-yilgi fevral voqealaridan keyin Asfandiyorxon asosiy tayanchi — podsho hukumatidan mahrum bo‘lib, bir necha muddat yakkalanib qoldi.
Yosh xivaliklar qulay vaziyatdan foydalanib qolishga qaror qilishdi va islohotlar uchun ochiqdan ochiq harakatni boshlab yubordi. 1917-yil 5-aprelda ular Asfandiyorxondan islohotlar o‘tkazish to‘g‘risidagi manifestni imzolashni talab qilishdi. Islohotlar xon hokimiyati saqlangan, ammo Majlis (deputatlar palatasi) va Nozirlar kengashi (Vazirlar kengashi) bilan cheklangan konstitutsiyaviy monarxiyani tashkil etishni o‘z ichiga olgandi.
Yosh xivaliklar, shuningdek, davlat mablag‘lari sarflanishi ustidan nazorat qilish uchun moliya vazirligi, suv taqsimotini isloh qilish, xonlikning butun hududida yangi usul maktablarini tashkil qilish uchun qo‘mita tuzishni, temiryo‘llar va pochta-telegraf tizimi qurilishini ham talab qilishgandi.
Podsho hukumati qo‘shinlari madadidan mahrum bo‘lgan Asfandiyorxon har qanday yo‘l bilan hokimiyatni saqlab qolish va vaqtdan yutish maqsadida islohotlarni amalga oshirish to‘g‘risidagi manifestga imzo chekdi. 1917-yil 26-apreldagi Majlisning birinchi sessiyasida 30 nafar xivalik deputat va turkmanlardan 7 nafar vakil ishtirok etdi. Majlis Vazirlar kengashini sayladi. Ammo ikki oy o‘tmasdan xon boshchiligidagi konservativ kuchlar harbiy to‘ntarishni amalga oshirdi va Majlisni tarqatib yubordi. Yosh xivaliklar rahnamolari hibsga olinib, ulardan bir qismi otib tashlandi.

Muhammad Rahimxon II


Lekin bu voqealarga yangi bir kuch — turkman urug‘laridan birining sardori Junaidxon aralashdi. 1918-yil yanvarda 1,5 ming kishilik otliq otryad bilan u Xivani, keyin esa xonlikning boshqa tumanlarini egallab oldi. Asfandiyor xonni nomigagina taxtda qoldirgan Junaidxon xonlikda o‘zining yakkahokimligini o‘rnatdi. Keyinchalik uning buyrug‘iga ko‘ra Asfandiyorxon o‘ldirilib, o‘rniga Said Abdulla taxtga o‘tqazildi.

Asfandiyorxon

Rossiya hukumati Xivada ʻʻinqilobʼʼ tayyorlay boshladi. Bolsheviklar tomonidan egallab olingan Petro-Aleksandrovskda Kommunistik partiya tuzilib, to‘ntarishga tayyorgarlik ko‘rilgan. To‘ntarish 1920-yil 2-fevralda ro‘y berdi va tarixda u ʻʻxalq inqilobiʼʼ nomini oldi. 27-aprelda Sovetlarning birinchi Butun Xiva qurultoyi to‘rt asrdan ortiqroq vaqt mavjud bo‘lgan Xiva xonligi o‘rnida Xorazm Xalq Sovet Respublikasi (XXSR) tashkil topganini e’lon qildi.

XX asr boshida O‘rta Osiyo

Yakunlarni chiqaramiz!

► 1902-yilda Matyoqub pishiq qo‘zg‘oloni tor-mor etilgan.

► 1910-yil — yangi xon Asfandiyorxon ʻʻIslohotlar loyihasiʼʼni e’lon qildi.

► 1917-yil aprel — Majlisning birinchi sessiyasi, Vazirlar kengashi tuzildi, bir necha oydan keyin xon tomonidan tarqatib yuborildi.

► 1918-yil yanvar — Junaidxon Xivani egalladi.

► 1918-yil oktyabrda Asfandiyorxon o‘ldirildi, taxtga Said Abdulla chiqdi.

► 1920-yil 27-aprel — XXSRning e’lon qilinishi.


Atamalar izohi


Manifest (lotincha) — hukumatning muhim voqea munosabati bilan xalqqa qilgan yozma murojaati, qonun kuchiga teng hujjat.

Konservativ (lotincha) — eski tuzum tarafdorlari, islohotlar va o‘zgarishlarga qarshi turuvchilar.