Turkistonda sud tizimi va harbiy politsiya tartibotining o‘rnatilishi


Sudlov tizimining mustamlaka manfaatlariga moslashtirilishi


Turkiston o‘lkasida imperiya manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan tadbirlardan yana biri bu sud tizimi bo‘lgan. Xonlik davrida qozilarning chiqargan qaroridan norozi bo‘lganlar qozikalonga murojaat qilgan. Qozilar qat’iy belgilangan uchastkaga ega bo‘lishmagan; har bir da’vogar o‘zi ishongan qoziga murojaat qilgan. Qozi sud majlisi boshlanishidan oldin tomonlarga kelishib olishni taklif etgan. Bu taklifdan bosh tortilsa, qozi ularga qasam ichirib, tomonlarning arzini, guvohlarning ko‘rsatmalarini tinglagan, so‘ng qaror chiqargan va bu qaror mahalliy hokimiyat tomonidan zudlik bilan ijro etilgan. Odatda, qozilar, asosan, bilimdon, adolatli va xalq orasida hurmat qozongan kishilar bo‘lgan. Qozilar o‘zlariga murojaat qilgan tomonlarga betaraf va ularga nisbatan beg‘araz bo‘lishi, ulardan pul, sovg‘a, har xil xizmatlarni qabul qilmasligi lozim edi. Podsho hukumati tomonidan dastlab o‘lkadagi mavjud sud tizimidagi qozikalon lavozimi tugatilib, barcha qozilarning huquqi tenglashtirildi.


Boshqa mustamlakachi davlatlar singari Rossiya imperiyasi ham o‘z mustamlakasiga aylangan Turkiston o‘lkasida dastlab tub joy aholining diniy e’tiqodiga mos ravishda amal qilingan shariat qoidalariga asoslangan qozilik va ko‘chmanchi tarzda hayot kechiruvchi aholining urf-odatlariga asoslangan biy sudlarini butunlay tugatmasdan, uni saqlab qoldi. Milliy va diniy tartiblarga asoslangan sudlar faoliyati cheklanib, ular ustidan kuchli nazorat o‘rnatildi. Bu o‘zgarishlar bosqichma-bosqich, mahalliy aholining noroziligini keskinlashtirmagan holda o‘zgartirib borildi. Bundan tashqari shu yo‘l bilan podsho hukumati vakillari ko‘plab mahalliy aholi o‘rtasidagi o‘zaro janjal va kelishmovchiliklarga aralashishdan o‘zini saqlashga harakat qildi. Sud tizimida amalga oshirilgan siyosatda qozi va biy sudlari oxir-oqibat tugatilishi hamda ungacha faqat kichik ko‘rinishdagi sud ishlarini, ya’ni asosan, oilaviy mojarolar, kishilar o‘rtasida janjal va kelishmovchiliklarni ko‘rib turishi maqsad qilib olingandi. 1867-yilgi ʻʻNizomʼʼ loyihasi bo‘yicha o‘lkada qozilar va biy sudlari, uyezd sudlari, muvaqqat harbiy-sudlov komissiyalari, viloyat boshqaruvining sud bo‘limlari va general-gubernatorlik Devonining sudlov bo‘limi tashkil qilindi.


Sud organlarining faoliyati


Sud ishlarida mahalliy aholining o‘troq qismi uchun qozi sudlari, ko‘chmanchi aholisi uchun esa biy sudlari, volost boshliqlari, qishloq oqsoqollari, ovul boshliqlari va ularning yordamchilari aholi tomonidan uch yil muddatga saylangan. Rossiya imperiyasi yerlik aholiga o‘z ta’sirini kuchaytirish uchun 1866-yil Toshkentda mahkama joriy qiladi. Uning tarkibiga mahalliy aholi vakillaridan saylangan qozi va 7 nafar a’lam kirgan. Mahkama a’zolari podsho hukumatining o‘lkadagi ishonchli va sadoqatli yordamchilari hisoblangan. Qozi sudlarining vakolatlariga da’vo hajmi 100 rubldan oshmaydigan jinoyat va fuqarolik ishlarini ko‘rib chiqish kirgan. Yirik da’volar esa qozilar va biylar qurultoyida ko‘rib chiqilgan. Bu yig‘ilishlar xalq sudyalari qurultoyi deb atalgan. Bular da’vo hajmi 1000 rubldan oshmaydigan jinoyat va fuqarolik ishlarini hal qiluvchi ikkinchi bosqich sudlari edi. Qozi sudi, xalq sudlari, ya’ni birinchi bosqich sudi tomonidan qonunga xilof qaror qabul qilingan taqdirda shikoyat qiluvchi keyingi bosqichga murojaat qilgan. Uchinchi bosqich sudlari bu turli volostlar va uyezdlar aholisi o‘rtasida yuzaga kelgan bahsli ishlarni hal qiluvchi xalq sudyalarining favqulodda qurultoylari hisoblangan.
Qozilar aholining soniga qarab belgilangan. Toshkent shahrida to‘rt dahaning har birida bittadan to‘rtta qozi, Samarqand shahrida ikkita qozi, volostlarda bittadan qozi bo‘lgan.

Shariat qozisi (xalq sudi)


Turkiston o‘lkasida yashaydigan rossiyalik aholi uchun imperiya qonunlari asosidagi sudlar faoliyat olib borgan. Dastlab tashkil qilingan vaqtinchalik harbiy sud komissiyalari bu aholining jinoiy ishlarini ko‘rish bilan birga mahalliy aholi tomonidan sodir etilgan siyosiy jinoyatlar va hokimiyatga qarshi jinoyatlarni ko‘rib chiqqan. Viloyat va o‘lka sudlari vazifalari general-gubernatorlik devoni va boshqarmalari zimmasiga yuklangandi. General-gubernator o‘lkaning bosh prokurori va oliy sudyasi vazifasini ham bajargan.


XIX asrning oxirida sudlov jarayonidagi o‘zgarishlar


O‘rta Osiyo mustamlakaga aylantirilgandan so‘ng boshqa sohalar singari sud tizimi ham bosqichma-bosqich o‘zgartirib borilgan. Qozi va biy sudlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda mustamlakachi hukumatning aralashuvi, saylov natijalarini tasdiqlashdagi noto‘g‘ri ishlar ko‘plab janjallarni, mahalliy aholi o‘rtasida o‘zaro nizolar, ma’muriyatga nisbatan ishonchsizlik va norozilik harakatlarini keltirib chiqargan. Sudlarga joriy etilgan saylovlar mustamlakachi hukumat ixtiyorida bo‘lib, saylovda kimning g‘olib chiqishi saylovchilarga qaraganda ma’muriyat xohishiga bog‘liq bo‘lib qoldi. Kim mustamlakachi ma’muriyatga yoqsa va unga sodiqligiga ishonch hosil qila olsa, o‘sha qozi va biy bo‘la olardi. Saylovlarda turli xil nayranglar, poraxo‘rliklar avj olgan. Buning natijasida saylangan qozi va biylar o‘z faoliyati davomida saylov vaqtidagi xarajatlarini turli yo‘llar bilan, ayniqsa, poralar hisobiga qaytarib olishga harakat qilishgan. Bu bilan qozilik va biylik serdaromad mansabga aylandi. Qozilar va biylar lavozim egallashi va uni saqlab qolishi uchun mustamlakachi hukumat vakillarining sodiq xizmatkorlariga aylandi. 1886-yilgi ʻʻNizomʼʼda ham Turkiston o‘lkasida qozilar sudi saqlanib qoldi. Uyezd sudlari bekor qilinib, ularning o‘rniga shahar va zemstvo boshliqlari tomonidan tayinlanadigan uchastka mirovoy sudyalari (sudlari) tuzildi. Viloyat boshqaruvining sud bo‘limlari viloyat sudlari bilan almashtirildi. Sud tergovchilari, viloyat prokurori va ularning yordamchisi lavozimlari joriy etildi. 1898-yilda Turkiston o‘lkasida sud nizomlarini qo‘llash qoidalariga muvofiq viloyat sudlari tugatildi, ularning o‘rniga okrug sudlari va Toshkent sud palatasi tuzildi. Toshkent sud palatasi faqat imperiyaning oliy sudi – hukumat senatiga bo‘ysunardi. Okrug sudlari Turkiston o‘lkasining barcha viloyatlarida joriy etildi. Ularning tarkibi sud raisi, uning o‘rinbosari va sud a’zolaridan iborat bo‘lgan. Jazo chorasini sudyalar va ikki sud a’zosi tayinlardi. Ularning qarori ustidan berilgan apellatsiyani imperiyada oliy sud bo‘lgan hukumat senati ko‘rib chiqardi. Shunday qilib, Turkiston o‘lkasidagi sud tizimi mustamlakachi hukumat vakillari va o‘lka ma’muriyati nazorati ostiga o‘tdi.


O‘lkada harbiy politsiya tartiboti


Turkiston o‘lkasida podsho hukumati mahalliy aholining keng ko‘lamli qo‘zg‘olonlarga aylanib ketadigan norozilik harakatlariga qarshi jazolash tadbirlari uchun imperiya manfaatlarini to‘liq himoyalaydigan huquqiy asoslar yaratishga harakat qildi. 1881-yilda ʻʻDavlat tartiboti va jamoat osoyishtaligini qo‘riqlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Nizomʼʼ e’lon qilindi. Nizomga muvofiq general-gubernator ʻʻkuchaytirilganʼʼ yoki ʻʻfavquloddaʼʼ qo‘riqlash holatini o‘z ixtiyori bilan joriy etish huquqiga ega bo‘ldi. Bunday huquq o‘lkada qo‘zg‘olon, ʻʻjamoat osoyishtaligiʼʼ buzilgan va ʻʻtashvishli kayfiyatlarʼʼ paydo bo‘lgan taqdirda unga o‘z ixtiyoriga ko‘ra kuch va zo‘ravonlik ishlatish mumkinligini anglatardi. 1892-yildan boshlab 1916-yilga qadar Turkiston ʻʻkuchaytirilgan qo‘riqlovʼʼ va ʻʻfavqulodda qo‘riqlovʼʼ holatida bo‘ldi. Yangi ʻʻNizomʼʼ shahar va qishloqlarning har bir mavzesini nazorat ostida saqlab turgan avvalgi politsiya tuzilmalariga qo‘shimcha tarzda uyezd boshliqlariga ispravniklar huquqini ham berdi. Bu narsa ularni uyezd politsiya boshqarmalari rahbarlariga tenglashtirgandi. Ular har qanday odamni yetti kunga qamoqqa olishga yoki jarimaga tortish vakolatiga ega bo‘ldi. Uchastka pristavlari lavozimi ularga yordam tariqasida ta’sis etilgandi. Odatda, ular soliqlar yig‘imiga, joylarda majburiyatlar, uyezd boshliqlarining qarorlari ijro etilishiga rahbarlik qilgan ofitserlar bo‘lib, har qanday o‘zgarishlar haqida o‘lka ma’muriyatiga ma’lumot yetkazib turgan holda aholi ustidan kerakli nazoratni amalga oshirishardi. O‘z uchastkalari doirasida ular surishtirish va tergov ishlarini yuritishi, qamoqqa olishi va jarimaga tortishi mumkin edi.

Toshkentdagi harbiy cherkov


1882–1884-yillarda o‘lkani tekshirgan imperatorning maxfiy maslahatchisi F. Girs Turkistonda 2404000 kishi yashashini va ulardan 1200000 kishi erkak ekanini yozgan. Xuddi shu erkak aholiga harbiy xizmat majburiyatini yuklash masalasiga to‘xtalgan podsho amaldori (F. Girs) bu qaltis siyosiy tadbir ekaniga ishora qilib, Turkiston aholisini armiyaga chaqirmaslik siyosatini yoqlab chiqdi. Podsho hukumati mahalliy aholini muntazam armiyada xizmat qilishidan, jangovar harbiy malakalarini oshirishidan, qo‘shinlarni yevropachasiga takomillashtirishga o‘rgatishdan va zamonaviy qurol-yarog‘lardan foydalanish mahoratini egallab olishlaridan cho‘chirdi. Shuning uchun mahalliy aholi qulay fursat kelganda ana shunday harbiy mahorat va zamonaviy qurollardan podsho hukumati o‘ziga qarshi foydalanishidan hadiksirardi. Mahalliy aholini qurolsizlantirish, unda qurolli kurash uchun har qanday umidni yo‘qotish, jangarilik unsurlarini bostirish va qadimiy jangovar an’analarni tag-tomiri bilan tugatish — Turkiston o‘lkasidagi podsho hukumati harbiy siyosatining asosini tashkil etardi. Yodda tuting! Turkiston 1892-yildan 1916-yilgacha ʻʻkuchaytirilgan qo‘riqlovʼʼ va ʻʻfavqulodda qo‘riqlovʼʼ holatida bo‘ldi.


Yakunlarni chiqaramiz!


► Turkistonda harbiy va politsiya tartiblari asosida boshqaruv va nazorat tizimi o‘rnatildi.

► Milliy-ozodlik harakatlariga qarshi kurash maqsadida maxsus bo‘lim tuzildi.

► Mahalliy aholi armiyada xizmat qilishdan mahrum etilgan.
Atamalar izohi.

Politsiya (nemischa — ma’muriyat) — jamoat xavfsizligini saqlovchi tashkilot.
Ispravnik — uyezd politsiyasi boshlig‘i.

Apellyatsiya (lotincha — shikoyat, norozilik bildirish) — sud hukmidan norozi bo‘lgach, uning ustidan shikoyat arizasi berilishining bir shakli.

Zemstvo (ruscha) — vakolatlari cheklab qo‘yilgan mahalliy idora, boshqarma.

Qozi sudlari — shariat qoidalari asosida ish ko‘radigan sud.

Biy sudlari — qabila urf-odatlariga tayanib ish ko‘radigan sud.