Qo‘zg‘olonning yengilish sabablari va oqibatlari
Qo‘zg‘olon xarakteriga ko‘ra milliy ozodlik ko‘rinishida yuz berdi, chunki bu qo‘zg‘olonning asosiy harakatlantiruvchi kuchi xalq ommasi edi. Ular mustamlakachilik tartiblariga qarshi qo‘lga qurol olib toptalgan haq-huquqlari, din-u diyonatlari uchun tengsiz kurash olib bordi. Qo‘zg‘olonchilar Vatanning haqiqiy fidoyi farzandlari ekanliklarini amalda isbotlashdi. Mislsiz jasoratlari bilan Vatan tarixi sahifalaridan munosib o‘rin egallashdi. Mazkur qo‘zg‘olonlarga rus amaldorlaridan biri: ʻʻUrush frontlariga yangi bir Turkiston fronti qo‘shildiʼʼ, — deb o‘lkadagi vaziyatga baho bergandi. Qo‘zg‘olonchilar mustamlakachi hukumatga qarshi oddiy ish qurollari bilan jang olib bordi.
Bundan tashqari ularning aksariyati dehqonlar, hunarmandlar bo‘lganligi va harbiy sohadan mutlaqo bexabar ekanligi qo‘zg‘olonning mag‘lubiyatga uchrashiga sabab bo‘ldi. Ular Turkistonning turli mintaqalarida mustamlakachilarga qarshilik ko‘rsatishdi. Shunday bo‘lsa-da, qo‘zg‘olonchilarning taktik va strategik uquvsizligi, ahillikda va birdamlikda harakat qilmasligi pand berdi.
Qo‘zg‘olon xalq ommasi uchun juda katta yo‘qotishlarni olib keldi. Birinchidan, aholisi qo‘zg‘olonda qatnashgan Jizzax atrofidagi qishloqlar yondirib yuborildi, natijada ko‘pchilik uy-joysiz qoldi. Ikkinchidan, qo‘zg‘olon yoz faslida bo‘lib o‘tgani bois ekinzorlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari nobud bo‘ldi. Buning natijasida Turkiston aholisi 1916–1917-yillar qish oylari uchun g‘amlaydigan oziq-ovqat zaxirasining katta qismidan ayrildi. Uchinchidan, qo‘zg‘olon natijasida aholi orasida ko‘plab qurbonlar bo‘ldi. Ushbu qoʻzgʻolon Turkiston xalqiga juda katta talafotlarni olib keldi. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, 1916-yilgi qo‘zg‘olon oqibatida Turkiston aholisidan 673 ming kishi o‘ldirildi, 300 mingdan ziyod aholi xorijga chiqib ketdi. 100 minglab kishining mol-mulki musodara qilinib, talon-toroj etildi. Rossiyaning Birinchi jahon urushida ishtirok etishi, Turkiston o‘lkasidagi qo‘zg‘olonlar xalq turmushiga ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatdi. Podsho hukumati tomonidan Turkiston aholisining mardikorlikka safarbar qilinishi mahalliy aholining katta qismini boquvchisiz qoldirdi. Natijada bu davrda oziq-ovqat taqchilligi, narx-navoning ko‘tarilishi tirikchilik qilishning qiyinlashishiga olib keldi. Shuning uchun ham mardikorlikka qarshi olib borilgan 1916-yildagi qo‘zg‘olonlar mahalliy aholining mustamlakachilarning jabr-zulmlarga asoslangan siyosati va urush oqibatlarining salbiy ta’siri natijasida sodir bo‘ldi.
Qo‘zg‘olonning ahamiyati
1916-yildagi qo‘zg‘olonlar podsho hukumati tomonidan ayovsiz ravishda bostirildi. Qo‘zg‘olonchilar mustamlakachi hukumatning politsiya va harbiy kuchlariga qarshi mardonavor kurashishdi. Garchi qo‘zg‘olon ishtirokchilari va rahbarlari podsho hukumati tomonidan qattiq jazolanib, ko‘plab qo‘zg‘olonchilar qurbon bo‘lishi va yarador bo‘lishiga qaramay, bu mardikorlikka qarshi qaratilgan qo‘zg‘olonlar Turkiston aholisining bosqinchilarga qarshi milliy-ozodlik xarakteridagi harakati hisoblanadi.
Qolaversa, bu qo‘zg‘olonda o‘lka keng xalq ommasining barcha tabaqalari, jumladan, qariyalar va ayollar ham ishtirok etdi.1916-yilgi qo‘zg‘olonlar mustamlakachi hukumatni qattiq sarosimaga soldi. Bu qo‘zg‘olon Turkiston xalqlarining o‘z huquqlarini poymol qilishlariga yo‘l qo‘ymasligini ko‘rsatdi.
Bu qo‘zg‘olon mustamlakachi hukumatga yana bir bor mahalliy aholining ozodlik va mustaqillik uchun kurash tuyg‘ulari hali so‘nmaganini ko‘rsatdi.
Podsho hukumati ba’zi choralar ko‘rishga, yengilliklar yaratishga va aholi bilan murosa qilishga majbur bo‘ldi. Xullas, 1916-yilgi qo‘zg‘olon butun mustamlakachilik davomida Turkistondagi eng qudratli va uyushgan qo‘zg‘olon edi. Jizzax qo‘zg‘oloni tarixda ʻʻJizzax fojiasiʼʼ degan nom qoldirdi.
U Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lining ʻʻJizzax qo‘zg‘oloniʼʼ nomli dostonida o‘zining to‘liq aksini topgan.
Yakunlarni chiqaramiz!
► Rossiyaning Birinchi jahon urushida ishtirok etishi uning mustamlakalari, jumladan, Turkiston o‘lkasiga ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatdi.
► Podsho hukumati tomonidan Turkiston aholisining mardikorlikka safarbar qilinishi mahalliy aholining norozilik harakatlariga sabab bo‘ldi.
► 1916-yildagi qo‘zg‘olonlar podsho hukumati tomonidan harbiy kuchlar yordamida bostirildi.
► Qo‘zg‘olon ishtirokchilari podsho hukumati tomonidan qattiq jazolandi.