Toshkentda “Vabo isyoni”


Qo‘zg‘оlоnning bоshlаnish sаbаblаri


1892-yilning mart oyida Afg‘onistonda vabo kasalligi tarqaldi. Bahor faslining oxirlariga kelib bu kasallik Samarqand viloyatining Jizzax uyezdida, 7-iyunda esa Toshkentda ham qayd qilindi. Toshkent shahar ma’muriyati kasallikka qarshi tadbirlar qatorida shahardagi 12 ta qabristonni yopib qo‘ydi. Shu kasallikdan vafot etgan kishilar uchun shahardan chekka joyda maxsus qabristonlar ochish va’da qilindi. Lekin amalda shahardan tashqarida faqat bitta qabriston ochildi. Sanitariya tadbirlari xalqqa ishonarli qilib tushuntirilmadi. Bundan tashqari shifokor-feldsherlar yetishmasligi sababli bemorlarni tekshirish ko‘pincha uchinchi yo to‘rtinchi kuni o‘tkazilardi. Bu vaqtda aholi o‘rtasida mustamlakachi ma’murlar suvni, shifokorlar esa bemorlarni qasddan zaharlayotgani, murdalarning qabrlardan chiqarib tashlanayotgani to‘g‘risidagi mish-mish gaplar tarqaldi. Turkiston o‘lkasida 1892-yil 18-iyundan kuchga kirgan ʻʻHarbiy holatda deb e’lon qilingan joylar haqida qoidaʼʼ joriy etildi. Bunday vaziyat aholi orasida sarosimalik va norozilik keltirib chiqardi. Bu vaqtda Toshkentning Eski shahardagi xalqparvar oqsoqoli Inog‘omxo‘ja Umriyoxo‘jayev lavozimidan chetlashtirildi.
Uning o‘rniga tayinlangan shaxs pora olishni kuchaytirish maqsadida boshqa kasallik bilan og‘rib vafot etganlarni ham vabo uchun ochilgan shahar chekkasidagi qabristonga ko‘mishni buyurdi. Xalq bunga keskin norozilik bildirdi. Bu holat qo‘zg‘olon boshlanishiga sabab bo‘ldi.

Toshkent ko‘chasi. XIX asr


1892-yildagi norozilik harakatlarini keltirib chiqargan asosiy sabab, birinchidan, mahalliy aholiga nisbatan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan mustamlakachilik jabr-zulmining tobora kuchayib borayotgani; ikkinchidan, xalq ommasining og‘ir ahvoli, hunarmand kosiblar va mardikorlarning ayovsiz ishlatilishi; uchinchidan, iste’mol mahsulotlari narxlarining to‘xtovsiz oshib borishi, soliqlarning ko‘pligi; to‘rtinchidan, amaldorlarning o‘z mansablarini suiiste’mol qilishi, poraxo‘rligi kabi holatlarning ko‘payib ketishi bo‘ldi.


Qo‘zg‘оlоnning bоshlаnishi.


Tarixda ʻʻVabo isyoniʼʼ (yoki ʻʻToshotar voqeasiʼʼ) deb nom olgan qo‘zg‘olon 1892-yilning 24-iyunida boshlandi. Dastlab mahalliy aholining noinsof amaldorlar va sudxo‘rlarga, hokimiyatni suiiste’mol qilish bilan tanilgan shahar bosh oqsoqoliga qarshi noroziligi bilan boshlandi. Bu qo‘zg‘olonchilar, asosan, mardikorlar va hunarmand-kosiblardan iborat edi. Bu voqeani o‘z ko‘zi bilan ko‘rganlardan biri shunday yozgandi: ʻʻQo‘zg‘olonchilarning maqsadi bo‘layotgan kamsitishlarni to‘xtatishga erishish edi. Olomon shahar boshlig‘i S. Putinsev huzuriga chora ko‘rish to‘g‘risidagi talab bilan yo‘lga tushadi. Olomonda o‘qotar yoki zamonaviy qurollar ham yo‘q bo‘lib, ular taxminan 400 kishi atrofida ediʼʼ.

Qo‘zg‘olonchilarning shahar hokimiga hujumi

Eski shahar oqsoqoli Muhammad Yoqub olomondan qo‘rqib shahar boshlig‘i huzuriga boradi. Xalq S.Putinsevdan oqsoqolni ular ixtiyoriga berishni talab qildi. S. Putinsev esa muzokara o‘rniga kuch ishlatishni afzal ko‘rdi. Kuch ishlatish to‘g‘risidagi buyruqdan keyin sabr kosasi to‘lgan xalq uzoq o‘ylab o‘tirmay hokimga qarshi hujum boshladi. Uning odamlarini tor-mor etib, o‘zini kaltaklashdi. Toshkent oqsoqolining uyiga o‘t qo‘yishdi. S. Putinsev va uning mirshablarini do‘pposlagan xaloyiq mahkamani ham ostin-ustun qildi.
Qo‘zg‘olonni bostirish uchun kazaklar polki va bir rota askar chaqirildi.


Qo‘zg‘оlоn bоstirilgаndаn kеyingi chоrа-tаdbirlаr.

O‘lka ma’muriyatining norozilik harakatlarini shafqatsiz usullar bilan bostirishi, qo‘zg‘olon ishtirokchilarini ayovsiz jazolashi mustamlakachi hukumatning asl yuzini yaqqol ko‘rsatib berdi. Toshkentdagi qo‘zg‘olon Turkiston mustamlaka ma’muriyatini jiddiy tashvishga soldi. U hukumatga politsiya shtatini ko‘paytirish va jazo vakolatlarini yanada kengaytirish haqida murojaat qildi. Sankt Peterburg Turkiston general-gubernatorining iltimosini qondirib, o‘lkada ʻʻmirshablik holatiʼʼni joriy etishga ruxsat berdi.

Mustamlakachilar uchun keng vakolatlar berildi. Turkiston general-gubernatori ʻʻkuchli muhofazadaʼʼ deb e’lon qilingan joylarda majlis-yig‘inlarni tarqatish, savdo-sanoat korxonalarini yopish, matbuot organlarini taqiqlash, istalgan odamni surgun qilish, jarima solish va boshqa huquqlarni oldi. ʻʻFavqulodda muhofazadaʼʼ deb e’lon qilingan joylarda esa butun hokimiyat general-gubernator yoki u tayinlagan bosh noib qo‘liga o‘tdi. Ushbu qo‘zg‘olonning bostirilishida mustamlakachilar o‘z manfaatlari yo‘lida xalqning urf-odatlari, diniy e’tiqodi, milliy qadriyatlarini toptashdan ham qaytmasligini ko‘rsatdi. Umuman olganda, mustamlakachilar har qadamda o‘zlarining o‘lkada hokim va istilochi ekanliklarini mahalliy aholiga namoyish qildi.

Toshkent. Eski shahar ko‘chalari. XIX asr