Teatr va musiqa san’ati


Turkistonda xalq teatri


Qadimiy san’at turlaridan eng sevimlisi hisoblangan xalq teatrining Buxoro amirligi, Xiva va Qo‘qon xonliklarida o‘ziga xos ko‘rinishlari mavjud edi.
Jumladan, Buxoro amirligida masxaraboz, qo‘g‘irchoqboz, raqqos kabi san’at yo‘nalishlarining uyushmalari vujudga kelgan edi. Xorazm an’anaviy teatrida esa ikki turkum tomoshalar — kulgili va xatarli o‘yin turlari yaxshi shakllandi.
Xalq teatri shakl jihatidan rang-barang va boy bo‘lib, ular xalq orasidan chiqqan komik aktyorlar — qiziqchilar, qo‘g‘irchoqbozlar, masxarabozlar va boshqalar o‘z mahoratlarini namoyish qilishgan. Ana shu teatrlar va mas xarabozlarning tomoshalarida, asosan, xasis va ochko‘z boylar, chalasavod mullalar, amalparast beklarning kirdikorlari fosh etilgan. Ko‘proq bu tomoshalar dolzarb voqealar tasvirlangan satirik ko‘rinishlardan iborat bo‘lgan. Garchi ularda yozma pyesalar bo‘lmasada, xalq og‘zaki ijodi mahsuli sifatida yod olingan mavzular sahnalashtirilgan. Sahna asarlarini, odatda, san’atkorlarning o‘zlari ijod qilishgan. XIX asrning ikkinchi yarmida bir nechta shaharlarda an’anaviy teatr uyushmalari vujudga keldi. Eng mashhurlari Qo‘qonda Zokir eshon, Buxoroda To‘la masxara uyushmalari edi. Ayniqsa, qo‘g‘irchoq teatrlari ommabop bo‘lib, ular mavzusi markazida Kachal Polvon obrazi turgan.

ʻʻTuronʼʼ truppasi a’zolari. XX asr boshi


Turkistonga yevropa va rus teatrlarining kirib kelishi


O‘rta Osiyo Rossiya imperiyasi tomonidan zabt etilgach, mustamlakachi hukumat siyosiy maqsadlarni nazarda tutib, o‘lkaga rus madaniyatini jadal yoyishga kirisha boshladi. Bunda nafaqat ta’lim tizimi, balki teatr sohasi ham muhim o‘rin tutgan. 1870-yil Turkiston general-gubernatori tomonidan taklif qilingan Samara teatri o‘lkada bir necha kunlik dasturlarini namoyish etgan edi. 1910-yilda Samarqand va Toshkentga rus aktrisasi V. F. Komissarjevskaya truppasining gastrollari uyushtirildi. Turkistonda namoyish etilgan bunday tomoshalar o‘lka mahalliy san’atkorlari ijodiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Ilg‘or ma’rifatparvarlar va jadidlar yangicha g‘oyalarini targ‘ib etish uchun dramatik teatrning ulkan imkoniyatlarini tushunib yetishdi. Tatar va ozarbayjon truppalarining 1910–1912-yillarda Turkistonda bo‘lib o‘tgan gastrollari ham katta madaniy voqeaga aylandi. U. Gajibekovning ʻʻGo‘ro‘g‘liʼʼ, ʻʻLayli va Majnunʼʼ va ʻʻArshin molalanʼʼ musiqali pyesalari o‘zbek jamoatchiligi orasida iliq kutib olindi. Bu o‘z navbatida mahalliy teatr rivojlanishiga ham katta ta’sir ko‘rsatdi.

Kolizey teatri. Toshkent. XX asr boshi


Jadid teatrining vujudga kelishi


O‘zbek milliy teatrining shakllanishida jadidlar ning o‘rni katta edi. Birinchi Prezident I. Karimov ʻʻYuksak ma’naviyat — yengilmas kuchʼʼ asarida: ʻʻQachonki milliy madaniyatimizning uzviy qismi bo‘lgan teatr san’ati xususida so‘z borar ekan, buyuk ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiyning: ʻTeatr — bu ibratxonadirʼ, deb aytgan fikrini eslash o‘rinlidirʼʼ, — deb yozadi. Turkistonda 1911-yil dastlabki yozma milliy sahna asarlari yaratildi. Mahmudxo‘ja Behbudiyning ʻʻPadarkushʼʼ, A. Samadovning ʻʻMahramlarʼʼ, Fitratning ʻʻBir farangi bilan buxorolik bir mudarrisning qilgan munozaralariʼʼ nomli asarlari shular jumlasidandir. Ular ichida, ayniqsa, o‘zbek milliy teatri durdonasiga aylangan Behbudiyning ʻʻPadarkushʼʼ dramasi g‘oyatda muhim voqelik bo‘ldi.

Abdulla Avloniy


Turkistonda birinchi o‘zbek milliy teatri Samarqand shahrida Mahmudxo‘ja Behbudiy rahbarligida tashkil etildi. Bu truppada namoyish etilgan ilk asar ham uning ʻʻPadarkushʼʼ pyesasi edi. O‘zbek milliy teatri shakllanishi va rivojlanishida ulug‘ ma’rifatparvar Abdulla Avloniy va jadidlar harakatining atoqli namoyandasi Hamza Hakimzoda Niyoziy katta xizmat qildi. 1914-yil boshlarida Abdulla Avloniy Toshkent shahrida ʻʻTuronʼʼ nomidagi teatr truppasini tashkil etdi va u sahnalashtirgan birinchi asar ham ʻʻPadarkushʼʼ pyesasi bo‘ldi. 1915-yilda teatrning Turkiston shaharlari bo‘ylab gastrollari zo‘r muvaffaqiyat bilan o‘tdi.

Hamza Hakimzoda Niyoziy


1916-yil Qo‘qon shahrida Hamza rahbarligida havaskorlar teatri tashkil etildi.
Unda namoyish etilgan birinchi spektakl Hamzaning ʻʻZaharli hayot yoxud ishq qurbonlariʼʼ pyesasi bo‘ldi. Bu pyesa o‘zbek teatri shakllanishida ham, o‘zbek dramaturgiyasi vujudga kelishida ham muhim ahamiyat kasb etdi. Teatr chuqur mazmunli, ijtimoiy ahamiyatga molik hodisaga aylandi. 1916-yildan hozirgi Milliy teatr asoschisi Mannon Uyg‘ur va o‘zbek teatrining birinchi aktrisasi Ma’suma Qoriyeva san’atga ilk qadamini tashladi. Shu tariqa asta-sekin Andijonda, Xivada, Buxoroda ham dastlabki milliy teatrlar tashkil topa boshladi. Buxoro shahridagi teatrning tashkil etilishida Mannon Uyg‘urning xizmatlari beqiyos edi. Teatrlarda katta ijtimoiy va axloqiy muammolarga daxldor mavzular sahnalashtirildi. Ularda adolatsizlik, yovuzlik, zulmni qoralovchi g‘oyalar, tomoshabinlarda e’tiroz va norozilik hissini qo‘zg‘atuvchi spektakllar namoyish etildi. O‘zbek teatri — o‘zbek milliy madaniyatining ajralmas qismiga aylandi. Teatr spektakllari, o‘ziga xos va iste’dodli aktyorlar ijrosi o‘zbek xalqining bitmas-tuganmas ijodiy imkoniyatlarini namoyish etdi. Xudoybergan Devonov 1878-yilda tug‘ilgan.
Bolaligidan bilimga chanqoqligi va ijodiy iste’dodi bilan ajralib turgan. U arab, fors va rus tillarini o‘rgangan. Qiziquvchan o‘smir nemis tilini o‘rgana boshlagan va bu kelgusida uning taqdirini belgilab bergan. Gap shundaki, XIX asr oxirida Xorazmning o‘sha paytdagi hukmdori Muhammad Rahimxon II nemis-mennonitlarning bir necha oilasiga o‘lkada yashashiga ruxsat bergan.
Ularning eng yoshi ulug‘i Vilgelm Penner yoki mahalliy odamlarning tili bilan Panor buvada qiziquvchan Xudoybergan birinchi marta fotoapparatni ko‘rgan va undan foydalanishga ruxsat so‘ragan. Keyinchalik Panor buva shogirdining muvaffaqiyatlaridan xursand bo‘lib, unga fotoapparatni sovg‘a qilgan. Shunday qilib, 1903-yilda Xudoybergan Devonov Xivaning minoralari va hamyurtlarini suratga ola boshlagan. Avvaliga bu diniy ulamolar ning qattiq qarshiligiga uchragan. Biroq fotosuratchini har qanday yangilikka qiziqqan Muhammad Rahimxon II o‘z himoyasiga olgan. U nafaqat xon, balki iste’dodli shoir va bastakor sifatida tarixda qolgan. Hukmdor Xudoyberganga o‘zining suratini olishni buyurgan, keyin esa uni o‘z devoniga ishga taklif qilgan.

Birinchi o‘zbek kino va fotooperatori Xudoybergan Devonov (1878–1940)


Musiqa san’ati


Qo‘shiq, yalla va laparlar hazilomuz raqslar va o‘yin jo‘rligida ijro etilardi.
Termalar, ko‘pincha, xalq qissago‘ylari bo‘lmish baxshilar va shoirlar tomonidan ijro etiluvchi ohangdor kuylarni o‘zida mujassam etgan edi. Ashula esa keng qamrovli turli kuy-ohangga ega lirik qo‘shiq hisoblanardi.
Xalq mumtoz shoirlarining g‘azallari va she’rlari ashulalar uchun matn bo‘lib xizmat qilgan. XIX asr oxiri va XX asr boshlarida o‘zbek xalqi musiqiy ijodiyoti o‘zida lirik qahramonlik mazmunidagi epik rivoyatlarni mujassamlashtirgan dostonlar (ʻʻGo‘ro‘g‘liʼʼ, ʻʻAlpomishʼʼ, ʻʻKuntug‘mishʼʼ, ʻʻOshiq G‘arib va Shohsanamʼʼ,ʻʻHasan va Dalliʼʼ, ʻʻRustam va Avazʼʼ) alohida o‘rin tutgan. Mazkur dostonlar to‘rtlik she’r tuzilishiga ega bo‘lib, musiqasi nisbatan sodda ohangli va bu musiqada nota yozuvi qo‘llanilmagan. Xalq sozandalari mashhur usta-bastakorlar qo‘lida ta’lim olishgan. Ko‘p asrlar davomida butun Sharqda keng tarqalgan mumtoz maqomlar professional musiqaning og‘zaki an’analaridagi bebaho xazinasini tashkil etgan. Maqomlar yirik turkumli og‘zaki-cholg‘uli (yakkaxon va cholg‘uli) asarlardir. Musiqa asboblari ham nihoyatda rang-barangligi bilan ajralib turar edi. Bu borada torli-kamonchali cholg‘u asboblari (g‘ijjak, qo‘biz, uchtor), torli-noxunli (do‘mbira, dutor, tanbur, ud, rubob), torli-zarbli (chang), puflama nayli (nay, surnay), mushtuk-puflamali (karnay), zarbli-membranali (doira, nog‘ora, chindovul) kabi cholg‘u asboblari keng tarqalgan edi.

Musiqa asboblari

Turkistonning o‘sha kezlardagi musiqa madaniyatida yakkaxon ijrochilar ham, ansambl ijrosi ham rivojlandi. Karnay, nog‘ora yoki doira, ya’ni qattiq jaranglovchi cholg‘u asboblari an’anaviy bayramlarda, to‘ytantana larda, ommaviy tomoshalarda jo‘rovoz bo‘lgan; birmuncha past jaranglovchi cholg‘u asboblari — surnay, dutor, g‘ijjak esa kamer (xonada) yoki konsert (davrada) ijrosiga mo‘ljallangan edi. Xorazm maqom va musiqa maktabi Xiva xoni Muhammad Rahimxon II (Feruz) davrida yanada rivojlandi. O‘z davrining ma’rifatli hukmdori bo‘lgan Feruz san’at namoyandalariga katta imkoniyatlar yaratib berib, ular faoliyatiga homiylik qilgan. Bundan tashqari bevosita musiqa san’atini rivojlantirishga oid farmonlar ham chiqargan. Tarixiy hujjat ʻʻBiz kim, Xorazm mamlakatining oliy xoqoni Muhammad Rahimxon Soniy quyidagi farmoni oliyga imzo chekdik. Xorazm maqomlari xalqning daxlsiz mulki deb e’lon qilinsin. Ushbu farmoni oliyga shak keltirgan va maqomlarni kamsitgan yoki uni buzib ijro etgan kimsalar qattiq jazolansin!ʼʼ.