Ta’lim tizimi. Matbuot


Аn’аnаviy tа’lim muаssаsаlаri


XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning boshlarida Turkiston o‘lkasida uzoq tarixiy davr mobaynida shakllanib rivojlangan ta’lim tizimi davom etdi. XIX asrning o‘rtalaridan boshlangan istilochilik yurishlari natijasida mustamlakaga aylangan Turkistonda mahalliy aholining an’anaviy ta’lim tizimida o‘zgarishlar yuz bera boshladi. O‘lkaning boshqa sohalari singari ta’lim tizimida ham mustamlakachi hukumatning manfaatlarini aks ettiruvchi siyosat yurgizildi.
Buni, eng avvalo, mahalliy aholini ruslashtirish maqsadida tashkil qilingan rus-tuzem maktablarining ochilishi va ular sonining jadal sur’atlarda ko‘paytirib borilganida ko‘rishimiz mumkin. Mustamlaka davrigacha Turkistonda an’anaviy ta’lim tizimi islom dini qoidalari asosida tashkil qilingan bo‘lib, maktab va madrasalarda diniy ta’lim bilan birga dunyoviy fanlar ham o‘qitilgan. Boshlang‘ich ta’lim maktablarda 5–6 yil davomida o‘qitilib, arab alifbosi, harflarning o‘qilishi, talaffuzi o‘rgatilgan. Keyingi bosqichda Qur’on suralari va oyatlaridan iborat bo‘lgan ʻʻHaftiyakʼʼ (ya’ni Qur’oni Karimning yettidan biri) kitobi o‘qitilgan.


So‘ng ʻʻChor kitobʼʼ (to‘rt kitob), undan keyin So‘fi Olloyorning ʻʻRisolayi azizaʼʼ, ʻʻSabot ul-ojizinʼʼ kitoblari o‘qitilgan. Bu kitoblar, asosan, o‘quvchilar tomonidan yod olingan. So‘fi Olloyor asari she’riy tarzda yozilgan bo‘lib, unda avliyolar, payg‘ambarlar hayoti haqidagi ma’lumotlar aks etgan. O‘quvchilar nafaqat o‘zbek tilidagi, balki fors shoiri Hofizning ʻʻXo‘ja Hofizʼʼ devonini ham o‘rganishgan. Oliy ta’lim madrasalarda berilib, unda diniy-huquqiy bilimga ega bo‘lgan mutaxassis tayyorlangan. Madrasalarni bitiruvchilaridan islom qoidalari, Qur’oni Karim oyatlari va suralarning sharhlarini to‘liq o‘zlashtirish talab qilingan. Qorixonalarda Qur’oni Karim yod olingan. Ayollar alohida o‘qitilib, ularga Qur’oni Karim, oila masalalari, odob-axloq va tarbiyadan saboq beruvchi otinlar ta’lim berishgan. Mustamlaka davrida eski maktablar saqlanib qolgan, ammo bu maktablar hukumat e’tiboridan chetda qolib, ularga hech qanday mablag‘ ajratilmagan.

An’anaviy maktabda ta’lim

Rus-tuzem maktablari


Rossiya imperiyasining turli gubernalaridan Turkistonga ko‘chirib keltirilganlarning bolalariga ta’lim berish orqali ma’muriyat vakillari bilan mahalliy aholi o‘rtasida vositachilik qiladigan tarjimonlarni tayyorlash ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga bu maktablar orqali tub joy aholisi o‘rtasida rus madaniyatini keng yoyishga xizmat qiladigan ta’lim tizimini yaratishga harakat qilindi. Bu vazifani bajarishga Turkiston general-gubernatori G. Rozenbax (1884–1889) astoydil kirishdi. U boshlang‘ich maktablar, rus-tuzem maktablari tarmog‘ini yaratish loyihasini ishlab chiqdi. Birinchi rus-tuzem maktabi 1884-yilda Toshkentda Saidg‘ani Saidazimboy uyida ochiladi.
Undan o‘rnak olib, boshqa davlatmand kishilar ham o‘z uylarida shunday maktablarni ocha boshladi. Dastlab bu maktablarga mahalliy savdogar va ishbilarmonlar o‘z farzandlarini o‘qishga berishgan. 1911-yilda bunday maktablarning soni 89 taga yetadi. Ammo bu maktablardagi o‘qitish usullari va darajasi Rossiyaning o‘zidagi maktablar bilan taqqoslanganda ancha sayoz bo‘lgan. Rus-tuzem maktablarida o‘quv kuni ikki qismdan iborat bo‘lib, dastlab rus o‘qituvchisi (o‘quv, yozuv, hisob), ikkinchi qismida esa mashg‘ulotlarni mahalliy o‘qituvchi olib borardi. 1896-yilda Toshkentda birinchi gimnaziya ochilib, unda zamonaviy fanlar va kundalik turmushda zarur bo‘ladigan bilimlar o‘qitilgan. Yodda tuting! G. Rozenbax boshlang‘ich maktablar, rus-tuzem maktablari tarmog‘ini yaratish loyihasini ishlab chiqdi.
Shu asosda birinchi rus-tuzem maktabi 1884-yilda Toshkentda, Saidg‘ani Saidazimboy uyida ochildi.


Yangi usul maktablari


Bu davrda o‘lkadagi mahalliy ziyolilar, jadidchilik harakatining namoyandalari tomonidan milliy madaniyat, diniy e’tiqod, mahalliy an’analar asosidagi yangi maktablar ochilgan edi. Bunday yangi usuldagi jadid maktablarida tarix, matematika, geografiya, ona tili kabi fanlar ham o‘qitilgan. Yangi usul maktablarining diniy maktab va madrasalardan yana bir farqi shunda bo‘lganki, unda nafaqat islom dini va tarixi, balki mahalliy — turkiy xalqlar tarixi bo‘yicha ham ta’lim berilgan. Turkistonda dastlab jadid maktablari Buxoro, Toshkent, Qo‘qon, Andijon, Xiva kabi shaharlarda ochilgan edi.
Yangi usul maktablari jadidchilik harakati, uning namoyandalari faoliyatlari bilan birga mahalliy aholining umummilliy g‘oyalari, o‘zbek xalqining milliy-ma’naviy birligini mustahkamlashga xizmat qildi. Jadid maktablarining ta’lim tizimida o‘quvchilarga Vatanga muhabbat, milliy davlatchilik, milliy madaniyat, xalq birligi oldida mas’uliyatini his qilish, yurt ravnaqi uchun mehnat qilishga va kurashishga chorlovchi g‘oyalar singdirildi. Jadidlarning yangi usul maktablaridan zamonasining yetuk olimlari, adabiyotshunoslari, rassomlari, shoirlari, san’atkorlari, maorif sohasi mutaxassislari yetishib chiqdi. Jumladan, shoir akademik G‘afur G‘ulom, shoir va dramaturg Uyg‘un, Oybek kabi davlat va madaniyat arboblarini ko‘rsatish mumkin.

Sаdriddin Аyniy


Mustamlakachi hukumatning yangi usul maktablariga qarshi kurashi


Jadidlarning yangi usul maktablaridagi milliy g‘oyalarga asoslangan ta’lim berishi o‘lkada hukmron bo‘lgan mustamlakachi hukumat tomonidan kuzatuv va nazoratda bo‘lgan. Ma’muriyat jadidlarning ta’lim tizimida olib borayotgan faoliyati o‘lkada mustamlakachilik siyosatiga jiddiy qarshilik ko‘rsata oladigan harakatlantiruvchi kuch ekanini angladi va ularning faoliyatiga ochiqdan ochiq qarshilik ko‘rsata boshladi. Jadidlar faoliyati qattiq ta’qibga olindi. Har qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham yangi usul maktablari faoliyatiga zarba berishga harakat qilindi. O‘lkada ma’muriyat tomonidan chiqariladigan matbuot sahifalarida yangi usul maktablari tanqid etilib, ularning faoliyatiga noto‘g‘ri baho berilgan maqolalar e’lon qilindi. Dastlab jadid maktablarida turk va fors adabiyotlaridan foydalanish taqiqlab qo‘yildi. O‘quv adabiyotlari nashrlariga senzura joriy qilindi. Mustamlakachi hukumatning jadidlarga qarshi kurashiga mahalliy mutaassib dindor-ruhoniylar ko‘maklashishdi. Yangi usul maktablariga, ayniqsa, ma’muriyat vakillari va ayrim din peshvolari qarshi turgan. Natijada 1911-yilda 50 ga yaqin jadid maktabi yopib qo‘yildi. Jadid maktablarini ochish tashabbuskorlari qattiq nazorat ostiga olindi. 1913-yilga kelib Buxoro amirligida barcha jadid maktablari yopildi.


Matbuot va jurnalistika


1870-yildan boshlab Turkiston general-gubernatorligining rasmiy nashri — ʻʻTуркестанские ведомостиʼʼ va uning o‘zbek tilidagi ilovasi ʻʻTurkiston viloyatining gazetiʼʼ muntazam chiqib turdi. Uning muharriri mustamlakachilik tuzumining targ‘ibotchisi N. Ostroumov edi. 1906-yilda Ismoil Obidov muharrirligida ilk bor o‘zbek milliy gazetasi ʻʻTaraqqiyʼʼ nashr etildi. Gazetaning birinchi soni chiqqan sana, ya’ni 27-iyun hozirda O‘zbekistonda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida nishonlanadi.
Jadidlarning ma’rifatparvarlik faoliyati faqatgina maktablarda emas, balki matbuotchilik faoliyati, jumladan, gazetalarning ko‘plab vujudga kelishida ham ko‘rindi. 1906-yilda Ismoil Obidov muharrirligida ʻʻTaraqqiyʼʼ, shu yili Munavvarqori muharrirligida ʻʻXurshidʼʼ, 1907–1908-yillarda Abdulla Avloniy muharrirligida ʻʻShuhratʼʼ, Ahmadjon Bektemirov muharrirligida ʻʻOsiyoʼʼ gazetalari chop etildi. Ma’rifatchilikning yangi to‘lqinida 1913–1915-yillarda ʻʻSamarqandʼʼ, ʻʻSadoyi Turkistonʼʼ, ʻʻSadoyi Farg‘onaʼʼ, ʻʻEl bayrog‘iʼʼ, ʻʻKengashʼʼ, ʻʻUlug‘ Turkistonʼʼ, ʻʻTuronʼʼ gazetalari, ʻʻOynaʼʼ jurnali, 1917-yil da esa ʻʻHurriyatʼʼ, ʻʻFarg‘ona sahifasiʼʼ kabi ommaviy axborot vositalari ham paydo bo‘ldi. Bu davrdagi nashrlar orasida ʻʻSadoi Turkistonʼʼ, ʻʻSadoi Farg‘onaʼʼ gazetalarining milliy o‘zlikni anglashdagi xizmatlari katta bo‘ldi.
Uning ikki yillik (1914–1915) faoliyati davomida milliy ziyolilarning vatanparvar qatlamlari tomonidan millat ozodligi va ravnaqini tarannum etuvchi, xurofot kabi eski aqidaparastlikni qoralovchi ko‘plab maqolalar e’lon qilindi.


Atamalar izohi

Tuzem — yerli xalq, mahalliy aholining mustamlakachilar tomonidan atalishi.
matbuot (arabcha — bosma asarlar, nashrlar) — gazeta, jurnal va kitoblar majmuyi.

Gimnaziya — ayrim fanlarga ixtisoslashtirilgan va ular bo‘yicha chuqur ta’lim beradigan o‘quv muassasasi.