XIX asr oxiridagi qo‘zg‘olonlarning umumiy xususiyatlari
XIX asrning ikkinchi yarmidagi milliy-ozodlik harakatlari Turkiston o‘lkasining podsho hukumati tomonidan istilochilik yo‘li bilan bosib olinganini yana bir karra isbotladi. Istilo qilingan hududlar imperiyaning tarkibiga mustamlaka sifatida kiritilib, bu yerlarda imperiyaning siyosiy, iqtisodiy va geopolitik manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘ydi. O‘lka arzon xomashyo bazasiga, Rossiyada tayyorlangan mahsulotlar uchun tayyor bozorga, uning aholisi esa arzon ishchi kuchiga aylandi. XIX asrning ikkinchi yarmida Turkiston o‘lkasida olib borilgan milliy ozodlik harakatlari mahalliy aholining turli ko‘rinishlardagi chiqishlarida o‘z aksini topdi. Bularga asosiy sabab soliq va majburiyatlarning og‘irligi, mahalliy boshqaruv vakillarining sotqinlarcha podsho ma’murlariga xizmat qilishi, Rossiya o‘lkalaridan ko‘chirib keltirilgan aholiga yangi ekin maydonlarining bo‘lib berilishi, narx-navolarning oshib ketgani, turmush sharoitlarining yomonligi kabi holatlar tufayli ro‘y berdi. Bundan tashqari mahalliy aholi uchun tibbiy xizmat ko‘rsatishning yo‘qligi, yangi ishlab chiqarish va texnologiyalarning faqat imperiya manfaatlariga xizmat qilishi ham tub joy aholi vakillarining ommaviy ravishdagi norozilik chiqishlarida ishtirok etishiga olib kelgandi.
XIX asrning o‘rtalaridan boshlangan milliy-ozodlik harakatlari o‘lkaning turli hududlarida to‘xtovsiz tarzda davom etdi. Bu davrda bo‘lib o‘tgan milliy-ozodlik harakatlarining aksariyati ma’lum bir hududlarga tegishli bo‘lsa-da, uning aks-sadosi butun o‘lka bo‘ylab tarqaldi. Har bir qo‘zg‘olon boshqa joylarda ham norozilik chiqishlarining ko‘tarilishiga hamda u yerdagi aholini ozodlik uchun mustamlakachilarga qarshi kurash olib borishiga ruhan ta’sir ko‘rsatdi. Qo‘zg‘olonlar bostirilgani bilan uning ishtirokchilari o‘lkaning turli hududlariga qochib borib, o‘z harakatlarini davom ettirdi.
Qo‘zg‘olonlarning ahamiyati
XIX asrning ikkinchi yarmida bo‘lgan milliy ozodlik harakatlarida o‘lka xalqlarining deyarli barchasidan vakillar ishtirok etgani bilan ahamiyatga ega.
Shu bilan birga qo‘zg‘olonlarda aholining turli tabaqa vakillari, ya’ni dehqonlar, hunarmandlar, din ulamolari, qishloq oqsoqollari, mingboshilar, qozilar va hatto katta mulk egalari, savdogarlar ishtirok etishgan. Bu qo‘zg‘olonlarda podsho hukumati o‘lka tub aholisining mustaqillik va ozodlik yo‘lidan qaytmasligini, har qanday jabr-zulm, kuchli nazorat va qattiq jazolar ularni ezgu niyatlaridan chekintirmasligini tushunib yetdi. Mustamlakachi hukumat o‘lkani qo‘ldan chiqarmaslik uchun ehtiyotkor va vazmin siyosat olib borish kerakligini anglab, kelgusida qo‘zg‘olonlar ko‘tarilmasligi uchun har tomonlama ish ko‘rishga harakat qildi. XIX asrning ikkinchi yarmidagi milliy-ozodlik harakatlari vatanimiz tarixida milliy mustaqillik va ozodlik kurashi sifatida muhim o‘rin tutadi. Bu davrdagi milliy-ozodlik harakatlari Po‘latxon, Qurbonjon dodxoh, Yetimxon, Darvishxon, Muhammad Ali eshon kabilar boshchiligida bo‘lib o‘tdi. XIX asrning ikkinchi yarmidagi milliy-ozodlik harakatlarida Turkiston aholisining siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va milliy-ozodlik uchun kurashlari o‘zaro birlashgan holda sodir bo‘ldi.
Xulosa qilib aytganda, XIX asrning ikkinchi yarmidagi milliy-ozodlik harakatlari o‘lka aholisining ijtimoiy holati, milliy kelib chiqishidan qat’i nazar, vatan mustaqilligi, yurt ozodligi, xalq erkinligi barchaning umumiy maqsadi ekanligini anglatadi. Qo‘zg‘olonlar xarakteriga ko‘ra milliy-ozodlik ko‘rinishida yuz berdi, chunki bu qo‘zg‘olonlarning asosiy kuchi keng xalq ommasi bo‘lib, ular mustamlakachilik tartiblariga qarshi mardonavor kurash olib bordi. Ular yurtning haqiqiy fidoyi farzandlari ekanliklarini amalda isbotladi va jasoratlari bilan Vatan tarixi sahifalaridan munosib o‘rin egalladi.