XIX asr oxiri–XX asr boshlarida Turkistondagi yalpi iqtisodiy tanazzul, o‘zaro urushlar, Xiva xonligi va Buxoro amirligining isyonchi guruhlarga qarshi kurashi, shuningdek, Rossiya imperiyasining harbiy yurishlari nafaqat siyosiy va iqtisodiy, balki madaniy taraqqiyotga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Uning oqibatlari kelgusidagi o‘lka taraqqiyotida og‘ir asoratlar qoldirdi. Bu asorat izlari o‘zbek me’morchiligini ham chetlab o‘tmadi. Shunday bo‘lsa-da, bu davr milliy me’morchiligida betakrorlik va rang-baranglik hamda an’anaviy arxitektura saqlanib qoldi.
Me’morchilik maktablari
XIX asrning oxirlarida Buxoro va Xorazm me’morchiligi qadimiy an’analarni saqlagan holda zamon ruhi bilan boyib bordi. Saroy majmualari, madrasa, jome masjidlari, kasalxona kabi davlat va jamoat binolari, shuningdek, ulkan minoralar barpo etildi. Ularni bunyod etganlar o‘z davrining yetuk me’morlari bo‘lib, qadimiy Buxoro va Xivaning tarixiy binolarini vujudga keltirishdek og‘ir, lekin sharafli ishga bosh-qosh bo‘lgan ajdodlarning binokor avlodlari edi. XIX asr oxiri va XX asr boshlarida nomlari nafaqat Buxoro amirligi, balki Xiva xonligi, Turkiston va Xurosonda ham mashhur bo‘lgan Obloqul va Ibrohim Hofizovlar, Mo‘minjon Solihov, Shirin Murodov kabi ko‘plab ustalar yetishib chiqdi. XX asr boshlarida barpo etilgan Sitorayi Mohi Xosa qurilishida yuqorida nomlari zikr etilgan me’morlar, ustalar faol qatnashgan edilar.
Majmuaning maxsus Oqsaroy zaliga pardoz berish ishini Usta Shirin Murodov boshchiligida bir guruh usta ganchkorlar amalga oshirdi. Xorazm me’morchilik maktabining sarkori Odina Muhammad Murod pardoz hamda naqshinkor parchinlarni joylashtirishning barcha sir-sinoatlarini mukammal egallagan. Usta-kulollar Nurmuhammad, Abdujabbor, uning o‘g‘li So‘fimuhammad Niyoz va Abdullalar esa oddiy loydan go‘zal san’at asarlari yaratish va tabiatdagi turli giyoh va o‘simliklardan betakror ranglar kashf etish mumkinligini amalda isbotlab berdi.

XX asr boshlarida tiklangan Islomxo‘ja minorasining (1908–1910) yaratish tashabbuskori va homiysi Asfandiyorxonning bosh vaziri, ma’rifatli inson Islomxo‘ja edi. U bunyod ettirgan minora Xivaning faxriga aylandi. Qolaversa, Islomxo‘ja o‘z davrining yirik madaniyat va davlat arbobi edi. U Xorazmni dunyoning eng rivojlangan davlatlari qatorida ko‘rishni istagan, vatanini tashqi dunyo bilan bog‘lashga intilgan, ilg‘or g‘oyalar bilan to‘lib-toshgan inson edi. Xorazm me’morchilik maktabining e’tiborli tomoni shundaki, peshtoqlar, shiplar, burjlar o‘ta nozik did va nafosat timsoli arabiy yozuvlar bilan bezatilardi. Mohir xattotlar bu yozuvlarni o‘ta mohirlik bilan bino bezagiga uyg‘unlashtirib yubora olishardi. Yog‘och o‘ymakorligi esa eshik, darvoza va ustunlarni o‘ymakor naqshlar bilan bezab, o‘sha binolarning umumiy ko‘rinishiga o‘ziga xoslik va jilo baxsh etardi. Farg‘ona vodiysida ham o‘zbek xalq me’morchiligining o‘ziga xos tarmog‘i mavjud edi. XIX asrning ikkinchi yarmida vodiy milliy me’morchiligiga Yevropa me’moriy uslubidagi binolarni qurish an’analari kirib keldi. Shunday bo‘lsa-da, XIX asr oxirlarida qurilgan Andijon jome masjidi o‘z qurilishi bilan yuksak milliy me’morchilik namunasi bo‘lib qoldi. Yodda tuting! Xorazm me’morchilik maktabining e’tiborli tomoni shundaki, peshtoqlar, shiplar, burjlar o‘ta nozik did va nafosat timsoli arabiy yozuvlar bilan bezatilardi. Xattotlar bu yozuvlarni o‘ta mohirlik bilan bino bezagiga uyg‘unlashtirib yubora olishgan.
Yevropa uslubidagi binolar qurilishi
Bu davrda o‘lkaga Yevropa uslubidagi me’morchilik an’analari ham kirib keldi.
Jumladan, xalq me’morchiligida an’anaviy paxsa, guvala va xom g‘isht qo‘llash bilan birga zamonaviy to‘rtburchak yuzli g‘isht, faner, tunuka, oyna kabi qurilish ashyolaridan keng foydalanildi.

Yevropa me’morchiligiga xos bo‘lgan ayrim uslublar o‘sha davrda qurilgan Buxoro amirining yozgi saroyi — Sitorayi Mohi Xosa, Xiva xoni Muhammad Rahimxon II tomonidan qurilgan Nurullaboy nomi bilan ataluvchi saroyda (1904–1912) ham ko‘zga tashlanadi. Sitorayi Mohi Xosa Buxoro shahri markazidan 2,5 km janubda joylashgan. Saroy Buxoro amiri Olimxonning yozgi qarorgohi bo‘lgan. Bundan tashqari amir chet el elchilarini va rus vakillarini shu yerda qabul qilgan. Saroyning bir qismi bo‘lgan Oq zalning qurilishida Yevropacha qurilish uslubi ustunlik qiladi. Oq zal Buxoro ganch o‘ymakorligi san’atining eng so‘nggi yutuqlari asosida usta Shirin Murodov rahbarligidagi ustalar tomonidan ikki yil davomida ishlangan. Xivadagi Nurullaboy saroyida ham G‘arb me’morchiligi an’analari ustunlik qiladi.
Saroy yetti xonadan iborat: kutish zali, qabulxona, taxtxona, ziyofatxona va uchta mehmonxona. Qasr qurilishi munosabati bilan rus podshosi Nikolay II ikkita maxsus qandil va kamquvvatli nurquvvat uskunasi sovg‘a qilgan.
Qabulxonadagi baland eshiklar, katta rangdor oynalar, parket pollar va koshinkor pechlar Yevropa me’morchiligi bilan uyg‘unlashgan. Tashqi tomoni silliq g‘ishtlar va feruzarang koshinlar bilan shaxmat taxtasi shaklida bezatilgan. Bino qurilishida ham G‘arb, ham Sharq me’morchiligi an’analaridan foydalanilgan. Turkistonning bosib olingan yirik shaharlari va viloyatlarida harbiy qo‘shinlar uchun qal’alar, kazarmalar, harbiy-siyosiy amaldorlar, generallar uchun yevropacha ko‘rinishdagi qarorgohlar qurila boshlandi. Toshkentning Yangi shahar qismida general-gubernatorlikning ma’muriy va boshqa binolari qad ko‘tardi. Ular me’moriy jihatdan g‘arb muhiti va uslubida qurilgan binolar edi.

Tasviriy san’at
XIX asr oxiri–XX asr boshlarida Turkistonda tasviriy san’at Samarqand, Qo‘qon, Buxoro miniaturachilari ijodida namoyon bo‘ldi (Ahmad Donish, Abdulxoliq maxdum, S. Siddiqov). Ular tasviriy san’atning an’anaviy rivojlangan turlarini saqlab qolishdi. XX asr boshlarida an’anaviy devoriy naqshlarda ilgari ishlatilmagan manzaralar — suzib borayotgan kema, temiryo‘llar va hayvonlar tasvirlana boshlandi. O‘zbek xalqi san’atida ramziylikka xos asriy an’analarga boy diniy-falsafiy mazmundagi naqqoshlikdan bevosita real tasviriy san’atga o‘tilish holati kuzatildi. O‘zbek rassomlarining iqtidori kulolchilik buyumlarini, kiyimlarni bezashda, materiallar uchun uyg‘un bo‘yoqlar jilosini yaratishda, kundalik turmush buyumlariga jilo berishda, amaliy san’atda va boshqalarda namoyon bo‘ldi.
Buyumlardagi yuksak did, nazokat, nafislik rasmlarda yaqqol ko‘zga tashlanar edi. Naqsh amaliy san’ati markazi Buxoro edi. Bu shahar ustalari nafaqat asriy san’atini saqlab qolishga, balki rivojlantirishga erishdilar. Buxorolik ustalarning har qanday asari o‘z xususiyatlariga ega bo‘lib, boshqa shaharlarda yaratilgan buyumlardan ajralib turardi. Bu asarlarga xos boy tasavvur va mukammal mahorat, asosan, ranglar va naqshlar uyg‘unligida o‘z aksini topgan. Oq rang baxt-saodat va omad ramzi, qizil rang quvonch va salomatlikni anglatardi. Ranglar va naqshlar ramzi zargarlikda, liboslarda, nodir toshlardan ishlangan zeb-ziynat buyumlarida ustuvorlik qilgan.
Yodda tuting!
XX asr boshlarida an’anaviy devoriy naqshlarda ilgari uchramagan manzaralar — suzib borayotgan kema, temiryo‘llar va hayvonlar tasvirlangan naqshlar kirib kela boshladi.
Yakunlarni chiqaramiz!
► Sitorayi Mohi Xosa — Buxoro amirining yozgi qarorgohi.
► Nurullaboy saroyi — Sharq va G‘arb an’analari asosida bunyod etilgan.
► Buxoro va Xiva xonliklari — me’morchilikning o‘ziga xos uslublari.
► Naqsh amaliy san’ati markazi Buxoro edi.