Birinchi jahon urushining Turkistonga ta’siri
XX asrning boshlarida jahondagi yirik davlatlarning mustamlakalarga ega bo‘lish masalasida o‘zaro munosabatlari keskin ko‘rinish oldi. Birinchi jahon urushida Rossiya, Angliya va Fransiya davlatlaridan iborat ittifoq — Antanta tomonida turib urushda qatnashdi. Rossiya imperiyasining Birinchi jahon urushida ishtirok etishi uni iqtisodiy jihatdan yomon ahvolga solib qo‘ydi.
Busiz ham G‘arbiy Yevropa davlatlaridan taraqqiyoti ancha orqada qolib ketgan Rossiya urush tufayli yanada nochor ahvolga tushib qoldi. Natijada podsho hukumati o‘z mustamlakalaridan, jumladan, Turkiston o‘lkasidan ham yanada ko‘proq foyda olish uchun ularning tabiiy boyliklarini ko‘proq o‘zlashtirishga jon-jahdi bilan kirishdi. Mahalliy aholidan esa arzon mehnat kuchi sifatida foydalanishga harakat qildi. Bu urush tufayli Rossiyada ommaviy safarbarlik e’lon qilindi. Safarbarlik Rossiyaning mustamlakalariga ham, jumladan, Turkistonga ham tegishli edi. Unga ko‘ra Turkiston o‘lkasidan urushga 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lgan aholining yevropalik qismi vakillari chaqirildi. Aynan hosillarni yig‘ib olish vaqtiga to‘g‘ri kelgan bu chaqiruv Turkiston o‘lkasidagi Rossiya gubernalaridan ko‘chirib keltirilganlarning oilasi uchun qiyinchilik tug‘dirdi. Asosiy ishchi kuchi bo‘lgan erkaklarning urushga olinishi oilaning asosiy boquvchisidan ajralishiga va ularning yomon ahvolga tushishiga sabab bo‘ldi. 1914-yilda Turkistonda ʻʻfavqulodda muhofaza holatiʼʼ deb e’lon qilinishi natijasida mustamlaka hukumatning mahalliy aholi ustidan nazorat va jazo choralari kuchaydi.
Turkiston aholisi urushga safarbarlik e’lon qilinishiga qarshi chiqib, ʻʻfavqulodda holatʼʼ tartiblariga rioya etmay qo‘ydi.
Bunday tartiblarni buzganlar 50 so‘mgacha jarima to‘laydigan yoki 3 oygacha qamoqqa olinadigan bo‘ldi. Busiz ham aholi turmush sharoitining yomonligi, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarning yetishmasligi, narx-navoning oshib ketgani o‘lkada norozilik kayfiyatining yanada oshishiga hamda ommaviy ko‘rinishdagi qo‘zg‘olonlarning kuchayishiga sabab bo‘ldi. Urush davomida qishloq xo‘jaligi vayron bo‘ldi, ekin maydonlari qisqarib ketdi, qishloqda ishchi kuchlar yetishmasdi. Temiryo‘lda boshboshdoqlik hukmron bo‘lib, amalda esa u harbiy davr yuklarini tashirdi. Butun xo‘jalik aloqalari izdan chiqqan.
Rossiya iqtisodiyoti urush va bunday ko‘lamdagi harbiy harakatlar uchun zaif ekanligi ayon bo‘ldi. Davlat moliyasi inqirozga yuz tutdi. Maorifga, madaniyatni rivojlantirishga xarajatlar kamayib ketdi va mayda kredit deyarli qolmadi. Faqat urushning bir yili davomida soliqlar miqdori 50 foizga ko‘paydi. Talafotlar o‘rnini to‘ldirish va harbiy xarajatlar o‘sishini qoplash maqsadida qo‘shimcha mablag‘lar izlar ekan, chor hukumati o‘zi uchun ancha odatiy va eng oson bo‘lgan yo‘ldan, ya’ni o‘z mustamlaka o‘lkalarini talashdan, urush olib borish uchun sarf-xarajatlarning katta qismini o‘z mustamlakalari, jumladan, Turkiston o‘lkasi gardaniga yuklash yo‘lidan bordi. 1915-yildan boshlab, Turkistonda paxtaga o‘zgarmas davlat narxlari joriy etildi, narxlar umumiy o‘sishi sharoitida bu narx paxtakorlarning hosil yetishtirishdagi xarajatlarini qoplay olmasdi.
Mardikorlikka safarbarlikning e’lon qilinishi
Urush ketayotgan joylardagi vayronagarchiliklarni tugatish, mudofaa inshootlarini qurish, urushga oziq-ovqat va qurol-yarog‘larni tayyorlash va ularni joylarga yetkazish ishlari katta muammoga aylandi. Bu ishlarni amaliy boshqarish va tashkil qilish umuman izdan chiqib ketdi. Muammoni hal qilish uchun qo‘shimcha ishchi kuchi va front ortida ishlash uchun ko‘plab odamlar zarur bo‘ldi. Shu vaziyatdan kelib chiqib amaldagi hukumat tomonidan imperiya mustamlakalaridagi tub aholi vakillari va urushga safarbar qilinmagan kishilardan front orqasidagi ishlarda foydalanishga qaror qilindi.
1916-yil 25-iyunda Rossiya imperatori Nikolay II (1894–1917) Oliy Bosh qo‘mondon va harbiy vazir taklifi bilan chiqargan farmoni bo‘yicha ʻʻfront ortidagi xizmatlar uchun Turkiston, Sibir va Kavkaz dan 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lgan erkaklar safarbarligiʼʼ boshlandi.