O‘zbekistonda dastlabki qatag‘onlarning boshlanishi
Sovet rejimi o‘z hokimiyatini mustahkamlab olgach, uning xususiyatlari tobora oshkora namoyon bo‘la boshladi. Bu holat xususan milliy respublikalardagi rahbar xodimlarga munosabatda yaqqol namoyon bo‘ldi.
Qaror topgan ma’muriy-buyruqbozlik tizimi va uning rahbar o‘zagi hisoblangan Butunittifoq kommunistlar (bolsheviklar) partiyasi — VKP(b) bu paytga kelib “sotsializm asoslari”ni qurishga jiddiy kirishdi hamda jamiyatning barcha sohalarida hukmronlik mavqeyini egalladi.
XX asr 20-yillarining ikkinchi yarmi va 30-yillar boshida O‘zbekisto SSRda O‘n sakkizlar guruhi (Abdurahim Hojiboyev, Inomjon Xidiraliyev, Muxtorjon Saidjonov va b.), Inog‘omovchilik (O‘zSSR Maorif xalq komissari Rahim Inog‘omov va b.), Qosimovchilik (O‘zSSR Oliy sudi raisi Sa’dulla Qosimov va b.), Badriddinovchilik (O‘zSSR Oliy sudining prokurori Shamsutdin Badriddinov va b.), “Milliy ittihodchilar” va “Milliy istiqlolchilar” (Munavvarqori Abdurashidxonov boshchiligidagi 87 nafar kishi), “Narkompros ishi” (O‘zSSR Maorif xalq komissari Mannon Ramziy, uning o‘rinbosari Botu va b.), “Botir gapchilar” (Qo‘qonda Ashurali Zohiriy boshchiligidagi 19 nafar kishi) va boshqa siyosiy ishlar to‘qilishi natijasida o‘zbek xalqining ko‘plab yetuk farzandlari qatag‘on qilindi.
Bu davrda kommunistik partiya saflarini “tozalash” kompaniyasi natijasida O‘zbekiston Kompartiyasi a’zolarining 25,6 foizi firqadan chiqarildi. Rahbar xodimlarga shubha bilan qarash, “xalq dushmanlari” va “burjua millatchilari”ni aniqlash va hibsga olish, turli “muxolifat” guruhlarini fosh qilish avjiga chiqdi.
Huquq va maorif tizimida qatag‘onlikning avj oldirilishi
Milliy rahbar xodimlarni lavozimlaridan chetlatib, ularni g‘oyaviy jihatdan tor-mor qilayotgan sovet rejimi XX asr 20-yillarining oxiriga kelib jismoniy jihatdan yo‘qotishga kirishdi. Bu jihatdan olganda, O‘zbekiston huquq va maorif tizimida o‘tkazilgan qatag‘onlar, ayniqsa, xarakterlidir. Markazning tazyiqi bilan 1929-yil 17-fevral–2 martda Samarqandda o‘tkazilgan O‘zbekiston Kommunistik partiyasining IV syezdidan keyin jazo mexanizmi ishga tushirildi. O‘zbekiston SSR Oliy sudining raisi Sa’dulla Qosimov 1929-yil mart oyida lavozimidan bo‘shatilib, qamoqqa olindi. S. Qosimov va uning 6 nafar safdoshi ustidan SSSR Oliy sudi sayyor sessiyasi 1930-yil Samarqand shahrida sud jarayonini o‘tkazdi. Markazdan kelgan jazo organlari (sud raisi: Vasilyev-Yujin va prokuror R. Katanyan) ishga ataylab siyosiy tus berishdi. S. Qosimov va uning tarafdorlari “bosmachilar”ni qo‘llab-quvvatlashda, “aksilinqilobchi millatchi tashkilotlar” a’zolari bilan aloqa bog‘laganlikda, islom dinini himoya qilishda ayblanib, ularga “Qosimovchilik” yorlig‘i bosildi.
Sovet sudi S. Qosimov, B. Sharipov, N. Alimov, Spiridinovni otib o‘ldirishga, qolgan 3 nafar kishini 10 yil muddatga qamoq jazosiga hukm qildi. Ularning butun mol-mulki musodara qilinib, davlat hisobiga o‘tkazildi. Oradan ko‘p o‘tmay navbatdagi ish — Badriddinovchilik o‘ylab topildi. 1932-yil 5-may–15-iyunda Toshkent shahrida SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasining sayyor sessiyasi O‘zbekiston SSR Oliy sudining sobiq prokurori Shamsutdin Badriddinov va uning 5 nafar safdoshi ustidan sud jarayonini o‘tkazdi. Bu gal ham prokuror armani R. Katanyan bo‘lib, u turkiy xalqlarga nisbatan nafrati bilan tanilgan edi. Sh. Badriddinovga “Milliy Ittihod” tashkiloti a’zolari va “bosmachilar” bilan aloqa bog‘lagan, Munavvarqori va Sa’dulla Qosimovning yaqin do‘sti va hamfikri bo‘lgan, degan ayblar qo‘yildi.
Sh. Badriddinov avval otishga hukm qilinib, so‘ngra o‘lim hukmi 10 yil qamoq jazosi bilan almashtirildi. Uning 5 nafar safdoshi ham uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi. Sovet rejimi sud organlaridagi milliy rahbar xodimlarni qatag‘on qilish bilan birgalikda jazo qilichini maorif sohasidagi ziyolilarga ham ko‘targan edi. 1930-yil avgust oyida Samarqand shahrida O‘zbekiston SSR Maorif xalq komissarligida bir guruh rahbar xodimlar hibsga olindi. “Narkompros” ishida O‘zSSR Maorif xalq komissari Mannon Ramziy (Mannon Abdullayev), uning o‘rinbosari Botu (Mahmud Hodiyev), shuningdek, Oltoy (Bois Qoriyev), Nodir Saidov va boshqalar bor edi.
Ular maorif tizimini “millatchilik og‘usi” bilan zaharlaganlikda ayblanib, bu holat “maorif frontida Qosimovchilikning namoyon bo‘lishi” deb qoralandi. Botu va uning tarafdorlari 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Biroq ular, keyinchalik, qamoqxonada otib tashlandi.
Munavvarqori va safdoshlarining mahv etilishi
1929-yil 5-noyabrda Toshkentda ma’rifatparvar Munavvarqori Abdurashidxonov boshchiligidagi 38 nafar kishi qamoqqa olindi. Oradan ko‘p o‘tmay qamoqqa olinganlar soni 87 kishiga yetdi. Ularga “Milliy Ittihod” va “Milliy Istiqlol” tashkilotlarining a’zolari degan ayb qo‘yildi. Tergov jarayoni keyinchalik Moskvaga ko‘chirildi. Bu holat sovet rejimining jadidlar “millatchiligi”ni fosh qilishga jon-jahdi bilan kirishganligidan dalolat beradi.
1931-yil 25-aprelda Moskvada bo‘lib o‘tgan sud majlisida Munavvarqori boshchiligidagi millatning 15 nafar fidoyisi bo‘lgan “Milliy Istiqlol” a’zolari otib o‘ldirishga, qolgan 72 nafar kishi esa uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi. O‘zbek xalqining 15 nafar farzandi Moskva atrofida otib tashlandi. Qamoqdan ham deyarli hech kim Toshkentga qaytib kelmadi.
1936–1938-yillardagi katta terror hamda O‘zbekistonda davlat arboblari, ziyolilar, ulamolar va harbiylarning qatag‘on qilinishi
Bu paytda totalitar rejimda ma’muriy buyruqbozlik va avtoritar boshqaruvning kuchayishi natijasida qonunbuzarlik hodisalari oddiy holga aylandi. Sovet mustabid tuzumi butun mamlakatda bo‘lgani singari O‘zbekistonda ham ommaviy qatag‘onlarni avj oldirdi. Yirik davlat va jamoat arboblari, partiya va xo‘jalik rahbarlari, ziyolilar, ruhoniylar va harbiylar bilan birgalikda oddiy kishilar va kolxozchilar ham qatag‘on qilindi. O‘zbekistonda siyosiy qatag‘onlik , ayniqsa, 1937-yilning yozida avjiga chiqdi. O‘zbekiston SSR XKS raisi Fayzulla Xo‘jayev, O‘zbekiston Kompartiyasi MK birinchi sekretari Akmal Ikromov hamda xalq komissarlari, viloyatlar, shaharlar va tumanlar rahbarlari, ko‘plab xo‘jalik xodimlari qamoqqa olinib, tergovdan keyin SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi sayyor sessiyasining qaroriga ko‘ra otib tashlandi.
O‘zbekistondagi siyosiy elita “millatchilik va sovet hokimiyatiga qarshi kurash olib borish”da, shuningdek, qurolli qo‘zg‘olonni tayyorlashda ayblandi. XX asr o‘zbek madaniyatining 3 nafar yorqin yulduzlari Fitrat, Cho‘lpon va Abdulla Qodiriy bir kunda — 1938-yil 4-oktyabrda Toshkent shahri atrofida otib tashlandi. Qamoqqa olingan ko‘plab yurtdoshlarimiz ommaviy ravishda 4-oktyabrda qatl qilingan. Iste’dodli shoir Usmon Nosir qamoqxonada vafot etdi.
XXSR harbiy ishlar noziri, alohida O‘zbek otliq askarlar polkining komandiri va komissari, 19-tog‘li otliq O‘zbek diviziyasi komandiri lavozimlarida ishlagan Mirkomil Mirsharopov sovet rejimi tomonidan Maykopda 1937-yil 28-oktyabrda qamoqqa olindi. U O‘zbek diviziyasini milliylashtirish va bu diviziya yordamida O‘zbekistonni SSSR tarkibidan ajratib olish va mustaqil davlatni barpo etishga urinishda ayblandi. Dastlabki O‘zbek diviziyasi tarqatib yuborildi hamda M. Mirsharopov boshchiligida 18 nafar o‘zbek harbiy komandirlari va askarlari Toshkent atrofida 1938-yil 10-oktyabrda otib tashlangan. Xullas, 1937–1938-yillarda to‘qib chiqarilgan soxta ayblar bo‘yicha O‘zbekistonda 41000 nafardan ortiq kishi hibsga olinib, ulardan 37000 nafardan ko‘prog‘i jazolandi, 6920 nafar kishi esa otib o‘ldirishga hukm qilindi. Faqat davlat va jamoat arboblari, yozuvchi, shoir va olimlardan 5758 nafar kishi qamoqqa olinib, ulardan 4811 nafari otib tashlangan edi. Bu ma’lumotlar respublikamiz miqyosida qizil terror qanchalik keng miqyosda shafqatsiz ravishda amalga oshirilganligining yaqqol isboti hisoblanadi.
“Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi hamda “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan keyin qatag‘on qilinganlarning ko‘pchiligi huquqiy jihatdan oqlandi. Ularning porloq nomlari tiklandi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov (1938–2016) tashabbusi bilan 2000-yil 12-mayda Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi Bo‘zsuv kanali bo‘yida “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi ochildi. U mustabid sovet rejimi davrida qatag‘on qilingan shahidlar xotirasiga bag‘ishlab o‘rnatilgan bo‘lib, millat fidoyilarining aksariyati shu yerda otib tashlangan edi.
Firqa — ( arab. — guruh, to‘da; partiya) maqsadi, g‘oyasi, dunyoqarashining mushtarakligi jihatidan birlashgan kishilar guruhi.