O‘zbekistonning siyosiy hayotidagi o‘zgarishlar hamda sovetlarning partiya organlariga qaramligi


O‘zbekistonda siyosiy rahbariyatning o‘zgarishi

O‘sha davrda sovet jamiyatining siyosiy tizimiga partiya, turli darajadagi Sovet organlari, kasaba uyushmalari, komsomol (yoshlar tashkilotlari) kirardi. Tizimning asosiy ustuni partiya hisoblangan. U o‘zini rahbarlik qiluvchi va yo‘naltiruvchi kuch hisoblab, Sovetlar va jamoat tashkilotlariga o‘z irodasini amalda zo‘rlik bilan o‘tkazib kelardi. 1959-yil 15-martda O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretari lavozimiga Sharof Rashidov (1917–1983) saylandi. U bu lavozimda umrining oxirigacha samarali faoliyat ko‘rsatdi. Sharof Rashidov atoqli davlat, siyosat va jamoat arbobi hamda mashhur yozuvchi bo‘lgan. 1917-yil 7-noyabrda Jizzaxda tug‘ilgan. U 1950–1959-yillarda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining raisi sifatida o‘zidan yaxshi taassurot qoldirdi.

Sharof Rashidov


U iste’dodli tashkilotchi va mohir rahbar edi. Sh. Rashidov rahbarligida O‘zbekiston iqtisodiyoti va madaniyatini rivojlantirishda muayyan muvaffaqiyatlar qo‘lga kiritildi. Paxtachilikni rivojlantirish, yangi yerlarni o‘zlashtirish,1966-yildagi zilziladan so‘ng Toshkentni qayta tiklash ishiga u ko‘p kuch-quvvat va g‘ayratini sarfladi. Toshkent metropoliteni qurilishi uning tashabbusi bilan boshlangan. Metropolitenning birinchi navbati (9 ta bekat) 1977-yil noyabrda ishga tushirildi.

Toshkent metropolitenining qurilishi

1959–1970-yillarda Yodgor Nasriddinova, 1970–1978-yillarda Nazar Matchonov, 1978–1983-yillarda Inomjon Usmonxo‘jayev O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumi raisi lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi.

Inomjon Usmonxo‘jayev


1959–1961-yillarda Orif Alimov, 1961–1971-yillarda Rahmonqul Qurbonov, 1971–1984-yillarda Normuhammadi Xudoyberdiyev O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining raisi lavozimida mehnat qildilar.

Xalqning moddiy ahvolidagi ijobiy siljishlar

XX asrning 60–80-yillarida avvalgi davrlarga nisbatan xalqning turmush darajasi nisbatan yaxshilandi, uning moddiy ahvolida ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Shahar va qishloq aholisi, xususan, qishloqlarda yashovchi o‘zbek oilalari yangi uy-joylar qurdi. Xonadonlarda televizor, muzlatkich, kir yuvish mashinalari hamda yengil avtomobillar paydo bo‘ldi. Yashash zerikarli bo‘lmay, hayotdan zavqlanish va lazzat olish boshlandi. O‘zbek xalqining to‘y-hashamlari ham dabdabali o‘ta boshladi. Biroq bu davrda ham ma’naviyatga kuchli zarar yetkazilgan. Ayniqsa, O‘zbekiston iqtisodiyoti Markaz manfaatlariga to‘la bo‘ysundirilgan. Bu davrda O‘zbekistonda turli sanoat korxonalari qurilgan, yangi shahar va posyolkalarga asos solingan. Mirzacho‘l, Surxon-Sherobod va Qarshi cho‘lining o‘zlashtirilishi natijasida ekin maydonlari kengaygan.


KPSSning rahbarlik roli va hokimiyatning joylardagi siyosiy organlari

Sovet jamiyatida davlat boshqaruvi organlari turli darajadagi Sovetlar bo‘lgan. Oliy Sovetdan boshlab qishloq sovetlarigacha bo‘lgan organlar mehnatkashlar manfaatlarini himoya qilishlari kerak edi. Aslida esa bunday bo‘lmagan. 1977-yil 7-oktyabrda qabul qilingan SSSRning yangi Konstitutsiyasi milliy respublikalar huquqini rasmiy chekladi va Markazga keng vakolatlar olib berdi. Bu konstitutsiya KPSS MK Bosh sekretari va SSSR Oliy Soveti Prezidiumi raisi Leonid Ilich Brejnev (1906–1982) rahbarligida tayyorlandi va mamlakatda rivojlangan sotsialistik jamiyat qurish nazariyasini ilgari surdi.

Sovetlar va jamoat tashkilotlari huquqlarining cheklanganligi

O‘zbekistonda ham xuddi butun Ittifoqda bo‘lgani singari mehnatkashlar deputatlari tuman, shahar, viloyat Sovetlari hamda respublika Oliy Soveti ikkinchi darajali masalalarni ham partiya komitetlari ruxsatisiz hal qila olmas edi. Xo‘jalik rahbarlari o‘z muammolari bilan Sovetlarning ijroiya komitetlarini chetlab o‘tib partiya organlariga murojaat qilar edi. Aholining ijtimoiy-maishiy masalalarga doir shikoyat va takliflari ham partiya komitetlari tomonidan ko‘rib chiqilardi. Partiya organlari komsomol va boshqa jamoat tashkilotlariga ham qonunga xilof ravishda tazyiq o‘tkazib kelgan. O‘z navbatida komsomol va boshqa tashkilotlar partiya idoralarining ko‘rsatmalarini bajarishga majbur bo‘lganlar. Buyruqlarni bajarmagan rahbarlar o‘z lavozimlaridan ozod etilgan.
Sovet hokimiyati davrida partiya nomenklaturasi (partiya organlari bilan kelishib tayinlanadigan lavozimlar) deb atalgan tartib-qoida mavjud bo‘lgan. Bu qoidaga ko‘ra, mas’ul lavozimlarga faqat partiya a’zolari, ya’ni kommunistlar tayinlangan. Shu bilan birga turli darajadagi Sovetlar, komsomol hamda jamoat tashkilotlari rahbarlari kommunistik partiya rahbariyati (Markaziy Komitet, viloyat, shahar va tuman partiya komitetlari) tarkibiga kiritilgan. Shu tariqa partiya organlari bu tashkilotlar bilan qo‘shilib, ularni o‘ziga bo‘ysundirib olgan.