O‘zbekistonliklarning frontdagi jasorati va qahramonliklari


O‘zbek diviziyalarining tashkil qilinishi

Urushning birinchi kunlaridanoq O‘zbekistonda xalq lashkarlarining otryadlari tuzila boshladi. Keyin bu otryadlar umumiy harbiy ta’lim bo‘linmalariga qo‘shildi. O‘zbekistonda front uchun milliy harbiy qismlar va jangovar rezervlarni tayyorlash ishi boshlanib ketdi. 1941-yil yozida Samarqandda 19-O‘zbek tog‘-otliq diviziyasi qayta tuzilib, uning asosida 221-motorlashtirilgan diviziya tashkil qilindi. Diviziyada bu paytda katta tajribaga ega o‘zbek ofitserlaridan polkovnik Ismoil Bekjonov, mayor Sobir Rahimov va boshqalar bor edi. Diviziya jangchilari 17-mexanizatsiyalashgan korpus saflarida Yelna yaqinida dushmanga qarshi janglarda ilk marta qatnashdilar.


1941-yil 13-noyabrda Davlat Mudofaa Komitetining “Milliy harbiy qo‘shilmalar tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori chiqib, unda O‘zbekistonda 5 ta kavaleriya diviziyasi va 9 ta alohida o‘qchilar brigadasi tashkil qilish zarurligi, diviziyalar tarkibi mahalliy xalqlarga mansub 40 yoshdan katta bo‘lmagan sog‘lom va baquvvat kishilar bilan to‘ldirilishi, imkoniyat doirasida rahbariyat tarkibi ham mahalliy millat vakillaridan bo‘lishi ta’kidlandi. Urushning dastlabki bosqichlarida, xususan 1941–1942-yillarda milliy harbiy qismlarda, jumladan, o‘zbek diviziyalari va brigadalarida qurol-yarog‘ va o‘q-dori miqdori mutlaqo yetishmagan. O‘zbek jangchilarining hammasida ham urushning dastlabki oylarida hatto oddiy miltiq (vintovka) ham bo‘lmagan. Bu holat bolsheviklar va sovet rejimining hatto urush davrida ham mahalliy xalqlarga, xususan, turkiy xalqlar va musulmonlarga nisbatan bo‘lgan ishonchsizligi hamda shovinistik siyosatining yana bir dahshatli ko‘rinishidir.


Urushning dastlabki kunlaridagi janglar

O‘zbekistonlik jangchilar Brest qal’asi, Kiyev, Smolensk, Odessa, Sevastopol, Leningrad, Moskva va boshqa ko‘pgina shaharlar mudofaasida mardlik va matonat namunalarini ko‘rsatdilar. Moskvaning qahramon himoyachilari saflarida O‘zbekistonda tuzilgan harbiy qismlar ham bor edi. Moskvani himoya qilishda o‘zbek xalqining shonli qizlari ham mardona jang qildilar. Ular safida 28 nafar fashistni otib o‘ldirgan snayperchi Zebo G‘aniyeva ham bo‘lib, u mardligi va jasorati uchun “Qizil Bayroq” ordeni bilan mukofotlandi. “Moskva mudofaasi uchun” maxsus medali bilan mukofotlanganlar orasida O‘zbekiston jangchilaridan 1753 kishi bo‘lgan. 1942-yil 27-martda SSSR Oliy Soveti Prezidiumining farmoni bilan 26 nafar ofitser va oddiy askarlarga “Sovet Ittifoqi Qahramoni” yuksak unvoni berildi. Ular safida birinchi o‘zbek qahramoni andijonlik Qo‘chqor Turdiyev ham bor edi. Tub burilish va undan keyingi janglar. Stalingrad jangi Ikkinchi jahon urushida tub burilishni boshlab berdi. Kavkaz uchun bo‘lgan janglarda Toshkentda tuzilgan

Zebo G‘aniyeva

Sobir Rahimov qo‘mondonligidagi diviziya 3 oy davom etgan janglarda dushmanning 8 000 nafar askar va ofitserini qirib tashladi. Gvardiyachi general-mayor S. Rahimov 1945-yil 26-mart kuni Polshadagi Gdansk (Dansig) shahrini shturm qilish vaqtida halok bo‘lgan. O‘zbek xalqining shonli farzandiga 1965-yil 9-mayda “Sovet Ittifoqi Qahramoni” unvoni berildi.
O‘zbekistonlik jangchilar 1943-yil yozida bo‘lgan Kursk va Oryol rayonidagi janglarda, Dnepr daryosini kechib o‘tishda oldingi saflarda bo‘lishdi. Dnepr uchun olib borilgan janglarda qahramonlik ko‘rsatgani uchun 26 nafar o‘zbek yigitiga “Sovet Ittifoqi Qahramoni” unvoni berildi. Ular safida buxorolik Sharif Ergashev va Xalloq Aminov bor edi. Belorusiyani ozod qilish uchun bo‘lgan janglarning birida 1943-yil noyabrda Gomel shahri atrofida iste’dodli o‘zbek shoiri Sulton Jo‘ra 33 yoshida mardlarcha halok bo‘ldi.
O‘zbekistonlik jangchilar 1944–1945-yillarda Belorus, Ukraina, Moldaviya, Boltiqbo‘yi respublikalari va Rossiya Federatsiyasining g‘arbiy viloyatlarini ozod qilishda ishtirok etdilar. O‘zbekistonliklar yevropadagi Qarshilik ko‘rsatish harakati saflarida, Polsha, Bolgariya, Vengriya, Ruminiya, Chexoslovakiya, Italiya, Gretsiya, Avstriya, Yugoslaviya, Fransiya va boshqa davlatlarni fashizmdan ozod etishda faol qatnashdilar, partizan qo‘shilmalarida jang qildilar.
1945-yil 9-mayda gitlerchilar Germaniyasi butunlay taslim bo‘ldi. Berlinni zabt etgan jangchilar orasida “Sovet Ittifoqi Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lgan toshkentlik Botir Boboyev va Solih Umarov, marg‘ilonlik Tojiali Boboyev ham bo‘lgan. O‘zbekistonlik jangchilarning 1706 nafari “Berlinni ishg‘ol etganligi uchun” jangovar medali bilan taqdirlandi.


Yaponiya militaristlariga qarshi kurashda o‘zbekistonliklarning hissasi

Yaponiyaga qarshi urush 1945-yil avgustda sovet qo‘shinlarining hujumi bilan boshlandi. O‘zbekistonlik jangchilar Kvantun armiyasini tor-mor keltirishga katta hissa qo‘shdilar. Ular orasida leytenantlar N. Latipov, A. Karimov, U. Doniyorov, yefreytor U. Asanov va boshqa jasur o‘zbek o‘g‘lonlari bor edi.
Manjuriyadagi yapon qo‘shinlari sovet armiyasi tomonidan tor-mor qilingach, Yaponiya 1945-yil 2-sentyabrda so‘zsiz taslim bo‘lganligi haqidagi hujjatga qo‘l qo‘ydi. Shu tariqa Ikkinchi jahon urushiga yakun yasaldi.


O‘zbekiston o‘g‘lonlari va qizlarining jangovar frontlarda ko‘rsatgan mislsiz mardlik va jasorati SSSR va yevropadagi ko‘plab mamlakatlar hukumatlari tomonidan yuksak taqdirlandi. O‘zbekistonlik jangchilardan 120 000 nafari turli sovet orden va medallari bilan mukofotlandi. O‘zbekistonlik 280 nafar jangchi Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor bo‘ldi, ulardan 75 nafari o‘zbek edi. 52 nafar o‘zbekistonlik jangchilar uchala darajadagi “Shuhrat” ordeni bilan taqdirlandilar.

Sobir Rahimov

Harbiy asirlar va ularning qismati

Ikkinchi jahon urushida fashistik Germaniya va militaristik Yaponiya ustidan erishilgan buyuk g‘alaba taraqqiyparvar insoniyatga juda qimmatga tushdi. Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, Ikkinchi jahon urushida 50 mln nafardan ziyod kishi halok bo‘ldi. Bu urushda eng katta talafotga uchragan SSSR bo‘lib, u 27 mln kishidan ajraldi. Vayrongarchilikdan ko‘rilgan zarar va urush olib borish uchun sarflangan mablag‘lar miqdori 4 trillion dollarni tashkil qildi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, urush yillarida Germaniyaga asirga tushganlarning umumiy soni 6,2 mln kishini tashkil qilgan. Sovet-german urushida 5,7 mln kishidan ortiq sovet askarlari Germaniya konslagerlarida tutqunlikda bo‘lishgan. Asir tushishga majbur bo‘lgan sovet jangchilari orasida ko‘plab turkistonlik asirlar ham bo‘lgan.


Ana shunday asirlardan biri va sobiq legioner, keyinchalik Germaniyada yashagan namanganlik tarixchi olim Boymirza Hayit fikrlariga qaraganda, 1941-yil yozidan to 1942-yil bahorigacha 1,7 mln turkistonlik jangchilar nemislarga asir tushgan hamda ularning ko‘pchiligi harbiy asirlar konslagerlarida bo‘lishgan. 1942-yil yozida ulardan faqat 400 000 kishi tirik qolgan, xolos. Fashist konslagerlarida harbiy asirlar juda og‘ir ahvolda yashagan, ocharchilik va turli kasalliklardan ularning ko‘pchiligi halok bo‘lgan.
Turkistonlik muhojirlardan Mustafo Cho‘qay va toshkentlik o‘zbek Vali Qayumxon tashabbusi bilan 1942-yil martda Turkiston legioniga asos solingan. Legionni siyosiy va mafkuraviy jihatdan boshqarish Milliy Turkiston Birligi Qo‘mitasiga yuklatilgan. Vali Qayumxon qo‘mita prezidenti edi.
Jang harakatlari davrida harbiy asirlikda bo‘lganlar, xususan, Turkiston legioni qatnashchilarining taqdiri ham nihoyatda og‘ir kechdi. Urush tugagach, ular hamma joyda ta’qib etildi, SSSRga qaytarilgan harbiy asirlarning ko‘pchiligi maxsus lagerlarga joylashtirilib, turli qiynoqlarga duchor qilindi.

Harbiy asirlarning ahvoli


Bu qiynoqlardan omon qolgan oz sonli kishilargina, keyinchalik, ozodlikka chiqarildi. Ulardan shofirkonlik Abdulla Rasulov singari sanoqli yurtdoshlarimiz nemis va sovet konslagerlaridan omon chiqib, O‘zbekistonga qaytdilar.

“Motamsaro ona” haykali


G‘alaba bayramidan Xotira va Qadrlash kunigacha. O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, 1995-yili 33 jildli “Xotira” kitobi (keyinchalik unga qo‘shimcha tarzda yana 2 jild chiqqan) va O‘zbekiston xalqining urush yillarida front ortidagi jasoratlari bayon qilingan umumlashma maxsus jild o‘zbekcha va ruscha nashr etildi. Toshkentda 1999-yil may oyida Xotira va qadrlash maydoni barpo etilib, unda “Motamsaro ona” haykali hamda xiyobonning shimoliy va janubiy tomonida qad ko‘targan ayvonlar tokchalarida Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan o‘zbekistonlik barcha jangchilarning ism-sharifi bitilgan metall tokchalar o‘rnatildi. G‘alaba bayrami nishonlanadigan 9-may sanasi Xotira va Qadrlash kuni deb e’lon qilinib, Toshkentdan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar markazlari va tumanlarda Xotira maydonlari barpo etilib, bu maydonlarda ham “Motamsaro ona” haykali o‘rnatildi.


Yefreytor — oddiy askarga beriladigan boshlang‘ich harbiy unvon va shu unvonga ega bo‘lgan shaxs.


Kavaleriya — otliq qo‘shin.