O‘zbekistonda yoqilg‘i va tog‘-kon sanoatining vujudga keltirilishi hamda aholi milliy tarkibidagi o‘zgarishlar


O‘zbekiston qazilma boyliklarining Markaz manfaatlariga xizmat qildirilishi

O‘zbekiston mineral xomashyo turlariga nihoyatda boy hudud hisoblangan. Respublikada ko‘pgina foydali qazilmalar: oltin, uran, mis, qo‘rg‘oshin, rux, volfram, tabiiy gaz, neft, toshko‘mir va boshqa konlar topilib, ishga tushirildi.
Afsuski, bu konlarda qazib olingan foydali qazilmalar, xususan, oltin va uran, tabiiy gaz Markaz manfaatlariga xizmat qildi. Bu boyliklardan ularning haqiqiy sohibi bo‘lgan o‘zbek xalqi deyarli foydalanmadi. Bu talonchilik mexanizmi iqtisodiyotni tag-tugi bilan quritib, o‘zbek xalqi manfaatlariga mutlaqo zid bo‘lgan. Oltin, uran, nodir rangli metallar, tabiiy gaz va boshqa strategik xomashyo favqulodda maxfiylik niqobi ostida O‘zbekistondan tashqariga amalda tekinga olib ketilardi.

Tabiiy gaz konlarining ochilishi

O‘zbekistonning tabiiy gaz mavjud bo‘lgan tumanlarida faol geologik-qidiruv ishlari olib borishga XX asr 50-yillari boshlaridayoq kirishilgan edi. O‘sha davrda Jarqo‘rg‘on, Qorovulbozor, Sariqtosh tabiiy gaz konlari ochilgan.

Buxorodagi Gazli shaharchasi


Buxoro-Xiva geologik mintaqalarida Gazli va Jarqoq , Shimoliy va Janubiy Muborak, Uchqir, O‘rtabuloq va Kultak kabi yirik tabiiy gaz konlarining, shuningdek, Hisor tog‘larining janubi-g‘arbiy tumanlarida Odamtosh kondensat koni, Ustyurtda istiqbolli gaz qatlamlarining topilishi ahvolni keskin o‘zgartirib, O‘zbekistonni jahondagi eng yirik gaz zaxiralari mavjud mintaqalaridan biriga aylantirdi.


1956-yili Buxoro viloyatida Gazli neft-gaz konining topilishi O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib chiqarishning tez sur’atlarda rivojlanishiga asos bo‘ldi. Jahondagi eng yirik gaz konlaridan biri hisoblangan bu konning umumiy zaxirasi 500 mlrd m3 gaz bo‘lgan. Bu yerda “zangori olov” bunyodkorlari — gazchilar yashaydigan Gazli shahriga zudlik bilan asos solindi. Tabiiy gaz qazib olish sur’atlari misli ko‘rilmagan darajada oshirildi. 1960-yilda 0,4 mlrd m3 tabiiy gaz ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 1975-yilga kelib bu ko‘rsatkich 33,7 mlrd m3ga yetdi. Ittifoq hukumatining O‘zbekistonda gaz ishlab chiqarishni oshirishdan maqsadi uni RSFSRning sanoat markazlariga ko‘proq tashib ketish edi.


Butunittifoq gaz qazib chiqarishda O‘zbekistonning ulushi 1960-yildagi 1 foizdan 1975-yilda 20 foizga ko‘tarildi. Bu nisbat keyinchalik ham doim ko‘payib bordi. Biroq O‘zSSRda uy-joy fondini gazlashtirish salmog‘i nihoyatda past edi, bu hol, ayniqsa, respublikaning aksariyat aholisi yashaydigan qishloq joylarida yaqqol ko‘zga tashlangan. Hatto Sovet Ittifoqining yevropa qismiga va sotsialistik mamlakatlarga gaz yetkazib beradigan Buxoro viloyatining o‘zida ham ahvol nihoyatda achinarli bo‘lgan. O‘zbekiston gazi asosan respublikadan tashqariga jo‘natilardi.


Qizilqumda oltin va uran konlarini o‘zlashtirish

XX asr 50–60-yillarida O‘zbekistonda oltin ishlab chiqarish sanoati ancha rivojlandi. Oltin va uran ajratib oluvchi komplekslar, fabrikalar, oltin ruda kombinatlari, shuningdek, mis rudasini qayta ishlovchi kombinatlar ishga tushirildi. Bepoyon Qizilqum sahrosi markaziy tumanlarining sanoat jihatidan o‘zlashtirilishi oltin va uran qazib olish sanoatining paydo bo‘lishini taqozo etdi. 1958-yil 3-sentyabrda Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga poydevor qo‘yilishi bilan Navoiy shahriga asos solindi. Kombinat O‘zbekistonning 5 ta viloyatida joylashgan 5 ta kon boshqarmasi va ular negizida qurilgan Navoiy, Sovetobod (hozirgi Nurobod), Zarafshon, Uchquduq shaharlari, Muruntov Krasnogorsk, Zafarobod, Shalqar shaharchalariga asos solgan. Dunyoda eng yirik Muruntov oltin koni 1961-yili ishga tushirilib, dastlabki sof quyma oltin (999,9 probali) 1963-yil tayyorlangan. O‘zSSR oltin va uran qazib olishda dunyoning yetakchi o‘rinlaridan birini egalladi. XX asr 70–80-yillarida respublikada har yili taxminan 50 tonna atrofida sof oltin quymasi tayyorlangan. O‘zSSR oltin yetkazib berish bo‘yicha mamlakat oltinining yarmidan ko‘pini bergan. Eng so‘nggi tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, bu davrda har yili O‘zbekistonda yer osti konlaridan taxminan 5,5 mlrd dollar bahosida foydali qazilmalar olingan. Bu paytda oltin zaxiralari bo‘yicha yurtimiz dunyoda yettinchi o‘rinni egallagan.


Yangi sanoat shaharlariga asos solinishi hamda demografik jarayonlardagi o‘zgarishlar

O‘zbekistonda zamonaviy kon-metallurgiya sanoatiga asos solinishi uning industrial qiyofasini o‘zgartirib yubordi. Ko‘plab yangi shaharlar va posyolkalar (shaharchalar) qurildi. Ayniqsa, ittifoqqa bo‘ysunuvchi va “yopiq shaharlar” deb ataluvchi Navoiy, Zarafshon va Uchquduq kabi shaharlarga boshqa mintaqalardan ishchi kuchi jadallik bilan olib kelindi. Yopiq shaharlar mahalliy hokimiyatga bo‘ysunmagan. Bu joylarda maxfiy korxonalar joylashgan bo‘lib, ular faqat Markazga hisob berardi. Ishlab chiqarishda band bo‘lgan butun aholi odatda kelgindilardan tashkil topib, mahalliy aholi yopiq shaharlardan turli bahonalar bilan chiqarib yuborilgan.


Ijtimoiy adolat tamoyillarining buzilishini yopiq shaharlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Bu yerga Markazdan ko‘chirib keltirilgan kadrlar navbatsiz uy-joy va turli imtiyozlar bilan ta’minlangan. Holbuki, qishloqlardan kelgan o‘zbek yigit-qizlari uy-joyga ega bo‘lish uchun eng qora ishlarni bajarishga majbur bo‘lishar va ko‘p yillar mobaynida navbatda turishardi. Shuningdek, mahalliy yoshlar doimo kamsitilgan. O‘zbekistonda asrlar mobaynida shakllangan va mintaqaning tub yerli xalqlari vakillaridan iborat bo‘lgan aholining ko‘p millatli tarkibi sovet hokimiyati yillarida, xususan, XX asr 60–80-yillarida yevropalik turli xalqlar va boshqalar hisobiga yanada kengayib bordi. Bu paytda O‘zbekistonda 127 ta millat va elatlar yashagan. Bu yerda mahalliy aholidan tashqari turli mintaqalardan ko‘chib kelgan ruslar, tatarlar, ukrainlar, koreyslar va boshqa xalqlar yashardi. Yirik sanoat korxonalarida ishlovchi o‘zbeklar soni bu paytda nihoyatda kamayib ketdi.