O‘zbekistonda sovet hokimiyati yuritgan madaniy siyosat


Sovet hokimiyatining ta’lim va fan sohasidagi ishlari

Yosh avlodni o‘qitish, buning uchun shart-sharoitlar yaratish xalq ommasi, uning vakillari uchun dolzarb bo‘lib kelgan. Bolsheviklar tomonidan O‘zbekistonda dastlabki yillarda sovet maktablari va texnikumlar ochishga alohida e’tibor qaratildi. Jadid maktablari yopildi. Eski maktablar va vaqf maktablari ham tugatildi. Turkiston davlat universiteti va O‘zbekiston davlat universitetidan keyin respublikada ko‘plab institutlar tashkil etildi. Biroq universitet va institutlardagi talabalar o‘rtasida o‘zbeklar kamchilikni tashkil qilgan. Bu oliy o‘quv yurtlarida asosan slavyan tillariga mansub kishilar o‘qigan. Ularda dars bergan o‘qituvchilar orasida ham mahalliy millat vakillari kamchilik bo‘lgan.


Bu davrda O‘zbekistonda fan taraqqiyoti sohasida muayyan yutuqlarga erishildi. 1932-yil 14-oktyabrda O‘zbekiston SSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi Prezidiumining O‘zbekiston ilmiy tekshirish muassasalariga rahbarlik qiluvchi O‘zbekiston SSR Fanlar komiteti tuzildi. 1934-yili unga Otajon Hoshimov rais qilib saylandi. «1940-yil 9-yanvarda O‘zbekiston SSR Fanlar komiteti SSSR Fanlar akademiyasining O‘zbekiston SSR filiali (O‘zFAN)ga aylantirildi.

Xalq maorifi va savodsizlikka qarshi kurash

1934-yil 10–17-yanvarda Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Kommunistik partiyasining VI syezdida VKP(b) XVII syezdi tomonidan qo‘yilgan vazifalarga asoslanib, ikkinchi besh yillik davrida (1933–1937-yillar) respublikaning sotsialistik madaniyatini rivojlantirishdagi asosiy yo‘llarni belgilab chiqdi.»
Shu maqsadda O‘zbekiston SSR Sovetlarining 1935-yil 10–17-yanvarda Toshkentda bo‘lib o‘tgan V qurultoyi O‘zSSR Xalq Komissarlari Sovetiga 8 yoshdan to 15 yoshgacha bo‘lgan hamma bolalarni majburiy yetti yillik ta’limga tortish hamda respublika shahar va qishloqlarida yangi maktab binolari qurish dasturini ishlab chiqishni taklif qildi.


Xalq maorifi ehtiyojlari uchun juda ko‘p mablag‘lar ajratildi. Birinchi besh yillik davrida 395,5 mln rubl mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, ikkinchi besh yillik uchun 1,16 mlrd rubl mablag‘ sarflandi. Bu yirik mablag‘lar ikkinchi besh yillik davrida 35 000 o‘quvchi sig‘adigan 539 ta yangi maktab solishga imkon berdi. Shu bilan birga kichkina maktablar bir-biriga qo‘shilib, yiriklashtirildi va to‘la kompleks darajasiga yetkazildi. Ikkinchi besh yillik davrida hamma umumiy ta’lim maktablaridagi o‘quvchilarning soni tez sur’atlar bilan o‘sib, 931 800 nafarga yetdi, ularning 725 mingga yaqini qishloq maktablarida o‘qirdi. Respublika maktablarida o‘qish 18 tilda olib borilgan. O‘zbek tilida o‘qitiladigan maktablarning soni o‘n yil ichida 10 marta oshgan.


Bu paytda O‘zbekistonda savodsizlik va chalasavodlilikni tugatish ishlarini oxiriga yetkazish vazifasi ham turar edi. 1937-yili savodsizlikni tugatish maktablarining soni 413 taga yetdi. Bu maktablarda 28 700 kishi ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o‘qib o‘z savodini chiqardi. Xotin-qizlar o‘rtasida savodsizlikni tugatish borasida katta yutuqlar qo‘lga kiritildi. Ular uchun ko‘p joylarda maxsus savod maktablari ochildi. 1937-yili 139 000 nafar xotin-qizlar o‘qish va yozishni o‘rganib oldilar.

Xotin-qizlar savodsizligini tugatish kurslari


Alifboning o‘zgartirilishi

Sovet hokimiyatining dastlabki o‘n yilliklarida O‘zbekistonda imlo 3 marta o‘zgartirildi. Bu holat tub aholini savodsiz qilishga, uning asriy qadriyatlaridan mahrum qilib, sovet madaniyati ruhida tarbiyalashga hamda ruslashtirish siyosatini amalga oshirishga mo‘ljallangan edi. Ma’lumki, islom dini mintaqaga kirib kelgach, asrlar davomida yurtimizda yaratilgan asarlar arab alifbosidagi eski o‘zbek tilida yozilgan edi. Ahmad Yassaviy, Sakkokiy, Lutfiy, Alisher Navoiy, Bobur singari mashhur shoirlar 500–800 yillar oldin o‘zbek tilida, biroq arab imlosida o‘z asarlarini yozganlar. Bolsheviklar esa bunday adabiyotdan voz kechib, sovet adabiyotini va proletar madaniyatini yaratishga intildilar.


1921–1922-yillarda dastlab arab imlosi isloh qilinib, ancha soddalashtirildi. So‘ngra o‘zbek yozuvini lotinlashtirish masalasi kun tartibiga qo‘yildi. 1929-yil may oyida Samarqandda o‘tgan O‘zbekiston adiblari, imlochilari va yetakchi ziyolilari konferensiyasida o‘zbek yozuvini arab grafikasidan lotin grafikasiga o‘tkazish haqida qaror qabul qilindi. Qaror 10-avgustda O‘zbekiston SSR Maorif xalq komissarligi hay’ati tomonidan tasdiqlangach, 1-dekabrda O‘zbekistonda arab alifbosidan lotin yozuviga o‘tildi. Biroq tez orada yozuvni lotinlashtirish uchun ishlatilgan katta mablag‘lar bekor ketib, kirill alifbosiga o‘tkazish to‘g‘risida yangi qaror qabul qilindi.


1940-yil 8-mayda bo‘lgan O‘zbekiston SSR Oliy Soveti III sessiyasida matematik olim Toshmuhammad Qori-Niyozovning ma’ruzasi bo‘yicha lotin yozuvidan kirill (rus grafikasi) asosidagi o‘zbek yozuviga o‘tish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. O‘zbekistondan tashqari O‘rta Osiyo respublikalari va Ozarbayjon ham rus grafikasiga o‘tkazildi. Sovet hokimiyati lotin grafikasiga o‘tish orqali arab tilida yaratilgan islom dinining asosi Qur’oni karim va hadislarga hamda boshqa kitoblarni yo‘qotishni ko‘zlagan bo‘lsa, kirill alifbosiga o‘tish asnosida turkiy tilli sovet respublikalarini lotin imlosidan foydalanayotgan Turkiya va boshqa davlatlarning ta’siridan saqlab qolmoqchi, o‘zbek xalqi bilan qardosh turk xalqi o‘rtasidagi aloqalarni yo‘qotmoqchi bo‘ldi. Shuningdek, O‘zbekiston va sovet Sharqidagi respublikalarni ruslashtirish jarayoni o‘zining so‘nggi bosqichiga qadam qo‘ydi.

Yangi turdagi o‘zbek adabiyoti va milliy san’atining taraqqiyoti

Ijtimoiy hayotda shiddatli ziddiyatlar hukm surgan bu murakkab davrda adabiyot va san’at milliylik, insonparvarlik, xalqchilik kabi tamoyillarga sodiqligini saqlab qoldi. Bu davr respublikadagi ijodkorlar uchun turli izlanishlar, dunyoqarash jihatidan bir-birlaridan farq qiluvchi talaygina yo‘nalishlarning qattiq to‘qnashuvlar bilan to‘lib-toshgan, ko‘plab talafotlar berilgan va fojia bilan tugagan taqdirlar va shu bilan birga yangi-yangi iste’dodlar dunyoga kelgan va kurtak yozgan davr bo‘ldi.

F. Xo‘jayev arab alifbosidan lotinlashtirishga o‘tish yuzasidan o‘tkazilgan syezdda nutq so‘zlamoqda



O‘zbek yozuvchi va shoirlaridan Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Sadriddiy Ayniy, Hamza va boshqalar o‘z asarlari bilan milliy qadriyatlarni saqlash va himoya qilishga urindilar. XX asr 30-yillari boshlariga kelib yozuvchi va adiblarning saflari tobora kengayib bordi. Bu davr adabiyot maydoniga G‘afur G‘ulom, Oybek, Hamid Olimjon, Zulfiya, Abdulla Qahhor, Usmon Nosir, Mirtemir, Oydin Sobirova, Uyg‘un, Komil Yashin, G‘ayratiy, Sulton Jo‘ra, Amin Umariy kabi bir qator iste’dodli yosh shoirlar, adiblar va dramaturglar qo‘shildilar.


O‘zbek milliy dramaturgiyasi va musiqasi, teatr va kino, tasviriy va amaliy san’ati ham xalqimiz ma’naviy madaniyatining hayotbaxsh manbayi bo‘lib qoldi va unga xizmat qildi. O‘zbek san’atkorlarining butun bir avlodi shu davrda shakllandi. O‘zbek milliy musiqasini rivojlantirishda o‘zbek kompozitorlaridan To‘xtasin Jalilov, Yunus Rajabiy, Muxtor Ashrafiy, Mutavakkil Burhonovlar katta mehnat qildilar. Ajoyib rejissorlar va aktyorlar Mannon Uyg‘ur, Abror Hidoyatov, Sora Eshonto‘rayeva, Razzoq Hamroyev, Olim Xo‘jayev, Shukur Burhonov va boshqalar tufayli o‘zbek teatr san’ati gullab-yashnadi.


Komil Yormatov, Nabi G‘aniyev, Rahim Pirmuhammedov singari kinematografiya arboblari yetishib chiqdi. Raqs san’ati va xonandalikda Halima Nosirova, Tamaraxonim, Mukarrama Turg‘unboyeva, Lutfixonim Sarimsoqova, Muhiddin Qori Yoqubov, Komiljon Otaniyozov, Karim Zokirov va boshqalar yuksak mahoratga erishdilar. O‘zbek musiqa va vokal san’atining rivojlanishida 1936-yili Toshkentda ochilgan davlat konservatoriyasi muhim rol o‘ynadi.


Proletar — (lot. kambag‘al, qashshoq fuqaro) yashash manbayi o‘z ishchi kuchini ishlab chiqarish vositalari egalariga sotishdan iborat bo‘lgan yollanma ishchilar sinfi.


Konservatoriya — (ital. — boshpana) maxsus musiqa o‘quv yurti. Dastlab Italiyada yetim va qarovsiz bolalarga mo‘ljallangan boshpana. Unda turli hunarlar qatori musiqa ham o‘qitilgan.