Sanoat sohasidagi ahvol
O‘sha davrda SSSR hududining tarkibiy qismi bo‘lgan O‘zbekiston SSR Markazda ishlab chiqilgan iqtisodiy siyosatni so‘zsiz amalga oshirishga majbur edi. Urushdan keyingi besh yilliklarda (1946–1950-yillardagi to‘rtinchi va 1951–1955-yillardagi beshinchi besh yillik davrida) davlat sanoatni o‘stirish uchun katta miqdorda mablag‘ ajratdi. Lekin ularning aksariyati og‘ir sanoatga sarflandi. O‘zbekistonda ko‘plab yirik kimyo korxonalarining qurilishi foydadan ko‘ra ko‘proq salbiy oqibatlarga olib keldi. Ko‘pgina korxonalar, (Chirchiq elektrkimyo kombinati, Navoiy kimyo kombinati va b.) Yangiyo‘l biokimyo zavodi aholi zich yashaydigan joylarda bo‘lib, ular atrof-muhitni ifloslantirdi va ekologik vaziyatni murakkablashtirdi.
Atmosferaga zararli moddalar chiqarilishi oqibatida tabiatga, o‘simlik va hayvonot dunyosiga zarar yetkazdi. Eng katta zararni esa bu yerda yashovchi insonlar ko‘rdi. Yengil sanoatda ham turli nomutanosiblik hollari va ziddiyatlar bor edi. Ishlab chiqarish rejalari bajarilmas, aholining iste’mol mollari bilan ta’minlash darajasi Ittifoqqa nisbatan bir necha marta kam bo‘lgan.
Transport va undagi muammolar
O‘zbekiston sanoatining o‘sishi bilan bir qatorda transport ham rivojlanib bordi. Transport tarmog‘i orqali barcha sanoat markazlari yagona majmuaga birlashtirildi. 1947-yilda 600 km dan iborat Chorjo‘y-Qo‘ng‘irot temiryo‘li qurildi. O‘sha yili Toshkentda ilk marta trolleybuslar qatnay boshladi. Keyinchalik, Qo‘ng‘irot–Beynov temiryo‘li qurilishi keng miqyosda olib borildi. Bu temiryo‘l magistrali Qoraqalpog‘istonni Qozog‘iston bilan to‘g‘ri bog‘lab, O‘rta Osiyodan Markazga olib boradigan ikkinchi poyezd yo‘lini vujudga keltirdi. Bu davrda avtomobil transporti ham rivojlandi. Eski yo‘llar ta’mirlandi, yangi asfalt va beton yotqizilgan yo‘llar qurildi. Avtomobil baza va parklari zamonaviy yangi mashinalar hisobiga ko‘paydi. 1959–1968-yillarda Toshkent katta halqa avtomobil yo‘li loyihalashtirildi va qurildi.
O‘zbekiston havo yo‘llarida XX asr 50-yillari o‘rtalaridan boshlab yuksak tezliklar va parvozlar davrini ochib bergan TU-104 rusumli yo‘lovchi tashuvchi samolyotlar paydo bo‘ldi. Havo transporti xodimlari keyingi yillarda yangi samolyotlarning ko‘pchiligini o‘zlashtirdilar. Ayrim shaharlarda zamonaviy aeroportlar qurildi. Bu O‘zbekiston shaharlarini o‘zaro bog‘ladi, shuningdek, mamlakat poytaxti Moskva, boshqa respublikalar va mamlakatlar poytaxtlari o‘rtasida muntazam parvozlar yo‘lga qo‘yildi.
Biroq transport sohasida ham talay muammolar bo‘lgan. Temiryo‘llar va avtomobil yo‘llari qurilishi boshqa respublikalar, jumladan, Turkmaniston, Tojikiston, Qozog‘iston hududlaridan o‘tkazilib, iqtisodiy jihatdan ular Markazga qaram qilib qo‘yildi. Bunday siyosatning halokatli ekani SSSR parchalanib, mintaqada mustaqil davlatlar tashkil topgandan so‘ng, ayniqsa, sezilmoqda. Bundan tashqari temiryo‘llar tarmog‘ini elektrlashtirish, yuk va yo‘lovchilar tashishni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish ishlari sekinlik bilan olib borildi. Shuningdek, transportning barcha turlarida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish borasida jiddiy kamchiliklar mavjud bo‘lgan.
Kadrlarni tayyorlash masalalari va ruslashtirish siyosati
Markazning milliy siyosatida kadrlar masalasi muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining ikkinchi sekretarlari, O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisi hamda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumi raisining birinchi o‘rinbosarlari, Davlat xavfsizlik komiteti va muhim ministrliklar rahbarlari, viloyat va shahar partiya tashkilotlarining ikkinchi sekretarlari Moskvadan yuborilgan vakillar (asosan slavyan va armanlar)dan iborat bo‘lib, ular katta huquq va imtiyozlarga ega bo‘lib, respublikadagi kadrlar taqdirini o‘z ixtiyorlari bilan hal qilishgan.
Bundan tashqari, Markazga bo‘ysunadigan lavozimlar ham mavjud edi. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretari, respublika hukumati va davlat organlarining rahbarlari, viloyatlar partiya komitetlarining birinchi sekretarlari va viloyat ijroiya qo‘mitalari raislari asosan mahalliy millat vakillaridan tayinlansa ham bu nomzodlarni Kreml tavsiya qilar edi. Sirtdan qaraganda O‘zbekistonni o‘zbeklar boshqarayotgandek ko‘rinardi, aslida esa hokimiyatni idora qilish tizgini Moskvaning qo‘lida edi. Bu holat sovet hokimiyatining dastlabki yillarida joriy qilingan bo‘lib, unga sovet tuzumi inqirozga uchragan davrgacha amal qilindi.
Bunday siyosat mahalliy aholining manfaatlariga ziyon yetkazar edi. Yetakchi sanoat sohalari uchun mutaxassislar Markazdan taklif qilingan. 1959-yilda respublika aholisi tarkibida o‘zbeklarning salmog‘i 62 foizdan ortiq bo‘lsa ham undagi o‘zbek ishchilarining miqdori atigi 43 foizni tashkil etgan.
Ittifoqqa bo‘ysunadigan korxonalar asosan Rossiya va boshqa respublikalardan taklif etilgan mutaxassislar va ishchilar bilan ta’minlanardi. Bunday korxonalarda ish haqi mahalliy sanoat korxonalaridagiga qaraganda 2-3 marta va undan ham ko‘proq bo‘lgan. Kadrlar siyosatidagi bunday holatlar va ruslashtirish siyosati mahalliy aholining moddiy va ma’naviy imkoniyatlariga zarar keltirib, respublikada ijtimoiy vaziyat keskinlashuvi hamda millatlararo munosabatlarning murakkablashuviga zamin yaratdi.