O‘zbekistonda yer-suv islohotining ikkinchi bosqichi
O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish o‘tkazilgandan so‘ng 1925–1929-yillarda yer-suv islohotining ikkinchi bosqichi amalga oshirildi. Islohotning ikkinchi bosqichi birinchisidan farqli o‘laroq katta yer egaligini (rasmiy hujjatlarda “quloqlar”, “mushtumzo‘rlar” deb yuritilgan) butunlay cheklash va ularni sinf sifatida tugatish masalasini qo‘ydi. “Agrar inqilob”ning strategiya va taktikasi O‘zbekiston Kompartiyasining II syezdi (1925-yil noyabr)da tasdiqlandi. Bu bosqich O‘zbekiston SSR MIKning 1925-yil 2-dekabrdagi “Suv va suvni natsionalizatsiya qilish to‘g‘risida” va “Yer-suv islohoti to‘g‘risida”gi dekretlari bilan boshlandi. Bu islohot O‘zbekistonda joylardagi shart-sharoit va tayyorgarlik darajasiga qarab uch bosqichda o‘tkazildi.

Yer-suv islohotini o‘tkazish to‘g‘risidagi dekretga asosan Farg‘ona viloyatida 40 desyatina, Toshkent va Samarqand viloyatlarida 50 desyatina va undan ortiq sug‘oriladigan yerlari bor katta yer egalarining xo‘jaliklari butunlay tugatilishi, ularning yerlari davlat yer fondiga o‘tkazilishi va dehqonlarga bo‘lib berilishi nazarda tutilgan edi. Yer bilan birgalikda barcha ishchi hayvonlari (ho‘kiz, ot va b.), dehqonchilik asbob-uskunalari ham musodara qilindi.
Chorikor, qarol, yetim kabi kambag‘al dehqon tabaqalari asosan boy xo‘jaliklarning yerlarini ijaraga olib, unda ishlagan va tirikchiligini o‘tkazgan. “Quloq” xo‘jaliklari odatda yerga o‘zlari ishlov bergan va ortiqcha yerlarini ijarachilarga topshirgan. 1925–1929-yillarda o‘tkazilgan islohotlar natijasida barcha viloyatlarda 5000 ga yaqin boy xo‘jaliklar tugatildi, 23 000 dan ortiq o‘ziga to‘q xo‘jaliklarning “ortiqcha” yerlari tortib olindi. Har bir boy va o‘ziga to‘q xo‘jalik uchun 7–10 desyatinagacha bo‘lgan yer uning o‘ziga qoldirilishi mumkin edi. Biroq o‘ziga to‘q dehqon xo‘jaliklari haqiqiy dehqonlar bo‘lib, ular yerdan samarali foydalanishgan va ishlab chiqarishni kengaytirishga harakat qilishgan. Ular ishbilarmon va uddaburon kishilar bo‘lgan.
Kollektivlashtirishning majburiy sur’atda amalga oshirilishi hamda kolxoz va sovxozlarning tashkil qilinishi
Yangi iqtisodiy siyosat tufayli o‘z xo‘jaligini tiklab olgan xo‘jaliklarning quloq qilinishi natijasida 1929-yili sovet jamiyatida bozor munosabatlari muhiti barham topdi. 1930-yil 17-fevralda O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining “Kollektivlashtirish va quloq xo‘jaliklarini tugatish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. O‘zbekistonda 1930-yili yalpi kollektivlashtiriladigan 19 ta tuman Markaz tomonidan belgilab berildi.

Mahalliy rahbarlar son orqasidan quvib, qonunni buzishgacha bordilar. Kollektivlashtirish mutasaddilari dehqonlarning majlislarida kolxozga kirmaganlar suvdan mahrum etiladi, sanoat mollari bilan ta’minlanmaydi, ularga katta soliq solinadi hamda yashash joyidan surgun qilinadi, deb dag‘dag‘a qilishdi. Natijada ko‘pchilik tumanlarda kollektivlashtirish bir necha hafta ichida amalga oshirildi. O‘zbekistonda dastlabki kolxozlar (jamoa xo‘jaliklari) va sovxozlar (davlat xo‘jaliklari) tashkil qilindi. 1931-yilning bahoridan boshlab O‘zbekistonda yalpi jamoalashtiriladigan tumanlar qaytadan tuzildi. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini kollektivlashtirish rasman 1932-yili tugallandi. Shu vaqtga kelib respublikadagi dehqon xo‘jaliklarining 75 foizi umumiylashtirilgan sektorga, ya’ni kolxoz va sovxozlarga birlashdi.
1932-yili respublikada 60 dan ziyod sovxoz bor edi. Yakka dehqon xo‘jaliklarining bir qismi kolxozlardan tashqarida qoldi, lekin ularga iqtisodiy jihatdan tazyiq o‘tkazish yanada kuchaydi. Bunday xo‘jaliklarga solinadigan qishloq xo‘jalik soliqlari oshirildi, davlatga majburan topshiriladigan mahsulot hajmi ham kolxozlarga nisbatan 50 foizga ko‘paytirildi. 1939-yilga kelib O‘zbekistonda yakka dehqon xo‘jaliklariga butkul barham berildi.
O‘zbek qishlog‘i fojiasi
O‘zbek qishlog‘i bu paytda ulkan fojiani boshdan kechirdi. Ko‘pgina odamlar o‘z xo‘jaliklarini qarovsiz tashlab qochib ketdilar, chorva mollarini so‘ydilar va sotib yubordilar. Mollarning ko‘plab so‘yilishi jiddiy muammo bo‘lib qoldi. Qoramollar miqdori 1930-yili 60 000 boshdan ziyodga kamayib ketdi. Azaldan tuproqqa mehr qo‘ygan, dehqonchilikning barcha sinoatlarini puxta o‘zlashtirgan o‘zbek dehqonlari sovet hokimiyati tomonidan ayovsiz ravishda qatag‘on qilingan.

Ko‘p holatlarda bobodehqon va uning kattakon xonadoni taqdir izmiga tashlab qo‘yilgan. Xonadon boshliqlari surgun qilingan yoki qamoqqa jo‘natilgan. Yuz minglab o‘zbeklar bu paytda xorijga jo‘nab ketishga majbur bo‘ldilar. Bu paytda qishloqlarda uyma-uy yurib, g‘allani tortib olish oddiy holga aylangan edi. “Osmon uzoq, yer qattiq” degan o‘zbek xalq maqoli ehtimol shu yillarda to‘qilgan bo‘lsa kerak. Shahrisabz tumani g‘alla tayyorlash vakili Jalilov bu kompaniyaning murosasizligi bois uni “G‘alla tayyorlash urush degandek gap. G‘alla tayyorlovchilar otishi, qamashi va boshqa ishlar qilishi mumkin. Ular hukmbardorlik qiladi”, deb ta’riflaydi.
O‘zbekiston Kompartiyasi MK sekretari Kirpanov tomonidan “mutlaqo maxfiy” grifi ostida 1930-yili tayyorlangan ma’lumotnomada keltirilishicha, g‘alla yig‘ishda o‘ta kuchli ma’muriyatchilikka yo‘l qo‘yilgan. Qishloqlarda tayyorlov idorasining vakillari uyma-uy yurib, kambag‘al dehqonlarning oxirgi misqol g‘allasigacha, hatto 20 funt zig‘irigacha tortib olganlar. Urug‘lik g‘allaga tegmaslik haqidagi dekret bo‘lishiga qaramay, dehqonlar qismati taqdir hukmiga tashlab qo‘yilgan edi. Hattoki g‘alla topshirish rejasini bajargan dehqonlar ham bir boshdan tintilib, ularning g‘allasi tortib olingan.
O‘zbekistonda quloqlashtirish siyosati hamda uning oqibatlari
Mustabid sovet rejimi 1929–1935-yillarda badavlat va o‘rtahol dehqonlarni qishloq burjuaziyasi sifatida tugatish siyosatini olib borgan. Quloq xo‘jaliklarini tugatish kompaniyasi O‘zbekistonda 1930-yil fevraldan boshlab avj oldi. VKP(b) MK Siyosiy byurosining 1930-yil 26-yanvardagi “Yoppasiga jamoalashtirish rayonlarida quloq xo‘jaliklarini tugatish tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va VKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosining “Quloqlarni sinf sifatida tugatish bilan bog‘liq tadbirkor to‘g‘risida”gi ko‘rsatmalari asosida O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti 1930-yil 17-fevralda “Kollektivlashtirish va quloq xo‘jaliklarini tugatish to‘g‘risida” qaror qabul qilgan.
O‘zbekistonda quloqlar sifatida ro‘yxatga olingan o‘ziga to‘q xo‘jaliklarning mol-mulki to‘liq musodara qilinib, ularning oilalari o‘zga yurtlar (Ukraina, Shimoliy Kavkaz, Sibir, Qozog‘iston, Uzoq Sharq va b.)ga surgun qilingan. Shuningdek, respublikaning o‘zida quloqlar uchun maxsus konsentratsion lagerlar va ko‘chirib keltirilganlarning 17 ta majburiy mehnat posyolkalari tashkil qilindi. Bu posyolkalar 1931-yildan Qo‘qon, Chust-Pop, Oqdaryo, Ikromov, G‘ijduvon, Vobkent, Bauman, Denov, Sariosiyo, Quva, Yangiyo‘l tumanlarida tuzilgan. Masalan, Bauman (hozirgi Shofirkon) tumanidagi Jilvon va Ko‘li Odina qishloq sovetlari hududida ana shunday 2 ta “quloqlar” posyolkasi barpo qilingan. Sovet hokimiyatiga qarshilik qilgan quloqlar esa qamoqqa olingan va otib tashlangan.
Dehqonlarning noroziligi kuchayib, Farg‘ona va Zarafshon vodiylari, boshqa hududlarda ommaviy norozilik namoyishlari, sovet tuzumiga qarshi isyonlar va qurolli chiqishlar yuz berdi. Ba’zi isyonlar qurolli qo‘zg‘olon darajasiga ko‘tarilgan. Faqat Qashqadaryo okrugida 1930-yil boshlarida dehqonlarning 14 ta norozilik chiqishlari yuz berib, ularda 3700 kishi ishtirok etgan. 1930-yil mart oyida O‘zSSRda 240 ta, SSSRda 2 000 dan ortiq qurolli chiqishlar qayd etilgan. Quloqlarga qarshi kurash O‘zSSRda kun sayin kengayib borgan. 1931-yil avgustda 3 828 ta quloq xo‘jaliklari tugatilgan, 3 871 xo‘jalik “quloq oilasi” sifatida Ukraina, Sibir va Shimoliy Kavkazga surgun qilingan. Rasmiy ma’lumotlarda ko‘rsatilishicha, 1933-yili O‘zbekistonda surgun qilingan quloq xo‘jaliklari soni 5500 tagacha yetgan.
Quloqlashtirish siyosati 1933-yilda asosan amalga oshirib bo‘lingan. Biroq 1934–1937-yillarda ham ko‘plab badavlat dehqon xo‘jaliklari quloq qilingan. Sovet hokimiyati yillarida quloqlikka tortilib, surgun qilinganlardan tirik qolganlarining erkin fuqarolik maqomini olib, o‘z yurtiga qaytish jarayoni og‘ir kechib, u taxmiman 20 yildan ko‘proq vaqtni, ya’ni 1934–1956-yillarni o‘z ichiga oladi.
Natsionalizatsiya — (ingl. — millat, xalq) ayrim shaxs yoki birlashmalarning xususiy mulki bo‘lgan yer, ishlab chiqarish korxonalari, transport va boshqalarni davlat ixtiyoriga olish.
“Quloqlar” (rus. kulachestvo — mushtumzo‘r) — mustabid sovet rejimining badavlat va o‘rtahol dehqonlarni qishloq burjuaziyasi sifatida tugatish siyosatidir.
Funt — og‘irlik o‘lchov birligi bo‘lib, 1 funt 410g.ga teng bo‘lgan.
Kollektivlashtirish — mayda-mayda dehqon xo‘jaliklaridan ommaviy tarzda yirik kollektiv xo‘jaliklar (kolxozlar)ni tashkil qilish.
Konsentratsion lager — (lot. — biror narsaning to‘planishi) bir joyga to‘plash, yig‘ish. Konsentratsion lager — bu siyosiy mahbuslar qamaladigan maxsus lager.