O‘zbekistonda industrlashtirish siyosatining amalga oshirilishi va kadrlar masalasi


Mamlakatda industrlashtirish siyosatiga o‘tilishi va besh yillik rejalarining ishlab chiqilishi

Mamlakatda qishloq xo‘jaligini zo‘ravonlik bilan kollektivlashtirish jarayonida 1928-yili sanoatni industrlashtirish ham amalga oshirildi.
Aslini olganda mamlakatning markaziy organlari tomonidan 1925-yil dekabrda bo‘lgan VKP(b) XIV syezdida SSSRda iqtisodiyotni rivojlantirishning hal qiluvchi vositasi sifatida sotsialistik industrlashtirishga o‘tish ommaviy tarzda e’lon qilingan edi. Mamlakatning iqtisodiy, siyosiy va madaniy taraqqiyoti zamonaviy sanoatni vujudga keltirishga bevosita bog‘liq edi. Bu maqsadga tez muddatda erishishning aniq yo‘llarini ishlab chiqish talab etilardi.


O‘zbekiston uchun sanoat qurilishini keng sur’atda jadallashtirish nihoyatda zarur edi. Chunki respublika iqtisodiyoti bu davrda ham agrar xususiyatga egaligicha qolayotgan edi. 1927-yilda O‘zSSR xalq xo‘jaligida qishloq xo‘jaligining salmog‘i 62,6 %, sanoatning salmog‘i 37,4 % ni tashkil etar, shu bilan birga sanoat ishlab chiqarishining 90 foizi qishloq xo‘jalik xomashyosini qayta ishlashga asoslangan edi.
Iqtisodiyot xomashyo yo‘nalishida bo‘lgani sababli respublika sanoati faqat bir tomonlama ixtisoslashtirilayotgan edi. Buning ustiga industrlashtirish siyosati qishloq hisobidan amalga oshirildi. Qishloq xo‘jalik mahsulotlarining xarid narxlari pasaytirildi. Natijada dehqonlar qashshoqlashib, mamlakatda oziq-ovqat muammosi keskinlashdi.

O‘zbekistonda yangi sanoat korxonalari qurilishi

Birinchi besh yillik davrida (1928-yil oktyabr–1932-yil dekabr) O‘zbekistonda 289 ta yangi sanoat korxonasi qurildi va ishga tushirildi, 79 ta korxona qayta tashkil etildi. Yengil sanoatning ko‘nchilik, poyabzal ishlab chiqarish, tikuvchilik sohalari va ip-gazlama ishlab chiqarish sur’atlari oshib bordi. Industrlashtirish O‘zbekistonda dastlab sekinlik bilan amalga oshirildi. Ana shu davrda O‘rta Osiyo respublikalarida paxtachilik va mashinasozlik sanoatining to‘ng‘ichi bo‘lgan Toshkent qishloq xo‘jaligi mashinasozligi zavodi barpo etildi. Toshkent to‘qimachilik kombinati va Chirchiq elektr kimyo kombinati qurilishi tez sur’atlar bilan olib borildi. Elektr stansiyalari quvvati 482 mln kilovattga yetdi. XX asr 30-yillarida Chirchiq-Bo‘zsuv GESlar kaskadi barpo etildi.


O‘zbekistonda sanoat korxonalarining texnik darajasi haddan tashqari past, muhandislar, texniklar va zamonaviy texnikani biladigan malakali ishchilar nihoyat darajada yetishmas edi. Biroq sanoat korxonalariga malakali xodimlar va tajribali ishchilar RSFSRning markaziy shaharlaridan olib kelinadigan bo‘ldi. Markazning bu usuli O‘zbekistonning butun sovet davri tarixida muttasil ravishda davom ettirildi.

F. Xo‘jayev nemis deligatsiyasi a’zolari bilan Toshkent to‘qimachilik kombinati qurilishida. 1934-yil


Mahalliylashtirish yoki o‘zbeklashtirish siyosati

Darhaqiqat, bu davrda eng muhim muammolardan biri kadrlar masalasi edi. Chunki davlat hokimiyati va xo‘jalik boshqaruvi organlarida milliy kadrlar juda oz bo‘lib, ish yuritish ham rus tilida olib borilar edi. Respublika boshqaruv mahkamalarida mas’ul lavozimlarni ruslar egallab olgan edi. O‘zbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti raisi Fayzulla Xo‘jayev tub xalqlardan mahalliy kadrlar tayyorlash va ularni yuqori lavozimlarga ko‘tarishda jonbozlik ko‘rsatdi. Uning tashabbusi bilan O‘zSSR MIK huzurida 1925-yil 3-martda Bobon Mavlonbekov raisligida “Davlat apparatini mahalliylashtirish Markaziy komissiyasi” tuzildi. Akmal Ikromov, Rahim Inog‘omov va boshqalar unga a’zo bo‘lishdi. Markaziy komissiyaning Samarqand, Zarafshon,Toshkent, Farg‘ona va boshqa viloyatlarda ham bo‘limlari tashkil qilindi.

Akmal Ikromov

Mahalliylashtirish komissiyasi rahbariyati zimmasiga O‘zbekistondagi o‘quv yurtlari, ilmiy va madaniy-oqartuv (xalqning bilim va ongini oshirish) tashkilotlari, sanoat korxonalarini mahalliylashtirish asosiy rejasini ishlab chiqish yuklatildi. 1925-yil 22–30-noyabrda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Kommunistik partiyasining II syezdida “Partiya, sovet, xo‘jalik, kasaba uyushmalari va kooperativ tashkilotlariga mahalliy aholini jalb qilish” masalasi ko‘rib chiqildi.
Syezdda davlat, xo‘jalik, sovet, jamoat va savdo tashkilotlariga mahalliy millat vakillarini ko‘proq jalb qilish, shu yo‘l orqali shahar va qishloq mehnatkashlarining mamlakatda sotsializm qurilishiga faol ishtirokini ta’minlash masalasi muhokama qilindi. Bundan tashqari boshqaruv va rahbarlik ishlariga ishchi, dehqon va ziyolilardan mahalliy kadrlar tayyorlash zarurligi uqtirildi.


1927-yil 8-yanvarda O‘zbekiston SSR MIK huzuridagi “Davlat apparatini mahalliylashtirish Markaziy komissiyasi”ning nomi “Davlat apparati va sanoatni O‘zbeklashtirish Markaziy komissiyasi” deb o‘zgartirildi. 6-iyunda O‘zbeklashtirish Markaziy komissiyasining Nizomi kuchga kiritildi. Komissiya o‘z faoliyatida o‘zbek aholisi ko‘proq bo‘lgan tumanlardagi barcha davlat, jamoat, kooperativ muassasalari va tashkilotlarida ish yuritishni o‘zbek tilida olib borishlari shart edi.
O‘zbekiston Kommunistik partiyasining 1927-yil 16–24-noyabrda bo‘lgan III syezdida “Davlat apparatini mahalliylashtirish va yerli millat ishchilarini ishlab chiqarishga jalb qilish to‘g‘risida”gi masala ko‘rildi.


1928-yil 18-fevralda O‘zbekiston SSR MIK va XKSning “Davlat apparatini o‘zbeklashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori qabul qilindi. 1929-yili o‘zbeklashtirish siyosati bo‘yicha tashkilotlararo o‘zbeklashtirish komissiyasi faoliyat ko‘rsatgan. O‘zbeklashtirish Markaziy komissiyasi 1930–1931-yillarda o‘z faoliyatini davom ettirgan.
1931-yil 11-dekabrda SSSR MIKning “O‘zSSR apparatini o‘zbeklashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, unga ko‘ra O‘zbekiston davlat apparatini O‘zbeklashtirish Markaziy komissiyasi faoliyati to‘xtatildi. Markaz tomonidan boshqa ittifoqdosh respublikalarda bo‘lgani singari O‘zbekiston SSRda ham mahalliylashtirish jarayoni to‘xtatilib, u “burjua millatchiligi” deb e’lon qilindi. O‘zbeklashtirish siyosatiga jiddiy zarba berilib, ruslashtirish jarayoni o‘zining yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. O‘zbekistonda keyingi yillarda jamiyatda rus tilining mavqeyi oshirildi va u barcha sohalarni o‘z ichiga qamrab oldi.


Industrlashtirish — Xalq xo‘jaligining barcha sohalarida yirik mashina ishlab chiqarish jarayonini keltirish, ishlab chiqarish tarmoqlarini mashina texnikasi asosiga o‘tkazish.


GESlar kaskadi (gidroelektrostansiya kaskadi) — bir daryo oqimida bir-biridan ma’lum masofada joylashgan, umumiy suv xo‘jalik rejimi bilan o‘zaro bog‘langan bir nechta gidroelektrostansiya.