O‘zbekiston sanoati va qishloq xo‘jaligi front xizmatida


Urush yillarida O‘zbekiston sanoati

1941-yil sentyabr–dekabr oylarida respublika hukumati xalq xo‘jaligini harbiy izga solish, qaysi korxona qachon ishga tushirilishi to‘g‘risida, ichki resurslarni to‘la safarbar etish to‘g‘risida aniq vazifalarni belgilab berdi. Kadrlar, sanoat xomashyosi, yoqilg‘i, stanoklar, uskunalar keskin yetishmasligiga qaramay, 1941-yil dekabriga kelib Toshkentdagi 63 ta, respublika hududidagi 230 ta sanoat korxonalari mudofaa mahsulotarini ishlab chiqara boshladi. Ko‘chirib kelingan zavodlar ham o‘z quvvatini oshirib bordi.


1941-yil 14-dekabrdan harbiy korxonalar xodimlari urushga safarbar qilinganlar qatoriga qo‘shildi va shu korxonalarga biriktirildi. Mehnat intizomini buzganlar qattiq jazolanadigan bo‘ldi. O‘zboshimchalik bilan korxonadan ketib qolganlarga 5 yildan 8 yilgacha qamoq jazosi belgilandi.
O‘zbekistonda 1942-yili yangi sanoat mahsulotini ishlab chiqarish 2 baravar ko‘paydi. 1943-yilda esa sanoatning respublika xalq xo‘jaligidagi salmog‘i 75 foizgacha ortdi. Harbiy ishlab chiqarish quvvatlarini oshirib borish zaruriyati sanoat qurilishini tobora ko‘paytirishni talab qilar edi. Urush yillari O‘zbekistonda 7 ta yirik gidroelektr stansiyasi, jumladan, Oqqovoq, Qibray, Salor va Farhod GESlari qurildi, yangi ko‘mir va neft konlari ochildi, eskilaridan ko‘proq foydalaniladigan bo‘lindi. 1944-yil martda Bekobodda O‘rta Osiyodagi dastlabki zamonaviy metallurgiya kombinati – O‘zbekiston metallurgiya zavodining birinchi navbati ishga tushirildi.

Farhod GES

O‘zbekistonning qurol-yarog‘ omboriga aylantirilishi

Urush davrida harakatdagi armiya zarur narsalarning hammasini: texnika, qurol-yarog‘, o‘q-dori, oziq-ovqatlarni uzluksiz olib turdi. O‘zbekiston Ittifoqning asosiy jangovar aslahaxonalaridan biri sifatida 2000 dan ortiq samolyot, 22 mln dona minamyot, 500 000 dona snaryad hamda millionlab dona gimnastyorka, sanitar poyezdlar, paxtali ust-bosh, etik va askarlar uchun boshqa kiyimlar va mahsulotlarni frontga yetkazib berdi. Og‘ir mehnat yuki asosan ayollar, qariyalar va o‘smirlar yelkasiga tushdi. Ammo bu hech kimni to‘xtatmadi. Frontni o‘z vaqtida ta’minlash muhim bo‘lib qolaverdi.
O‘zbekistonliklar front orqasining nihoyatda qiyin sharoitlarida Sovet Ittifoqi xalqlari bilan birga dushman ustidan g‘alabani fidokorona mehnatlari bilan ta’minlab bordilar va tarixda misli ko‘rilmagan xalq jasoratini namoyon qildilar.

Qishloq xo‘jaligidagi ahvol

Barcha qiyinchiliklarga qaramay o‘zbek dehqonlari frontni zarur mahsulotlar bilan ta’minlash uchun fidokorona mehnat qildilar. 1941-yili davlatga 1,6 mln tonnadan ziyod paxta topshirildi. Sabzavot va poliz ekinlari, meva, pilla, jun, go‘sht topshirish majburiyatlari oshig‘i bilan bajarildi. Don va texnik ekinlarni ko‘paytirish harakati natijasida 1942-yil bahorida qo‘shimcha 220 500 gektar yer o‘zlashtirildi. Urush yillarida paxta yetishtirishni oshirish eng muhim vazifa qilib qo‘yilgan. Kolxozchi dehqonlar va butun O‘zbekiston mehnatkashlarining kuchlari bilan Yuqori Chirchiq, Shimoliy Farg‘ona, So‘x-Shohimardon, Uchqo‘rg‘on kanallari, Kosonsoy va Rudasoy suv omborlari qurildi. Kattaqo‘rg‘on suv ombori suvga to‘ldirila boshlandi.


Samarqand, Farg‘ona, Toshkent viloyatlarida qand lavlagi uchun unumli yerlar ajratilib, 1943-yili 1,5 mln sentnerdan ortiq lavlagi davlatga topshirildi. Qand lavlagini qayta ishlovchi Zirabuloq, Krasnogvardeysk, Qo‘qon va Yangiyo‘l qand zavodlari qurildi. Urush yillarida O‘zbekiston butun mamlakatda ishlab chiqariladigan qandning chorak qismini berar edi.
Shunday qilib, urush yillarida O‘zbekiston qishloq xo‘jalik ahli eng murakkab va og‘ir sharoitlarda mehnat qilib, 4 mln tonnadan ziyod paxta xomashyosi, 82 mln pud don va boshqa mahsulotlarni davlatga yetkazib berdi. Bu fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shilgan munosib hissa edi.

G‘arbiy frontga oziq-ovqat va kiyim-kechak olib borgan delegatsiya (o‘ngdan ikkinchida delegatsiya rahbari Hasan Islomov).

Aholi turmushi va qiyinchiliklar

Urush O‘zbekistondagi har bir oilani moddiy jihatdan ham qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Shaharlarda oziq-ovqatga kartochka tizimi tashkil etilib, ishchi va xizmatchilarga kuniga 400–500 grammdan, oila a’zolariga 300–400 grammdan non berildi. Rahbar xodimlar esa maxsus oziq-ovqat (payok) bilan ta’minlab turildi. Qiyinchiliklar jamiyatning ijtimoiy ruhiy holatida keskinlikni vujudga keltirdi, biroq fashizm ustidan qozoniladigan g‘alabaga ishonch aslo susaymadi. Xususan, urush yillarida o‘zbek qishloqlarida ahvol og‘ir bo‘lgan.
Kolxozlarda kattalar va 12 yoshdan oshgan bolalar uchun majburiy ish kuni normasi 1,5 marta oshirilgan. Belgilangan mehnat normasini bajara olmagan kolxozchilar shafqatsiz jazolangan. Qishloqlarda turli kasalliklar va ocharchilik natijasida o‘n minglab kishilar hayot bilan vidolashgan. Urush yillarida ocharchilik yirik sanoat markazlariga ham tarqalgan.


O‘zbek xalqining bag‘rikengligi va baynalmilal yordami. Urush yillarida aholi tarkibida harbiy xizmatchilar oilalari, evakuatsiya qilinganlar, urush nogironlari, yetim bolalar deb nomlangan yangi ijtimoiy guruhlar paydo bo‘ldi. O‘zbekistonga 1 mln nafardan ortiq kishi, jumladan, 200 000 bola evakuatsiya qilindi. Turli millatga mansub yetim bolalarni o‘zbek xalqi o‘z farzandiday ardoqlab, ularni voyaga yetkazdi.

Sh. Shomahmudovlar oilasi


Masalan, toshkentlik oddiy temirchi Shoahmad Shomahmudovlar oilasi 15 bolani, kattaqo‘rg‘onlik urush nogironi Hamid Samadov 13 bolani, samarqandlik kolxozchi ayol Fotima Qosimova 10 bolani olib tarbiyaladi. Respublikaga urush davrida 30 dan ortiq harbiy gospital joylashtirildi. Jarohatlanganlarning talaygina qismi jangovar safga qaytarildi. Urush nogironlarining ko‘pchiligi ishga joylashtirildi. Urush yillarida milliy siyosatda kechirib bo‘lmas zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yildi. Totalitar tuzum rahbarlarining farmoyishi bilan Kavkaz xalqlari (chechenlar, ingushlar, qorachoylar, mesxeti turklari, bolqorlar va b.), qrim tatarlari va Volgabo‘yi nemislari 1943–1944-yillarda zudlik bilan mamlakatning sharqiy hududlariga ko‘chirilib yuborildi.
Qrimdan 151 604 nafar qrim tatarlari, Gruziyadan 110 000 nafar mesxeti turklari, Shimoliy Kavkazdan 175 000 nafar chechenlar, 20 000 nafardan ortiq ingushlar, 4 500 nafar bolqor va greklar O‘zSSRga ko‘chirildi. Mahalliy aholi jabrdiydalarga xayrixohlik bildirdi va samimiy yordam berdi. Xullas, urush yillarida o‘zbek xalqi o‘zining bag‘rikengligi, mehmonnavozligi, sabr-toqati va bardoshini yana bir marta namoyish etib, dunyo xalqlarini hayratga soldi.


Gimnastyorka — Tik yoki qaytarma yoqali, ustidan kamar bog‘lanadigan ust ko‘ylak (rasmiy harbiy kiyim).


Minomyot — (rus. — irg‘itmoq, otmoq) mina otadigan qurol.


Sanitar poyezd — tibbiy xizmat ko‘rsatish xodimlari va uskunalari bilan ta’minlangan poyezd.