O‘zbek adabiyoti va san’ati fashizmga qarshi kurashda
Urush yillarida O‘zbekiston Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Oybek, Sadriddiy Ayniy, Maqsud Shayxzoda, Sulton Jo‘ra, Amin Umariy, Oydin va boshqa yozuvchilar hamda shoirlarning she’rlari va dostonlarida, publitsistik asarlarida fashizm kirdikorlari fosh etilib, xalqimizning jangovarlik ruhi qo‘llab-quvvatlandi, dushman ustidan g‘alaba qozonishga bo‘lgan ishonch mustahkamlandi.
Urush yillarida O‘zbekiston san’ati ustalari 30 ta konsert brigadalariga bo‘linib, frontdagi jangchilarga 35 000 ta va gospitallarda 26 000 ta konsert ko‘rsatdilar. Front brigadalari tarkibida Tamaraxonim, Halima Nosirova, Sora Eshonto‘rayeva, Mukarrama Turg‘unboyeva, Teatrlarning repertuarlarida harbiy va tarixiy asarlar ustun bo‘lib qoldi. Teatrlar sahnasida Hamid Olimjonning “Muqanna”, Uyg‘un va Izzat Sultonning “Alisher Navoiy”, Hamid Olimjon, Uyg‘un va Sobir Abdullaning “O‘zbekiston qilichi”, Oybekning “Mahmud Torobiy”, Maqsud Shayxzodaning “Jaloliddin Manguberdi” kabi va boshqa dramatik asarlari namoyish etildi.
O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasining tashkil topishi va faoliyati
SSSR Fanlar akademiyasining O‘zbekiston filiali urushning birinchi kunlaridan boshlab juda muhim xalq xo‘jalik va mudofaa muammolarini hal qilishga faol kirishdi. Shu maqsadda institutlarning ilmiy-tadqiqot ishlari rejasiga muhim o‘zgarishlar kiritildi. SSSR Xalq Komissarlari Soveti raisi I. V. Stalinning 1943-yil sentyabrdagi qarori asosida SSSR FA O‘zbekiston SSR filiali (O‘zFAN) negizida 1943-yil 4-noyabrda, Ikkinchi jahon urushining eng qizg‘in pallasida, Toshkentda O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi (O‘zSSR FA) tashkil topdi. Taniqli o‘zbek matematik olimi Toshmuhammad Niyozovich Qori-Niyoziy (1897–1970) akademiyaning prezidenti etib saylandi. Ilgari mavjud bo‘lgan Til, adabiyot va tarix instituti esa O‘zbek tili va adabiyoti hamda Tarix va arxeologiya institutlariga ajratilib, yangi tashkil etilgan O‘zSSR FA tarkibiga kiritildi.
O‘zbekiston olimlari Ikkinchi jahon urushi yillarida o‘zlarining samarali faoliyati bilan mamlakat ilmiy salohiyatini rivojlantirishga, fidokorona mehnati bilan mamlakatning iqtisodiy hamda harbiy qudratini oshirish va mustahkamlashga katta hissa qo‘shdilar. Bu ishda ularga urush yillarida O‘zbekistonga ko‘chirib keltirilgan RSFSR va boshqa ittifoqdosh respublikalarning olimlari ham ancha-muncha yordam ko‘rsatdilar. Faqat Toshkentning o‘ziga mamlakatning taniqli ilmiy xodimlaridan 375 nafar kishi kelgan bo‘lib, ular respublika imkoniyatlarini iloji boricha urush ehtiyojlariga ko‘proq jalb qilish yo‘llarini qidirib topishga, ilmiy muammolarni hal qilishga va mahalliy ilmiy kadrlar tayyorlashga yordam bergan edilar.
O‘zbekistonning Rossiya, Belorusiya va Ukraina intellektual elitasini saqlab qolishdagi roli
Bu davrda respublikamizga Moskva, Leningrad, Kiyev, Minsk, Voronej va boshqa shaharlardan 31 ta oliy o‘quv yurti va 7 ta harbiy akademiya evakuatsiya qilindi. Ko‘chirib keltirilgan oliy o‘quv yurtlari, ko‘pgina ilmiy-tadqiqot institutlarining respublikada bo‘lishi O‘zbekistondagi barcha oliy o‘quv yurtlarini butun o‘quv va ilmiy tadqiqotchilik faoliyatini Markaz darajasiga yana ham yaqinlashtirish imkonini berdi.
Urush yillari O‘zbekiston, xususan, Toshkent shahri minglab fan, adabiyot va san’at namoyandalari uchun najot beshigi bo‘lib xizmat qildi. Bu davrda fashistlar bosib olgan hududlardan 200 nafardan ortiq taniqli yozuvchi va shoirlar, tanqidchilar va adabiyotshunoslardan Anna Axmatova, Aleksey Tolstoy, Vladimir Yan, Aleksandr Deych, Nikita Pogodin, Yakub Kolas, Yanka Kupala, Lidiya Bat, Viktor Jirmunskiy va boshqalar bor edi.
Ular O‘zbekistonning adabiy hayotiga jalb etilib, ijod qilishlari uchun barcha sharoit yaratib berildi. O‘zbek shoir va yozuvchilari ular bilan hamkorlikda “Biz g‘alaba qozonamiz” nomli almanax va “O‘zbekiston shoirlari frontga” nomli antologiya yaratdilar. Xullas, urush yillarida O‘zbekiston xalqi yuksak insonparvarlik namunalarini ko‘rsatib, vaqtincha bosib olingan hududlardan respublikaga ko‘chirib keltirilgan aholini, xususan, bolalar va intellektual elitani saqlab qolishda jonbozlik qildi.