“Hujum” harakatining o‘tkazilishi
O‘zbek ayollari va qizlarining hayoti asrlar davomida islom dini shariati ko‘rsatmalari asosiga qurilgan edi. Sovet hokimiyati o‘rnatilgach, Sharq ayollarini “ozodlik”ka chiqarish, eski turmush tarziga hujum qilish, ayollarning chachvon va paranjisini tashlab yangi zamon qurayotganlar safiga tezroq qo‘shilishi kabi muammolar kun tartibiga qo‘yildi. Bolsheviklar tomonidan O‘rta Osiyo respublikalarida, xususan, O‘zbekistonda bu muammo qisqa muddat davomida shoshilinch hal qilindi, natijada katta yo‘qotishlar yuz berdi, ko‘plab xotin-qizlar eskilik va xurofot tarafdorlarining qutqusi bilan o‘z yaqinlari tomonidan o‘ldirildi.
O‘zbek ayollarini ozodlikka chiqarish va yangi turmushga jalb qilish, darhaqiqat, kerak edi. Biroq bu ishni bolsheviklar va sovet hokimiyati vakillari tanlagan tezkor yo‘l bilan emas, balki asta-sekin va bosqichma-bosqich amalga oshirilganda katta qurbonlar va yo‘qotishlar bo‘lmas edi.
“Hujum” kompaniyasi 1926-yil sentyabrda O‘rta Osiyo xotin-qizlari kengashida e’lon qilinib, uni 1927-yil 8-martdan boshlashga qaror qilindi. 1926-yil dekabrda “Hujum” kompaniyasini o‘tkazish uchun O‘rta Osiyo respublikalari, xususan, O‘zbekistonda maxsus komissiyalar tuzildi.

1927-yil 8-martda ommaviy mitinglar boshlandi. Ularda 100 000 dan ortiq xotin-qizlar paranjilarini gulxanda yoqdilar. Lekin bolsheviklar partiyasining o‘zbek xotin-qizlarini ozodlikka chiqarishni tezlashtirish siyosati yomon oqibatlarga olib keldi. “Hujum”ga qarshi bo‘lganlar ayollarga nisbatan zulm o‘tkaza boshladilar. “Hujum” harakati eng faol o‘tkazilgan 1927–1928-yillarda O‘zbekistonda 2500 dan ortiq faol xotin-qizlar, tuman va qishloq sho‘rolarining a’zolari, xotin-qizlar klublari va kutubxonalar mudiralari, muallimalar yangi hayot yo‘lida o‘z jonini qurbon qildi. Afsuski, bu fojialarning oldi olinmadi.
Xotin-qizlar mehnatining ijtimoiy-iqtisodiy muammolari
Sovet hokimiyati o‘zbek xotin-qizlarini ozodlikka chiqarish jarayonida ularni ishlab chiqarishga jalb qilish tadbirlarini ham amalga oshirdi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad xalq xo‘jaligi muammolarini hal qilish uchun yangi mehnat resurslari bo‘lgan ishchi kuchlarini vujudga keltirish edi.
Xotin-qizlar dastlab hunarmandchilik kooperatsiyasiga jalb qilindi. Xotin-qizlar klublarida ayollar uchun maxsus xonalar ochilib, ular bunday joylarda do‘ppi va choyshablar tikishardi. Keyinchalik, hunarmandchilik kooperatsiyasi tarkibida maxsus ayollar artellari tashkil qilindi. 1926-yili O‘zbekistonda 16 ta yirik ayollar artellari bo‘lib, ularda 814 nafar mahalliy xotin-qizlar mehnat qilardi. Ayollar qilgan mehnatlari evaziga maosh olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
1930-yilda respublika hunarmandchilik kooperatsiyasining 50 dan ortiq artellarida 5 000 nafardan ko‘proq mahalliy ayollar ishlardi. Ularning ko‘pchiligi tikuvchilik korxonalarida mehnat qilganlar. Xotin-qizlar yirik sanoat korxonalariga ham jalb qilina boshlandi. Bu ish umuman olganda ijobiy jarayon edi. Lekin ko‘p hollarda ma’muriyat puxta o‘ylab ko‘rmay, ayollarni og‘ir vazifalarga qo‘ydilar. Ayollarni ishga tayinlashda ularning nozik jins vakilasi ekanligi e’tiborga olinmadi. Bu holat ularning sog‘lig‘iga jiddiy shikast yetkazardi. Kolxozlar va sovxozlar tashkil qilingandan so‘ng ayollarni ularga mos bo‘lmagan kasb — traktorchilikka o‘rgatish avj oldi. 1939-yilning o‘zidayoq 2500 nafar xotin-qizlar traktorchilar kursida o‘qishga majburan jalb qilindi. Kursni tugatgan xotin-qizlarning ko‘pchiligi traktorchi bo‘lib ishlamasdi.
O‘zbek ayollarining yangi jamiyatda tutgan mavqeyi hamda ziddiyatli jihatlari
O‘zbek ayollarini jamiyatning teng huquqli a’zolariga aylantirishda, erksizlikdan qutqarishda ularni madaniy va ijtimoiy hayotga jalb qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Madaniy-tarbiyaviy ishlarni olib borishda ayollar klublari katta rol o‘ynadi. Bu klublarda ayollarga vrachlar turli maslahatlar berishardi, bolalar vrach ko‘rigidan o‘tardi. Shuningdek, ko‘plab kutubxonalar, bolalar bog‘chalari va yaslilar ochildi. Xotin-qizlarni qiziqtirgan va tashvishga solgan mavzular bo‘yicha suhbatlar o‘tkazilib turildi. 1927-yili Andijondagi Eski shahar ayollar klubida 134 nafar a’zo bo‘lgan.
Bu davrda o‘zbek xotin-qizlari rahbarlik lavozimlarida ham ishlash layoqatini ko‘rsatdilar. 1927-yili respublikadagi tuman ijroiya qo‘mitalari a’zolarining 20 foizi, okrug ijroiya qo‘mitalari a’zolarining 17 foizi ayollar edi. Jahon Obidova O‘zSSR Markaziy Ijroiya Komiteti Prezidiumi raisining o‘rinbosari, Tojixon Shodiyeva esa Prezidium a’zosi bo‘lgan. Biroq keyinchalik bu 2 nafar taniqli o‘zbek ayollari sovet hokimiyati tomonidan qatag‘on qilindi. XX asr 30-yillarida ayollar orasidan mashhur olimalar, shoiralar, yozuvchilar, muhandislar, shifokorlar, san’atkorlar, muallimlar yetishib chiqa boshladi. O‘sha yillarda Halima Nosirova, Tamaraxonim, Sora Eshonto‘rayeva, Mukarrama Turg‘unboyeva kabi o‘zbek qizlarining iste’dodi yarq etib ko‘zga tashlandi. Bu holatlarning barchasi o‘zbek xotin-qizlarining teng huquqli jamiyat a’zosi bo‘lish, madaniyat va bilimga intilishlarining samarasi edi. Xullas, sovet davlatining ayollar byurosidagi siyosati kommunistik mafkura bilan sug‘orilgan holatda shoshmashosharlik bilan amalga oshirilsa ham o‘zbek ayollari qonida asrlar osha to‘planib borgan aql-idrok, shijoat va faollik kabi fazilatlari tufayli ko‘pgina ijobiy ishlarni amalga oshirdilar.
Paranji — ko‘pchilik musulmon ayollar begona erkaklarga ochiq ko‘rinmaslik uchun boshga yopinib yuradigan, bichimi keng va uzun to‘n shaklidagi, soxta yengli yoping‘ich (yuz chachvon bilan berkitiladi)
Chachvon — otning dumi qilidan to‘qilgan, paranji ostidan yuzga tutiladigan to‘r parda.
Artel — (ital. — hunarmand] kasb-hunar egalarining birgalashib, jamoa bo‘lib ishlash uchun tuzilgan uyushma shakllaridan biri.
Kooperatsiya — (lot. — sheriklik, hamkorlik) o‘zaro bog‘langan ishlab chiqarish jarayonida kishilarning yoki tashkilotlarning hamkorlik asosida ishlashini tashkil etish shakli.