Ikkinchi jahon urushining boshlanishi hamda O‘zbekistonning urush girdobiga tortilishi


Urushning boshlanishi, sabablari va xarakteri

Ikkinchi jahon urushining boshlanishida fashistlar Germaniyasi va militaristik Yaponiyadan tashqari urushdan avvalgi Buyuk Britaniya (Angliya), Fransiya va SSSRning siyosiy yetakchilari zimmasida ham katta javobgarlik bor edi.
1939-yil 23-avgustda I. V. Stalinning taklifi bilan Moskvada SSSR va Germaniya o‘rtasida 10 yil muddatga hujum qilmaslik to‘g‘risida bitim imzolandi. Bu bitim tarixda Molotov-Ribbentrop pakti nomi bilan mashhur. Bitimning maxfiy qismida ikkala davlatning bo‘lajak chegaralari va ta’sir doirasi belgilab olindi. Polsha, Boltiqbo‘yi va Finlyandiyada Sovet Ittifoqining ta’sir doirasi kuchaytirildi.


1939-yil 1-sentyabrda Adolf Gitler boshchiligidagi Germaniya davlati Polshaga hujum qildi. Bu hujum bilan Ikkinchi jahon urushi boshlandi. 3-sentyabr kuni Fransiya va Angliya davlatlari Germaniyaga qarshi urush e’lon qildi. 17-sentyabrda SSSR va Germaniya o‘rtasidagi hujum qilmaslik to‘g‘risidagi bitimning maxfiy moddalariga muvofiq SSSR qo‘shinlari Polsha hududiga bostirib kirdi. Polshani bo‘lib olish jarayoni boshlandi. 19-sentyabr kuni qizil armiya qo‘shinlari Vilnyusni bosib oldi. 22-sentyabrda Brest-Litovskda Polshani tor-mor keltirish operatsiyasining tugatilishi sharafiga sovet va nemis qo‘shinlarining qo‘shma paradi o‘tkazildi. 28-sentyabrda SSSR va Germaniya o‘rtasida do‘stlik va chegaralar to‘g‘risida shartnoma imzolandi. So‘ngra qizil armiya qismlari G‘arbiy Ukraina va G‘arbiy Belorusiya hududini bosib oldi va ular rasmiy ravishda SSSRga qo‘shib olindi. 1940-yil iyulda qizil armiya Latviya, Litva, Estoniya hududlarini bosib oldi hamda Latviya, Litva va Estoniya respublikalari majburiy ravishda Sovet Ittifoqi tarkibiga kiritildi. Bu paytda Moldaviya ASSRga tutash Bessarabiya ham sovet qo‘shinlari tomonidan egallandi hamda avgustda SSSR tarkibida Moldoviya SSR (mamlakat tarkibidagi 15-ittifoqdosh respublika) tuzildi.

Sovet-fin urushida o‘zbekistonliklar ishtiroki

1939-yil 30-noyabr–1940-yil 12-martda sovet-fin urushi bo‘lib o‘tdi. Urush SSSRning qo‘shni Finlyandiyaga hujumi bilan boshlandi. Bu voqeadan keyin 1939-yil 14-dekabrda Millatlar Ligasi SSSRni agressiyachi mamlakat deb e’lon qilib, uni Liga a’zoligidan chiqardi. Urush natijasida SSSR Viborg shahri va Ladoga ko‘li atrofidagi hududlarni qo‘lga kiritdi. Toshkent piyodalar bilim yurti bitiruvchilari bo‘lgan diviziya komandiri A. Tolstov, diviziya shtabi boshlig‘i V. Russkix, o‘zbekistonlik jangchilar A. Magalov, A. Tupikov, F. Uteshev va boshqalar bu janglarda qatnashdilar

Fashistik Germaniyaning SSSRga hujumi hamda O‘zbekistonning urush girdobiga tortilishi

1941-yil 22-iyun kuni tong saharda gitlerchilar Germaniyasi o‘zaro hujum qilmaslik haqidagi shartnoma bo‘lishiga qaramay, to‘satdan SSSRga bostirib kirdi. Sovet Ittifoqi xalqlari uchun og‘ir sinovlardan iborat urush boshlandi. O‘sha kuni mamlakatda harbiy holat joriy etilganligi haqida farmon e’lon qilindi. Urush butun mamlakat xo‘jaligi, uning hayotini tubdan o‘zgartirib yubordi. 1941-yil 30-iyunda SSSR XKS raisi va VKP(b) MK Bosh sekretari I. V. Stalin raisligida Davlat Mudofaa Qo‘mitasi (DMQ)ning tuzilishi bilan mamlakatdagi butun siyosiy, harbiy va xo‘jalik hokimiyati uning qo‘liga o‘tdi.
Bundan tashqari I. V. Stalin 19-iyulda SSSR Mudofaa xalq komissari, 8-avgustda SSSR Qurolli kuchlari Oliy Bosh qo‘mondoni lavozimini egalladi.

Urushning dastlabki kunlarida qabul qilingan maxsus qarorlar va ko‘rsatmalarda mamlakatning katta xavf ostida qolgani, uni himoya qilish uchun zudlik bilan barcha iqtisodiy-ma’naviy kuchlarni mudofaa manfaatlariga bo‘ysundirish, xalq xo‘jaligini to‘liq harbiy izga solish lozimligi qayd etildi. Uzoq davom etgan urush qiyinchiliklari O‘zbekiston mehnatkashlarini ham og‘ir ahvolga soldi. Ikkinchi jahon urushi davrida respublikaga rahbarlik qilgan O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretari Usmon Yusupov o‘zbekistonliklarni fashizmga qarshi kurashga safarbar qilishga bosh-qosh bo‘ldi.

Usmon Yusupov


O‘zbekiston moddiy va ma’naviy kuchlarining urushga safarbar etilishi

23–24-iyun kunlari Samarqand, Buxoro, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Nukus va respublikaning boshqa shaharlarida ko‘p ming kishilik mitinglar bo‘lib o‘tdi. Har kuni frontga jo‘nash istagi bilan harbiy komissarlikka kelib turgan arizalar oqimi o‘zbekistonliklarning milliy vatanparvarlik ruhi yuksakligining yaqqol namunasi bo‘ldi. Mazkur arizalarni turli kasbdagi va har xil millatga mansub kishilar, erkaklar va ayollar, yoshlar va keksalar, partiyali va partiyasizlar berar edilar. Arxiv hujjatlarining dalolat berishicha, urushning dastlabki kunlarida respublikaning shahar va tuman harbiy komissarliklariga ko‘ngillilardan 14 mingdan ortiq ariza tushgan.


O‘zbekiston aholisi an’anaviy vatanparvarligining ajoyib namunalaridan biri frontga umumxalq yordami ko‘rsatish edi. O‘zbekistonliklar urushning dastlabki kunlaridanoq mudofaa jamg‘armasini tashkil etish harakatida faol ishtirok etdilar. Mudofaa jamg‘armasiga ishchilar, kolxozchilar, ziyolilar bir kunlik ish haqlari, kommunistik shanbaliklarda ishlab topilgan pullar, fuqarolarning shaxsiy jamg‘armalari, qimmatbaho boyliklari, davlat zayomlari, buyumlar va oziq-ovqat mahsulotlari topshirilardi. Umuman, urushning dastlabki kunlarida respublika aholisidan 30 mln rubllik miqdorda pul, obligatsiya va qimmatbaho boyliklar tushdi. O‘zbekiston aholisi urush yillarida mudofaa jamg‘armasiga jami 649,9 mln rubl pul, 22 kg oltin va kumush topshirdi.

Hamma narsa front uchun, hamma narsa g‘alaba uchun!

O‘zbekiston iqtisodiyoti harbiy vaziyatdan kelib chiqib zudlik bilan front manfaatlariga bo‘ysundirildi. Front orqasi tumanlari qatorida O‘zbekistonga ham alohida ahamiyat berildi. Urushning dastlabki kunlarida nemis qo‘shinlari shiddat bilan mamlakat ichkarisiga harakat qilmoqda edi. Front yaqinidagi shahar va qishloqlardan aholi, sanoat korxonalari, muassasalar va boshqa moddiy boyliklarni Sharqqa ko‘chirish boshlandi. Chunonchi, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston respublikalariga evakuatsiya qilingan 308 korxonaning 100 dan ortig‘i O‘zbekistonga joylashtirildi. Keltirilgan korxonalarni nihoyatda qisqa muddatlarda ishga tushirishga erishildi.


1941-yil oxirigacha shunday korxonalardan 50 tasi ishga tushirildi. Masalan, Moskva viloyati Ximki shahridan ko‘chirib keltirilgan zavod asosida 1941-yil oktyabrda Toshkent aviatsiya zavodi barpo etildi. Bu zavod front uchun qiruvchi samolyotlar ishlab chiqargan. Xalq xo‘jaligini qayta qurishga doir tashkiliy ishni respublika rahbarlari boshqardilar. Urush davrining juda mushkul, haddan tashqari keskin sharoitlarida ular javobgarlikdan qo‘rqmay, eng murakkab vazifalarni tezkorlik bilan va mustaqil ravishda hal qilib bordilar. O‘zbekiston rahbariyati Markazning zug‘umini yengib, xalq komissarliklari va korxona direktorlarining huquqlarini kengaytirdilar, boshqaruv apparatini qisqartirdilar.


Agressiya — bosqinchilikdan iborat bo‘lgan, tajovuzkorlikka asoslangan harakat.


Evakuatsiya — (lot. — bo‘shatmoq, xoli qilmoq) odamlar, tashkilot, korxonalarni, badiiy va boshqa qadriyatlarni urush, tabiiy ofat kabilar xavfidan saqlash maqsadida bir joydan boshqa joyga ko‘chirish.