Zahiriddin Muhammad Bobur — buyuk davlat arbobi va mutafakkir


Bobur Mirzoning Shayboniyxonga qarshi kurashi

Shayboniyxon 1500-yilda Samarqandni egallagach, Bobur Mirzo unga qarshi yurish boshladi. Bu paytda Shayboniyxon Samarqanddan tashqarida edi. Bobur Mirzo qo‘shini shiddat bilan hujum qilib, Shayboniyxonning bu yerda qoldirib ketgan 600 kishilik askarini mag‘lubiyatga uchratdi va Bobur Mirzo Samarqand taxtini ikkinchi marta egalladi. Shayboniyxon bu orada chekindi va boʻlajak hal qiluvchi jangga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. 1501-yil aprelida Zarafshon bo‘yidagi bo‘lib o‘tgan og‘ir jangda Bobur Mirzo yengiladi va Samarqandga chekinadi. G‘olib Shayboniyxon Samarqandni qamal qilib, Bobur Mirzoga sulh taklif qildi. Sulh shartlari Bobur Mirzo uchun juda haqoratli bo‘lsa-da, unga rozi bo‘lmaslikdan boshqa chorasi yo‘q edi. Og‘ir va nochor ahvolga tushib qolgan Bobur sulhga binoan Samarqandni tark etib, o‘zga yurtlarga ketishga majbur bo‘ldi. Bobur Mirzo Kobulga borib, bu yerda 1504-yilda hokimiyatni qo‘lga kiritdi. 1510-yili Shayboniyxon halok boʻlgach, Bobur Mirzo shoh Ismoil yordamida Movarounnahrni shayboniylardan qaytarib olish uchun kurash boshladi va nihoyat, 1511-yilning kuzida Samarqandni uchinchi marta qo‘lga kiritdi.


Bobur Samarqandni egallagach, noiloj islomning shiyyalik yo‘nalishiga e’tiqod qiluvchi shoh Ismoilni oliy hukmdor deb e’lon qildi. Bu esa Samarqand xalqining Bobur Mirzodan yuz o‘girishiga sabab bo‘ldi. Chunki Movarounnahr aholisi, Boburning o‘zi ham islomning sunniylik yo‘nalishiga e’tiqod qilganlar.
Shayboniylar ham shu yo‘nalishda edilar. 1512-yilning aprel va noyabr oylarida Shayboniyxonning ukasi Mahmud Sultonning o‘g‘li Ubaydulla Sulton boshchiligidagi shayboniylar qo‘shini bilan bo‘lib o‘tgan har ikki jangda Bobur Mirzo qo‘shini mag‘lubiyatga uchradi.

Zahiriddin Muhammad Bobur


Noyabr oyidagi jangda shayboniylar shoh Ismoilning Bobur Mirzoga yordam uchun yuborgan qo‘shinini ham mag‘lub etdi. Bobur endi Movarounnahrdan tamoman umidini uzib, yana Kobulga qaytdi va 1526-yilga qadar Kobulni idora qildi. So‘ngra Kobulni ikkinchi o‘g‘li Komron Mirzoga qoldirib, o‘zi Hindiston sari yurish boshladi. Hindistonda qudratli va shavkatli saltanat egasi boʻlganida ham Vatan xayoli, ayriliq alami Bobur Mirzoni aslo tark etmagan va u quyidagi hasratli satrlarni bitgan edi:
«Tole yo‘qi jonimgʻa balolig‘ bo‘ldi,
Har ishniki ayladim, xatolig‘ bo‘ldi.
О‘z yerni qo‘yib, Hind sori yuzlandim,
Yo rab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi.»


Boburiylar saltanati

Bobur podshoh 1526-yilning 21-aprelida Delhi hukmdori Ibrohim Lo‘diy qo‘shinlarini tor-mor keltirdi. Bu g‘alaba natijasida Bobur podshoh Shimoliy Hindistonni egalladi. 1526-yilning 27-aprelida Dehli shahrida podshoh Bobur nomiga xutba o‘qildi. Shu tariqa Hindistonda boburiylar sulolasiga asos solindi. Bobur podshoh Hindistonda bir-biri bilan dushmanlik kayfiyatida bo‘lgan mayda mustaqil rojalarni ham qilich, ham siyosat yo‘li bilan birlashtirdi va markazlashgan yirik saltanatni barpo etdi. Bu saltanat 1858-yilda Buyuk Britaniya Hindistonni to‘liq bosib olguniga qadar hukm surdi.
Chet ellarda, shu jumladan, Hindistonning о‘zida ham Bobur podshohni va uning avlodlarim ʻʻbuyuk moʻgʻullarʼʼ deb atashgan. Bu mutlaqo xato. Boburiylar yurtdoshimiz, temuriyzoda Boburning avlodlaridir. Ular tarixiy hujjatlarda о‘zlarini ʻʻboburiy mirzolarʼʼ deb yuritishgan. Boburiylarning mo‘g‘ullar deb xato atalishiga yevropaliklarning Amir Temurni va temuriylarni mo‘g‘ullardan kelib chiqqan deb noto‘g‘ri hisoblashlari sabab bo‘lgan.
So‘nggi yillarda ʻʻBuyuk moʻg‘ullarʼʼ deb atalgan ibora o‘rnida ʻʻboburiylarʼʼ iborasi qo‘llanilishi bilan tarixiy haqiqat tiklandi.


Bobur podshoh 1530-yilning 26-dekabrida 47 yoshida vafot etdi. Uni Agra shahrida, Jamna daryosi yonidagi ʻʻBog‘i Oromʼʼga dafn etadilar. Uning vasiyatiga ko‘ra, bir necha yildan so‘ng Bobur podshoh jasadi Kobuldagi ʻʻBog‘i Kalonʼʼga ko‘chiriladi. Bu bog‘ni Boburning o‘zi katta mehr bilan obod qilgan edi. Keyinchalik bu bog‘ ʻʻBog‘i Boburʼʼ deb atala boshlagan. Bobur Sharq mamlakatlari taxtiga munosib hukmdorlarning yorqin namoyandalaridan biridir. Bobur bobokaloni Amir Temurdek bunyodkorlik ishlariga katta e’tibor bilan qaragan davlat arbobi edi. Dovyurakligi va jasurligi uchun u yoshligidan ʻʻBoburʼʼ (Sher) laqabini oladi. Bobur podshoh davlat ishlarini yuritishda adolat bilan yo‘l tutgan. Turli dinga mansub xalqlarning diniy e’tiqodini, urf-odatlarini kamsitmagan, aksincha, hurmat bilan qaragan. Shuningdek, Bobur podshoh unga hamroh, safdosh bo‘lgan arboblardan kimki o‘z vataniga qaytishini istagan bo‘lsa, ularning ra’yini qaytarmay, ularga ruxsat bergan, ayni paytda xizmatlariga yarasha muruvvat ham ko‘rsatgan.

Bobur – buyuk mutafakkir

Zahiriddin Muhammad Bobur bilimga chanqoq buyuk davlat arbobi boʻlgani uchun ham bilim olishga intilgan mutafakkirlarga hamisha otalarcha g‘amxo‘rlik qilgan. Uning o‘zi ham ajoyib olim, turkiy nazmda asarlar bitgan Alisher Navoiydan keyin turadigan tengi yo‘q shoir, yirik bastakor edi. Bobur o‘zining ʻʻBoburnomaʼʼ hamda ʻʻMubayyinʼʼ, ʻʻTurkiy devonʼʼ kabi asarlari bilan mashhur ijodkor hamdir. ʻʻBoburnomaʼʼ asari Movarounnahr, Xuroson va Hindiston tarixini to‘g‘ri aks ettirgan asardir. Bu xotira asarlar sirasiga kiradi. Asar 1493–1529-yillar oralig‘ida bo‘lib o‘tgan tarixiy voqealar haqida yilma-yil hikoya qiladi. Asarda ba’zi temuriyzoda hukmdorlarning birgalashib umumiy dushmanga qarshi kurashish o‘rniga o‘z dushmanlari bilan o‘z manfaatlari yo‘lida (Vatan manfaati yo‘lida emas) kelishishga qilgan harakatlari tanqid qilinadi. «Bobur o‘z kitobida Hindiston haqida, jumladan, quyidagilarni yozib qoldirgan: ʻʻHindiston… bizning viloyatlardan o‘zgacha olamdir. Tog‘ va daryosi, salirosi, hayvonot va nabototi, eli va tili, yomg‘iri va yeli — barchasi o‘zgachadir… Hindistonning aksari viloyati tuz yerdan bo‘libtur… indistonning bir ulug‘ aybi budurkim, oqar suvi yo‘qtur…ʼʼ.» Uning ʻʻMubayyinʼʼ asari esa islom huquqshunosligi va islom dinining asoslari, xususan, namoz, zakot va haj ziyoratining mezonlariga bag‘ishlangan. Bobur, ayni paytda, ʻʻXatti Boburiyʼʼ deb ataluvchi alifbo ham yaratgan.


Bobur hamisha barhayot

O‘zbekiston Respublikasi hukumatining qarori bilan 1993-yilda Bobur tavalludining 510 yilligi keng miqyosda nishonlandi. Boburning buyuk xotirasini ulug‘lash yo‘lida katta ishlar amalga oshirildi. Chunonchi, Andijonda Bobur haykali o‘rnatildi, ramziy qabr maqbarasi qurildi. ʻʻBobur milliy bog‘iʼʼ va shu bog‘ qoshida ʻʻBobur va jahon adabiyotiʼʼ nomli muzey tashkil etildi.


«Mubayyin — bayon etilgan.


Rojalar — Hindistondagi mahalliy hukmdorlar.»