Shayboniyxon hokimiyatining kuchayishi
Dashti Qipchoq qabilalarining rahnamolari Abulxayrxon vafotidan soʻng boshlangan o‘zaro qirg‘inlarning yana takrorlanishini aslo istamas edilar. Shu tufayli ular Muhammad Shayboniyxon timsolida bunday qirg‘inga yo‘l qo‘ymaydigan qodir shaxsni ko‘rdilar. Bundan tashqari, Dashti Qipchoq qabilalari ko‘pdan buyon o‘troq hayot tarzida yashashni orzu qilib kelishardi. Bu orzuning ushalishi o‘zgalarning unumdor yerlarini bosib olish hisobiga ro‘yobga chiqishi mumkin edi. Qabilalar rahnamolari Muhammad Shayboniyxonni o‘z orzularini ro‘yobga chiqarishga qodir birdan bir shaxs deb hisoblashdi. Shu bois ham ular va ruhoniylar kuchli yollanma qo‘shinga ega bo‘lgan Muhammad Shayboniyxonni qo‘llab-quvvatlashadi. Ular yerlari unumdor, hunarmandchiligi rivojlangan o‘lkalarda, birinchi navbatda, Movarounnahrda Muhammad Shayboniyxon hokimiyatining o‘rnatilishi o‘troq hayotga o‘tish imkonini berishini ham yaxshi bilganlar. Bu omillar Muhammad Shayboniyxon hokimiyatining kuchayishiga yordam berdi.
Muhammad Shayboniyxonning Movarounnahrdagi ichki siyosiy vaziyatni yaxshi bilgani ham uning nufuzini yanada oshirdi. Ayni paytda, Movarounnahr aholisi temuriyzodalarning toj-taxt uchun o‘zaro kurashlaridan charchagan ham edi. Movarounnahr zodagonlari, ruhoniylari va hatto oddiy aholining ma’lum qismi ham Muhammad Shayboniyxon timsolida Movarounnahrda tinchlik o‘rnatishga qodir yagona shaxsni ko‘rganlar. Shu sababli Muhammad Shayboniyxonni qo‘llab-quvvatlashgan. Shu tariqa, Muhammad Shayboniyxonning Temuriylar saltanati hududlarida ham o‘z hokimiyatini o‘rnatishi uchun barcha zarur shart-sharoit yetilgan edi.
Movarounnahrda Shayboniyxon hukmronligining oʻrnatilishi
Muhammad Shayboniyxonning asosiy maqsadi temuriylar saltanatiga butunlay barham berish edi. Bu maqsadni ro‘yobga chiqarish uchun u 1499-yilda o‘rnatilishi Movarounnahrga harbiy yurish boshladi. Bu yurish davomida raqiblarini sarosimaga solib qo‘ygan jang usuli — to‘lg‘amani qoʻlladi. U Samarqandni dastlab 1500-yilda qisqa muddatga bo‘lsa-da egalladi va yangi o‘zbek davlati — shayboniylar davlatiga asos soldi. 1501-yilda esa Samarqandni uzil-kesil bo‘ysundirdi. Samarqand taxti egallangach, Sulton Ali Mirzo qatl etildi. Katta qo‘shinga ega bo‘lgan Muhammad Shayboniyxon endi butun Movarounnahrni egallashga kirishdi. 1503-yilda Toshkent va Shohruxiya shaharlari egallanadi. Shayboniyxon Ulug‘bek Mirzoning Abulxayrxonga uzatilgan qizi Robiya Sultonbegimning o‘g‘illari bo‘lgan amakisi Ko‘chkunchi Sultonni Turkistonga va uning ukasi Suyunchxo‘ja Sultonni Toshkentga, o‘zining ukasi Mahmud Sultonni Buxoro viloyatlariga hokim etib tayinladi. 1504-yilda esa Farg‘ona egallandi. Shayboniyxonning harbiy yurishlarida eng faol qatnashgan amakisining o‘g‘li Jonibek Sultonga Axsi va Andijonni tortiq qildi. Jonibek Sulton Abulxayrxonning yana bir o‘g‘li Xo‘ja Mahmud Sultonning o‘g‘li edi. Shu tariqa butun Movarounnahrda shayboniylar sulolasi hukmronligi o‘rnatildi. Samarqand shahri poytaxt etib belgilandi.
Xorazm va Xurosonning egallanishi
Muhammad Shayboniyxon Movarounnahrda mustahkamlanib olgach, endi Xorazmni zabt etishga kirishdi va 1505-yilda uni bosib oldi. 1505-yil kuzida esa Xurosonga yurish boshladi. So‘nggi yillarda o‘zaro ichki nizolar oqibatida inqirozga yuz tutgan temuriylarning Xuroson davlatini egallashi qiyin bo‘lmadi. 1506-yilda Balx, 1507-yilda esa Hirot egallandi. Shundan so‘ng Hirot o‘zining iqtisodiy, siyosiy va madaniy markaz sifatidagi nufuzini yo‘qotdi. Xurosonning ham bo‘ysundirilishi bilan amalda Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz — Samarqand qo‘l ostida birlashtira oldi. Binobarin, u temuriyzodalar amalga oshirolmagan ishni bajara oldi. Bu uning davlatchiligimiz oldidagi xizmatidir. Shu tariqa Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni o‘z ichiga olgan hududda Muhammad Shayboniyxon hukmronligi o‘rnatildi va davlatchiligimiz tarixida shayboniylar sulolasi hukmronligi davri boshlandi.
Eron shohi Ismoil Safaviy bilan qonli to‘qnashuv
Bu vaqtda Eronda shoh Ismoil Safaviy hukmdorlik qilayotgan edi. U оʻz davri uchun katta va qudratli qo‘shin tuza olgan edi. Ismoil Safaviy tuzgan saltanat tarixda Safaviylar davlati nomi bilan mashhur. Shoh Ismoil davlati kattagina hududlarni o‘z ichiga olardi. Bu davlatning bir sarhadi Xuroson bilan, ikkinchi sarhadi esa Usmonli turklar davlati bilan tutashgan edi. Shoh Ismoil boshliq Eron safaviylarining Xurosonga tazyiqi tobora kuchayib, talonchilik harakatlari avj oldi. Endi bu ikki hukmdor o‘rtasida urush boʻlishi muqarrar bo‘lib qoldi. Nihoyat 1510-yilda ikki hukmdor qo‘shini to‘qnashdi. Marv yaqinida bo‘lgan jangda Eron qo‘shini g‘alaba qozondi. Shayboniyxon va uning safdoshlari jangda halok bo‘lishdi. Bu g‘alaba tufayli shoh Ismoil butun Xurosonni egalladi.
Etnik jarayonlar
Siz VII sinfda bilib olganingizdek, Movarounnahr va Xorazmda o‘zbek xalqi IX–XII asrlarda shakllangan. To‘g‘ri, bu hududlarda yashagan ajdodlarimiz XVI asrgacha hali yoppasiga o‘zbeklar deb atalmaganlar. Qadim-qadimdan tarixiy turkiy etnik guruhlar nafaqat bizning ona zaminimizda, balki boshqa o‘lkalarda, shu jumladan, Dashti Qipchoqdaham uzoq yillar davomida yashab kelganlar. Dashti Qipchoqni XIII asr boshlarida zabt etgan mo‘g‘illar bu o‘lkada yashovchi turkiy qabilalar tarkibiga singib ketganlar va o‘z milliyligini yo‘qotganlar. Shayboniylar yurtimizni egallagach esa Dashti Qipchoqdayashovchi turli o‘zbek qabilalari Movarounnahr va Xorazmga kо‘chib kela boshlaganlar. Bu hodisa Vatanimiz hududidagi etnik jarayonga ta’sir etmay qolmagan. Chunonchi, XVI asrdan boshlab Dashti Qipchoqda ham yashovchi o‘zbek qabilalari ko‘chib kela boshlagach, yurtimizda o‘zbek xalqining tarkibi kengayib bordi. Ikkinchidan, ko‘chib kelgan turli o‘zbek qabilalari iqtisodiy va madaniy taraqqiyot jihatidan o‘zlaridan ustun bo‘lgan mahalliy qardoshlari bilan tabiiy suratda yaqinlashdilar. Uchinchidan, ular o‘troq hayotga moslashib, shu turmush tarziga xos hamma ijobiy jihatlarni qabul qildilar va bora-bora Movarounnahr va Xorazmda avvaldan yashab kelayotgan qardoshlari tarkibiga singib ketganlar. Faqat hukmron qabila sifatida ulardan mahalliy aholiga ʻʻo‘zbekʼʼ degan etnik nom o‘tgan, xolos. Shu tufayli XVI asrdan boshlab Movarounnahr va Xorazmning mahalliy aholisi ham umumiy nom bilan o‘zbek deb atala boshlagan. Bundan o‘zbek xalqi XVI asrda shakllangan, degan xulosa chiqmasligi lozim.