Soʻfi Olloyor oʻzbek mumtoz adabiyotida tasavvuf adabiyoti anʼanalarini izchil davom ettirib, oʻziga xos maktab yaratgan adib, shoir va mutafakkirdir. Shoir 1644-yilda Kattaqoʻrgʻon bekligiga qarashli Minglar qishlogʻida Olloquli (Temiryor) xonadonida dunyoga kelgan. Soʻfi Olloyor dastlab Shayxlar qishlogʻi masjidi qoshidagi maktabda, soʻng Buxorodagi madrasalarda taʼlim olgan. Madrasani tugatgandan keyin Joʻybor shayxlari qoʻlida tahsil koʻrgan. Soʻng Soʻfi Olloyor maʼlum bir muddat Buxoroda, Abdulazizxon saroyida soliq yigʻuvchi boʻlib ishlagan. Lekin tabiatan rahmdil, koʻngilchan Soʻfi Olloyor bu ishda koʻp ishlamadi. Boylik orttirmadi. Ilm olishga, tasavvufni chuqur oʻrganishga, badiiy ijodga qattiq kirishib ketdi. Tinmay ijod etdi. Bunga ham qanoat qilmay oʻzidan bir pogʻona yuqori turgan mashhur mutasavvuf shayx Habibullohga shogird tushdi. Oʻn yildan keyin shayxlik martabasiga koʻtarildi.
«Mutasavvuf shoir bu davr ichida “Maslak ul-muttaqiyin”, “Sabot ul-ojizin”, “Murod ul-orifin”, “Siroj ul-ojizin”, “Mahzan ul-mutin”, “Najot ut-tolibin” kabi diniy-falsafiy asarlar yaratdi. Soʻfi Olloyorning bu asarlarida Qurʼoni karim oyatlari, Hadisi sharif hikmatlari va tasavvuf gʻoyalari ajib bir tarzda uzviy bogʻlanib ketgan. Faylasuf shoir ojizlarga, yoʻldan ozganlarga hidoyat va najot yoʻlini koʻrsatib beradi. Toliblarga toʻgʻri yoʻl koʻrsatadi. Insof-u adolatni, halollik va toʻgʻrilikni, oriflik, oshiqlik, xilvat va uzlatni toʻlib-toshib kuylaydi, nafs va xudbinlikni qattiq tanqid qiladi. Dunyo lazzatlaridan voz kechib, oʻzni Haqning inon-ixtiyoriga topshirish falsafasini ilgari suradi. Markaziy Osiyoda keng tarqalgan Yassaviya — Jahriya tariqati gʻoyalari uchun kurashadi. Soʻfi Olloyor sheʼrlarida dunyoviy ishq-muhabbatni ham toʻlib-toshib vasf etgan. Shoir gʻazallarida qoʻllanilgan badiiy-tasviriy vositalar kishini maftun qiladi:
Koʻrk uchun tushti ziloli laʼla mushkin xattu xol,
Tutti suhbat Xizr ila Kavsar qirgʻogʻinda hilol.
Nargisi masting xumori bodadin gulgunmudir?
Yo budurkim lolazor ichra tushan vahshi gʻizol…»
Soʻfi Olloyor dunyoviy ishq mavzusida bitgan sheʼrlarida ijtimoiy mazmundagi fikrlarini ham bayon etadi. Shoirning quyidagi baytlari fikrimizni toʻla tasdiqlaydi:
» Hech ishim roʻyi zamin ichra kifoyat boʻlmadi,
Baxti kajimni soʻrogʻin berdi Qof arqosida.
Qoʻl sunub olguncha tegdi davr ayogʻi oʻzgaga,
Koʻz yumub ochkuncha umr oʻtti jahon gʻavgʻosida…»
Shoir gʻazallarida mahbubaning maʼnaviy latofatini alohida shukuh bilan tarannum etadi. Ularda tasvir etilgan mahbuba mavhum ilohiy paripaykar, huru gʻilmon emas, siz bilan biz yashab turgan haqiqiy dunyodagi goʻzal qiz siymosi. Soʻfi Olloyorning gʻazallarini dunyoviy adabiyotning yaxshi namunalari qatoriga qoʻyish mumkin.cSoʻfi Olloyorning “Sabot ul-ojizin” deb nomlangan asari falsafiy-didaktik adabiyotning eng yaxshi namunalaridan biridir. Unda pir bilan shogirdlar oʻrtasidagi munosabatlar xususida fikr yuritilgan. Ustozning shogirdlari oldidagi vazifalari, aksincha, shogirdning pir oldidagi burchlari haqida bayon qilingan:
» Kerak murshid bergan monandi ummon,
Muborak botini pur durri marjon.
Jaholat dashtidin kim kelsa suvsab,
Aning tohir suvidan boʻlsa serob.
Agar boʻlsa kase, kim tolibi dur,
Choʻmub botinga jaybin aylasa pur…»
Asarda komil insonni tarbiyalab yetishtirish asosiy masala qilib qoʻyilgan. Muallifning fikricha, inson maʼlum eʼtiqodga ega boʻlishi zarur. Eʼtiqodsiz, aniq maqsadsiz kishi behuda umr kechirgan boʻladi. Umri zoye ketadi. Unga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatish darkor. Soʻfi Olloyor inson feʼlidagi salbiy jihatlarni qanchalik iztirob bilan tasvirlasa, ijobiy tomonlarni shunchalik zavq-shavq bilan kuylaydi. Odamlarni ochiqkoʻngillikka, shirinsoʻzlikka, rahmdillikka, mehr-oqibatga, saxovatga daʼvat etadi:
» Ochuq qoʻllik, kushoda yuzli boʻlgʻil,
Muruvvatlik, muloyim soʻzli boʻlgʻil.
Muloyim til bilan beharbu bezarb,
Birovni keltirurlar sharqdan gʻarb,
Suchuq tildir ajib ganji muazzam,
Ato qilgʻon hech boʻlmagʻay kam…»
Soʻfi Olloyor oʻzbek adabiyoti tarixida tasavvuf taʼlimotini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshgan shoirdir. U oʻz sheʼrlarida soʻfiylikning axloqiy masalalarini keng targʻib qildi. Odam faqat shu yoʻl bilan haqiqat va komillikka erishadi, degan falsafani olgʻa surdi. Soʻfi Olloyor asarlarini fors, arab tillarini puxta bilgan holda sodda oʻzbek tilida уozdi. Shuning uchun shoir asarlari xalq ommasi orasida keng tarqalgandir. Shoir asarlari Toshkent, Qozon, Boku, Istanbul va boshqa shaharlarda toshbosma yoʻli bilan bir necha marta bosilib chiqqan.