SHARAFIDDIN ALI YAZDIY (Vafoti 1454-yil)


Sharafiddin Ali Yazdiy Markaziy Osiyo, Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlarining XIV va XV asr boshlaridagi tarixidan bahs yurituvchi mashhur “Zafarnoma” asarining muallifi sifatida tarix zarvaraqlarida mangu muhrlangan muarrixlardan boʻlib, uning hayoti va faoliyati asosan XV asrning 1-yarmiga toʻgʻri keladi. Sharafiddin Ali Yazdiy Eronning Yazd shahriga qarashli Taft qishlogʻida (Tafti-Yazd deb ham atalgan), taxminan XIV asrning oxirgi choragida tugʻilgan. Uning tarjimayi holi haqidagi maʼlumotlar oʻzining va zamondoshlarining asarlarida keltirilgan dalillardan iborat. Uning otasi Shayx Hoji oʻz davrining yirik olimlaridan sanalib, tariqat ahli — soʻfiylar bilan hamfikr boʻlgan. Manbalarda aytilishicha, Sharafiddin Ali ham yoshligida Yazd soʻfiylari bilan yaqin aloqada boʻlgan. Sharafiddin Ali Yazdiyning bundan keyingi faoliyati haqidagi maʼlumotlar, uning Sherozda Temuriylar saroyida xizmatda boʻlganligi bilan bogʻliq. Shohruxning oʻgʻli Mirzo Ibrohim Sulton 1414-yili otasi tomonidan Eronning Fors viloyatiga (markazi Sheroz) hokim qilib tayinlanadi. 1435-yilgacha Sharafiddin Ali ana shu shahzodaning saroyida xizmat qiladi.


Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Sharafiddin Alidan qolgan ilmiy-adabiy meros, adabiyot va til uslubi, sheʼriyat nazariyasi, ilmi nujum, falsafa, tasavvufning nazariy masalalari boʻyicha yozilgan asarlardir. U “Sharaf” taxallusi bilan sheʼrlar yozganligi ham maʼlum. Yazdiyning 1446-yili Hirotga kelgani, bu yerdan Samarqandga Ulugʻbek huzuriga borganligini ham taxmin qilish mumkin boʻlsa-da, biroq bu uzoq vaqt davom etgan emas. Aftidan, Shohrux vafoti (1447-yil)dan keyin tez orada Sharafiddin Ali oʻz vatani Taftga qaytib keladi va shu yerdagi xonaqohga joylashib, umrining oxirigacha shunday yashaydi. U hijriy 858 (milodiy 1454)-yili vafot etadi va shu xonaqohga dafn etiladi. «Sharafiddin Ali Yazdiy qalamiga mansub ilmi nujum, sheʼriyat va tariqat nazariyasiga oid bir qancha asarlar borki, ularni birma-bir sanab oʻtishni lozim topdik:

1. “Hulal-i mutarraz dar muammo va lugʻaz” (“Muammo va topishmoqlar borasida bezakli joma”).
2. “Muntaxibi Hulal” (Mazkur asarning qisqartirilgan bayoni).
3. “Mavotin yo manozir dar muammo” (“Muammo fanida manzaralar”).
4. “Qunh uz-zod dar ilm-i vaqf-i aʼdod” (“Adadlar muvofiqligi ilmida haqiqat choʻqqisi”).
5. “Al-kitob fi ilm-i usturlob” (“Usturlob ilmi boʻyicha kitob”).
6. “Devoni Sharafi Yazdiy” (“Sharafi Yazdiyning sheʼrlar toʻplami”).
7. “Haqoyiq at-tahlil” (“Tahlil, yaʼni “La ilaha illalloh”ning haqiqatlari”).
8. “Sharhi “Qasidai burda” (“Qasidai burda”ning sharhi”).
9. “Sharhi “Asamoi Alloh” (“Alloh ismlari”ning sharhi”).
10. “Tuhfat ul-faqir va hadyat ul-haqir” (“Faqirning tuhfasi-yu haqirning hadyasi”).
11. “Munshaot” (“Xatlar toʻplami”).

Maxsus nomga ega boʻlmagan, ammo Amir Temurning tarixi sheʼriy bayon etilgan asar.» Ushbu asar nomlaridan koʻrinib turibdiki, Sharafiddin Ali Yazdiy oʻz davrining anchagina bilimlari boʻyicha ozmi-koʻpmi maʼlumotga ega boʻlgan. Shuning uchun ham u Temuriy shahzodalar saroyida xizmatga taklif etilib, zamondoshlari orasida maʼlum darajada shuhrat qozongan. Uning tarixnavislik fani namoyandalari qatoridan oʻrin egallashiga sabab boʻlgan “Zarafnoma” asarining bitilish tarixi ham muallifning oʻz davrining yetakchi muarrixlaridan biri boʻlganligini koʻrsatib turibdi. “Zarafnoma” asari “Fathnomayi sohibqiron”, “Tarixi jahonkushoyi Temuriy” degan nomlar bilan ham ataladi, lekin tarix fanida u koʻproq “Zafarnoma” nomi bilan mashhur. Asar tuzilishi jihatidan ikki qismga: Amir Temurdan oldingi davr tarixidan umumiy tarzda soʻzlovchi “Muqaddima” va bevosita Amir Temur davri tarixini yorituvchi asosiy qismga boʻlinadi. Har bir qism uchun alohida-alohida yozilgan, koʻp jihatdan mushtaraklikka ega boʻlgan soʻzboshilarda muallif mazkur qismlarning yozilish tarixini yoritib beradi. U har ikki qism ham Shohruxning oʻgʻli Ibrohim Sultonning tashabbusi bilan yozildi, deb koʻrsatadi.


Muallifning taʼkidlashicha, Ibrohim Sulton oʻz bobosi Amir Temur haqida maxsus kitob yozilishini niyat qilgan va hijriy 822 (milodiy 1419–1420)-yilda oʻz vaqtida baxshiy va munshiylar tomonidan Amir Temur haqida turkiy, forsiy tillarda yozib qoldirilgan mavjud maʼlumotlarni yigʻib kelish haqida farmon chiqargan. Bu ish amalga oshgandan soʻng mazkur maʼlumot-hujjatlarni oʻrganishga kirishilgan. “Muqaddima”da bu hol quyidagicha bayon etilgan: “Тoʻplanilgan maʼlumotlar voqealarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan kishilar hikoyasi bilan taqqoslab boʻlingach, bu maʼlumotlar bilan Sharafiddin Ali tanishib chiqib, Ibrohim Sultonga axborot berishi lozim boʻlgan. Ibrohim Sulton maʼqullagandan keyin esa Yazdiy “Muqaddima”ni tuzishga kirishgan”.
Amir Temur davridan soʻz yuritiladigan qism — “Zafarnoma”ning bosh soʻzboshisidan quyidagilarni bilib olamiz: “Podshohlikning barcha tomonlaridan Temur haqidagi turkiy va forsiy tillarda bayon qilingan hikoyalarning hamma sheʼriy va nasriy nusxalari toʻplanib boʻlingach, maʼlumotlar bilan tanishish uchun uchta guruh tuzilgan. Turkiy va forsiy tillarning bilimdonlari ikki guruhni, voqealarni oʻz koʻzi bilan koʻrganlar esa uchinchi guruhni tashkil etganlar. Dastlab Temur haqidagi har bir hikoya oʻqilgan, agar uning mazmuni voqealarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan kishining talqiniga toʻgʻri kelmay qolsa, Ibrohim Sulton haqiqatni tiklash uchun turli shaharlarga choparlar yuborib, mazkur voqeani Amir Temurning yana boshqa zamondoshlaridan surishtirgan yoki qoʻshimcha maʻlumotlar toʻplangan. Ana shu qoʻshimcha guvohlar hikoyatlarini ham tinglagach, Ibrohim Sulton aytib turgan va kotiblar yozib borgan. Shu tarzda asarning dastlabki xomaki nusxasi tuzib chiqilgan. Soʻng ana shu xomaki nusxa asosida Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarini yozgan.


Ibrohim Sultonning qatʼiy buyrugʻiga asosan kitobni уozish vaqtida sanalar, joy nomlari, ular orasidagi masofa oʻlchovlari haqidagi barcha maʼlumotlar juda sinchiklab tekshirilishi lozim boʻlgan. Sharafiddin Ali Yazdiydan esa asarni jonli til bilan tushunarli qilib yozish talab etilgan va shuningdek, hujjatlarga qatʼiy rioya qilishi, Ibrohim Sultonning bevosita shaxsiy nazorati ostida tuzilgan dastlabki xomaki yozuvdan aslo chetga chiqmasligi hamda hech narsani boʻyab koʻrsatmasligi shart qilib qoʻyilgan”. “Zafarnoma” asarini oʻqir ekanmiz, Sharafiddin Ali Yazdiy daliliy maʼlumotlarni keltirish borasida haqiqatan ham Ibrohim Sulton qoʻygan shartlarga rioya qilganligini koʻramiz. Biroq bu shartni asarning til uslubi, ayrim shaxslarning sifatlarini haddan ziyod tavsiflash hollariga nisbatan rioya qilingan deb boʻlmaydi. Asar til uslubi jihatidan fors tilining oʻsha XV asr adabiy uslubini mukammal bilgan savodxon uchun moʻljallangan, hatto uni oʻz davri uchun tarixiy voqealar asosida yozilgan badiiy asar sifatida ham qabul qilish mumkin. Asarning “Muqaddima” qismini Sharafiddin Ali Yazdiyning oʻzi “Tarixi jahongir” deb nomlagan, lekin fanda “Muqaddima” nomi bilan mashhur va “Zafarnoma”ning ajralmas qismi hisoblanadi. Shu bilan birga, hajmi katta boʻlganligi tufayli boʻlsa kerak, qoʻlyozma nusxalari alohida mustaqil asar sifatida ham tarqalgan. U soʻzboshi, ikki fasl va xotimadan iborat. “Muqaddima”dan koʻzda tutilgan maqsad Amir Temur shajarasini bayon etish va uning oʻzidan oldin oʻtgan hukmdorlardan davlat arbobi va lashkarboshi sifatidagi ustunligini isbotlab berishdan iboratdir. Shu munosabat bilan muallif turkiy qabilalarning kelib chiqish tarixi va Chingizxonning toʻrt ulus tarixini, XIV asr 1-yarmida Markaziy Osiyo va unga qoʻshni mamlakatlardagi siyosiy vaziyatni bayon etadi, tarqoqlik va oʻzaro urushlarning kuchayishini va bu hol Movarounnahrda markazlashgan davlat tuzgan Amir Temurning tarix maydonida paydo boʻlishiga bir qadar shart-sharoit yaratilganligini koʻrsatib beradi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”ga Amir Temur davri tarixidan tashqari, undan oldingi asrlardagi tarixni ham (garchi umumiy tarzda boʻlsa ham) kiritishi tasodifiy emas.


“Zafarnoma” asarining asosiy qismi esa muallifning dastlabki rejasiga koʻra, uchta maqoladan iborat boʻlmogʻi lozim boʻlgan. Birinchi maqola Amir Temurga, ikkinchisi, uning oʻgʻli Shohruxga va uchinchisi, Shohruhning oʻgʻli va Sharafiddin Ali Yazdiyning homiysi Ibrohim Sultonga bagʻishlanishi koʻzda tutilgan. Biroq “Zafarnoma”ning hozirda fanga maʼlum boʻlgan qoʻlyozma nusxalarida keyingi ikki maqola yoʻq, ular yozilmagan yoki bizgacha yetib kelmagan. Sharq tarixnavisligining eng nodir yodgorliklaridan biri va Amir Temur davri tarixining birlamchi manbalaridan boʻlgan “Zafarnoma” uzoq vaqtdan buyon sharqshunos tadqiqotchilar diqqatini oʻziga jalb etib kelmoqda. Daliliy maʼlumotlarning toʻliqligi hamda ishonchliligi tufayli u oʻsha davr manbalari orasida hanuzgacha muhim oʻrin egallaydi. XV va XVI asrlarda “Zafarnoma” qahramonlik qissasi janrida ikki marta sheʼriy yoʻl bilan oʻzbek tilida Lutfiy, fors tilida Abdurahmon Jomiyning jiyani Xotifiy (vafoti — 1521) tomonidan kuylangan edi. XVI asr boshlarida Shayboniylarning dastlabki vakillaridan Koʻchkinchixon (1310–1530) topshirigʻiga muvofiq Muhammad Ali ibn Darvesh Ali Buxoriy tomonidan “Zafarnoma” oʻzbek tiliga tarjima qilingan. Adabiyotlarda Hofiz Muhammad ibn Ahmad al-Ajamiy tomonidan asarning turk tiliga tarjima qilinganligi haqida ham maʼlumot bor. Bulardan tashqari “Zafarnoma” 1822–1823-yillarda Xivada Xudoyberdi ibn Qoʻshmuhammad Soʻfi al-Xivaqiy tomonidan oʻzbek tiliga qisqartirib tarjima qilinganligi ham maʼlum.


XVIII asrdan boshlab “Zafarnoma”ning ayrim qismlari fransuz (Peti de la Kroa, 1713), ingliz (J. Darbi, 1723) va rus tiliga ham tarjima qilingan. Asarning forscha matni esa 1887–1888-yillarda Kalkuttada (Hindiston), 1958-yili Tehronda (Eron) chop etilgan. Biroq bu nashrlarda asarning “Muqaddima” qismi hamda zaruriy koʻrsatkichlar berilmagan. 1972-yili Toshkentda asarning har ikki qismini qamragan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan 4472-raqamli qoʻlyozmaning faksimile nashri amalga oshirildi. Shunda tarixiy manbalar ilmiy nashri uchun zaruriy boʻlgan soʻzboshi va turli koʻrsatkichlar bilan birga asar matnining har xil nusxalari va nashrlari orasidagi farqlar ham qayd etildi.
Keyingi yillarda Sharqshunoslik instituti tomonidan “Zafarnoma”ning hozirgi oʻzbek tilidagi ilmiy izohli tarjimasi nashrga tayyorlandi va chop etildi.