Sayyid Podshoxoja ibn Abdulvahhobxoja mutafakkirning toʻliq ismi boʻlib, Xoja uning taxallusidir. Xoja 1480-yili Niso shahrida dunyoga kelgan. U dastlab otasi qoʻlida, soʻngra Niso va Marv madrasalarida mufassal taʼlim olgan. Ijtimoiy faoliyatini 1496-yil yozida temuriyzodalardan Niso viloyati hukmdori Kepak Mirzo hukumatida sadrlik (yer oʻlchovchi) bilan boshlagan.
1508-yili Niso va Obivard viloyatlari Shayboniylar tomonidan zabt etilganda Xoja yetuk shoir va adib sifatida tanilgan edi. Shu yili Shayboniyxon urushdan qaytayotganida Nisoda toʻxtab, Xojani Durun viloyatiga hokim qilib tayinlaydi. Shu orada Nisoga shoir amir Muhammad Solih hokim etib yuborildi. 1510-yili kech kuzida Xoja va Muhammad Solih Marv mudofaasiga keladilar, Shayboniyxon halokatidan keyin esa Xoja mamlakat ichkarisiga — dastlab Samarqand va keyin Buxoroga kelib yashay boshlaydi. 1514-yilgacha Temur Sulton, keyin Koʻchkinchixon xizmatida boʻlib, 1515–1516-yillardan eʼtiboran Karmana hokimi Jonibek Sulton hukumatida jumlatulmulk, sadrlik lavozimlarida faoliyat olib boradi. U 1529-yili Buxoro hokimi Ubaydulloxon zamonida qisqa vaqt shayxulislomlik qilgan. 1534-yili Ubaydulloxon Nishopurga kelganda Balx hokimi Kistan Qaro undan Xojani Balxga yuborishini soʻraydi. Shundan soʻng Xoja Balxda avval sadrlik, koʻp oʻtmay esa shayxulislomlik vazifasini bajaradi. 1543-yili hokim Kistan Qaro ruhiy kasallikka chalingandan keyin Xoja oʻz vazifasidan ketib ijod bilan mashgʻul boʻldi.
Xoja 1547-yili Buxoroda vafot etadi va Bahouddin Naqshband maqbarasi yoniga dafn qilinadi. Xojaning bizgacha Temur Sultonga atalgan “Miftoh ul-adl” (“Adolat kaliti”, 1508–1510-yillar), Kistan Qaro Odilga bagʻishlangan “Gulzor” (1538-yil) falsafiy-axloqiy asarlari va Jonibek Sultonga atalgan “Maqsad ul-atvor” (1514–1520-yillar) axloqiy-didaktik masnaviy-dostoni hamda bir necha gʻazallari yetib kelgan. Hasanxoja Nisoriyning “Muzakkir al-ahbob” tazkirasida keltirilishicha, Xoja “Layli va Majnun” nomli asar ham yozgan, ammo bu asar haligacha topilgani yoʻq. Xoja buyuk mutafakkir Alisher Navoiyga ergashib, “Xamsa” yaratish orzusida boʻlgan boʻlishi mumkin. Xojaning “Miftoh ul-adl” va “Gulzor” nomli asarlari aksar qoʻlyozmalarda bitta kitob qilib muqovalangan. Bu ikki asar mazmun jihatidan bir-biriga yaqin turadi. “Miftoh ul-adl” asari oʻn besh bobdan tashkil topgan boʻlib, har bir bobda ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-taʼlimiy masalalarga bagʻishlangan biror nazariya, koʻp hollarda hadis yoki Qurʼon oyatlaridan keltiriladi va ularni izohlash maqsadida shoir “Nazir hikoyatlar” bayon qilib, oʻzining xulosasi bilan yakunlaydi. Masalan, asarda keltirilgan boblar: “Olimlarning bayoni”, “Odil sultonlarning bayoni”, “Zolim sultonlarning va zolim beklarning bayoni”, “Sultonlarga muteʼ boʻlmoqning bayoni”, “ Oʻgʻurlikning bayoni”, “Zino haddining bayoni” kabi masalalar tahliliga bagʻishlangan.
Xoja har bir bobda insoniyat maʼnaviy taraqqiyotida barcha davrlar uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan muammolarni izohlab berishga harakat qilgan. Shoirning “Gulzor” asari ham mazmun va koʻtarilgan muammolarning dolzarbligi bilan “Miftoh ul-adl”ga oʻxshab ketadi. Xoja “Gulzor” asarini Balx davlatining shayxulislomi lavozimida turib, xonning din borasidagi maslahatchisi boʻlgan paytida yozgan. Din homiylari esa u paytlarda katta nufuzga ega boʻlganlar. Binobarin, Podshoxoja asari ham beklar uchun davlatni boshqarish, xalq bilan qanday munosabatda boʻlish haqida bitilgan oʻgitlarga toʻla asar hisoblanadi. “Maqsad ul-atvor” dostoni Xoja dunyoqarashini oʻrganishda muhim manba boʻlib xizmat qiladi. Xoja insonni faqat yaxshilik qilish uchun yaratilgan, deb biladi va undagi salbiy illatlarni aql-zakovat va donolik yordamida yoʻqotish mumkinligiga ishonadi. Xoja zeb-ziynat, boylik va martaba insonga maʼnaviy fazilat bermaydi, degan xulosaga keladi. Shuning uchun ham u oʻz qarashlarida xon, bek va katta mol-dunyo egalari boʻlgan kishilarni insofli, diyonatli, saxovatli boʻlishga chaqirib, beva-bechoralar, kambagʻal-qashshoqlar haqidan qoʻrqmaydigan sitamgar, zolim, qonxoʻr, xasis kishilarni fosh qiladi.
Xoja oʻz davrining yetuk mutafakkiri, shoiri, din va tasavvuf ilmlarini ham chuqur egallagan, oʻsha davrda Movarounnahrda kuchli oqimga aylangan yassaviya, qalandariya, naqshbandiya tariqatlari mohiyatini toʻla anglab yetgan shayxulislom darajasiga koʻtarilgan siymolardan biri edi. Xoja oʻz qarashlarida yer yuzidagi barcha insonlarni dini, jinsi, irqi, millati, tili qanday boʻlishidan qatʼi nazar xudo yaratgan bandalar, deb biladi, kishining jamiyatdagi oʻrni, mavqeyi, martabasi qanaqa — shohmi, gadomi — Haq taolo oldida teng va javobgar ekanligini aytadi. Shu bois inson nafsoniy havaslarga berilib, oʻtkinchi dunyo tashvishlariga mukka ketmasligi, botiniy dunyo gʻamini ham yoddan chiqarmasligi kerak degan fikrni olgʻa suradi. Haqga ruhiy komillik tufayli erishish mumkin. Buning uchun inson rostgoʻy, halol, diyonatli, insofli, mehr-shafqatli, kamtar boʻlmogʻi, boshqalarga yaxshilik qilib, mehr-oqibat koʻrsatish fikri bilan yashamogʻi, dilozorlik, oʻgʻrilik, munofiqlik kabi yaramas illatlarni aql-farosat va qanoat bilan yengib oʻtmogʻi kerak. «Inson bu dunyoda nimaiki ish qilmasin, qanday sharoitda yashamasin undan faqat yaxshilik qoladi:
Odam uldirkim, jahonda yaxshi soʻzdin pand olur,
Qolmas ushbu odam, ammo olam ichra soʻz qolur.
Soʻzki keldi arshdin yer yuzini islom uchun,
Oyati Qurʼondur ulkim, nuridin partav solur.
Qolgan barcha narsalar oʻtkinchi va bu zohiriy dunyo mohiyatinigina aks ettiruvchi hodisalardir.» Xoja jamiyatda ijtimoiy adolat barpo etilishi uchun shu jamiyatni boshqarib boradigan sulton, bek va yirik amaldor shaxslar, islom dini homiylarini insof va diyonatga, toʻgʻrilik va halollikka daʼvat etadi, jamiyatning har bir aʼzosi oʻz huquq va burchidan toʻgʻri foydalansin, degan fikrga keladi. Ayniqsa, uning mukammal jamiyatda odam teng huquqli boʻlishi lozim, degan fikri diqqatga sazovordir. Shoir inson muayyan ijtimoiy muhitda, taʼlim-tarbiya natijasida yaxshi xulqli boʻlishi mumkin, deb oʻylaydi. Adib oʻzining “Maqsad ul-atvor” asarida din va ilm kishini rostgoʻylikka, halollikka, poklikka, yomonni yaxshidan ajratishga oʻrgatadi, degan fikrni ilgari suradi. XVI asrning yetuk shoirlaridan Bobur Xojaning bir necha gʻazallari bilan tanishib, unga ijodkor sifatida hurmat bilan qaraydi va oʻzining mulohazalari, maslahatlarini berib turadi. Xojagon tariqatining XVI asrdagi buyuk targʻibotchilaridan boʻlgan mutasavvuf olim Maxdumi Aʼzam Kosoniy asarlarida Xojani “yuksak parvozli lochin” deb taʼriflaydi.