Amir Avazbiy oʻgʻli Shermuhammad, adabiy taxallusi Munis Xorazmiy XVIII asrning 2-yarmi va XIX asrning boshlarida Xorazmda yashab ijod etgan shoir, tarixnavis olim, tarjimon, xattot va maʼrifatparvardir. Munis oʻzbek adabiyoti, umuman madaniyati tarixida salmoqli oʻrinni egallaydi. U muarrix sifatida oʻzining “Firdavs ul-iqbol” tarixiy asarini yozdi, shoir sifatida devon tuzdi. Tarjimon sifatida tarixiy asarlarni oʻzbek tiliga tarjima qildi, pedagog sifatida “Savodi taʼlim” nomli risola yozdi. Munisning hayoti va ijodini oʻrganar ekanmiz, avvalo uning adabiy va tarixiy asarlariga murojaat qilamiz. U oʻzining “Munis ul-ushshoq” devoniga yozilgan soʻzboshisida va “Firdavs ul-iqbol” nomli tarixiy asarida tarjimayi holiga oid anchagina maʼlumotlar keltirgan. Munis 1778-yili Xivada tugʻildi. U Xivadagi Qiyot qishloqlik Avazbiy Mirobning oʻgʻlidir. Uning ota-bobolari xonlar saroyida miroblik ishlarini boshqarib kelganlar. U yoshlik chogʻlaridan boshlab ilm olishga qiziqib, tarix va adabiyotga mehr qoʻydi. Dastlabki maʼlumotni Qiyot qishlogʻida olib, keyinchalik Xiva madrasalarida oʻqidi. 1800-yilda otasi vafot etgach, Xiva xoni Avazbiy inoq Munisni Xiva saroyining farmonnavis kotibi qilib tayinlaydi. Munis zamonasining mashhur olim, shoir va sanʼatkorlari bilan yaqin aloqada boʻlib, oʻzini ilm-fan, maʼrifatga bagʻishladi. Oʻzidan ilgari yashagan shoir va tarixchilarning asarlarini ishtiyoq bilan oʻrgandi. Bu hol Munisning quyidagi sheʼrida yaqqol koʻzga tashlanadi:
» Voliyi mulki tariqat gar Nizomiydur manga,
Manzili maʼniga Xizri roh Jomiydur manga.
Xotirimgʻa Xisraviydin har zamon shoʻre yetib,
Banda davronning bari shirin kalomidur manga.
Pir Ansoriy soʻzidan choshni nutqum topib,
Soʻzda hosil sharbati yuhyal Nizomiydur manga.
Hofizi Sheroz, Lutfiydin taraqqiylar topib,
Jilvagoh aqli tasavvufning maqomidur manga.
Yuzima Attor har lahza doʻkoni fayz ochib,
Doim andin atrparvar jon mashomidur manga.
Fayzi Firdavsiy gahi koʻnglum ochib firdavsdek,
Goh Xoqoniy futuhining payomidur manga.
Goh taʼbim Anvariy nuri bila ravshan boʻlub,
Goh Saʼdiy jomining fayzi mudomidur manga.
Topibon ishqi Iroqiydin zamirim nashʼayi,
Hosil ahli ishqning shoʻri tamomi dur manga.
Nusxai taʼyid Bedildin topib, Fayzi suxan,
Maʼni ichra nomayi Iqbol nomidur manga.
Qilsa hosil dahl bejo soʻz aro yoʻqdir gʻamim,
Kim bu maʼnida Navoiy ruhi homiydur manga.
Tong emas, Munis, agar boʻlsam Kiromiy qadrikim,
Ustozi zohiru botin — Kiromiydur manga.«
Bu gʻazalda keltirilgan maʼlumotdan Munisning qator Sharq mumtoz shoirlarining ijodidan bahramand boʻlganligi koʻrinib turibdi. Munis yoshligidanoq sheʼr yozish bilan mashgʻul boʻlgan va oʻzidan ilgari oʻtgan tarixchilarning asarlarini zoʻr havas bilan oʻrgangan. Shoir birinchi devonini 1804-yilda tuzdi. 1813-yilda esa barcha sheʼrlarini toʻplab “Munis ul-ushshoq” deb nomlangan devon tuzdi. Oʻzbekiston FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti Sharq qoʻlyozma asarlar fondida Munis devonlarining bir necha qoʻlyozma nusxalari saqlanmoqda. Ulardan 1330-raqamli qoʻlyozma Munis 27 yoshga kirgan vaqtda 1804–1805-yili shoir tarjimayi holidan koʻchirilgan.
«Devon oxirida quyidagi toʻrtlik keltirilgan.
Muniso, toʻkmay yigirma yetti yosh,
Vah, yigirma yetti uzra yetti yosh.
Yosh kabi mashgʻullik qilmoq nedur,
Har qachonkim suhbatingga yetti yosh.»
Shoirning bu devonidan uning gʻazallari, muxammaslari, musaddaslari, ruboiylari va boshqalar oʻrin olgan. Devonning oxirida muallifning “Savodi taʼlim” nomli ilmiy asari ham bor boʻlib, unda xattotlik qoidalari bayon etilgan.
Shoir goʻzallik va muhabbatni kuylagan boʻlsa-da, uning gʻazallarida oʻsha davrdagi ijtimoiy-iqtisodiy hayot ham oʻz ifodasini topgan. Zamonasining ilgʻor fikrli kishisi sifatida oʻzi yashayotgan hayotda faol ishtirok etdi. Munis tarixnavis olim sifatida Xorazm tarixiga oid qimmatli “Firdavs ul-iqbol” nomli muhim tarixiy asarini ijod etdi. «Olim oʻz asarini Sharq tarixchilarining anʼanasiga muvofiq hamd va naʼt boʻlimlar bilan boshlagan. Soʻngra oʻz hayoti va asarining yozilishi haqida qisqacha maʼlumot berib, Xorazm tarixini yozgan. Asar muqaddima, besh bob va xotimadan iborat.» I bobda Odam Atodan to Nuh paygʻambar avlodigacha boʻlgan hodisalar bayon etilgan. II bobda Yofasdan Qoʻngʻirot shoʻbasigacha boʻlgan Moʻgʻul hukmdorlari davri xususida fikr yuritilgan. III bobda Kurlos avlodiga mansub podshohlar davrida sodir boʻlgan voqealar toʻgʻrisida yozilgan. IV bobda Eltuzarxonning ota-bobolari hayoti tasvirlangan. V bobda Eltuzarxonning tugʻilishidan bu asarning yozilib tamom boʻlishiga qadar sodir boʻlgan voqealar xususida qalam tebratilgan. Xotima esa olimlar, avliyolar, amirlar, beklar, shoirlar, hunarmandlar haqida maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. Munis “Firdavs ul-iqbol” nomli asarini boshlab tamomlay olmagan. U qadim zamonlardan boshlab Muhammad Rahimxon I hukmronligining yettinchi yiligacha (1813) boʻlgan voqealarni yozishga ulgurgan. Uning bu chala qolgan asarini shogirdi Ogahiy davom ettirgan. Ogahiy bu asarni qanday qilib davom ettirganligini shunday bayon etadi. Eltuzarxon xonlik qilgan davrda Munisni chaqirib, Xorazm tarixini yozishni buyuradi.
Munis oʻz asarini Shergʻozixon davrigacha yozib yetkazganda Eltuzarxon vafot etadi. Undan soʻng davlat tepasiga uning birodari Muhammad Rahimxon I keladi. Muhammad Rahimxon I Munisga oʻz asarini davom ettirishni buyuradi. Munis asarni davom ettirarkan, Muhammad Rahimxon I hukmronligining yettinchi yilida sodir boʻlgan voqealarni yozib tamomlaganda, xon 1819-yili Munisga Mirxondning mashhur “Ravzat us-safo” nomli tarixiy asarini oʻzbek tiliga tarjima qilishni buyuradi. Munis bu asarning birinchi jildini oʻzbek tiliga tarjima qilib, ikkinchisini davom ettirayotganida Muhammad Rahimxon I vafot etadi. Uning oʻrniga oʻgʻli Ollohqulixon keladi. Bu ham Munisga tarjimani davom ettirishni buyuradi.
Biroq Munis ikkinchi kitobni oxiriga yetkaza olmay, 1829-yili vafot etadi. Ollohqulixon taxtga oʻtirgandan keyin, 1839–1840-yiIi Munisning shogirdi va uning tarbiyasini olgan Ogahiyni chaqirib, 1813-yil voqealarini bayon etish bilan uzilib qolgan “Firdavs ul-iqbol” asarini davom ettirishni buyuradi. Ogahiy 1813-yildan boshlab Xorazmda sodir boʻlgan voqealarni yoza boshlaydi. Tarixnavis olim Munisning “Firdavs ul-iqbol” nomli asari uzoq davrni qamrab olgan Markaziy Osiyo, ayniqsa, Xiva xonligi tarixini oʻrganishda qimmatli tarixiy asardir. Asarda Xorazmning qadimiy davri bilan bir qatorda, Xiva xonligining 1825-yilgacha boʻlgan siyosiy tarixi mufassal bayon etilgan, toj-taxt, boylik uchun olib borilgan kurashlar va shuningdek, Xiva xonlarining qoʻshni turkman va qoraqalpoq xalqlari bilan boʻlgan munosabatlari haqida ham koʻplab maʼlumotlar keltirilgan. Asarda Xiva xonligining ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotini oʻrganish boʻyicha ham anchagina maʼlumotlar bor. Xiva xonligining Buxoro, Qoʻqon xonliklari, Rossiya bilan olib borgan diplomatik va savdo-sotiq munosabatlari, xonlikdagi sugʻorish, soliq, qurilish ishlari oʻsha davrda yashagan olimlar, shoirlar hayoti, ijodi qalamga olingan. Shunday qilib, Shermuhammad Munis Xorazmiy oʻz davrining isteʼdodli shoiri, atoqli tarixnavis olimi, davlat arbobi va mohir tarjimoni boʻlgan. Uning asarlari oʻzbek xalqi madaniyati tarixini oʻrganishda qimmatli manba boʻlib xizmat qiladi.