MIRXOND (1433 – 1498)


Mir Muhammad ibn Sayyid Burhoniddin Xovandshoh ibn Kamoliddin Mahmud al-Balxiy — Mirxond oʻrta asr tarix fanining koʻzga koʻringan namoyandalaridan biridir. Ota-bobolari buxorolik boʻlib, fiqh ilmida zamonasining yetuk olimlari sifatida mashhur boʻlgan. Ulardan Mahmud ibn Ahmad al-Mahbubiy (vafoti taxminan 1300-yil) fiqh ilmida peshqadam olim boʻlganligi uchun “toj ash-sharia” (shariat toji) nomi bilan shuhrat qozongan va Sharqning mashhur fiqh olimi Sayyid Burhoniddin Margʻinoniyning “Hidoya” asariga “Viqoya ur-rivoyat fi inasoil ul-Hidoya” (“Hidoya masalalarini himoya qiluvchi rivoyatlar”) nomli sharh yozgan. Ubaydulloh ibn Masʼud al-Mahbubiy (vafoti 1346-yil) “toj ash-sharia soniy” (ikkinchi shariat toji) nomi bilan tanilgan va “Sharh ul-viqoya”, “An-nihoya muxtasar ul-viqoya” nomli mashhur kitoblar yozib qoldirgan. Mirxondning otasi Sayyid Burhoniddin Xovandshoh ham oʻz davrining bilimdon kishilaridan boʻlib, Temuriylar hukmronligi davrida Balxga kelib qolgan va oʻsha yerda vafot etgan. Mirxond 1433-yili Balxda tugʻilgan boʻlsa-da, umrining deyarli koʻp qismini Hirotda oʻtkazdi. Uning hayoti va ilmiy faoliyatiga oid maʼlumotlar juda kam boʻlishiga qaramay, nabirasi Xondamir “Xulosat ul-axbor” kitobida bobosi haqida quyidagilarni yozadi: “Padarpanoh janob amir Xovand Muhammad yigitlik chogʻlarida turli ilmlarni tahsil etish, nafis fazilatlarni kamolga yetkazish yoʻIida tirishqoqlik va zoʻr mehnat qildi… Qisqa vaqt ichida bilimdonlikda zamon fozillarining peshqadami boʻlib oldi.


U (koʻproq) tarix ilmini kasb qildi va jahon ahvolini ham osori-atiqalarini tahqiq qilishga kirishdi. Oliyjanob xotirani tez fursat ichida bu fanni egallashdan forigʻ qildi, ammo feʼl-u atvori maishat ahli bilan qoʻshilishga yoʻl bermadi, zavq-u shavqqa berilmadi… Dars berish va amr-u maʼrifatga ishtiyoq uning ravshan xotirida aslo koʻrinmadi. Ammo (bu hol)… orzu va omonlikning qiblagohi, yaʼni oliyjanob Sulton (Husayn) hazratlari yaqin doʻsti (Amir Alisher Navoiy)ning huzurlariga borgunicha va uning har turli navozish, marhamat, iltifot hamda muruvvatlarini topmagunlaricha davom etdi”.
Xondamirning yana bir maʼlumotiga qaraganda, Navoiy Mirxondga oʻzining “Ixlosiya” xonaqosidan bir hujra ajratib bergan va undan tarixiy asar yozib berishni iltimos qilgan. Mirxond bu asarni qisqa vaqt ichida yozib tamomlagan, soʻng umrining oxirida, taxminan bir yil Gozirgohda istiqomat qilgan. Mirxond1497-yilning bahorida ogʻir kasallikka chalinib 1498-yilning 22-iyun kuni olamdan oʻtgan. Navoiyning koʻrsatmasi va homiyligi bilan Mirxond yaratgan asarning nomi “Ravzat us-safo fi siyrat ul-anbiyo va-l-muluk va-l-xula-fo” (“Paygʻambarlar, podshohlar va xalifalarning tarjimayi holi haqida jannat bogʻi”) boʻlib, unda dunyoning “yaratilishi”dan to 1523-yilga qadar Markaziy Osiyo, Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlarida boʻlib oʻtgan ijtimoiy-siyosiy voqealar keng bayon etilgan.


“Ravzat us-safo” muqaddima, xotima va jugʻrofik qoʻshimchada tashkil topgan. Asar yetti jilddan iborat: 1) Dunyoning “yaratilishi”dan to Sosoniy Yazdigard III (632–651) davrigacha oʻtgan tarixiy voqealar 2) Muhammad paygʻambar va birinchi toʻrt xalifa davrida boʻlib oʻtgan voqealar; 3) Oʻn ikki imom tarixi, Ummaviya va Abbosiya xalifalari; Abbosiylar bilan zamondosh boʻlgan sulolalar (asosan, Eron, Markaz Osiyo va Hindistonda); 5) Moʻgʻullar, Chingizxon va uning avlodlari, Eron va baʼzi qoʻshni mamlakatlarda moʻgʻullar hamda ulardan keyin Amir Temur davrigacha mavjud boʻlgan sulolalar;
6) Amir Temur va uning zamonidan, to Sulton Abu Said oʻlimigacha (1469-yil) boʻlib oʻtgan voqealar; 7) Sulton Husayn Boyqaro va uning farzandlari tarixi (1523-yilgacha). Xondamirning taʼkidlashicha, ushbu asar bizga maʼlum boʻlgan holda Mirxond tomonidan tugatilmagan. Uning yettinchi jildining matni, shubhasiz, Xondamirning qalamiga mansub. Bu fikrni tasdiqlaydigan quyidagi maʼlumotlarga eʼtibor berish kifoya: Xondamir “Maosir ul-muluk” va “Xulosat ul-axbor”ning xotimasida Mirxondga toʻxtalib, Amir Temur tarixiga oid qogʻozga tushirilgan har xil materiallarga ega boʻlmaganligi uchun, oʻz asarini tugata olmagan va agar fursat topilsa, (Xondamir) bobosi asarini tugatishga yoʻl topgan. Asarda bayon etilgan tarix to 1523-yilgacha yetkazilgan, vaholanki, Mirxond 1498-yili vafot etgan. Yettinchi jildning matni Xondamirning “Habib us-siyar”ini III jild 3-qismining ikkinchi yarmi bilan deyarli bir xil.


“Ravzat us-safo”ning “jugʻrofik qoʻshimchasi” esa Mirxond va Xondamir tomonidan amalga oshirilgan. Unda turli “ajoyibotlar”, baʼzi dengizlar, daryolar, muhim shaharlarning qisqacha taʼrifi bayon etilgan. Asar ustida olib borilgan oxirgi tahrir ham Xondamir tomonidan bajarilgan. Asarning I–VI jildlari bir-biriga bogʻliq boʻlib, mustaqil ahamiyatga ega emas. Uning soʻnggi qismi, xususan, VII jildi original boʻlib, XV asrning 2-yarmi tarixini oʻrganishda katta ahamiyat kasb etadi. “Ravzat us-safo”ning qoʻlyozma nusxalari koʻpgina jahon kutubxonalarida saqlangan boʻlib, asar matni Bombey (1845, 1848, 1864), Tehron (1853–1857, 1954) va Lakxnav (1874, 1883, 1891)da chop qilingan. Asardan ayrim parchalar rus, fransuz, ingliz hamda nemis tillarida koʻp bora nashr etilgan. Asarning eski oʻzbek tiliga oʻgirilgan nusxalari ham mavjud.