Komil Xorazmiy XIX asrda yashab ijod etgan maʼrifatparvar shoir, sanʼatkor, xattot, davlat arbobi, oʻz davri ilgʻor madaniyatining mashhur vakillaridan biridir. Komil shoirning adabiy taxallusi boʻlib, uning asl ismi Pahlavon Niyoz Muhammaddir. Pahlavon Niyoz Muhammad 1825-yilda Xivada, mudarris Abdulla Oxun oilasida tugʻildi. U dastlabki saboqlarni mahalla masjidi qoshidagi maktabdan, soʻng oʻz otasidan oldi. Abdulla Oxun oʻgʻliga arab, fors tillarini oʻrgatdi va adabiyotga havas uygʻotdi. Komil mahalla maktabini tamomlagach, Xiva shahridagi madrasalardan birida tahsil koʻradi, mumtoz adabiyot vakillarining ijodini zoʻr havas bilan oʻrganadi. Navoiyni oʻziga ustoz bilib, unga taqlidan sheʼrlar yoza boshlaydi va tez orada mashhur shoir boʻlib yetishadi. U musiqa va xattotlik sanʼatini ham madrasada oʻqib yurgan davrida oʻrgangan edi. Komildagi isteʼdodni koʻrgan Xiva hukmdori Sayid Muhammad (1856—1865) uni saroyga chaqiradi va u xon saroyida xattot, Muhammad Rahim II Feruz (1864–1910) davrida esa mirzaboshi va devonbegilik lavozimlarida xizmat qiladi.
Komil oʻz asarlarida anʼanaviy ishq-muhabbat, maʼrifatparvarlik, tinch-totuv yashash gʻoyalarini targʻib qiladi. Ammo shoir ijodida maʼrifatparvarlik gʻoyalari yetakchi oʻrinni egalladi. Bunga shoirning “Kamol”, “Dar bayoni taʼrifi va tavsifi Toshkand”, “Tillo soat” kabi asarlari yaqqol misol boʻladi. Komil 1891-yil sentyabr oyida Peterburgga borayotib Toshkentda toʻxtab, “Turkiston viloyatining gazeti” tahririyatining iltimosi bilan “Toshkand” deb nomlangan qasida yozadi. Uning bu qasidasi oʻzbek adabiyotida yangi ijtimoiy taraqqiyotni aks ettirgan yirik sheʼriy asardir. Peterburg, Moskva, Toshkent kabi shaharlarni tomosha qilish, xalq ahvoli bilan tanishish shoir qalbidagi vatanparvarlik hissini yanada kuchaytirdi. Vatan taqdiri va uning kelajagi shoirga tinchlik bermadi. Shuning uchun ham shoir oʻz sheʼrlaridan birida:
» Ne sud ochilsa gul, oʻlsa bahor gʻurbat aro,
Mengaki boʻlmasa yoru diyor gʻurbat aro,
Ochilmadi chamaniston havomidin koʻnglum,
Koʻzimga gul erur andoqki, xor gʻurbat aro.
Chiqay Vatan sadafidin dema guhar yangligʻ,
Garchi boʻlsa senga eʼtibor, gʻurbat aro, — deb oʻz elida, diyorida turib oʻzini gʻurbatda his qiladi.»
Komil birinchi boʻlib oʻzbek nota yozuvini ixtiro qildi. Feruzning farmoni bilan “Tanbur chiziqlari” deb ataluvchi Xorazm notasini yaratdi va “Rost” maqomining bosh qismini notaga tushirdi. Komilning “Rost” maqomiga bogʻlangan “Murabbai Komil”, “Peshravi Feruz” singari kuylari notaga yozilgani holda hozirgacha saqlanmoqda va xonanda, sozandalar tomonidan kuylanmoqda. Shoirning bu ishini oʻgʻli Muhammadrasul Mirzo davom ettirib, Xorazm maqom kuylari uchun nota asosida musiqa yaratdi. Taniqli bastakor Matniyoz Yusupov esa besh jildli Xorazm maqomlari kitobini nashrdan chiqardi va keng oʻquvchilar ommasiga taqdim qildi. «Komilning madaniy-adabiy merosi xilma-xil va boydir. Ularning koʻpchiligini anʼanaviy sevgi-muhabbat mavzusi tashkil qiladi. Bu mavzuda koʻp asarlar yozilgan boʻlsa ham, shoir unga oʻzining yangi sher-u dostonlari bilan munosib hissa qoʻshdi. Xususan, shoirning:
Yigʻlatur oshuqlaring laʼli labing xandasi,
Tubiyu shamshod erur sarv qadding bandasi,
Husnu jamol avjining mehri duraxshandasi,
Koʻrsa mehr orazing, boʻlgʻusi sharmandasi,
Soʻyla mango, ey sanam, kimni sevar yorisan?»
kabi otashin satrlari kishini beixtiyor maftun etadi, uni oʻylashga, fikrlashga undaydi. Misol uchun: “Yigʻlatur oshuqlaring laʼli labing xandasi”. Ajab, nima uchun oshiqni maʼshuqa labining xandasi yigʻlatadi? Chunki oshiq sevgilisining vasliga yetolmaydi. U hijron azobida oʻrtanadi. Maʼshuqa esa uning bu ahvolini labda xanda bilan tomosha qilib turadi. Maʼshuqa jafo qilsa ham oshiq undan nari ketolmaydi. Negaki, maʼshuqa benihoya goʻzal. Uning qomatiga tubi-yu shamshod banda, gulgun yuzidan quyosh sharmanda. Qarang, shoir bir necha misraga qancha maʼnoni jo qilgan. Navoiy, Munis, Ogahiy kabi shoirlarning ijodi Komil uchun adabiy maktab boʻldi. U oʻz salaflari ijodini chuqur oʻrgandi. Ularning asarlarida kuylangan insonparvarlik, adolatparvarlik gʻoyalaridan ijodiy foydalandi. Shuning uchun shoir ijodida xalqchillik gʻoyasi alohida oʻrin egalladi. Bu gʻoya Komil asarlarining magʻz-magʻziga singib ketgan. «Komil yashagan davrda Xiva xonligi Rus chorizmining vassali boʻlib, xalq turmushi nihoyatda ayanchli ahvolda edi. Zulm va zoʻrliklarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan shoir mehnatkash xalq hayotiga achindi, uni yengillashtirish choralarini izladi. Ammo topolmadi. Shuning uchun u xon va uning amaldorlarini insof va adolatga, mehr-shafqatga daʼvat etdi:
…Gar oltin qasr esa johing, ulus holiga rahm etgil,
Sendek necha shahanshohni oʻtkardi bu ayvon…»
Komil oʻzbek mumtoz adabiyotining eng yaxshi anʼanalarini davom ettirib, ijodiy rivojlantirdi. Shuning uchun uning koʻpgina asarlarida hukmron tabaqalarning johilligi, munofiqligi, shafqatsizligi fosh etilgan. Bunga shoirning “Tama”, “Roʻza”, “Mullo-imom” kabi sheʼrlari yorqin misol boʻladi.