JALOLIDDIN DAVONIY (1427-1502)


Davoniyning toʻla nomi Jaloliddin Muhammad Asad as-Siddiqiy al-Davoniy boʻlib, 1427-yilda Eronning Kazarun viloyatiga qarashli Davon qishlogʻida tugʻilgan. U yoshligidanoq ilm-fanga, ayniqsa, musulmon fiqhshunosligiga qiziqadi va boshlangʻich maktabni bitirgandan soʻng Sherozga kelib, madrasada yirik olimlar qoʻlida tahsil oladi. Keyinchalik u Sheroz shahrining qozisi etib tayinlanadi. Qozilikdan isteʼfoga chiqqandan soʻng madrasada mudarrislik qiladi. Keyinchalik yana oʻz qishlogʻiga qaytib, umrining oxirigacha (1502) ilmiy ish bilan shugʻullanadi. U Davon qishlogʻida dafn etilgan. Manbalardan maʼlumki, Jaloliddin Davoniy Markaziy Osiyo olimlari va shoirlarining ijodi va dunyoqarashi bilan yaxshi tanish, Forobiy, Ibn Sino, Nasiriddin Tusiyning ilmiy merosi, asarlarini qunt bilan oʻrgangan, ularning ilmiy va insonparvarlik gʻoyalaridan xabardor boʻlgan. Xususan, Hirot, Vizantiya (Rim), Ozarbayjon, Kermon, Hoʻrmuz, Tabariston, Xuroson, Jurjon mutafakkirlari bilan aloqa qilgan. Muhammad Ali Tabriziyning taʼkidlashicha, Davoniy oʻz risolalarini yozishda “Vizantiya, Xuroson, Turkiston olimlari hamda Sulton Abu Said Temuriy davrida yashagan mashhur mutafakkirlarning asarlaridan foydalangan” (Muhammad Ali Tabriziy. Rayhonat ul-adab. Tehran, 1949, 5-jild). Davoniy Hirotda uzoq vaqt qolib, u yerdagi olimlar bilan yaqindan muloqotda boʻlib, Abdurahmon Jomiy va boshqa olim-u fozillar bilan uchrashadi. Sherozga qaytib kelgandan soʻng esa Jomiy bilan muttasil yozishib turadi. Shuningdek, Ali Qushchi va uning risolalari bilan ham tanish boʻlganligini hisobga olsak, Davoniyning falsafiy va ijtimoiy qarashi shakllanishida Yaqin va Oʻrta Sharqning ilmiy, madaniy merosini oʻrganishi hamda qoʻshni mamlakatlar, ayniqsa, Movarounnahrning mashhur olimlari bilan aloqa qilishi muhim rol oʻynadi.


U salaflarining asarlarini targʻib qilish bilan cheklanib qolmasdan, Markaziy Osiyo mutafakkirlarining madaniy, ilmiy va falsafiy anʼanalarini davom ettirdi. Bulardan tashqari, Yunon va Markaziy Osiyo mutafakkirlari Arastu, Aflotun, Forobiy, Ibn Sino, Nosiruddin Tusiy va boshqalarning asarlarini yaxshi bilar, hatto ularning baʼzi risolalariga sharhi ham bitgan. U qadimgi olimlar risolalaridagi murakkab va tushunilishi qiyin boʻlgan muammolarni sharhlash bilan birga, ular hal qila olmagan botiniy hamda zohiriy ilmlar va mushkul masalalarni yecha olar edi. Davoniyning ilmiy merosi boydir. U falsafa, mantiq, fiqh, axloqshunoslik, riyoziyot va geometriya sohalari boʻyicha risolalar yozgan. Oʻsha davrda uning asarlari olimlar orasida keng tarqalgan boʻlib, ular koʻp fanlar boʻyicha rasmiy qoʻllanma vazifasini oʻtagan. Uning “Risolayi isboti vojib (“Zaruriyatning isboti haqidagi risola”), “Risolat ul-xuruf” (“Harfl, haqida risola”), “Risolayi fi tavjix ul-tashbix” (“Majoz talqini haqidarisola”), “Risola dar ilm ul-nafs” (“Ruhshunoslik haqida risola”), “Tariqati tarbiyat ul-avlod” (“Bolalarni tarbiyalash usuli”), “Arznoma (“Armiyani boshqarish prinsipi”) va boshqa asarlari maʼlum. Davoniy ilmiy ishlardan tashqari Navoiy singari “Foniy” taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. Uning sheʼrlari Eron va Iroqda chop etilgan. Davoniy Movarounnahr va Xurosondagi madaniy yutuqlardan oʻz ijodida keng foydalanishga harakat qilganligi bois, uning asarlarining ushbu mamlakatlarda tarqalishi bu yerdagi turli ilmiy yoʻnalishlarga hamda maʼnaviy hayotga oʻz taʼsirini koʻrsatdi.


Davoniyning eng yirik risolasi “Axloqi jaIoliy”dir. Asar 1470–1478-yillar orasida yozilgan va Gʻarbiy Eron hokimi, Oq qoʻyunlilar sulolasi vakili Uzun Hasanga bagʻishlangan. Ushbu kitob 1839-yilda F. Tompson tomonidan ingliz tiliga tarjima qilingan. Davoniyning “Аxloqi jaloliy” risolasi fors tilida yozilgan boʻlib, qoʻlyozmasi dunyoning juda koʻp muzeylari va kitobxonalarida mavjud. Asar 1911-yili Kalkultada chop etilgan. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida ushbu risolaning qoʻlyozma va toshbosma nusxalari saqlanmoqda. 1948-yilda Eshonjon Muhammadxoʻja tomonidan mazkur asarning oʻzbek tilidagi qisqartma tarjimasi amalga oshirilgan. Rus sharqshunosi A. A. Semyonov Re va Braunlarga asoslanib, Davoniyning ushbu risolasii musulmon Sharqida mashhur kitoblar sirasiga qoʻshadi.
Kitobda muhim ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-xayoliy va axloqiy gʻoyalar ilgari surilgan. Unda jamiyatning paydo boʻlishi, ijtimoiy tabaqalar, davlat va uni boshqarish yoʻllari, adolatli va adolatsiz podshohlar, ularning fuqarolarga munosabati, axloq, taʼlim-tarbiya masalalari batafsil tahlil etilgan. «“Axloqi jaloliy”da XV asrning ilgʻor axloqiy qarashlari oʻz ifodasini topganki, kitobda oʻrta asr Sharqining axloqiy taʼlimotlari, uning yutuq va kamchiliklari aks ettirilgan. Asar uch qismdan iborat boʻlib, oʻz navbatida ular yana mayda boʻlim — “lavom”larga boʻlinadi. Birinchi qism axloq faniga bagʻishlangan boʻlib, muallif axloqning asosiy tushunchalari: adolat, shijoatkorlik, donolik, iffat va boshqalarga toʻxtaladi. Ikkinchi qismini “Odamning ichki holati” deb atalib, oilaviy hayotga bagʻishlangan.


Bunda bolalarni tarbiyalash va kamolga yetkazish, kasb-hunarni oʻrgatish, xulq-odob qoidalari, nutq madaniyati, ota-onalarining oʻz bolalari bilan munosabatlari va boshqa shunga oʻxshash muammolar koʻtariladi.» Oxirgi uchinchi qism — “Shahar (davlat)ni boshqarish va podshohlar siyosati” deb ataladi. Bu qismda muallif shaharlarda yashovchi xalqlar baxtli boʻlishi uchun qanday tadbir-u choralar koʻrish kerakligi, davlat boshliqlari bilan fuqarolarning oʻzaro munosabati, jamiyat haqida fikr-mulohazalarni ilgari suriladi. Eng soʻnggida Nasiriddin Tusiyning “Axloqi nosiriy” risolasida keltirilgan Aflotunning oʻz shogirdi Arastuga qilgan vasiyati beriladi.
Davoniyning ijtimoiy qarashlarida Forobiyning taʼsiri yaqqol sezilib turadi. Inson bir oʻzi mehnat qilib, yashash uchun va har kuni zarur boʻladigan narsalarni qoʻlga kiritishi qiyin. U yakka holda hayot kechishi uchun bir oʻzi ovqat pishirishi, kiyim-kechak tikishi, mehnat qurolini yasashi va shunga oʻxshash koʻp ishlarni bajarishi — bir necha kasb-hunar egallashga majbur boʻlar edi. Bu esa amrimaholdir.


“Odamlar birlashib, bir-biriga yordamlashganda boshqalar toʻgʻrisida chinakamiga qaygʻuradi, oʻzaro yordam va aloqa oʻrnatilganda adolatning sinalgan yoʻllari paydo boʻladi, yashash vositalari tartibga tushadi, kishilarning ahvoli mustahkamlanadi va inson zoti saqlanadi” (Davoniy. Axloqi jaloliy. 135-varaq). Davoniy oʻzining “Axloqi jaloliy” asarida davlat toʻgʻrisida oʻzining utopik — xayoliy orzusini tasvirlaydi. U Ibn Miskavayh, Forobiy va Nosiruddin Tusiy singari shaharni (davlatni) fozil va johilga boʻladi. Fozil shaharni tasvirlar ekan, Davoniy “bu shunday shaharki, uning qoidasi baxt-saodatga erishuvdan va baxtsizlikka olib boradigan hodisalarni bartaraf qilishdan iborat”, deydi (oʻsha joy, 152-varaq). Fozil shaharlarni adolatli va jasur kishilar boshqarishi lozim. Shahar aholisi, qaysi ijtimoiy tabaqadan boʻlmasin, qonun-qoidalarga soʻzsiz boʻysunadilar. Johil shahar aholisi esa baxtsizlik va falokat yoʻliga kirgan boʻlib, bunday shahar hokimlari taʼmagir, johil boʻladilar, oʻz xohish-istaklari hamda hissiyotlarini qondirishga ruju qoʻyadilar. Jaloliddin Davoniy axloq va taʼlim-tarbiya masalalariga ham katta eʼtibor beradi. Mutafakkirning talqinida, axloq fani kishilarning amaliy faoliyati, tafakkuri bilan chambarchas bogʻlangan. Axloq muammolari falsafiy, ijtimoiy-siyosiy masalalar bilan bir qatorda koʻriladi. Davoniy oʻz risolalarida ilm-fanning jamiyatda tutgan oʻrniga katta baho berib, kishilarni maʼrifatli boʻlishga, kasb-hunar egallashga chaqirdi. Uning insonparvarlik ruhi bilan sugʻorilgan ijtimoiy gʻoyalari umuminsoniy xarakterga ega boʻlib, keyingi davrlarda muhim rol oʻynadi va hali ham oʻz tarbiyaviy ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq.