XV asrning 1-yarmida Xurosonda, Alisher Navoiy atrofida toʻplangan shoir, donishmandlar orasidagi mashhur va qomusiy talant egalaridan biri Voiz Koshifiydir. Kamoliddan Husayn Voiz Koshifiy taxminan 1440-yilda Xuroson viloyatidagi Sabzavor shahrining Bayhaq shahrida tugʻilgan. Uning ota-onasi va bolaligi haqida hozircha hech qanday aniq maʼlumot yoʻq. Bizningcha, u boshlangʻich maʼlumotni Sabzavorda olgan, arab, fors, turk tillarini hamda matematika, astronomiya, kimyo, musiqa, adabiyot, fiqh fanlarini chuqur oʻzlashtirgan. Yoshligidanoq voizlik — soʻz sanʼati bilan shugʻullangan. Koshifiy Sabzavorda tez orada koʻzga koʻringan voiz — notiq boʻlib tanilgan. Keyinchalik Nishopurda, 1455–1468-yillarda esa Mashhadda yashab, voizlik qilgan. 1468-yilning oxirlarida Abdurahmon Jomiyning tavsiyasi bilan Husayn Voiz Koshifiy Hirotga keladi va qolgan umrini asosan shu yerda Temuriylar rahnamoligida oʻtkazadi. Maʼlumki, XV asrning 2-yarmida Temuriylar, xususan, Husayn Boyqaro davrida Hirot Sharqning madaniyat markazi edi. Husayn Voiz Koshifiyning ikki qizi va ikki oʻgʻli boʻlib, oʻgʻli Faxriddin Ali as-Safiy oʻz davrining katta shoiri, yozuvchisi va olimi (“Rashahoti ayn al-hayot” asari bilan mashhur) boʻlib yetishgan. Ali as-Safiyning islom tarixiga, paygʻambarlar hayotiga, adabiyotga, Xoja Ahrorga, axloqqa, kimyoga bagʻishlangan oʻndan ortiq ilmiy va badiiy asarlari bor. Tarixchi olim Sayyid Nafasiyning aytishicha, Koshifiy umrining oxirida Hindistonga safar qilgan, lekin bu haqida deyarli hech qanday maʼlumot yetib kelmagan. Husayn Voiz Koshifiy 1505-yilda Hirotda vafot etadi.
Kamoliddin Husayn — allomaning ism-sharifi, Voiz (notiq) — laqabi, Koshifiy (kashf qilmoq, yaratmoq) — adabiy taxallusidir. Husayn Voiz Koshifiy asarlarini oʻz davrining ilmiy tili fors tilida yozgan boʻlib, undan koʻpgina ilmiy, badiiy tarjima asarlari ham meros qolgan. U falsafa, axloq, tilshunoslik, adabiyotshunoslik, siyosat, tarix, kimyo, astronomiya, matematika, musiqa, voizlik, sheʼr sanʼati, din tarixi, fiqh, tibbiyot kabi fanlarga oid 200 dan ortiq asar yozganligi manbalardan maʼlum. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida Koshifiyning asarlarining qoʻlyozma va toshbosma nusxalari saqlanmoqda. Bundan tashqari, u oʻz davrining koʻzga koʻringan ilohiyotchi olimi boʻlib, hadisni, Qurʼoni Karimni yoddan bilgan, hatto Qurʼonga toʻrt kitobdan iborat sharh ham yozgan. Koshifiyning “Axloqi Muhsiniy”, “Risolai Hotamiya”, “Anvori Suxayliy”, “Futuvvatnomai Sultoniy”, “Tavsiri Husayniy”, “Javohirnoma” kabi oʻndan ortiq asari arab, tatar, eski oʻzbek, urdu, turk, nemis, ingliz, fransuz va boshqa tillarga tarjima qilingan. Hozirgi kunda Koshifiy asarlari Parij, London, Berlin, Sankt-Peterburg, Moskva kabi shaharlarda, Iroq, Turkiya, Eron, Afgʻoniston, Hindiston, Bangladesh va boshqa sharq mamlakatlarining kutubxonalarida saqlanmoqda.
Chet mamlakatlarda Koshifiy asarlariga qiziqish XVIII–XIX asrlardayoq kuchli boʻlib, Gʻarbiy Ovroʻpaning X. G. Kin, M. Duayt, D. D. Donalson, E. Braun, A. A. Arberri, K. S. Kennedi, E. Rozental, X. Masse, K. S. Lam bton, R. Levi, A. M. Shasteri kabi mashhur olimlari Markaziy Osiyo va Eronning XIV–XV asrlardagi madaniyati, tarixini atroflicha oʻrganishga harakat qilganlar va Koshifiyning ijodi, merosiga yuqori baho berganlar. Koshifiy ijodini oʻz davrining yirik tarixchisi Xondamir “Xulosat ul-ixbor” asarida: “Ul janob nujum ilmida ham zoʻr mahoratga ega edi, chunonchi uning taʼbirlari Qazo oʻqi singari bexatar boʻlardi. Uning balogʻatoyotlik hamda fasohatsifatlik kitoblari koʻp va behisob boʻlib, ularning koʻpi oliymaqom amir Alisherning atoqli nomi bilan ziynatlangan. Amir Alisherning inoyati va iltifoti ul janobning hol sahifasiga hamma vaqt tushib turardi…”— deb taʼriflaydi. Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” asarining toʻrtinchi majlisida: “Mavlono “Husayn Voiz Koshifiy” taxallus qilur, Sabzavorlikdur. Yigirma yilgʻa yaqin borkim shahrdadur va Mavlono zufunun va rangin va purkor voqeʼ boʻlubtur On fan boʻlgʻaykim, dahli boʻlmagʻay. Xususan, vaʼz, insho va nujumlu aning haqqidur va har qaysida muttayyin va mashhur ishlari bor…” – deb yuksak baholangan.
Husayn Voiz Koshifiy Hirot madrasalarida talabalarga taʼlim-tarbiya bergan, Xuroson shaharlarida axloq-odobdan vaʼz aytgan. Koshifiy oʻz asarlarida ijtimoiy-axloqiy hayot, maʼnaviyat masalalariga katta oʻrin ajratadi, siyosat, davlatni boshqarish, shoh bilan fuqarolar oʻrtasidagi munosabat, jamoani idora etish, yetuk insonni tarbiyalash muammolari uning ijodida katta oʻrin egallaydi. Ularda insonparvarlik, xalqparvarlik, yuqori maʼnaviyatga ega boʻlish, madaniy yuksalish gʻoyalarini ilgari suradi.
Uning “Axloqi Muhsiniy”, “Risolai Hotamiya”, “Anvori Suhayliy”, “Axloqi Karim”, “Javohirnoma”, “Lubbo ul-maʼnaviy fi intixobi masnaviy”, “Iskandar oynasi”, “Tafsiri Husayniy”, “Futuvvatnomai Sultoniy” kabi asarlari shular jumlasidandir. Bu asarlardan Xuroson mamlakatida, Hirotda va boshqa shaharlardagi madrasalarda talabalar uchun darslik sifatida foydalanilgan. Mutafakkir bu asarlarida oʻzining hayotdan olgan saboqlari, tajribalari asosida xalqparvarlik, insonparvarlik, adolat, halollik, sofdillik, poklik, toʻgʻrilik, rostgoʻylik haqidagi fikrlarini qiziqarli hikoyatlar, rivoyatlar yordamida oʻqishli bayon etadi. Bu asarlar Koshifiy tili bilan aytganda “Hikmati amaliy” asosida yozilganligidan bugungi kunda ham juda katta tarbiyaviy ahamiyatga egadir. «Husayn Voiz Koshifiy insonni dunyodagi eng yuksak, oliyjanob mavjudot deb biladi:
Odam nomi yaxshilik bilan eslash tufayli boqiydir,
Hayotlik ayyomining hosili yaxshi nom orttirishdir. — deydi.»
Bu Voiz Koshifiy axloqiy taʼlimotining yetakchi gʻoyasidir. U salbiy axloqiy xislatlarni qoralaydi, ularning inson hayotida va jamiyat uchun katta zarar olib kelishini qator hikoyat va rivoyatlar bilan koʻrsatadi. Husayn Voiz Koshifiy yaxshilik, yomonlik, adolat, vijdon, burch tushunchalari haqida ham atroflicha fikr yuritadi. Axloq normasi — insonlarning xulq, feʼl-atvorlarini tartibga solib turuvchi axloqiy talablardir. Koshifiy ijobiy xislatlarni kishilarda boʻlishi shart boʻlgan insoniy fazilat deb tushunadi va sabr, hayo, iffat, pokizalik, sobitqadamlik, saxiylik, saxovat, rostgoʻylik, shijoat, kamtarlik, hushyorlik, himmat, diyonat, vafo, andisha, izzat-hurmatni bilish, sir yashira olish kabi fazilatlarni birma-bir taʼriflab oʻtadi. Koshifiy axloqli inson deganda, ilm-maʼrifatga intiluvchi, haqiqat va adolatni sevuvchi, adolatsizlikka qarshi kurashuvchi, mard, harakatchan, oliyjanob, saxiy, ochiq qalb insonni tushungan. «Axloq masalalarini yoritishda, Koshifiyning “Axloqi muhsiniy” asari eng mashhur va muhim ahamiyat kasb etadi. Koshifiy oʻz asarlarida siyosat, davlatni boshqarish masalalari boʻyicha ham oʻz davri uchun muhim fikrlarni olgʻa suradi. U davlatni odilona boshqarishda siyosatdan foydalanish kerakligini alohida taʼkidlaydi:
Jahonda pok suv ichmakka boʻlmas hech kim qodir.
Agar shohlar siyosat tigʻin eliga qilmasa zohir.— deydi.»
«Siyosat mamlakatni boshqarish uchun zarur, u shaxsiy ish emas, balki ijtimoiy ishdir. Siyosat adolatli boʻlsa, mamlakat, jamiyat rivoj topadi, xalq farovon yashaydi. Siyosatni odil podshohlar adolat bilan boshqarishlari kerak:
Mamlakat tobqoy siyosatdin nizom,
Gar siyosat boʻlmasa yetgay xalal,
Topmagʻay olam ishi aslo tuzut.
Besiyosat hech vaqt-u hech mahal.»
Yoki: “…Adl (adolat) siyosatsiz mavjud boʻlmas. Siyosat yoʻq boʻlsa, sardorlik zaif. Na uchunkim, mulk-u millat ziynati, din-u davlati musallahi siyosatdur”, deb mamlakat taraqqiyotini, adolat qaror topishini ham Koshifiy siyosatga bogʻlaydi. Demak, Husayn Voiz Koshifiy shoir, yozuvchi, olimgina emas, balki dono siyosatchi ham boʻlgan. Uning jamiyat, davlat, tinchlik, ixtiloflarni osoyishtalik bilan hal etish zarurligi toʻgʻrisidagi fikrlari hozir ham oʻz ahamiyatini saqlab kelmoqda. Voiz Koshifiy Alisher Navoiyning maʼnaviy davrasida boʻlgan. XV asr Xuroson va Movarounnahr madaniyatining rivojiga katta hissa qoʻshgan hamda oʻz asarlari bilan soʻnggi avlodlarga katta taʼsir koʻrsatgan mashhur allomalardan boʻlib tarixda qoldi. U qomusiy ijodi bilan oʻz davri maʼnaviy yuksalishi yoʻlida faol xizmat qildi va nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun Sharq umuminsoniy, madaniy boyliklarini kuchaytirishga sezilarli taʼsir koʻrsatdi. Koshifiyning “Axloqi muhsiniy” kitobi Sharqda juda mashhur asarlardan biri hisoblangan. Shuning uchun ham bu asar koʻp tillarga tarjima qilingan. Xususan, 1858-yilda Xivada Muhammad Rizo Ogahiy tamonidan toshbosma usulda oʻzbek tilida bosilgan. 2010-yilda “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti Husayn Voiz Koshifiyning mazkur asarini hozirgi oʻquvchiga moʻIjallab oʻzbek tilida nashr etdi.
Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik instituti xazinasida saqlanayotgan asar qoʻlyozmasi Hirot kitobat sanʼatining shoh asari boʻlganligi uchun ham ushbu nashrda qoʻlyozma faksimilesi ham berildi.