Abdurazzoq Samarqandiy hijriy 816 (milodiy 7-noyabr 1413)-yili shaʼbon oyida, Temuriylar davlatining Hirot shahrida tugʻildi. Uning toʻliq ismi Kamoliddin Abdurazzoq, otasining ismi Jaloliddin Isʼhoq Samarqandiydir. Abdurazzoq Hirotda tugʻilganligiga qaramay “Samarqandiy” degan nisbat bilan shuhrat topganligiga sabab, otasi Jaloliddin Isʼhoqning asli samarqandlik boʻlganligi va yana boʻlajak tarixnavisning oʻzi ham bir necha muddat Samarqandda yashaganligidir. Abdurazzoq Samarqandiy dastlabki taʼlimni Hirotning oʻzida olgan. Keyinchalik Hirotdagi Temuriylar saroyida qozilik va imomlik lavozimida boʻlgan otasi va oʻz davrining ziyolilaridan boʻlgan akalari Abdulgʻaffor, Abdulqahhor, Abdulvahhoblar koʻmagida tafsir, hadis, fiqh, tarix, til va adabiyot fanlari boʻyicha chuqur maʼlumot egasi boʻlib yetishgan. Atoqli adib Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” asarida Abdurazzoq Samarqandiyning mazkur ilmlar boʻyicha yaxshi bilimga ega ekanligini quyidagi soʻzlar bilan tasdiqlaydi: “Mavlono Abdurazzoq xushmuhovara kishi erdi… zohir ulumin takmil qilib erdi va fazliyoti ham yaxshi erdi…”
Otasining saroydagi egallagan mavqeyiga koʻra taxmin qilish mumkinki, Abdurazzoq Samarqandiy ham davlat ishlari bilan yaqindan tanish boʻlgan. Uning yaxshi tahsil koʻrganligi, bu boradagi iqtidori balandligi tufayli otasi vafotidan soʻng 24 yoshida Temuriylar saroyiga xizmatga olinishi bejiz emas. Shundan soʻng to 50 yoshiga qadar, avval Shohrux, keyin Hirot taxtini egallagan boshqa Temuriy hukmdorlar — Mirzo Abulqosim Bobur (1452–1457), Sulton Abu Said (1451–1469) va taxtga oʻtirgan boshqa shahzodalar saroyida davlat ishlari bilan band boʻladi. Uning zamondoshi Abdulvose an-Nizomiyning yozishicha, Abdurazzoq “xoqoni said (yaʼni Shohrux)ning davlati zamonida uzoq muddat yuqori lavozimlarda ishlab, baʼzi sohibdavlat shahzodalarning xizmatida sadoratlik oliy mansabiga yetishgan, baʼzi boshqalarning mulozimatida esa noiblik va xoslikka erishgan”.
Biroq Abdurazzoqning oʻzi asarlarida mazkur sadoratlik lavozimlarini eslatmasa-da, tarixiy voqealar sirasidan uning Temuriylar davlati xorijiy diplomatik munosabatlarni olib borishda muhim rol oʻynaganligi anglashiladi. XV asrning 1-yarmida Temuriylar davlati bilan Rum (Kichik Osiyo), Misr, Hindiston, Xitoy va boshqa mamlakatlar orasida diplomatik aloqalar yoʻlga qoʻyilgan edi. Bu aloqalarning amalga oshirilishida Abdurazzoq Samarqandiyning ham faol ishtirok etganligiga, uning oʻz elchilik safarlari haqida keltirgan axborotlari yaqqol dalil boʻla oladi. Chunonchi, “Matlai saʼdayn”ga kiritilgan “Hindiston safari dostoni va u yerning ajoyib gʻaroyibotlari” deb nomlangan oʻz safar esdaliklarida Abdurazzoq Samarqandiy 1442-yili Shohrux tomonidan Janubiy Hindistonga yuborilgan elchilarga boshchilik qilganligini yozadi. Elchilar 1442-yili 13-yanvarda Hirotdan yoʻlga chiqib, Janubi-sharqiy Eron, Arabiston, Hoʻrmuz bandargohi, Maskat, Arabiston dengizi orqali 1442-yil 17-oktabrida Kalkuttaga yetadilar va bu shaharda besh oy, Vijayanagarda esa 1443-yil oxirigacha turib, soʻng orqaga qaytadilar. Qaytishda yana dengiz yoʻli bilan Hoʻrmuzga, u yerdan 1444-yil dekabr oyida Hirotga yetib keladilar. Shu kabi “Matlai saʼdayn”da Abdurazzoq Samarqandiyni Shohrux Gilonga va boshqa yerlarga elchilikka yuborganligi eslatiladi. Abdurazzoq oxirgi marta Misrga elchilikka yuborilayotgan paytida Shohrux vafot etadi va shu bois elchilik amalga oshmaydi. Shu kabi diplomatik aloqalarda Abdurazzoq keyingi Temuriy hukmdorlar Abulqosim Bobur, Sulton Abu Saidlar davrida ham faol ishtirok etganligi, uning oʻz soʻzlaridan maʼlum.
1463-yilga kelib esa Abdurazzoq Samarqandiyning oʻz iltimosiga binoan uni davlat ishlaridan ozod etdilar va Hirotdagi Shohruxiya xonagohiga shayxlik vazifasiga tayinlaydilar. Abdurazzoq Samarqandiy hijriy 887-yil jumadul avval (1482-yil, iyul–avgust) oyida shu shaharda olamdan oʻtadi. Abdurazzoq Samarqandiy sheʼr, arab tili grammatikasiga oid risola yozganligi maʼlum boʻlsa-da, lekin uning bizgacha yetib kelgan yagona tarixiy asari “Matlai saʼdayn va majmai bahrayn” (“Ikki saodatli yulduzning chiqishi va ikki dengizning qoʻshilish joyi”)dir. Asar fors tilida yozilgan boʻlib, ikki jildni tashkil etadi. Asarni Abdurazzoq Samarqandiy 1467–1469-yillar orasida yozib tamomlagan va 1470-yili yana davom ettirib, shu yilning safar oyida butkul tugallagan. “Matlai saʼdayn”ning birinchi jildida qisqa tarzda Chingizxon avlodidan boʻlgan Eron hukmdori Abu Said (1316–1335) haqida soʻzlagach, soʻng Sohibqiron Amir Temur tarixi boshlanadi va umuman 1304-yildan 1405-yilgacha Markaziy Osiyo, Afgʻoniston, Eron, Ozarbayjon qisman Hindiston va boshqa mamlakatlar tarixiga oid maʼlumotlar keltiriladi. Tarixiy voqealar bayoni Amir Temurning 807 (1405)-yil 17-shabon oyida Oʻtrorda vafot etganligi, uning nabirasi Xalil Sultonning Samarqandda taxtga oʻtirganligi bilan tugallanadi. Ikkinchi jildning soʻzboshisida muallif Amir Temur avlodlari haqida soʻzlamoqchi ekanligini aytib, voqealarni Shohruxning Hirotda taxtga oʻtirgan vaqti (1405-yil mart oyi)dan boshlaydi. Soʻng Shohrux vafoti (1447-yil)dan keyin hukmronlik qilgan Temuriylar: Mirzo Abulqosim Bobur, Sulton Abu Said va boshqa shahzodalardan soʻzlab boʻlgach, Husayn Boyqaroning Hirotda Yodgor Mirzoni qatl etib, ikkinchi marta taxtga oʻtirishi haqidagi maʼlumotlar bilan asarni tugatadi.
Abdurazzoq Samarqandiy “Matlai saʼdayn”da tarixiy voqealar bayonini solnoma tarzida joylashtirgan. Muallif asariga oʻzi yashagan davrdan oldingi voqealar solnomasini kiritgan boʻlib, bunda ilgari yashab oʻtgan adiblarning asarlaridan foydalangan. Bu haqda Abdurazzoqning oʻzi, 1427-yil voqealarini yakunlar ekan: “Hofizi Abruning yozgani… “Zubdat ut-tavorixi Boysungʻuriy” shu yerda tugadi”, deydi va oʻzining asosiy manbasi ushbu asar ekanligini taʼkidlaydi. Bundan keyingi yillar tarixining yoritilishiga kelsak, aytish mumkinki, ularning aksarini Abdurazzoq Samarqandiy oʻzi koʻrib bilgan yoki shohidlar soʻzlariga asoslanib yozgan. Qanday boʻlganidan qatʼi nazar “Matlai saʼdayn” sahifalarida bayon etilgan tarixiy voqealar, xoh Hofizi Abrudan olingan qismlar, xoh undan keyingi qismlar boʻlsin tadqiqotlar uchun manba sifatida muhim ahamiyatga egadir. Maʼlumki, “Matlai saʼdayn”da koʻproq siyosiy voqealar bayon etilgan. Lekin shu bilan birga Temuriy hukmdorlarning mamlakatni iqtisodiy, maʼnaviy va madaniy hayotidagi bunyodkorliklari ham Abdurazzoq Samarqandiyning diqqat markazida boʻlgan. Shuning uchun ham XV asrning deyarli uch choragida Samarqand va Hirot shaharlaridagi ilm-fan, madaniyatning yuksakligi hamda bu borada Mirzo Ulugʻbek, Mirzo Boysungʻur va baʼzi boshqa shahzodalarning faoliyatlari ham izchillik bilan yoritib berilgan.
Eʼtiborga sazovor tomoni shuki, Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlai saʼdayn” asari oʻz davrida shuhrat topgan va bir qancha tarixnavislar tomonidan eʼtirof etilgan. Soʻngra bu asar Temuriylar davri ijtimoiy-siyosiу, iqtisodiy, madaniy va xalqaro munosabatlari tarixiga oid nodir va ishonchli manba sifatida Ovroʻpada ham tanilib, uning ayrim qismlari XIX asrdan boshlab bir necha marta fransuz (Langle, Katrmer, Bloshr), ingliz (Elliot), rus tillarida nashr etilgan. “Matlaʼi saʼdayn”ning forscha matni 1936-yili Lohurda (Pokiston) matnshunos olim Muhammad Shafe tomonidan chop etilgan. Abdurazzoq Samarqandiyning 1442–1444-yillardagi Hindiston safarnomasi 1960-yiIi oʻzbek tilida va forsiy tanqidiy matni bilan asarning 1405–1427-yillar voqealari (I jild, 1-qism) 1969-yili oʻzbek tilida Toshkentda chop etildi. 1992-yili esa “Matlai saʼdayn”ning shu qismiga kiritilgan Gʻiyosiddin Naqqoshning Xitoy safari kundaligi oʻzbek tilida nashr etilgan.