XX asr boshlarida Xitoyning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy ahvoli


Ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli

XX asr boshlarida Xitoyda ijtimoiy ziddiyatlar kuchayib ketdi. Manchjurlarning Sin sulolasi hukmronligi inqirozga yuz tutdi. Shoshilinch ko‘rilgan islohot choralari jamiyat ahvolini tubdan yaxshilamadi. Xitoyda sanoat taraqqiyoti bilan unga to‘siqqa aylangan feodal yer mulkchiligiga xos qoloq ishlab chiqarish munosabatlari o‘rtasida ziddiyat chuqurlashdi. Omma orasida manchjurlar boshqaruviga qarshi harakat kuchaydi. Xitoy sanoati rivojlanishi ancha orqada qoldi. Shunday bo‘lsa-da, har yili 50 tadan ko‘proq korxona ishga tushirildi. Natijada mamlakat eksport hajmi 2 baravar o‘sdi. Xorijiy davlatlar ichida Buyuk Britaniya tovar ayirboshlashda birinchi o‘rinda (50 foiz) turardi. Xitoyning chet elliklardan qarzi ortib bordi.

Sun Yat Sen

Inqilobchi demokrat Sun Yat Sen (1866–1925) Xitoydagi milliy-ozodlik harakatining atoqli arbobi edi. U Guanchjou (Kanton) yaqinida dehqon oilasida tavallud topdi. Sun Yat Sen 90-yillarning boshida Gonkongda ingliz tibbiyot institutini tamomladi. Keyingi hayotini u siyosiy soha bilan bog‘ladi. Sun Yat Sen 1905-yilda „Xitoy uyushmalari ittifoqiʼʼ (Tunminxay) degan siyosiy tashkilot tuzdi. Yirik shaharlarda bu ittifoqning yashirin bo‘limlari ochildi. Ittifoq 1905-yil noyabrida ʻʻMinbaoʼʼ (Xalq gazetasi)ni chiqara boshladi. ʻʻIttifoqʼʼ Sun Yat Sen rahbarligida dastur qabul qildi.


Dasturda Sin monarxiyasini ag‘darish, Respublika ta’sis etish va yerga egalik huquqini tenglashtirish, mustaqillikni tiklash ko‘zda tutilgandi. Sun Yat Sen ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan sust taraqqiy etgan Xitoyda yerga egalik huquqini tenglashtirish yo‘li bilan ijtimoiy adolatli tuzum yaratish mumkin degan fikrda edi.

Muvaqqat Respublika hukumatining tuzilishi

Sun Yat Sen tashkiloti respublika tuzumini o‘rnatish maqsadini qo‘ydi. Bu g‘oya manjurlarga qarshi harakatni yanada kuchaytirdi. Bu harakat 1911-yili chet elliklardan temiryo‘l qurilishi uchun qarz olish haqida bitim tuzilgach, qurolli qarshilik tusini oldi. Hatto armiyada ham norozilik boshlandi. Uxan shahrida askarlar yotog‘ini tintuv qilishga kirgan manchjur ma’muriyati tarafdorlarini askarlar o‘ldirishdi. Qurol-aslaha omborini bosib olishdi. Boshqa qo‘shin qismlari ham ularga qo‘shildi. Inqilobchilar 11-oktyabrda Uxanni to‘la qo‘lga kiritishdi. Ular Respublika hukumati tuzishdi va barcha Xitoy viloyatlarini Respublika atrofida birlashishga chaqirdi. Manchjur sulolasi hukmronligi tugatilgani e’lon qilindi. Bu inqilob Xitoy tarixiga ʻʻSinxay inqilobiʼʼ nomi bilan kirgan. Shunday qilib, ʻʻSinxay inqilobiʼʼ qurolli qo‘zg‘olon yo‘li bilan Xitoyda XVII asrdan boshlab hukm surgan manchjurlar hokimiyatini ag‘darib tashladi.

1911-yilda ko‘p yillik muhojirlikdan so‘ng Sun Yat Sen Xitoyga qaytib keldi.
Uni Xitoy xalqi xursandchilik bilan kutib oldi. 29-dekabrda Nankinda inqilobiy viloyatlar vakillaridan iborat Millat Majlisi to‘plandi. Millat Majlisi Xitoyni Respublika deb e’lon qildi va muhojirlikdan qaytib kelgan Sun Yat Senni Xitoy Respublikasining vaqtincha prezidenti etib sayladi. Millat Majlisi qabul qilgan konstitutsiyada barcha fuqarolarning tengligi va turli demokratik erkinliklar e’lon qilinsa-da, dehqonlarning orzu-tilaklarini ifoda etuvchi ʻʻyerga egalik qilishda teng huquqli bo‘lishʼʼ shiori o‘z aksini topmadi. Buning sababi — yerga egalik qilishda teng huquqqa ega bo‘lishga qarshi kuchlarning katta mavqega ega bo‘lgani edi.

Yuan Shikay diktaturasi

Inqilob natijasida Xitoyda ikki hokimiyatchilik vujudga keldi. Ularning biri — Xitoy Respublikasi hokimiyati, ikkinchisi — Shimolda saqlanib qolgan imperator hokimiyati edi. Pekindagi imperator hukumatining boshlig‘i Yuan Shikay edi. Buyuk davlatlarni Xitoydagi mavqelarining qay ahvolda qolishi tashvishga solib qo‘ydi. Shu sababli ular turli bahonalar bilan Xitoyning ichki ishlariga tobora ko‘proq aralasha boshlashdi. Ular Xitoydagi inqilobni qurol kuchi bilan bostirish maqsadida o‘z kuchlarini birlashtirishga erishdi. Buyuk davlatlarning Pekin hukumatini qo‘llab-quvvatlashdan maqsadi Xitoyning ichki ishlariga o‘z bilganicha aralashish edi. Biroq bu Xitoyda umumiy norozilik keltirib chiqardi. Aholi chet el tovarlarini boykot qila boshladi. Shunday sharoitda respublikaga qarshi kuchlar Bosh vazir Yuan Shikay atrofiga birlashdi. Pekin saroy ahli unga monarxiyaning xaloskori deb qarardi. Biroq Yuan Shikay inqilobiy harakatning tazyiqi bilan 1912-yil 12-fevral kuni Sin sulolasini taxtdan voz kechishga majbur etdi. Hukmron tabaqalar butun hokimiyatni unga topshirishga urindi.

Bu orada buyuk davlatlar ham Sun Yat Senning hokimiyatdan ketishini ochiq talab qilishdi va Xitoyga intervensiya uyushtirishga oshkora tayyorgarlik ko‘ra boshlashdi. Xitoyga qarshi intervensiya xavfi ostida Sun Yat Sen prezidentlik lavozimini Yuan Shikayga topshirishga majbur bo‘ldi. Butun hokimiyatni o‘z qo‘liga to‘plagan Yuan Shikay demokratik erkinliklarni yo‘qqa chiqara boshladi. U ishni, avvalo, inqilob qo‘shinlarini butunlay qurolsizlantirishdan boshladi. Hukumatga qarshi tuzilgan har qanday guruh a’zolarining taqdiri o‘lim bilan yakunlanardi. Har bir qishloqda jazo guruhi ish ko‘radigan bo‘ldi. Shunga qaramay, demokratik kuchlar 1912-yilda Gomindan (Milliy partiya)ni tuzishdi. Partiya boshqaruvi raisligiga Sun Yat Sen saylandi.

O‘z g‘alabasidan ruhlangan Yuan Shikay Millat Majlisini o‘zini besh yil muddatga prezident etib saylashga majbur qildi. Buyuk davlatlar bilan yangi asoratli qarz to‘g‘risida shartnoma imzoladi. Shundan so‘ng buyuk davlatlar Xitoy Respublikasini tan olganini ma’lum qildi. Xitoyning iqtisodiy ahvoli og‘irlashdi. Aholi turmush darajasi yomonlashdi. Shunday bir sharoitda Gomindan xalqni qo‘zg‘olon boshlashga undadi. 1913-yilda Xitoyning janubida hukumatning siyosatiga qarshi ʻʻikkinchi inqilobʼʼ deb nomlangan qo‘zg‘olon boshlanib ketdi. Biroq kuchlar teng bo‘lmaganligi tufayli chet el davlatlaridan harbiy madad olgan hukumat qo‘shinlari tomonidan ʻʻikkinchi inqilobʼʼ tor-mor etildi. 1914-yilda Yuan Shikay Konstitutsiyaviy Kengash chaqirdi. Unda ʻʻYangi Xitoy Konstitutsiyasiʼʼ qabul qilindi. Yuan Shikay prezident sifatida cheklanmagan hokimiyatga ega bo‘ldi. Mamlakatda harbiy diktatura o‘rnatildi. Respublika boshqaruv organlari tugatildi.

Sinxay — sinxay o‘zbek tilida ʻʻyilʼʼ degan ma’noni anglatadi. Xitoy oy kalendariga ko‘ra, inqilob bir yil davom etgani uchun u Sinxay (bir yil davom etgan inqilob) deb atalgan.

Sin sulolasi — 1628-1644-yillardagi dehqonlar urushi natijasida barham topgan Min sulolasidan keyingi hukmron sulola. Bu sulola 1644-1911-yillarda hukmronlik qilgan.