Tub o‘zgarishlar yo‘lida
1867-1868-yillarda Yaponiyada yuz bergan Meydzi islohoti Yaponiyada bozor munosabatlariga asoslangan jamiyat qurilishiga keng yo‘l ochdi. Endigi asosiy vazifa — yapon xalqining milliy an’analarini saqlab qolgan holda jamiyatni G‘arb modelida qayta qurish edi. Imperator Mutsixito ishlab chiqarish kuchlarining rivojiga to‘sqinlik qiluvchi qonun va tartiblarni bekor qildi. Yaponiya dunyoning barcha davlatlari uchun ochib qo‘yildi. Mamlakatni modernizatsiyalash boshlandi.
Dastlab, yagona pul birligi joriy etildi. Ayrim-ayrim hokimliklar chegaralaridagi bojxonalar va boshqa to‘siqlar olib tashlandi. Bu tadbirlar mamlakat miqyosida savdo-iqtisodiy aloqalarga keng yo‘l ochdi. Yo‘llarda dehqonlarning shaharga qochib ketishiga qarshi, ularni tutib joyiga qaytarish uchun qo‘yilgan poyloqchilik manzillari tugatildi.
Chunki sanoat qishloqdan ishchi kuchi ʻʻoqibʼʼ kelishidan manfaatdor edi. Bu tadbirlar Yaponiyada ichki bozorning, sanoat tarmoqlarining rivojiga xizmat qila boshladi. 1869-yilda aholining barcha tabaqalari — feodal zamindor, samuray, dehqon, hunarmand, savdogarlar — rasman teng huquqli deb e’lon qilindi.
Butun mamlakat miqyosida markazlashgan hukumat boshqaruvi yuzaga keldi.
Yalpi harbiy xizmat haqida qonun qabul qilindi. 1871-1878-yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida islohotlar o‘tkazilib, yerni erkin oldi-sotdi qilishga, istalgan turdagi ekinlarni ekishga ruxsat berildi. Hosildan hissa ko‘rinishidagi soliq pul solig‘i bilan almashtirildi. Yerning mayda bo‘laklarga bo‘linib ketishiga qarshi qonun chiqarildi.
Sanoatni rivojlantirishda davlatning roli
Sharoit qanchalik og‘ir bo‘lmasin, Yaponiyada bozor munosabatlari tez rivojlana boshladi. Sharqda birinchi bo‘lib Yaponiya Yevropa tajribalaridan foydalandi. Yevropada uzoq vaqt davomida yuzaga keltirilgan ilg‘or sanoat texnikasini Yaponiya tayyor holda sotib ola boshladi. Davlat sanoatni rivojlantirish ishiga homiylik qildi.
Birinchi galda Yaponiyada to‘qimachilik sanoati tez rivojlandi. 1890-yilda u barcha sanoat tarmoqlarining 45 foizini tashkil etdi. Chorak asr davomida 1300 ta sanoat korxonasi qurildi. Ular dastlab badavlat sanoatchilarga ijaraga berildi. Keyinroq esa sanoat korxonalari o‘z narxining yarmiga, hatto 10-15 foiziga ham xususiy qilib sotiladigan bo‘ldi. Natijada bank kapitali bilan sanoat kapitali qo‘shilib bordi.
Yaponiyada sanoat ishlab chiqarishi Rossiyadan o‘n barobar tezroq rivojlandi.
Yaponiya taraqqiyotining xususiyatlari
Yaponiyada monopolistik kapitalizm feodal-monarxiya qoldiqlari bilan chirmashib ketdi. Bu jihatdan Yaponiya Rossiyaga o‘xshab ketardi. Buyuk Britaniya, Fransiya, AQSHdan farqli o‘laroq, Yaponiyada hokimiyat burjuaziya qo‘lida bo‘lmay, balki pomeshikburjuaziya bloki qo‘lida edi. Yaponiya ayni paytda armiya va flotni ham qayta qura boshladi. Yaponiya hukumati og‘ir industriyani rivojlantirishga alohida e’tibor berdi. Oqibatda 1900-1913-yillarda sanoat ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha Italiyadan o‘zib ketib, Fransiyaga yaqinlashdi. Mamlakatda sanoat, savdo-sotiq va banklar markazlashib, monopoliyalar vujudga keldi.
Ijtimoiy hayot
Yaponiyada kapitalizm taraqqiyoti dehqonlarning yerdan ajralishi bilan birgalikda kechdi. Agrar islohotga ko‘ra, yer olgan dehqonlarning atigi 1/3 qismigina olgan yerlarini saqlab qololdi. Raqobatga bardosh berolmaganlar ijaraga yer olib xo‘jalik yuritishga majbur bo‘lishdi. Qolganlari esa shaharga ketib, yollanma ishchilarga aylanishdi. Sanoat egalari yangicha, ilg‘or ishlab chiqarishni keng yo‘lga qo‘yib, mamlakatni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqa boshlashdi. Sanoat korxonalarining soni yildan yilga ko‘payib bordi. Lekin shu sanoat korxonalarida ishlayotgan ishchilarning iqtisodiy ahvoli og‘ir edi. Chunki ish haqi juda past edi.
Korxonada texnika xavfsizligiga javobgarlik yo‘q edi. Buning ustiga yapon ishchilari va mehnatkashlari na siyosiy, na ijtimoiy huquqlardan foydalanishardi. Yaponiya ishchilar sinfi kasaba uyushmalariga birlasha boshladi. Yaponiya jamiyatining ilg‘or qatlami parlament tashkil etish uchun kurashdi.
1889-yil konstitutsiyasi
Iqtisodiy islohotlar burjuaziyaning o‘sishiga va siyosiy jihatdan kuchayishiga sabab bo‘ldi. Burjuaziya davlatga rahbarlikni o‘z qo‘liga olishni da’vo qila boshladi. Shunday sharoitda hukumat yon berishga qaror qildi. Nihoyat 1889-yilda Prussiya konstitutsiyasi namunasi asosida tuzilgan konstitutsiya qabul qilindi. Mamlakatda ikki palatali (yuqori (perlar) va quyi (vakillar)) parlament joriy etildi. Konstitutsiya imperatorning mavjud barcha huquqlarini nafaqat saqlab qoldi, balki unga yanada keng huquqlar berdi. Masalan, u parlamentni chaqirish, ochish, tarqatib yuborish, qonunlar o‘rniga oliy farmonlar chiqarish, qo‘shinlarning Oliy bosh qo‘mondoni bo‘lish, urush e’lon qilish, sulh tuzish kabi huquqlarni o‘zida saqlab qoldi. Konstitutsiyaga ko‘ra, Vazirlar Kengashi faqat imperatorga hisob berardi. Parlamentning barcha qarorlari imperator huzuridagi Yashirin Kengashdan o‘tishi zarur edi. Saylov huquqi mol-mulk senzi bilan cheklandi. Saylov yoshi 25 yosh qilib belgilandi. Shunga qaramay, Yaponiyadek o‘rta asrlar an’analariga boy mamlakatda konstitutsiya qabul qilinishining o‘zi katta voqea edi.
Tashqi siyosat
Aholining kambag‘alligi sanoat mahsulotlarining sotib olinishini qiyinlashtirdi. Bu hodisa Yaponiya hukmron doiralarini qo‘shni davlatlar hududlarini bosib olishga undagan. Bu maqsadni ro‘yobga chiqarish uchun Yaponiya zo‘r berib qurollandi.
Yaponiyaning bosqinchilik maqsadlari Koreya, Xitoy, Tinch okean havzasiga qaratildi. Tez orada Yaponiya bosqinchilik urushlarini boshlab yubordi. 1879-yilda Yaponiya, Xitoyning noroziligiga qaramay, Ryukyu orolini bosib oldi. 1875-yilda Janubiy Saxalin hisobiga Kuril orollarini Rossiyadan ajratib, o‘ziga qo‘shib oldi.
1876-yili yaponlar uchun Koreya ochiq mamlakat deb e’lon qilindi. Yapon tovarlari bojsiz sotiladigan bo‘ldi. Shu yo‘l bilan Koreya Xitoy ta’siridan ajratib olindi.
Maqsad Koreyani anneksiya qilish edi.
1894-1895-yillardagi Yaponiya-Xitoy urushi
1894-yil Yaponiya Seulda saroy to‘ntarishi uyushtirib, yaponparast hukumat tuzdi va poytaxt garnizonini qurolsizlantirdi. Bu hodisa Yapon-Xitoy urushi boshlanishiga olib keldi. Xitoy harbiy flotining transport kemalari cho‘ktirildi. Ayni paytda yapon qo‘shinlari urush e’lon qilmasdan Koreyada turgan Xitoy harbiy qismlariga hujum qildi. 1894-yilda Xitoy qo‘shinlari Pxenyan yonida mag‘lubiyatga uchradi. Bu hol Yaponiyaning Uzoq Sharqda ustunlikka ega bo‘lishiga yo‘l ochdi. Yaponiyaning zamonaviy qurollar bilan ta’minlangan harbiy kuchlari ham quruqlikdan, ham dengizdan hujum uyushtirib, Xitoy qo‘shinlarini mag‘lubiyatga uchratdi. 1895-yilda bu ikki davlat o‘rtasida Simonoseki sulhi tuzildi. Xitoy Koreyaning mustaqilligini tan oldi. Lyaodun, Tayvan, Penxu (Peskador) orollarini Yaponiyaga berdi. Shuningdek, Yaponiyaga katta miqdorda tovon to‘lashga majbur bo‘ldi.
Shartnomaga ko‘ra, Yaponiya o‘z savdosi uchun Xitoy hududida sanoat korxonalarini qurish va ulardan foydalanish huquqini oldi. Endi uning maqsadi Uzoq Sharqdagi asosiy raqibi Rossiyani mag‘lub etish edi. 1895-yilda shuning uchun 10 yillik qurollanish dasturini qabul qildi. Rossiya bilan urush chiqqan taqdirda, buyuk davlatlarning betaraf qolishini ta’minlaydigan shartnomalar tuzishga erishdi. Shunday qilib, muqarrar bo‘lib qolgan urushda Rossiya yolg‘izlatib qo‘yildi. 1904-yil yuz bergan Rossiya —Yaponiya urushida erishilgan g‘alaba Yaponiyaning qudratini yanada orttirdi. 1910-yilda Yaponiya Koreya yarimorolini harbiy kuch bilan o‘ziga qo‘shib oldi. Koreyada yapon general-gubernatori cheklanmagan hokimiyatga ega bo‘ldi.
Mustamlakachi hukumatni qo‘llab turish maqsadida Yaponiya katta harbiy kuchlarni Koreyaga joylashtirdi. Yaponiya endilikda barcha e’tiborni Xitoyga qaratdi. Yevropa davlatlari va AQSHning Xitoy boyliklaridan foydalanishi Yaponiyani ham Xitoy mulklaridan foydalanishga undardi. Uning bu harakati AQSH va Buyuk Britaniya bilan munosabatlarining yomonlashuviga olib keldi. Yaponiya Uzoq Sharqda xavfli raqibga aylandi. Shu tariqa Yaponiya ham yangi urush girdobiga tobora ko‘proq tortilib boraverdi.
Anneksiya (lotincha — birlashtirish) — bir davlat hududini zo‘ravonlik yo‘li bilan butunlay yoki qisman o‘z davlatiga qo‘shib olish.
Tovon — (forscha) — urushda mag‘lubiyatga uchragan davlatdan g‘olib chiqqan davlat foydasiga majburan undiriladigan tovon.