Turkiyaning ijtimoiyiqtisodiy ahvoli
Turkiya monarxiya bo‘lib, uni sulton boshqarardi. Mamlakatda o‘rta asr feodal tartiblari hukmron edi. Turkiya iqtisodining asosini tashkil qilgan qishloq xo‘jaligi nihoyatda orqada qolgandi. Haydaladigan yerlarning 65%i katta yer egalari va ruhoniylarga qarashli bo‘lib, u yersiz va kam yerli dehqonlarga ijaraga berilardi. Mehnat unumdorligi kam bo‘lgani uchun 1873-1875-yillardagi kuchli ocharchilik oqibatida ko‘plab odamlar qirilib ketdi. Shahar aholisining ham ahvoli og‘irlashdi. Hunarmandchilik tushkunlikka uchradi.
Eski tartiblar va xorijiy tovarlarning ko‘pligi mamlakatda iqtisodiyotning taraqqiyotiga to‘siq bo‘ldi. Sanoatda o‘sish yo‘q edi. Chunki sanoat uchun qishloq xo‘jaligi zarur xomashyo yetkazib berishga qodir emasdi. Sulton hukumati o‘zining moliyaviy ahvolini yaxshilash uchun chet eldan qarz ola boshladi. Chunonchi, 1870-1874-yillarda 3 mlrd. frankdan ortiq asoratli qarz olindi. Davlatning moliyaviy ahvoli halokat yoqasiga kelib qoldi. Tashqi qarz yanada ko‘payib, 5,5 mlrd. frankka yetdi. 1876-yilda hukumat Turkiyani moliyaviy bankrot deb e’lon qilishga majbur bo‘ldi. Og‘ir iqtisodiy ahvol bora-bora Turkiyani chet el davlatlarining yarimmustamlakasiga aylantirdi.
Yevropa davlatlari imperiyaning mustamlakalarini tortib ola boshlashdi.
Faqat Germaniya imperiyadan ulush ololmagan davlat edi. Shuning uchun ham Turkiya hukumati XIX asr oxiri –XX asr boshlarida Germaniya bilan yaqinlashdi. Germaniya kapitali katta muvaffaqiyatni qo‘lga kiritdi. 1888-yili bo‘lajak Bag‘dod temiryo‘li loyihasining Izmir — Anqara qismini qurish ularga tegdi. 1903-yili nemislar bu loyihani (Bag‘dod orqali Fors qo‘ltig‘igacha temiryo‘l qurish) to‘la qo‘lga kiritdi.
Konstitutsiyaviy monarxiya uchun kurash
Turkiya 1875-yilda qarzlar uchun yiliga 570 mln. frankdan ortiq foiz to‘lashi lozim edi. Davlatning daromadi esa 380 mln. frankni tashkil etdi. Turkiya qarzni to‘lash u yoqda tursin, ishlovchilarning ish haqini to‘lashga ham qodir bo‘lmay qoldi. Oqibatda xalq ommasining turmush darajasi nihoyatda yomonlashdi. Shunday sharoitda ʻʻYangi usmonlilar harakatiʼʼ vujudga keldi.
Bu harakat a’zolari sulton hokimiyatini tugatish g‘oyasini ilgari surishdi. Harakatning ʻʻIbratʼʼ gazetasi ilg‘or demokratik g‘oyalar targ‘ ibotchisiga aylandi. Millatparvar ziyolilar, ilg‘or fikrli amaldorlar va zobitlar ham bu harakatga qo‘shildi. Mamlakatda sulton hokimiyatini tugatish g‘oyasi shakllandi. 1876-yilda xalq qo‘zg‘oloni boshlandi. Xalq qo‘zg‘oloni hukmron tabaqalarni qo‘rqitib yubordi. Oqibatda 1876-yilning 22- mayida Abdulaziz, Shayx ul-Islom fatvosi bilan taxtdan tushirildi. Bir qancha vaqtdan so‘ng taxtni Abdulhamid II egalladi. 1876-yil 23-dekabrda Turkiyada konstitutsiya e’lon qilindi. Unga ko‘ra, mamlakatda ikki palatali parlament joriy etildi.
Quyi palata Deputatlar palatasi deb, yuqori palata esa Senat deb ataldi.
Konstitutsiya sultonga katta vakolatlar berdi. Fuqarolarning juda oz qismigina saylov huquqiga ega bo‘ldi.
ʻʻBirlik va taraqqiyotʼʼ partiyasining hokimiyatga kelishi
Abdulhamid II davri Turkiya tarixida ʻʻzulm davriʼʼ nomini oldi. Sulton tez orada parlamentni tarqatib yubordi. Konstitutsiya tarafdorlarini quvg‘in qildi.
Ularning ko‘pi o‘limga hukm qilindi. Mamlakat jaholat zulmatida qoldi. 1889-yili Istanbulda harbiy-tibbiy bilim yurti kursantlari yashirin ʻʻBirlik va taraqqiyotʼʼ tashkilotini tuzishdi. Tashkilotning sho‘balari butun Turkiyaga tarqaldi va mamlakatda konstitutsiyaviy tartib o‘rnatish haqida tashviqot boshlandi. Keyinchalik bu jamiyat kuchli siyosiy partiyaga aylandi. Sulton Abdulhamid II 1897-yili tashkilot ustidan sud uyushtirdi. 13 kishi o‘limga hukm qilindi. ʻʻBirlik va taraqqiyotʼʼ partiyasi a’zolari va shunga o‘xshash siyosiy to‘garakka ishtirok etganlar umumiy nom bilan ʻʻYosh turklarʼʼ deb ataldi. ʻʻYosh turklarʼʼ 1902-yilda Parij shahrida o‘zlarining birinchi qurultoyini o‘tkazdi. Unda bekor qilingan konstitutsiyani tiklash haqida qaror qabul qilindi.
1907-1908-yillarda Turkiyada inqilobiy vaziyat yuzaga keldi. 1908-yil 3-iyul kuni ʻʻYosh turklarʼʼdan bo‘lgan qo‘shin zobitlari rahbarligida qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Unga Niyozbiy rahbarlik qildi. U ʻʻBirlik va taraqqiyotʼʼ partiyasi a’zosi, harbiy garnizon qo‘mondoni edi. 1908-yil 20-iyulda Monastir shahrida ʻʻBirlik va taraqqiyotʼʼ partiyasi tantanali bir vaziyatda konstitutsiya tiklanganini e’lon qildi va sultondan bu masalada farmon berishni talab qildi.
Qo‘shin ʻʻYosh turklarʼʼ tomonida ekani Abdulhamidni cho‘chitib qo‘ydi. U 1908-yilning 24-iyul kuni konstitutsiyani tiklashga majbur bo‘ldi. Parlamentga saylov o‘tkazishni va’da qildi. 1908-yilgi Turkiya inqilobi g‘alaba qozondi.
1909-yil 13-aprel isyoni
Biroq eski tartib tarafdorlari har qanday islohotga qarshi edi. Ularning ichida ruhoniylarning o‘rni kuchli edi. Ruhoniylarning ʻʻIttihodi Muhammadiʼʼ partiyasi ʻʻYosh turklarʼʼni xudosizlikda aybladi. ʻʻIttihodi Muhammadiʼʼ partiyasining tarafdori bo‘lgan harbiylar 13-aprelda aksilinqilobiy isyon ko‘tarishdi. Isyonchilar parlamentni bekor qilishni, shariat va sulton hokimiyatining tiklanishini talab qilishdi. Abdulhamid II ga aynan shu kerak edi. Shuning uchun ham u isyonchilar talabini tezda bajardi. ʻʻYosh turklarʼʼ arboblaridan bir qismi Saloniki va Adrianopolga qochib ketdi. Saloniki va Adrianopoldagi harbiy qismlar ʻʻYosh turklarʼʼ tarafida edi. ʻʻYosh turklarʼʼ o‘zlariga sodiq harbiy qismlari bilan 26-aprelda isyonchilar hukumatini ag‘darishdi. Sulton Abdulhamid taxtdan ag‘darildi. Taxtga uning ukasi Mahmud V Rishod (1909–1918) o‘tqazildi. Parlament qayta tiklandi.
Ichki va tashqi ahvol
ʻʻYosh turklarʼʼ inqilobi buyuk davlatlarni tashvishga solib qo‘ydi. Ular Turkiyadagi ichki siyosiy beqarorlikdan foydalanib, yanada ko‘proq o‘ljaga ega bo‘lib olishga harakat qilishgan. 1911-yilda Italiya Liviyani bosib olgach, Buyuk Britaniyaga xayrxoh ʻʻHurriyat va birdamlik partiyasiʼʼ ʻʻYosh turklarʼʼ hukumatini noqobillikda aybladi. Ular 1912-yil 5-avgustda mamlakatda davlat to‘ntarishi o‘tkazishdi. Tez orada Turkiyaning tashqi ahvoli yanada yomonlashdi. 1- 2- Bolqon urushlarida Turkiya Bolqondagi ta’siridan deyarli to‘la ajraldi. Bu hodisa ʻʻHurriyat va birdamlikʼʼ hukumatini og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Shunday sharoitda, „Yosh turklar“ rahbarlaridan biri Anvarbey boshchiligida 1913-yilning yanvarida isyon ko‘tarildi. „Hurriyat va birdamlik“ hukumati ag‘darildi. Hokimiyat yana ʻʻYosh turklarʼʼ qo‘liga o‘tdi.
Hokimiyat 3 kishidan iborat ʻʻUchlikʼʼ deb atalgan guruh (Anvar, Tal’at va Jamol) qo‘liga o‘tdi. Uchlikka Anvar poshsho rahbarlik qildi. ʻʻUchlikʼʼ Germaniya bilan yaqinlashish siyosatini davom ettirdi. ʻʻUchlikʼʼning Germaniya bilan yaqinlashishi Germaniyaning Turkiya imperiyasi hududlariga da’vo qilmayotgani bilan izohlandi. Germaniya panturk va panislom mafkuralarini o‘ziga shior qilib olgan ʻʻUchlikʼʼni qo‘llab-quvvatlay boshladi.
Bu mafkura g‘oyalari Antanta manfaatlariga zid edi. Bundan tashqari Germaniya Turkiya imperiyasining bo‘linishiga qarshi chiqa boshladi. Bunday sharoitda Germaniya „Yosh turklar“ ko‘z o‘ngida Turkiyaning yagona «himoyachisi“ga aylandi. Endi Germaniya Turkiyani ittifoq shartnomasi tuzishga unday boshladi. Va nihoyat 1914-yilning 2-avgustida maxfiy suratda ittifoq shartnomasi tuzildi. Bu shartnomani imzolash bilan Turkiya hukmron doiralari imperiyani halokatga mahkum etdi. Panislomizm — XIX asr oxirida butun musulmon olamini mustamlakachilarga qarshi kurashda birlashtirish to‘g‘risidagi harakatga Rossiya va Buyuk Britaniya imperiyalari, shuningdek, sobiq Ittifoq tomonidan berilgan sun’iy nom.
Panturkizm — turkiy xalqlarni birlashtirish g‘oyasiga Rossiya va Buyuk Britaniya imperiyalari, shuningdek, sobiq Ittifoq tomonidan berilgan rasmiy nom.
Senat (lot.) — qadimgi Rimda respublika davrigacha urug‘ oqsoqollarining yig‘ini.
Yosh turklar — 1889-yilda tashkil etilgan turk burjua-pomeshik partiyasi.
ʻʻBirlik va taraqqiyotʼʼ partiyasi a’zolarining yevropacha nomi.