Rossiyaning siyosiy tuzumi
Rossiya bu davrda cheklanmagan monarxiya bo‘lib, butun hokimiyat podsho qo‘lida to‘plangandi. (tarix kitoblarida podsho hokimiyatiga nisbatan ʻʻchorizmʼʼ, ʻʻsamoderjaviyeʼʼ iboralari ham ishlatiladi.) Podsho hokimiyatining asosiy tayanchi pomeshiklar hamda pravoslav cherkovi edi. Podsho xonadonining o‘zi eng katta pomeshik bo‘lib, 7 mln. desyatina (1 desyatina = 1,1 gektar) yerga egalik qilardi.
Pomeshik xo‘jaligi Rossiyaning kapitalistik taraqqiyoti yo‘lidagi asosiy to‘siq edi.
Pomeshiklar jon-jahdlari bilan eski tartiblarning saqlanib qolishiga harakat qilishardi. Rossiyada burjuaziya sinfi ham bor edi. Ularning sarmoyalari hajmi tobora o‘sib bordi. Biroq burjuaziyaning siyosiy nufuzi past, davlatni boshqarishdagi ishtiroki deyarli sezilmasdi.
Iqtisodiy ahvol
Rossiya agrar-industrial davlat edi. Mamlakat aholisining 85%i qishloqlarda yashardi. Shunday bo‘lsa-da, podsho Rossiyasida kapitalizm shiddat bilan rivojlanib bordi. Chet el kapitalining kirib kelishi tufayli og‘ir sanoat tezlik bilan ilgariladi.
Uning metallurgiya, mashinasozlik, neft va ko‘mir qazib olish kabi tarmoqlari yuksala boshladi. Rossiya qisqa vaqt ichida neft qazib chiqarish bo‘yicha AQSHni ham ortda qoldirdi va dunyoda birinchi o‘ringa chiqdi. Chetga ko‘plab kerosin eksport qilindi. Metall eritish bo‘yicha dunyoda 4-o‘rinni egalladi.
Rossiya iqtisodiy taraqqiyotiga xos yana bir xususiyat — monopoliyalarning vujudga kelgani bo‘ldi. Chunonchi, Rossiya qora metallurgiyasida ʻʻProdmetʼʼ, ko‘mir sanoatida ʻʻProdugolʼʼ nomli yirik monopoliyalar vujudga keladi. Rangli metallurgiya sohasida ʻʻMed“ jamiyati (1907) hal qiluvchi mavqeni egallab oldi. Rossiya iqtisodiy taraqqiyotiga xos yana bir xususiyat — chetga kapital chiqarishdan ko‘ra chetdan Rossiyaga kapital kiritishning ustunligi edi. Bu, bir tomondan, Rossiya kapitalizmining zaifligi oqibati bo‘lsa, ikkinchidan, Rossiyada chet el kapitaliga katta foyda keltiruvchi sohalarning, mintaqalarning ko‘pligi hamda arzon ishchi kuchining mavjudligi bilan ham izohlanardi.
Mamlakat sanoatiga qo‘yilgan chet el kapitalining asosiy qismi Fransiya kapitali edi.
Rossiya qishloq xo‘jaligi ham sekinlik bilan bo‘lsa-da, taraqqiy etdi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishi ham o‘sdi. Asosiy eksport mahsuloti—g‘alla edi.
Rossiyada kapitalizm taraqqiy etishi bilan moliya kapitali ham vujudga keldi.
ʻʻPeterburg xalqaro bankiʼʼ, ʻʻAzov-Donʼʼ va ʻʻRus- Osiyoʼʼ banklari mamlakat hayotida yetakchi rol o‘ynay boshladi. Shunday bo‘lsa-da, XIX asr oxiri — XX asr boshlarida Rossiya iqtisodiy taraqqiyotda boshqa buyuk davlatlarga nisbatan orqada edi. Chunonchi, sanoat ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha dunyoda 5-o‘rinda edi.
Ichki siyosat
Rossiya imperiyasi tarkibida 100 dan ortiq millat va xalq yashardi. Ularning hududlari turli asrlarda, turli tarixiy sharoitlarda Rossiya tomonidan istilo etilgan.
Istilo etilgan o‘lkalarda ruslashtirish siyosati olib borildi. Bosqinchilar zulmiga qarshi ko‘tarilgan milliy-ozodlik harakatlari esa ayovsiz bostirildi. Binobarin, podsho Rossiyasida fuqarolarning katta qismi, shuningdek, mustamlaka xalqlari og‘ir hayot kechirardi. Bu esa qachondir katta portlash ro‘y berishiga olib kelishi shubhasiz edi.
Buning ustiga, 1904-yildagi Rossiya-Yaponiya urushi xalq ommasining turmush darajasini yanada og‘irlashtirib yubordi. Oxir-oqibat bu 1905-yilda inqilob yuz berishiga olib keldi. Inqilob yengildi. Hukmron tabaqalar bu inqilobdan zarur saboqlar ham chiqardi. Uning asosiysi—dehqonlarni inqilobiy harakatdan chetlatish haqidagi saboq edi. Ikkinchisi qishloqlarda podsho hokimiyatining kuchli ijtimoiy tayanchini vujudga keltirish muammosi edi.
Bu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish uchun agrar islohot o‘tkazishga qaror qilindi.
Podsho 1906-yilda agrar islohot o‘tkazish va dehqonlarni ko‘chirish to‘g‘risida farmon chiqardi. Bu islohot bosh vazir P. A. Stolipin tashabbusi bilan bog‘liq bo‘lgani uchun tarixga ʻʻStolipin agrar islohotiʼʼ nomi bilan kirgan. Unga ko‘ra, dehqonlarning o‘z xususiy yeriga ega bo‘lishi masalasining quyidagi 3 usul orqali amalga oshirilishi mo‘ljallandi:
— jamoa yer egaligini bekor qilish va dehqonlarga sotib olgan jamoa yerini xususiy mulkka aylantirish hamda dehqonga o‘z yerini sotish huquqini ham berish;
— dehqonlarning davlat va pomeshiklarga qarashli yerlarni sotib olishlari uchun ularga ʻʻDehqonlar bankiʼʼ orqali yordam berish;
— yer tanqisligi kuchli bo‘lgan markaziy mintaqalardagi dehqonlarning bir qismini Sibir, Turkiston, Uzoq Sharq va imperiyaning milliy chekka o‘lkalariga ko‘chirish.
Stolipin agrar islohoti qishloq aholisining tabaqalanishini va ichki bozorning o‘sishini kuchaytirdi. Badavlat dehqonlar (quloqlar) ning mavqeyini mustahkamladi.
Biroq agrar islohot pomeshik yer egaligini tugatolmadi. Bundan tashqari, ko‘chib ketganlar yana avvalgi joylariga qayta ko‘chib kelishga majbur bo‘la boshlashdi.
Chunki ko‘chirish moddiy jihatdan yetarli ta’minlanmadi. Buning oqibatida 1911-yilda ko‘chib ketganlarning (ularning soni 3,5 mln. dan ortiq edi) yarmidan ko‘pi qayta ko‘chib keldi. Shuningdek, ko‘chirish siyosati milliy chekka o‘lkalardagi siyosiy vaziyatni keskinlashtirdi. Bunga chekka o‘lkalardagi, xususan, Turkistondagi mahalliy aholiga qarashli eng yaxshi yerlarning ko‘chib kelganlarga berilgani, yerli aholining esa sharoiti og‘ir yerlarga surib chiqarilgani sabab bo‘ldi. Shu tariqa Stolipin mamlakatni ʻʻtinchlantiraʼʼ olmadi. Hukmron tabaqalar uning iste’fo berishini talab eta boshlashdi. Bunga erishilmagach, 1911-yilda Stolipin otib o‘ldirildi. Lekin barcha nuqsonlariga qaramay, Stolipin agrar siyosati qishloqda kapitalizmning taraqqiy etishiga yo‘l ochdi.
Islohot – biror sohadagi mavjud tartiblarni tubdan o‘zgartirish.
Agrar islohot – yer-suv, yerga egalik va yer-suvdan foydalanishga oid tartiblarni qayta o‘zgartirish.
Chorizm – Rossiya podshosining, monarxiyaning cheklanmagan hokimiyatini asoslagan davlat tuzumi.