XIX asr oxiri — XX asr boshlarida Italiya


Italiyaning siyosiy tuzumi

Fransiyaning Prussiya bilan urushda yengilishi Italiyani to‘la birlashtirish yo‘lidagi oxirgi to‘siqni bartaraf etishga imkon berdi. 1870-yilning 3-oktyabrida Fransiya qo‘shini himoyasida bo‘lgan italyan qo‘shini tomonidan egallangan Rim shahri Italiya qirolligi poytaxtiga aylantirildi. Papa hokimiyati Vatikan saroyi bilan cheklab qo‘yildi. Bungacha papa Piy IX Rim shahrining Italiyaga qo‘shilishiga qarshilik qilayotgan va uni Fransiya armiyasi himoya qilayotgandi. Italiya siyosiy tuzumiga ko‘ra konstitutsiyaviy monarxiya bo‘lib qoldi. Konstitutsiyaga binoan ikki palatali (Senat va deputatlar palatasi) parlament tashkil etildi. Qirol Viktor Emmanuil II qonun chiqaruvchi hokimiyatni parlament bilan bo‘lib oldi. Senatorlar qirol tomonidan umrbod muddatga tayinlanardi. Ijro etuvchi hokimiyat Bosh vazir qo‘lida to‘plandi. Konstitutsiyada barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi, uy-joy daxlsizligi, so‘z va matbuot erkinligi, yig‘ilish o‘tkazish huquqi e’tirof etildi.
Xristian dinining katolik oqimi yagona din bo‘lib qoldi. 1871-yilda cherkov va davlat munosabatini tartibga soluvchi qonun qabul qilindi. Qonun Rim papasini muqaddas va daxlsiz deb e’lon qildi va uning qarorgohi joylashgan shahardavlat — Vatikanga boshqa davlatlar bilan diplomatik munosabat o‘rnatish huquqi berildi.

Iqtisodiy ahvol

Italiyaning milliy davlat bo‘lib birlashtirilishi mamlakatda kapitalistik tuzumni barqaror qilish jarayonini tezlashtirish uchun qulay sharoit yaratib berdi. Biroq Italiya hamon agrar davlatligicha qolmoqda edi. Yerga, asosan, yirik zamindorlarning egalik qilishi saqlanib qoldi. Buning ustiga yerdan foydalanishning qoloq shakllari hukm surardi. Pomeshiklar yerining katta qismi mayda uchastkalarga bo‘linib, juda og‘ir shartlar bilan (hosilning 3/4 qismini to‘lash sharti bilan) dehqonlarga ijaraga berilardi. Ayni paytda mamlakat oldida katta moliyaviy muammolar paydo bo‘lgan. Bu — Italiya ichki va tashqi qarzining nihoyatda ko‘payib ketgani oqibati bo‘lgandi. O‘sib borayotgan chiqimlarni qoplash uchun hukumat davlat zayomlari chiqarishga, mamlakat ichidagi hamda tashqarisidagi kapital egalariga yordam so‘rab murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Oqibatda Italiyaning davlat qarzi shiddat bilan ko‘payib boraverdi. Shunga qaramay kapitalizm tobora chuqur qaror topa bordi. Hukumat, avvalo, temiryo‘l qurilishini kengaytirdi.

Savdo floti qurish keng avj oldi. Tez orada Italiya savdo floti dunyoda uchinchi o‘ringa chiqdi. Hukumat Italiyani Fransiya va Shveysariya bilan bog‘laydigan ikkita tunnel qurdi. Yangi sanoat tarmoqlari aksiyadorlik jamiyatlari tariqasida vujudga keldi. 1906-yilda tashkil topgan ʻʻFiatʼʼ aksiyadorlik jamiyati kimyo, rezina, mashinasozlik, elektr, avtomobil sanoati va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishda tezda ustunlik mavqeyini egallab oldi. Birinchi jahon urushiga qadar Italiya agrar mamlakatligicha qolib, ishga yaroqli aholisining ko‘pchiligi qishloq xo‘jaligida band edi. Shunday bo‘lsa-da, qishloq xo‘jaligi bilan band bo‘lgan aholi soni yildan yilga kamayib bordi.

Ijtimoiy harakat

Mamlakatda mehnatkashlar ahvoli nihoyatda og‘ir edi. Italiya aholi jon boshiga daromad taqsimoti darajasi bo‘yicha G‘arbiy Yevropada eng oxirgi o‘rinda turardi.
Ish soati 12–13 soat davom etardi. Ahvol, ayniqsa, mamlakat janubida og‘ir edi.
Oqibatda Italiyaning ko‘plab fuqarolari ish izlab chet ellarga ketishdi. Italiya xalqi o‘z ahvolini yaxshilash va o‘z haq-huquqlari uchun kurash olib borishga majbur bo‘lgan. Bu kurash oqibatida 1892- yilda Italiya Sotsialistik partiyasi tuzildi.
Dehqonlarning ahvoli ham og‘ir edi. Bu og‘ir hayot Sitsiliyada dehqonlar qo‘zg‘olonining ko‘tarilishiga olib keldi. 1898-yilda Milanda ro‘y bergan umumiy ish tashlash 5 kunlik barrikada janglariga aylanib ketdi. Hukumat ishchilar harakatini armiya kuchi bilan bostirdi. 1903-1914-yillarda (orada ma’lum uzilishlar bilan) Italiya hukumatini o‘z davrining mashhur siyosiy arbobi J. Jolitti boshqardi. J. Jolitti aholi xarid quvvatini oshirmay turib, sanoat ishlab chiqarishini rivojlantirib bo‘lmasligini yaxshi tushunardi. Buning uchun esa mehnatkashlarga yaxshi ish haqi to‘lash zarur edi. Bu haqda u ʻʻSanoat taraqqiyoti tepasida ish haqi yuqori bo‘lgan mamlakatlar turadiʼʼ, deb ta’kidlagandi. Uning davrida kasaba uyushmalari tuzilishiga, ish tashlash o‘tkazilishiga ruxsat etuvchi, tungi smenada bolalar va ayollar mehnatidan foydalanmaslik, saylovchilarning mulk va savodxonlik senzini bekor qilish haqida qonunlar qabul qilindi. Ayni paytda u davlatning mamlakat iqtisodidagi rolini oshirish tarafdori edi. Uning fikricha, davlat — mehnat va kapital o‘rtasida hakam vazifasini bajarishi lozim edi.

Tashqi siyosat

Italiya tashqi siyosatida ʻʻirredentizmʼʼ tarafdorlarining ta’siri kuchaydi. Bu hol uning qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarini yomonlashtirdi. Italiya da’vo qilayotgan Shimoliy Afrika davlatlari hududini birin-ketin Fransiya egallay boshladi. Bu hol Italiyani Germaniya bilan yaqinlashtirdi. 1882-yilda Italiya Germaniya va Avstriya-Vengriya Ittifoqiga qo‘shildi. Ittifoqchilarga ega bo‘lgan Italiya tez orada Somali va Eritreyani bo‘ysundirdi. 1895-yilda esa Efiopiyani bosib olish maqsadida bu davlatga hujum qildi. Biroq 1896-yilning 1-avgustida Adua yonida Italiya qo‘shinlari tor-mor etildi. Oqibatda 5 ming italyan askari halok bo‘ldi. Bu voqea Italiyada milliy sharmandalik sifatida qabul qilindi. Yangi mustamlakalar bosib olish uchun qulay sharoit yaratish zarur edi. Italiya hukumati xuddi shunday sharoitni yarata oldi.

Chunonchi, Italiya Fransiya bilan o‘rtasidagi keskin munosabatlarni bartaraf etishga erishdi. 1902-yilda bu ikki davlat o‘rtasida bitim imzolandi. Bitimga ko‘ra, tomonlar ikki davlatning biri boshqa davlatning hujumiga uchraydigan bo‘lsa, o‘zaro qat’iy betaraflik majburiyatini olishdi. 1908-yili Italiya Bosniya va Gersegovinani Avstriya istilo qilishiga qat’iy norozilik bildirdi va 1909-yilda Rossiya bilan Bolqon yarimorolidagi o‘z manfaatlarini quvvatlovchi bitim tuzdi. Bu ikki davlat Avstriya-Vengriyaning Bolqon mamlakatlariga suqilib kirishiga qat’iy qarshilik ko‘rsatishga kelishib oldi. Qulay diplomatik sharoit yaratilgach, Italiya 1911-yilda Liviyaga hujum qildi. Liviya bu davrda rasman turkiya imperiyasi tarkibida edi. Bu hol Italiya—turkiya urushini keltirib chiqardi. Urush Italiya g‘alabasi bilan tugadi. 1912-yildan boshlab Liviya Italiya mustamlakasiga aylandi.

Mulk senzi — saylovda qatnashish uchun fuqaroning ma’lum darajadagi mulkka ega bo‘lishi (boshqa davlatlarda ham bo‘lgan).

Irredentizm — Italiyaga qo‘shni bo‘lgan davlatlarda italyanlar qisman yashaydigan hududlarni qo‘shib olishni targ‘ib qiluvchi millatchilik harakati.