XIX asr oxiri — XX asr boshlarida Hindiston


Mustamlakachilik

Hindiston bu davrda Buyuk Britaniya mustamlakasi edi. U Hindistonni vitseqirol boshchiligidagi amaldorlar va politsiya yordamida boshqarardi. Ingliz mustamlakachiligi sharoitida Hindistonda sarmoyadorlikka asoslangan mahalliy ishlab chiqarish tizimi yuzaga kela boshladi. Yirik sanoat korxonalari qurishga kirishildi. 1886-yilda to‘qimachilik sanoatida 95 ta fabrika bor edi. Konlar soni, temiryo‘l tarmoqlari ko‘paydi. Bu narsa xomashyo tayyorlash va tashishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Buyuk Britaniya Hindistonda sanoatni o‘ziga qulay qilib joylashtirishga harakat qildi. Asosiy sanoat korxonalari dengizbo‘yi port shaharlari yaqinida edi. Bundan Hindiston boyliklarini arzon va oson olib chiqib ketish maqsadi ko‘zlandi. 1873-yildan 1883- yilgacha Hindiston bilan Buyuk Britaniya savdosi tobora o‘sib bordi. Hindiston ingliz burjuaziyasining kapital kiritish hududiga aylanib qoldi.

Dehqonchilikda agrotexnika madaniyati pastligicha qolaverdi. Mustamlakachilar tomonidan qurilgan sug‘orish inshootlari bor-yo‘g‘i 20 foiz yerni sug‘orishga yetardi. Yer hosilning katta qismini to‘lash sharti bilan dehqonlarga ijaraga berilardi. Qarz hisobiga ishlab berishga majbur bo‘lgan odamlar soni tobora ko‘paya bordi.


Qishloq xo‘jaligining eng serdaromad tarmoqlariga (choy, kanop, paxta) sarmoya kiritish inglizlarga katta foyda keltirardi. Hindiston XIX asr oxirida dunyo bozoriga katta miqdorda sanoat va qishloq xo‘jaligi mollari chiqara boshladi. Lekin olingan daromad ingliz mustamlakachilarini boyitdi. Qishloq xo‘jaligida monokultura vujudga keldi. Bengaliya kanop, Assam choy, Bombey va Markaziy Hindiston paxta, Panjob bug‘doy yetishtirishga ixtisoslashdi. Yer egalari, bank egalari, sudxo‘rlar dehqonlarni qarzga botirib, ularni ayanchli ahvolga solib qo‘ydi.

1870-1890-yillar davomida Hindistonda 20 martadan ko‘p ocharchilik yuz berdi. Ularda 18 mln. odam qirilib ketdi. 1878-yilda ingliz ma’muriyati Hindistondagi milliy tillarda chiqadigan matbuot haqida qonun qabul qildi. Qonun barcha gazetalarni inglizlar nazoratiga o‘tkazdi. Tez orada o‘qotar qurollarni saqlamaslik haqida akt qabul qilindi. Buyuk Britaniya mahalliy burjuaziyaga qisman yon bosish siyosatini ham yurita boshladi. Ularning vakillari shaharlar ma’muriyatiga saylana boshladi.

Iqtisodiy ahvol

XX asr boshlarida Hindistonda kapitalizm sekinlik bilan bo‘lsa-da, rivojlana boshladi. 1910-yilga kelib kanop-tola fabrikalari soni ikki baravar ko‘paydi. Paxta xomashyosi tayyorlash, surp mato to‘qish korxonalarining 215 tasi hind kapitalistlariga qarashli edi. Sanoat ishchilari soni salkam 1 mln. kishiga yetdi. Buyuk Britaniya barcha ko‘mir havzalari, kanop sanoati, choyzorlarni, transport, savdo va sug‘urta jamiyatlarini o‘z qo‘liga to‘plab oldi va butun Hindiston ishlab chiqarish tizimi ustidan nazorat o‘rnatdi. Buyuk Britaniya kapitali juda tez o‘sib bordi. Biroq xalq ommasining turmushi esa tobora yomonlashib borgan. 1896-1906-yillarda 10 mln.dan ortiq odam ochlikdan o‘ldi. 1904-yilda esa 1 mln. odam vabodan qirildi. Universitetlarga kirish puli ikki baravarga oshirildi. Ulardagi huquq fakultetlari yopib qo‘yildi. Demokratik ruhdagi, xalq manfaatini ko‘zlovchi kishilarning universitetlarga kirishi butunlay taqiqlandi.

Milliy-ozodlik harakati

Hindiston xalqlari mustamlakachilik zulmiga qarshi ozodlik kurashi olib bordi. 1885-yilda Bombey shahrida muayyan dasturiga ega siyosiy partiya — ʻʻHindiston milliy kongressiʼʼ (HMK) tuzildi. Ayni paytda, ʻʻMusulmonlar ligasiʼʼ ham tashkil topdi. Endi inglizlar hind-musulmon raqobatini yanada kuchaytirib yubordi. Kongress o‘z safiga yirik savdo-sanoat kapitali vakillarini, liberal pomeshiklar hamda milliy ziyolilarni birlashtirdi. Dastlabki vaqtlarda Hindiston milliy kongressiga ingliz mustamlaka ma’muriyati qarshilik qilmadi. Bunday munosabatni Hindiston vitseqiroli lord Dafferin ʻʻmilliy kongress inqilobdan arzonroqʼʼ deb izohlagandi.

Inglizlar o‘ylagandek, milliy kongressning talablari dastlabki paytlarda juda ham mo‘tadil bo‘ldi. Bu talablar Britaniya hukmronligini saqlab qolgan holda, ba’zi islohotlar o‘tkazishnigina ko‘zda tutardi. Ya’ni chetdan keltiriladigan ip-gazlamalarga boj belgilash, mahalliy vakillik muassasalarining huquqini kengaytirish, hindlarni boshqarish ishlariga jalb etish, texnik ta’limni uyushtirish va boshqalar edi. Biroq vaqt o‘tishi bilan bu partiya katta mavqega ega bo‘la bordi. 1890-yilda ʻʻso‘lʼʼ — radikal oqim shakllandi. Unga Bal Gangadxara Tilak (1856–1920) rahbarlik qildi. U hind xalqining milliy ongini uyg‘otish, milliy g‘ururini ko‘tarish yo‘lidan bordi.

Dinga, uning ommani uyushtiruvchi kuchiga katta baho berdi. Tez orada u Puna shahrida mustaqil o‘rta maktab tashkil qildi. Maktab o‘quvchilar ongiga vatanparvarlik g‘oyalarini singdira boshladi. Tilak ʻʻKesariʼʼ (Sher) gazetasini tashkil etdi. Yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qildi. Hindiston sharoitida qurolli qo‘zg‘olon yo‘li bilan ozodlikka chiqishning iloji yo‘qligini anglagan Tilak ʻʻkuch ishlatmaslikʼʼ yo‘lini tanladi. Bu usulda asosiy e’tibor ingliz tovarlarini boykot qilishga qaratildi. ʻʻXudo Hindistonni xorijiy mamlakatlarga hech qachon hadya qilgan emasʼʼ, der edi Tilak. Tilak tarafdorlari ommani mustamlakachilarga qarshi nafrat ruhida tarbiyalashardi. Bundan xavfsiragan inglizlar 1897-yili Tilakni bir yarim yilga qamashdi. Lekin tez orada ozod qilishga majbur bo‘ldi.

Bengaliyaning bo‘linishi

Milliy-ozodlik harakatini bo‘g‘ishga intilib, ingliz mustamlakachilari 1905-yilda Bengaliyani ikki qismga bo‘lib tashlashdi. Chunki Bengaliya mustamlakachilikka qarshi kurashning eng kuchli harakat markazlaridan biriga aylangandi. Bu tadbir aks ta’sirga ega bo‘ldi. Hindistonda milliy-ozodlik harakati yangidan kuchayib ketdi.


Kalkuttada namoyish bo‘lib, unda 100 ming kishi qatnashdi. Norozilik chiqishlari birin-ketin mamlakatning katta qismini egalladi. 1906-yil dekabrda ʻʻso‘lʼʼ radikal oqim talabi bilan Hindiston milliy kongressi qo‘shimcha qaror qabul qildi. ʻʻSvarajʼʼ (o‘z hokimiyatimiz), ʻʻSvadeshiʼʼ (o‘z ishlab chiqarishimiz), ʻʻIngliz mollariga boykotʼʼ xalq orasida katta e’tibor qozondi. Tilak nafaqat ingliz mollaridan, balki ingliz boshqaruvidan ham voz kechishga chaqirdi. Boshqaruvni hindlashtirishga, mahalliy burjuaziyani fabrika va zavod qurishga chaqirdi.

ʻʻSvarajʼʼ, ʻʻSvadeshiʼʼ dasturi ommaga katta ta’sir ko‘rsatdi. 1908-yili Bombey viloyatining Surat shahrida Hindiston milliy kongressining qurultoyi chaqirildi. Mo‘tadil oqim ingliz imperiyasi tarkibida qolish, ayni paytda, o‘z-o‘zini boshqarish huquqi berilishi tarafdorlarining fikri ma’qullandi. Radikal oqim (Tilak boshliq) HMK tarkibidan chiqarildi. Ingliz ma’murlari tez orada qonunga xilof majlislar va matbuot haqida taqiqlovchi qonunlar chiqardi va shafqatsiz qatag‘onga zo‘r berdi. Ish tashlash harakatining rahbarlarini sud qilinmasdan otishga hukm qilina boshlandi. Shu yo‘l bilan Hindistondagi ozodlik harakatini vaqtincha bostirishga muvaffaq bo‘lindi.

Urush arafasida

Hindistonning mahalliy hukmron doiralari ingliz mustamlakachi ma’muriyati bilan kelishib, 1909-yilda ʻʻHindiston kengashlari haqida qonunʼʼ nomli hujjat qabul qildi. Bu qonunga ko‘ra, aholining faqat yarim foizigina saylov huquqini oldi. Saylovlar diniy jamoa asosida o‘tkaziladigan bo‘ldi (ya’ni hindlar va musulmonlar alohida-alohida ovoz beradigan bo‘ldi). Bundan maqsad hindlar va musulmonlar o‘rtasiga nifoq solish edi. Bu davrda Hindiston Buyuk Britaniyaning bo‘lg‘usi jahon urushi rejalarida muhim rol o‘ynay boshladi. Shuning uchun ham u Hindistondagi vaziyatni yumshatishga intildi. Chunonchi, 1911-yili mustamlaka ma’muriyati ish vaqtini 12 soat bilan cheklash haqida qonun qabul qildi. 1911-yil mehnatkashlarning harakatlaridan cho‘chigan mustamlaka ma’murlari bo‘lib tashlangan Bengaliyani birlashtirishga majbur bo‘lishdi. Poytaxt xavfsizroq hududda joylashgan Dehliga ko‘chirildi.