XIX asr oxiri — XX asr boshlarida Germaniya. Imperiyaning tashkil topishi


Germaniyani birlashtirishning tugallanishi

Yuqorida aytilganidek, Fransiya-Prussiya urushi davom etayotgan bir paytda, ya’ni 1871-yilning 18-yanvarida barcha german davlatlarining monarxlari Versalda to‘planib, Prussiya qiroli Vilgelm I ni Germaniya imperatori deb e’lon qilishdi. Bu Germaniyaning ikkinchi marta imperiya deb e’lon qilinishi edi. (Eslang: Germaniya qachon 1-marta imperiya deb e’lon qilingandi?) Shunday qilib butun Germaniya hududining 2/3 qismida joylashgan, aholisining esa 60%i yashayotgan Prussiya monarxiyasi yetakchiligida Germaniyaning birlashuvi tugallandi. Yagona va yaxlit Germaniya imperiyasi barpo etildi.

1871-yilgi imperiya konstitutsiyasi

1871-yil imperiya reyxstagi umumgerman konstitutsiyasini qabul qildi. Germaniya imperiyasi ittifoqchilar davlati bo‘lib qoldi. Elzas-Lotaringiya imperiya tarkibiga hokim (shtatgalter) tomonidan idora qilinadigan ʻʻmaxsus imperiya viloyatiʼʼ bo‘lib kirdi. Hokimni imperatorning o‘zi tayinlardi. Imperiyaga kirgan ayrim davlatlar o‘z konstitutsiyalari va parlamentlarini (landtaglarini) saqlab qoldi. Konstitutsiyaga muvofiq, imperiyaning oliy vakolatli muassasalari Ittifoq Kengashi (Bundesrat) bilan Reyxstag edi. Konstitutsiyada birlashgan Germaniyada Prussiya gegemonligi mustahkamlab qo‘yildi. Imperator urush e’lon qilar, sulh tuzar, xalqaro munosabatlarda Imperiya nomidan ish ko‘rardi. Ayni paytda, u imperiya qurolli kuchlarining bosh qo‘mondoni ham edi. Imperator o‘z ixtiyori bilan Reyxstag va Ittifoq Kengashi sessiyalarini chaqirish, ochish, tarqatib yuborish yoki muddatini cho‘zish, imperiya kanslerini tayinlash va ozod etish huquqlariga ega edi.

Otto fon Bismark

1871-yil konstitutsiyasiga binoan, imperator bir vaqtning o‘zida Prussiya qiroli ham hisoblanardi. Germaniyaning birinchi imperiya kansleri lavozimiga Otto fon Bismark tayinlandi. U davlat boshqaruvida katta tajribaga ega bo‘lib, deyarli 20 yil davomida (1871–1890) mamlakat hukumatini boshqardi. Bismark Germaniya tarixida ʻʻTemir kanslerʼʼ laqabi bilan nom qoldirdi. Reyxstag, konstitutsiyada ko‘rsatilganidek, umumiy saylov huquqi asosida besh yil muddatga saylanardi. Lekin amalda saylov huquqi faqat nomigagina umumiy edi. Harbiy xizmatchilardan tashqari, 25 yoshga to‘lgan erkaklargina saylov huquqidan foydalanardi.

Germaniyaning iqtisodiy taraqqiyoti


70-80-yillarda Germaniya iqtisodi gurkirab rivojlana boshladi. Uning sanoat mahsulotlari barcha qit’a davlatlari bozorlariga kirib bordi. Xo‘sh, qanday omillar Germaniya iqtisodining gurkirab rivojlanishiga sabab bo‘ldi?

Bosh omil — Germaniyaning birlashtirilganligi edi. Bu birlashuv tufayli yagona ichki bozor vujudga keldi. Ya’ni bojxona to‘siqlari olib tashlandi. Yagona pul, o‘lchov va og‘irlik birliklari joriy etildi.

Ikkinchi omil —Fransiyaning talanishi bo‘ldi. Fransiya 3 yil ichida 5 mlrd. frank tovon to‘lashga majbur etildi. Undan tortib olingan va temir rudasiga boy Lotaringiya bilan Saar toshko‘mir koni birgalikda Germaniya og‘ir sanoati rivojida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Uchinchidan, Germaniya tadbirkorlari boshqa davlatlar tajribalaridan muvaffaqiyatli foydalandi. Ishlab chiqarishga eng ilg‘or hamda fan va texnika yutuqlarini joriy etdi. Ayniqsa, Tomson tomonidan fosfor olish jarayonining soddalashtirilishi Germaniya sanoatining gurkirab rivojlanishi uchun katta imkoniyatlar yaratdi. Chunki Germaniya fosfor rudalarining asosiy makoni edi.

To‘rtinchidan, sanoatning tez sur’atlar bilan militarlashtirilishi ishlab chiqarishning rivojlanishiga ta’sir etmay qolmadi. Fransiyadan undirilgan tovonning ma’lum qismi harbiy buyurtmalar uchun to‘landi. Bu omillar, ayni paytda, Germaniyani agrar davlatdan industrial davlatga aylantirdi. Germaniya kimyo sanoatida jahonda birinchi o‘ringa chiqib oldi. Temir va po‘lat ishlab chiqarishda esa AQSHdan so‘ng ikkinchi o‘ringa chiqdi. Cho‘yan ishlab chiqarish 1912-yilda 17,6 mln. tonnaga yetdi.
Sanoat rivojlanishi bilan ishlab chiqarish tobora yirikroq korxonalarda to‘plana bordi. Bu davrda har birida 1000 dan ortiq ishchi ishlaydigan korxonalar soni 600 taga yaqinlashgandi. Ayni paytda, sanoatda ishlab chiqarishning markazlashuvi kuchaydi. Masalan, ko‘mir qazib chiqarish, cho‘yan va po‘lat eritish, asosan, 4 ta monopoliya qo‘lida to‘plandi. 1914-yilga kelib, Germaniyada sanoat ishlab chiqarishi 1871- yilga nisbatan 7 marta ko‘paydi. Sanoat ishlab chiqarish hajmi jihatidan Germaniya dunyoda AQSHdan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi. Qishloq xo‘jaligi ham tez sur’atlar bilan taraqqiy eta boshladi.

Shnayder zavodida to‘plarni yig‘ish jarayoni

Bundesrat (Ittifoq Kengashi) — Germaniya parlamentining yuqori palatasi.

Reyxstag — Germaniya parlamentining quyi palatasi.

Kansler — Bosh vazir.