XIX asr oxiri — XX asr boshlarida Fransiyada iqtisodiy va siyosiy hayot


Iqtisodiy ahvol

XIX asr so‘nggi choragida Fransiyaning iqtisodiy taraqqiyoti sekinlashdi. Chunonchi, dunyoda sanoat ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rindan to‘rtinchi o‘ringa tushib qoldi. Xo‘sh, Fransiya iqtisodiy taraqqiyoti sekinlashuvining asosiy sabablari nimalardan iborat edi? Avvalo, Fransiyaning hamon mayda tovar ishlab chiqaruvchilar davlati bo‘lib qolayotgani import hajmining eksportdan ortiq bo‘lishiga olib kelgan. Bu esa o‘z navbatida ichki bozorning cheklanishiga sabab bo‘lgan. Ikkinchidan, Fransiya tabiiy boyliklari kam davlat edi. Uchinchidan, Prussiya bilan bo‘lgan urush Fransiyaga juda katta moddiy talafot yetkazdi. Urushda Fransiya 13 mlrd. frank zarar ko‘rdi. Ayni paytda, Germaniyaga 5 mlrd. frank tovon to‘lashga majbur bo‘ldi. To‘rtinchidan, ichki siyosiy vaziyatning beqarorligi mamlakat iqtisodiy ahvoliga katta salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Beshinchidan, dehqonlar xarid quvvatining pastligi sanoat ishlab chiqarishi o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgandi. Oltinchidan, Fransiya chetga ko‘p kapital chiqarib yuborgandi. Bu sarmoyadorlarga katta foyda keltirardi. Shuning uchun ham sarmoyadorlar (kapitalistlar) o‘z sarmoyalarini (kapitallarini) mamlakat ishlab chiqarishiga emas, balki chetga (katta foiz evaziga, albatta) chiqarishni afzal ko‘rgan.

Hokimiyat uchun kurash

Prussiya bilan urush tugagach, hukmron doiralar o‘rtasida hokimiyat uchun kurash kuchayib ketdi. Ularni shartli ravishda ikki guruhga bo‘lish mumkin edi. Birinchisi — monarxiya tarafdorlari, ikkinchisi — respublika tarafdorlari edi. 1873-yilda Germaniyaga tovon to‘lab bo‘lindi. Nihoyat, Germaniya o‘z qo‘shinlarini Fransiyadan olib chiqib ketdi. Respublikachilar mamlakat parlamentida (Milliy Majlis) ozchilikni tashkil etgan. Biroq Fransiya aholisining katta qismi monarxiyaga qarshi bo‘lgani ularga madad bo‘lardi. Milliy Majlisda ko‘pchilikni tashkil etgan monarxiyachilar o‘z nomzodlarini ikki marta prezidentlikka saylagan bo‘lsalar-da, monarxiyani tiklashga urinishi natijasiz tugadi. Keskin ichki siyosiy kurashda oxir-oqibatda respublikachilar g‘alaba qozondi.

Uchinchi Respublika Konstitutsiyasi

1875-yil Uchinchi Respublika Konstitutsiyasi qabul qilindi. Unga ko‘ra, prezidentlik lavozimi saqlab qolindi. Ayni paytda ikki palatali (Deputatlar palatasi va Senat) parlament (Milliy Majlis) tashkil etildi. Uning vakolat muddati 4 yil etib belgilandi.
Parlament har ikki palatasining qo‘shma yig‘ilishi 7 yil muddatga mamlakat prezidentini saylardi. Ijroiya hokimiyat prezidentga va hukumatga tegishli edi.
Prezident vazirlarni tayinlash, respublika nomidan tashqi siyosat yuritish, shuningdek, urush e’lon qilish va sulh tuzish, umumiy afv e’lon qilish kabi vakolatlarga ega edi.

Hukumat a’zolarini prezident tayinlasa-da, ular parlament oldida javobgar edi.
ʻʻMarselyezaʼʼ qo‘shig‘i mamlakat madhiyasi etib belgilandi. Buyuk fransuz inqilobi boshlangan (1789-yil) 14-iyul fransuz xalqining Milliy bayram kuni deb e’lon qilindi.
O‘sha davr uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan qator huquq va erkinliklar e’lon qilindi. Xususan, matbuot va yig‘ilish o‘tkazish, siyosiy tashviqot bilan shug‘ullanish kabi erkinlik va huquqlar shular jumlasidandir. Lekin xotin-qizlarga saylov huquqi berilmadi.

Parlament (fr.) — saylov asosida tuziladigan qonun chiqaruvchi oliy davlat organi.

Respublika (lot. jamiyat ishi) — fuqarolarning umumiy saylovi asosida boshqariladigan davlat.

Monarxiya (yunoncha) — yakka hukmronlik.