XIX asr oxiri — XX asr boshlarida Eron


Buyuk Britaniya va Rossiyaga qaramlikning kuchayishi

XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Eron dunyo sarmoyador davlatlarining yarimmustamlakasiga aylandi. Shoh tuzumi va mustamlakachilik zulmi xalq ahvolini yanada og‘irlashtirdi. Mamlakatda noroziliklar kuchaydi. Erondagi mustabid hokimiyat yirik yer egalari, viloyat hokimlari hamda urug‘larning xonlariga tayanardi. Eronda sanoatning burjualashuvi sust kechdi. Yer dehqonlarni ekspluatatsiya qilib kelayotgan mulkdorlar qo‘lida edi. Shaharlarda yashovchi hunarmandlar va mayda savdogarlar kabi dehqonlar ham sudxo‘rlar tomonidan qarzga botirilgandi.

Eron yirik yer egalari, savdogarlari va sudxo‘rlari shoh hokimiyatini cheklab qo‘yishni, o‘z mulklarining daxlsiz bo‘lishini, gubernatorlar va xonlar o‘zboshimchaligiga barham berishni, eronlik sarmoyadorlarning huquqlarini chet ellik kapital egalari bilan teng qilib qo‘yilishini talab qilishdi. Eronga kapital chiqarish bo‘yicha Buyuk Britaniya birinchi o‘rinda edi. 1872-yili Eron neft konlaridan foydalanish, tosh va temiryo‘l qurish konsessiyalari olindi. 1889-yili ingliz monopolisti Reyter Eronda ʻʻShahanshohbankʼʼ ochishga erishdi. Shartnomaga ko‘ra, bank qog‘oz pullar chiqarish va mamlakat yerosti boyliklaridan erkin foydalanish huquqini oldi. Birinchi jahon urushi arafasida Eron Buyuk Britaniyadan 9,6 million funt sterling qarz bo‘lib qoldi. Eronni qaram qilishda Rossiya ham ishtirok etdi. Birinchi jahon urushi arafasida Eronning Rossiyadan qarzi 164 million rublni tashkil etdi. Eronning iqtisodiy qaramligi siyosiy qaramlikni ham kuchaytirdi.
Ayniqsa, ruslarning shoh saroyiga ta’siri kuchli edi. Inglizlar esa boshqa yo‘ldan bordi. Ular Fors viloyatidagi baxtiyorlar qabilalarini, Huziston xonlarini markazga, shoh hukmronligiga qarshi gijgijlab turishdi.

Eron inqilobi

Ichki ijtimoiy ziddiyatlar, tashqi iqtisodiy va siyosiy siquvlar Eronda 1905-yili inqilobiy harakat boshlanishiga sabab bo‘ldi. Aholi butun mamlakat sanoat tarmoqlariga xo‘jayinlik qiluvchi rus-ingliz sarmoyadorlarini mamlakat hududidan chiqarib yuborishni talab qildi. Mamlakatda umumiy ish tashlash yuz berdi. Shoh hukumati ish tashlovchilardan shafqatsiz o‘ch olishga kirishdi. Bunga javoban xalq harakati boshlanib ketdi. Unda kurashning best usuli qo‘llandi. Bestda o‘tirgan odamga jazo chorasi qo‘llash mumkin emasdi. Namoyishchilar ʻʻadolatxonaʼʼ tashkil etish, shafqatsiz amaldorlarni haydash talabi bilan chiqdi. Shoh xalq harakatiga qarshi qo‘shindan foydalanmoqchi bo‘ldi. Biroq qo‘shin xalqqa o‘q uzishdan bosh tortdi. Natijada 1906-yilning 5-avgustida shoh konstitutsiya qabul qilish haqida farmon chiqarishga majbur bo‘ldi. Lekin farmon ijrosiz qolgach, xalq yana qo‘zg‘aldi. Buning oqibatida Tabrizda Eron tarixida birinchi parlament — Majlis tuzildi.

Majlis Eron sotsial-demokratlari ta’siri ostida edi. 9-sentyabrda shoh xalq tazyiqi bilan Majlisga saylovlar o‘tkazish haqida farmon chiqardi. Kojarlar (ya’ni shoh urug‘iga mansublar), ruhoniylar, savdogarlar, zamindorlar va dehqonlar, hunarmandlar—jami 6 ijtimoiy qatlam saylov huquqiga ega bo‘ldi. 1906-yilda Majlisga saylov o‘tkazildi. Shoh Muzaffariddin konstitutsiyaning birinchi qismini tasdiqladi. Unga binoan, shohga barcha qonunlarni tasdiqlash, byudjet qabul qilish, uning ijrosini nazorat qilish huquqi berildi. Chet elliklar bilan tuziladigan iqtisodiy bitimlarga Majlisning roziligi olinishi belgilab qo‘yildi. 1907-yilda shoh Muzaffariddin vafot etgach, taxtga mustabid tuzum tarafdori, yangilikka qarshi Muhammad Alishoh o‘tirdi. U inqilobiy o‘zgarishlarga qarshi kurashni rejalashtirdi.


Yangi shoh Majlisga qat’iy qarshi edi. Lekin inqilobiy harakat ko‘lami uni Eronda konstitutsiyaviy tartibni saqlab turishga majbur etdi. Shu bilan 1905-1907-yillardagi Eron inqilobining birinchi bosqichi tugadi.

Inqilobning ikkinchi davri

1907-1911-yillar Eron inqilobining ikkinchi davri deyiladi. Harakat endi, asosan, mustamlakachilarga qarshi qaratildi. Shahar kambag‘al qatlamlari ham o‘z talablari bilan chiqishdi. Ayniqsa, mujohidlar tashkiloti katta ta’sirga ega bo‘ldi. Ular yashirin saylov huquqi, jamiyatlar tuzish, shaxs erkinligi, shoh yerlarini musodara qilish, ish vaqtini 8 soat qilib cheklash, bepul va majburiy ta’lim joriy qilish kabi talablar bilan chiqishdi. Demokratik harakat ta’siri ostida shoh zamindor zodagonlarning nafaqasini qisqartirdi. Feodal zamonga xos bo‘lgan unvonlarni bekor qildi.


Poraxo‘rlik, tamagirlikka qarshi kurash to‘g‘risida qonun e’lon qildi. Shoh Eron konstitutsiyasining eng muhim demokratik mazmundagi moddalarini tasdiqlab imzo chekishga rozi bo‘ldi. Qonun oldida hamma teng, shaxs va mulk daxlsizligi, jamiyatlar tuzish, majlislar o‘tkazish, dunyoviy sud (shariat sudi bilan bir qatorda), qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi davlat organlarini ajratish kabi moddalar muhim ahamiyatga ega edi.

Ayni paytda shohga katta huquqlar ham berildi. Chunonchi, shoh javobgarlikdan ozod shaxs, bosh qo‘mondon sifatida urush e’lon qilish, sulh tuzish, vazirlarni tayinlash va bo‘shatish kabi huquqlarga ega edi. Shohning konstitutsiya va qonunlarga sodiqlik haqida qasamyod qilishi qoida qilib qo‘yildi. Qabul qilinayotgan qonunlarning shariatga muvofiqligi ustidan nazorat qilish uchun besh ulug‘ ulamo tayinlanadigan bo‘ldi.

Buyuk Britaniya–Rossiya bitimi

Ingliz-rus mustamlakachilari Erondagi inqilobiy o‘zgarishlarga befarq qarab turmadi. Ular Eronga nisbatan zo‘ravonlik siyosati yuritishdi. 1907-yilda Buyuk Britaniya–Rossiya bitimi imzolandi. Bitimga ko‘ra, Eron uch qismga bo‘lindi.
Shimoliy Eronning Rossiya, Janubiy Eronning Buyuk Britaniya ta’sir doirasida bo‘lishi tasdiqlandi. Eronning o‘rta qismi esa betaraf deb e’lon qilindi. Ayni paytda, bu davrda shoh inglizlar va ruslar yordamida 1908-yilda aksilinqilobiy davlat to‘ntarishi o‘tkazdi. Rossiya kazak qo‘shinlari Majlis binosini to‘pga tutdi. Majlis tarqatib yuborildi. Demokratik matbuot taqiqlandi. Majlis halokatga uchragach, inqilobiy harakat markazi Tabrizga ko‘chdi. Shoh qo‘shinlari Tabrizga hujum qildi va shaharni qamal qildi. Oqibatda ocharchilik boshlandi. Tashqi dunyodan uzib qo‘yilgan Tabriz qo‘zg‘oloni yengildi.

Buyuk davlatlarning Erondagi siyosati

Tabriz qo‘zg‘oloni bostirilgani bilan shohga qarshi harakatlar to‘xtamadi. 1909-yilda Tehronda Muhammad Alishoh taxtdan tushirildi. O‘rniga o‘g‘li Ahmad shoh deb e’lon qilindi. Konstitutsiya tiklandi. Hukumat mamlakat iqtisodini o‘nglash maqsadida chet eldan, chunonchi, Buyuk Britaniyadan 1 million 250 ming funt sterling qarz oldi. Ichki aksilinqilobchi kuchlar Rossiya va Buyuk Britaniya yordamida inqilobchilarga qarshi hujumga tayyorgarlik ko‘rishdi. Nihoyat Rossiya qo‘shini 1911-yilda aksilinqilobiy davlat to‘ntarishi o‘tkazilishida qatnashdi. Shu tariqa Eron inqilobi bostirildi. Erondagi 1905-1911-yillar inqilobi katta ijtimoiy hodisa — feodal-monarxiya tuzumidan konstitutsiyaviy monarxiyaga o‘tish bosqichi bo‘ldi. Birinchi jahon urushi arafasida Eronning xorijga tobeligi yanada kuchaydi. 1912-yilda 1907-yilgi Rossiya Buyuk Britaniya ta’sir doiralari haqidagi bitimini tan olishga majbur etildi. Rossiyadan 14 million rubl qarz olindi va Eron iqtisodiy, siyosiy jihatdan buyuk davlatlarga qaram bo‘lib qoldi.

Best — masjid va qabristonlarda tinch o‘tirib, sust qarshilik ko‘rsatish.

Konsessiya (lotincha — ruxsat etish) — davlat organlarining muayyan shartlar asosida yerosti boyliklari, yerusti obyektlarini ekspluatatsiyaga berish to‘g‘risidagi bitim.