Mamlakat siyosiy tuzumi
Buyuk Britaniya bu davrda ham konstitutsiyaviy monarxiya edi. Biroq Germaniyadan farqli o‘laroq, bu davlatda qirol hokimiyati asosiy rol o‘ynamasdi. Buyuk Britaniya qirollari davlat boshlig‘i edi xolos. Ular davlatni amalda boshqarishmagan. Davlatning ichki va tashqi siyosatini boshqarish parlament tuzadigan hukumat qo‘lida edi. Buyuk Britaniyada qaysi partiya parlament saylovida g‘olib chiqsa, shu partiya hukumat tuzardi. Mamlakatda kuchli ikki partiyaviy tizim qaror topgan bo‘lib, ularning biri Konservatorlar, ikkinchisi esa Liberallar partiyasi deb atalardi.
Konservatorlar partiyasining asosiy tayanchi yirik zamindorlar va anglikan cherkovi, Liberallar partiyasining asosiy tayanchi esa o‘rta sinf vakillari edi.
Konservatorlar partiyasi an’analarga sodiqligi bilan ajralib tursa, Liberallar partiyasi zamon ruhiga mos islohotlar o‘tkazish tashabbuskorligi bilan ajralib turardi. Ayni paytda, ularni birlashtiruvchi yagona manfaatlar ham mavjud edi. Bu manfaatlar mushtarakligi asosini Buyuk Britaniyaning dunyoda yetakchi davlat maqomini saqlab qolishga intilishi, mustamlaka imperiyani yanada kengaytirish, dunyo bozorlaridan o‘z raqiblarini mumkin qadar ko‘proq siqib chiqarishga intilish kabi maqsadlar tashkil etgan.
XIX asr o‘rtalariga kelib Buyuk Britaniyada demokratik jamiyat asoslari qaror topdi.
Bular — so‘z, namoyishlar o‘tkazish, matbuot erkinligi kabilarda o‘z ifodasini topdi.
Shuningdek, tabaqaviy imtiyozlar tugatildi. Birinchi o‘ringa insonning qaysi tabaqaga mansubligi emas, shaxsning erkinligi, qobiliyati, mustaqilligi, individualligi qo‘yildi. 1867-yili o‘tkazilgan parlament islohoti tufayli saylovda qatnashuvchilar uchun mulk senzi kamaytirildi. Natijada, erkak aholining 50 foizi saylov huquqiga ega bo‘ldi. Liberallar partiyasidan U. Gladston 4 marta bosh vazirlik lavozimini egallagan. 1864-1874-yillarda bosh vazirligi davrida uning hukumati qator islohotlar o‘tkazdi. Chunonchi, tred-yunionlarga o‘z manfaatlarini sudda himoya qilish huquqi berildi. Shuningdek, ish tashlashlar o‘tkazilishiga ruxsat etildi.
Parlamentga saylovlarning yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilishi joriy etildi.
Maktab islohoti o‘tkazildi. B. Dizraeli bosh vazirligi davrida (1874–1880) ham qator muhim tadbirlar amalga oshirildi. Chunonchi, 1875-yilda haftada 54 soatlik ish vaqti belgilandi. 10 yoshdan kichik bolalarni ishga qabul qilish taqiqlandi. 1911-yilda yana bir marta parlament islohoti o‘tkazildi. Bu islohot Buyuk Britaniyada demokratik jamiyat va huquqiy davlatchilik taraqqiyoti yo‘lida muhim bosqich bo‘ldi.
Iqtisodiy taraqqiyotda orqada qolish
XIX asrning so‘nggi choragida Buyuk Britaniya iqtisodiy jihatdan orqada qola boshladi. ʻʻJahon ustaxonasiʼʼ deb nom olgan Buyuk Britaniyaning XIX asr oxiri–XX asr boshlarida sanoat ishlab chiqarish hajmi 2 marta, tashqi savdodagi ulushi esa 70 foizga qisqardi. Sanoat ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha 3-o‘ringa tushib ketdi. Mamlakatning jahon ustaxonasi maqomi o‘tmishga aylanib qoldi. Buning asosiy sababi, birinchidan, kapitalning asosan chetga chiqarilishi edi. Ingliz sarmoyadorlari mustamlakalarda zavod, fabrika va boshqa korxonalar qurishni afzal ko‘rishgan.
Chunki mustamlakalar xomashyo va arzon ishchi kuchi manbayi edi. Ularni metropoliyaga olib kelish qimmatga tushardi. Chetga kapital chiqarish juda katta daromad keltirgan. Chunonchi, uning keltirgan foydasi tashqi savdo keltirgan foydadan 5 marta ko‘p bo‘lgan.
Foyda ketidan quvish oqibatida Buyuk Britaniyaning o‘zidagi korxonalar o‘z vaqtida zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan qayta jihozlanmay qoldi. Buning natijasida Buyuk Britaniya sanoat mahsulotlarining raqobatbardoshlik quvvati pasaydi. Germaniya va AQSH tovarlari jahonning barcha bozorlarida Buyuk Britaniya tovarlarini ta’qib eta boshladi. Chunki Germaniya va AQSH tovarlari ham sifatli, ham arzon edi. Shu sababli 20 yil mobaynida, ya’ni 80-yillardan tortib XX asr boshlarigacha Germaniyaning Buyuk Britaniyaga eksporti 41 foiz ko‘paygan, AQSH dan eksport qilish esa ikki martadan ziyodroq oshgani holda, bu davlatlarga ingliz eksporti bor-yo‘g‘i 8 foizga ko‘paygan xolos.
Bundan tashqari, yosh rivojlanayotgan davlatlar ingliz tovarlariga katta boj to‘lovlari joriy etgandi. Buyuk Britaniya esa hamon bojsiz savdo an’anasiga sodiq bo‘lib qolaverdi. Ikkinchidan, xalqaro maydonda bo‘lingan dunyoni qayta bo‘lish uchun kurash kuchaygan bir sharoitda Buyuk Britaniya harbiy xarajatlarni ko‘paytirishga majbur bo‘ldi. 1900-1914-yillar oralig‘ida bu xarajat 3 marta ko‘paydi. Shunday bo‘lsa-da, Buyuk Britaniya iqtisodiy jihatdan hamon qudratli edi. London jahon moliya markazi hisoblangan. Jahon savdosida hisob-kitob hamon Buyuk Britaniya pul birligi (funt sterling) asosida amalga oshirilardi.
Ingliz kapitalizmi sanoat sohasidagi oldingi birinchiligidan mahrum bo‘lgan bo‘lsa ham, juda katta foyda olish imkoniyatini saqlab qoldi. Bunga ko‘pdan ko‘p mustamlakalaridagi juda katta bozorlarni o‘z qo‘lida saqlab qolish orqali erishdi.
Bundan tashqari, Buyuk Britaniyaning sanoat ustunligi asta-sekin qo‘ldan ketgani bilan jahon vositachilik savdosidan, sug‘urta, bank, kemasozlik sohasidagi monopol hukmronligidan mahrum bo‘lganicha yo‘q edi. Buyuk Britaniya burjuaziyasi bu monopol hukmronlikni, avvalo, o‘zining mustamlaka imperiyasi tufayli uzoq vaqt saqlab qololdi. Buyuk Britaniya hamon kapital eksport qilishni davom ettirdi. Bu kapital Buyuk Britaniyaga juda katta foyda keltirardi.
Kapital (lotincha — bosh, asosiy) — sarmoya; o‘z egasiga daromad keltiruvchi jami vositalar va mablag‘lar. Ya’ni qiymat keltiruvchi, o‘zini o‘zi ko‘paytiruvchi qiymat.