Siyosiy tuzum
Avstriya-Vengriya imperiyasi 1867-yilda Avstriya va Vengriyaning hukmron tabaqalari o‘rtasidagi bitim asosida vujudga keldi. Imperiyaning Avstriya qirolligi tarkibiga Chexiya, Moraviya, Galitsiya va Bukovina, Vengriya tarkibiga esa Slovakiya, Xorvatiya va Transilvaniya kirgan. Shu yilning o‘zida imperiyaning yangi konstitutsiyasi qabul qilingan. Unga ko‘ra, imperiyaning umumiy hukmdori Avstriya imperatori bo‘lgan. Imperator Gabsburglar sulolasi vakili edi. Sulola imperiyani 1867-yildan 1918-yilgacha boshqargan. Imperiya tashkil etilgan paytda imperator Frans Iosif II edi. Avstriyada imperator hokimiyati rasman Reyxstag, Vengriyada esa Seym tomonidan cheklangan. Binobarin, Avstriya-Vengriya konstitutsiyaviy monarxiya edi. Imperiya tashkil etilgach, quyidagi 3 ta umumimperiya vazirligi tashkil etilgan: 1. Tashqi ishlar. 2. Harbiy va dengiz. 3. Moliya. Boshqa vazirliklar imperiyaning har ikki qismida ham mustaqil faoliyat yuritganlar. Vengriya o‘z parlamentiga, ijroiya hokimiyatiga, siyosiy va ma’muriy muxtoriyatiga ega bo‘lgan. Imperiya aholisining aksariyatini bo‘ysundirilgan slavyan xalqlari tashkil etgan.
Avstriya-Vengriyaning iqtisodiy taraqqiyoti
XIX asrning so‘nggi choragida Avstriya-Vengriya Yevropaning rivojlangan davlatlariga nisbatan qoloq mamlakat edi. Mamlakatda o‘rta asr feodalizm sarqitlarining saqlanib qolgani ilg‘or Yevropa mamlakatlariga nisbatan sanoat taraqqiyoti sekinlashuviga sabab bo‘ldi. 1890-yillarda shahar aholisi butun Avstriya-Vengriya aholisining faqat uchdan birini tashkil qilardi. Hatto imperiyaning eng rivojlangan qismi bo‘lgan Avstriyada ham qishloq aholisi ko‘pchilikni tashkil etardi.
1867-yilda tuzilgan Avstriya-Vengriya bitimi Vengriyaning iqtisodiy jihatdan rivojlanishi uchun ma’lum turtki bo‘ldi. Vengriya ko‘miri bazasida sanoatning metallurgiya tarmog‘i rivojlana boshladi. Lekin Vengriyaning asosiy sanoat tarmog‘i oziq-ovqat sanoati bo‘lib qolaverdi. 1898-yilda Vengriyaning ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlari imperiyada ishlab chiqarilgan mahsulotlarning yarmini tashkil etgan.
Imperiyaning industrial tumanlari Quyi Avstriyada va Chexiyada ishlab chiqarishning markazlashuvi va monopoliyalarning vujudga kelish jarayoni jadallik bilan bordi. XX asr boshlariga kelib ssuda kapitali, asosan, Venadagi yirik banklarda to‘plandi. Mamlakat hayotida moliya oligarxiyasining ta’siri kuchayib bordi. Ayni paytda imperiya taraqqiyotining o‘ziga xos yana bir xususiyatini uning chet el kapitaliga qaramligi kuchayib borgani tashkil etdi. Fransiya, Belgiya, Germaniya banklari qarz berish, sanoatga mablag‘lar yo‘naltirish orqali Avstriyani o‘z kapitallari bilan to‘ldirib tashladi. Avstriya-Vengriya sanoatining metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika va shu kabi tarmoqlari Germaniya firmalari tomonidan moliyaviy jihatdan ta’minlanib turildi. Nemis kapitalining to‘qimachilik va mashinasozlik korxonalarida ham mavqeyi yuqori edi. Nemis kapitali qishloq xo‘jaligiga ham suqilib kirdi. Avstriyaning 200 000 gektar yeri nemis pomeshiklariga tegishli edi.
Ijtimoiy harakat
Imperiya mehnatkashlari o‘z haq-huquqlari uchun kurash olib borishgan. Chunonchi, 1869-yilda imperiya poytaxti Vena shahrida ishchilarning ommaviy namoyishi o‘tkazildi. Namoyishchilar demokratik erkinliklar berilishini talab qildi.
Hukumat bunga javoban, Avstriya ishchilar harakatining rahbarlarini davlatga xiyonatda aybladi. Sud ularni uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etdi. Avstriya hukumati ham Bismarkdan o‘rnak olib, 1884-yilda ishchilar harakatiga qarshi ʻʻfavqulodda qonunʼʼ joriy etdi. Qonun ishchilar harakatiga qarshi politsiya terrorining kuchaytirilishiga ruxsat berdi. 80-yillar oxiriga kelib, kasaba uyushmalari tarqatib yuborildi. Ishchi gazetalarini nashr etish to‘xtatildi. Shunday bo‘lsa-da, ishchilar kurashni davom ettirdi. 1889-yilda esa Avstriya sotsial-demokratik partiyasi (ASDP) tuzildi.
Partiya dasturida siyosiy erkinliklarni joriy etish, parlamentni umumiy, teng, to‘g‘ri, yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylash to‘g‘risida qonun qabul qilish, cherkovni davlatdan, maktabni cherkovdan ajratish, ish kunini qisqartirish kabi talablar bor edi. Ishchilar harakati tobora kuchayib boravergach, 1907-yilda hukumat saylov tizimi islohoti haqida qonun qabul qilishga majbur bo‘ldi. Unga ko‘ra, 24 yoshli erkaklar saylash va saylanish huquqiga ega bo‘ldi.
Milliy-ozodlik harakati
Imperiyada har qanday sharoitda ham slavyan xalqlarining mustamlaka holatini saqlab qolishga intiluvchi shovinistik kayfiyatdagi kuchlar ham o‘z siyosiy partiyalarini tuzdi. Bu partiyalardan biri Pangerman partiyasi, ikkinchisi esa Xristian sotsialistlar partiyasi deb ataldi. Ko‘proq avstriyalik katoliklardan iborat bo‘lgan Xristian sotsialistlar partiyasi arboblari ʻʻBuyuk Germaniyaʼʼ g‘oyasini sinfiy tinchlikni targ‘ib qilish, barcha ijtimoiy nizolarni ʻʻinoqlik va muhabbat ruhidaʼʼ hal qilishga da’vat qilish va antisemitizmni targ‘ib qilish bilan qo‘shib olib borishdi. Biroq hukmron doiralar slavyan xalqining milliy-ozodlik harakatini to‘xtatolmadi. Chex muxolifati Chexiyaga ham siyosiy huquqlar berilishini talab qildi. Hukumat bunga javoban ta’qib choralarini kuchaytirib yubordi.
1868-yil hatto Chexiyada qamal holati joriy qilindi. Biroq bu usul chex muxolifatini ʻʻsindiraʼʼ olmadi. Kurash davom etdi, nihoyat 1880-yilda Chexiyada sud va ma’muriy ishlar uchun ikki til joriy qilindi. 1882-yildan boshlab Praga universitetida ham o‘qitish ikki tilda (nemis va chex) olib boriladigan bo‘ldi. Galitsiyadagi ukrain va polyak aholisi ham milliy zulm ostida edi. Avstriya hukumati Galitsiyadagi hukmron doiralar bilan bitim tuzib, o‘lkani idora qilishda ularga rahbarlik rolini berdi. XIX asrning so‘nggi o‘n yillarida milliy zulm yanada kuchaydi. Zakarpatyedagi ukrain aholisi ʻʻvengrlashtirildiʼʼ. Xorvatiya doimo harbiy yoki favqulodda holatda tutildi, xalq noroziligi qattiq ta’qiblar bilan shafqatsiz bostirildi. Xorvatiyadagi milliy-ozodlik harakatiga Vengriya hukumati 1912-yilda Xorvatiya Seymini tarqatib yuborish va konstitutsiyani to‘xtatib qo‘yish bilan javob berdi.
Iqtisodiy inqiroz
1912-yilda Avstriya-Vengriyada og‘ir iqtisodiy inqiroz yuz berdi. Oqibatda yirik sanoat va savdo korxonalari sindi. Imperiya eksport salohiyati keskin kamaydi. Bu esa iqtisodiy inqirozni yanada chuqurlashtirib yubordi. Mehnatkash xalq ommasining turmush darajasi pasaydi. Imperiya hukmron tabaqalari milliy zulmni yanada kuchaytirdi. Oqibatda iqtisodiy va milliy-ozodlik kurashi keskinlashdi.
Imperiyadagi og‘ir vaziyatga qaramay, Vengriya hukmron doiralari Avstriyaning Bolqondagi bosqinchilik siyosatida faol qatnasha boshladi. Hatto armiya qaytadan tuzildi. Bu — imperiyaning urushga tayyorgarlik ko‘rayotganini anglatardi. Mamlakatni harbiylashtirishga, urushga tayyorgarlik ko‘rilayotganiga va milliy zulmga qarshi Vengriyaning asosiy shahri Budapesht shahrida ko‘p ming kishilik namoyish o‘tkazildi.
Umumiy norozilik yalpi ish tashlashlarga olib keldi. Namoyishchilarga qarshi politsiya kuchlari yuborildi. Oqibatda Budapesht barrikadalarga to‘lib ketdi.
Kuchlar nisbati teng emasdi. Shuning uchun ham ishchilar namoyishni to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Ijtimoiy harakat va imperiya tarkibidagi slavyan xalqlarining milliy-ozodlik uchun kurashi Avstriya-Vengriya imperiyasi chuqur inqiroz davriga kirganini ham anglatardi.
Shunday bir sharoitda, ayrim siyosatchi arboblar trializm (uchlik) talabi bilan chiqishdi. Trializm g‘oyasi imperiyani Avstriya, Vengriya va imperiya tarkibidagi slavyan xalqlari yerlarini o‘z ichiga oluvchi, har uch tomonni teng huquq asosida birlashtiradigan federatsiyaga aylantirish degani edi. Biroq federatsiyaning slavyan qismi kuchayib ketishidan cho‘chigan hukmron doiralar trializm g‘oyasini rad etdi. Bu hol Birinchi jahon urushi arafasida imperiyada ichki ziddiyatlarning keskinligicha qolishiga sabab bo‘ldi.
Federatsiya (lotincha — ittifoq) — hududiy jihatdan muayyan siyosiy mustaqillikka ega bo‘lgan bir necha davlatlardan iborat yagona ittifoq davlat.
Ssuda — moddiy boyliklar garovi hisobiga foiz to‘lash va qaytarib berish sharti bilan muayyan muddatga qarzga beriladigan pul yoki moddiy boylik.