XIX asr oxiri — XX asr boshlarida Afg‘oniston


Buyuk Britaniya va Rossiya to’qnashuvi

70-yillarda Afg‘oniston Rossiya bilan Buyuk Britaniya o‘rtasida bahsga sabab bo‘lgan mamlakat bo‘lib qoldi. 1873-yili Buyuk Britaniya Hindiston–Afg‘oniston chegarasida harbiy kuch to‘play boshladi. Afg‘oniston amiri Sheralixon Rossiyadan yordam so‘rab, elchi yubordi. Rossiya bunga javoban kichik harbiy qismini chegaraga yaqin joylashtirdi. Kobulga esa general Stoletov boshchiligida elchilik missiyasi yuborildi. Biroq bundan ortiq harakatlarga jur’at etolmadi. Bunga O‘rta Osiyoni to‘la bo‘ysundirish hamda yaqinlashib qolgan Rossiya–Turkiya urushi muammolari imkon bermadi.


Ikkinchi ingliz–afg‘on urushi

1878-yili Sheralixon ingliz missiyasini Kobul shahrida qabul qilishdan bosh tortdi. Buyuk Britaniyaga bu Afg‘onistonga qarshi bosqinchilik urushi ochishga bahona bo‘ldi. 1878-yil noyabrda Afg‘onistonga qarshi urush harakatlari boshlandi. Vafot etgan Sheralixon o‘rniga taxtga o‘tirgan o‘g‘li Yoqubxon 1879-yilda Gandamak bitimini imzoladi. Unga ko‘ra, Afg‘oniston amalda mustaqilligini yo‘qotdi. Kobulda ingliz rezidensiyasi ochildi. Uning vazifasi afg‘on amiri xatti-harakatlari hamda Buyuk Britaniyadan yuboriladigan qarzlar qanday sarflanayotgani ustidan nazorat qilish edi.
Amir Yoqubxonning taslimchilik siyosati mamlakatda keskin qarshilikka uchradi va Kobulda unga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarildi.


Shaharliklar ingliz rezidensiyasiga bostirib kirib, egallashdi. Inglizlar Gandamak bitimidan keyin qaytarib olib ketgan qo‘shinini yana Afg‘onistonga tashlashdi va Kobulni qayta egalladi. Bu orada Afg‘onistonning sobiq amiri M.
Afzalxonning o‘g‘li Abdurahmon qo‘zg‘olonchi qo‘shini Kobulni o‘rab oldi. Inglizlar tang ahvolda qolishdi. 1880-yilning boshida Abdurahmon Shimoliy Afg‘onistonda o‘z hokimiyatini o‘rnatdi. Inglizlar Abdurahmon bilan muzokaralar boshlashga majbur bo‘lishdi. Kobul Abdurahmonga topshirildi.
Qandahor Buyuk Britaniya ta’sir doirasida qoldi. Bularning evaziga Afg‘oniston Buyuk Britaniya hamda ingliz Hindistonidan boshqa biror chet el mamlakati bilan diplomatik aloqa qilmaslik majburiyatini oldi.

Abdurahmonfaqat ichki siyosatdagina nisbatan mustaqillikni saqlab qolishga erishdi. Afg‘oniston taxtining qonuniy vorisi amir Sheralixonning o‘g‘li Ayubxon Qandahorga yurish boshladi. 1880-yilda ingliz harbiy brigadasi yanchib tashlandi. Inglizlar yangi harbiy qismlar chaqirishga majbur bo‘ldi.
Bu yangi kuchlar Ayubxonni Hirotga chekinishga majbur etdi. Lekin aholining qattiq qarshiligi tufayli inglizlar Qandahorni tashlab chiqib ketishga majbur bo‘lishdi. Shunday qilib, ikkinchi ingliz–afg‘on urushi Buyuk Britaniyaning mag‘lubiyati bilan tugadi.


Ichki nizolar

Tez orada, endi taxt da’vogarlari o‘rtasida urush harakatlari boshlanib ketdi.
1880-yili Abdurahmon Ayubxon qo‘shinlarini qattiq talafotga uchratdi. Ayubxon chet elga qochishga majbur bo‘ldi. Afg‘onistonda Abdurahmonning to‘liq hokimiyati o‘rnatildi. Amir Abdurahmon davrida (1880-1901-yillar) Afg‘oniston qiyin iqtisodiy-ijtimoiy ahvolni boshidan kechirdi. Inglizlar bilan urushlar ishlab chiqarishni izdan chiqardi. Kobul va boshqa shaharlar vayron qilingandi. Amir mamlakatda yopiq siyosat olib bordi. Chet elliklar, ayniqsa, yevropaliklarning bu mamlakatga kirishi taqiqlandi. Amir mamlakatni siyosiy jihatdan birlashtirish uchun kurash olib bordi. Ma’muriy politsiya apparati (boshqarmasi) tuzildi. Uning harakati bilan xazinaga soliqlar tushishi birmuncha yaxshilandi. Karvon yo‘llari xavfsizligi bir qadar ta’minlandi.
Qaroqchilar shafqatsiz jazolanadigan bo‘ldi. Ular temir qafaslarga solinib, yo‘l yoqasidagi ustunlarga osib qo‘yilar, ochlik hamda tashnalikda o‘limga mahkum qilinardi. Diniy ulamolarni o‘z tarafida tutish uchun Abdurahmon ularga maosh belgiladi. Vaqf mulkini esa qisman davlatga o‘tkazdi. Yagona pul birligi, mamlakat uchun bir xil tosh-tarozi va uzunlik o‘lchovlari joriy qilindi. Bu tadbirlar tufayli Afg‘onistonda savdo-sotiq, ishlab chiqarish va hunarmandchilik bir qadar rivojlandi.


Dyurand bitimi

Afg‘onistonning XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi xalqaro ahvoli to‘la ma’noda Rossiya va Buyuk Britaniyaning o‘zaro munosabatlariga bog‘liq edi.
Amir Abdurahmon bu murakkab sharoitda ikki ulkan mustamlakachi davlat kelishmovchiliklaridan foydalandi. Natijada, Abdurahmon o‘zining siyosiy mavqeyini mustahkamladi. Mamlakat hududini shimolda Amudaryogacha kengaytirib oldi. 1887-yilda turkmanlar yashaydigan joylarda afg‘on–rus chegaralari qat’iy belgilandi. Shundan keyin Abdurahmon janubda — Hind daryosi bo‘ylarida yashaydigan, lekin 1849-yilda inglizlarga bo‘ysundirilgan afg‘ on qabilalarini o‘z davlati atrofida birlashtirish harakatini boshlab yubordi. Amir Abdurahmon o‘zini ularga diniy homiy qilib ko‘rsatdi va inglizlarga qarshi kurashishga chorladi. Bu esa Buyuk Britaniya bilan urush xavfini tug‘dirdi.


Bundan cho‘chigan Abdurahmon inglizlar bilan 1893-yilda bitim tuzishga majbur bo‘ldi. Unga ko‘ra, Afg‘oniston janubidagi afg‘on qabilalari hududlari Buyuk Britaniya qaramog‘ida qolaveradigan bo‘ldi. Inglizlar kelishilgan Dyurand chizig‘iga (muzokara olib borgan inglizlar vakili Dyurand nomi bilan atalgan) qo‘shin yubordi. Bunga javoban tog‘lik afg‘onlar qo‘zg‘olon ko‘tardi.

Habibulloxon davri

1901-yili Abdurahmon vafot etdi. Amirlik taxtini o‘g‘li Habibullo egalladi. U otasi yo‘lidan borib, afg‘on qabilalarini birlashtirish siyosatini olib bordi. Inglizlarga qarshi kurashni davom ettirdi. Rossiya bilan savdo aloqalarini o‘rnatishga urindi. Bunga javoban Buyuk Britaniya Afg‘onistonga qarshi iqtisodiy qamal siyosatini qo‘lladi. Ayni paytda Buyuk Britaniya Afg‘onistonga bitim taklif qildi. Unda tashqi savdo Buyuk Britaniya nazoratida bo‘lmog‘i, mamlakatda inglizlarning temiryo‘l qurishiga rozilik berish, ingliz fuqarolarining Afg‘onistonga erkin kirib-chiqishiga ruxsat berish talab qilingandi. 1907-yili shu masalalar ko‘zda tutilgan bitim imzolandi.
Afg‘oniston Buyuk Britaniya manfaatlari mintaqasi deb e’lon qilindi.
Rossiya uchun esa savdo huquqlari berildi xolos. Afg‘oniston XX asr boshida ishlab chiqarish sanoati yo‘q, qoloq davlat bo‘lib qolaverdi. Soliqlar pul bilan emas, mahsulot sifatida olinardi.


Ma’rifatchilik

Og‘ir sharoitga qaramay, Afg‘oniston tashqi dunyodan uzilib qolgani yo‘q.
Afg‘onistonda ham respublikachilik harakati paydo bo‘ldi. Bu harakat tarafdorlari ʻʻYosh afg‘onlarʼʼ deb ataldi. Ular maktab-maorif, madaniyat, fan, texnika tarmoqlarini rivojlantirish g‘oyalarini ilgari surishdi. Ular amirlik hokimiyati bilan barobar konstitutsiya ham bo‘lishini talab qildi. Mahsulot solig‘ini bekor qilish, ichki boj to‘lovlarini yo‘qotish, qabilalar tengligiga erishish va ko‘p masalalarda ilg‘or qarashlarni ifoda etdi. ʻʻYosh afg‘onlarʼʼ harakatiga ʻʻSiroj ul-axbori afg‘oniyaʼʼ (Afg‘on xabarlari chirog‘i) gazetasi muharriri Muhammad Tarziy rahbarlik qildi. U Habibulloxonning uchinchi o‘g‘li Omonulloxonning qaynotasi edi. Islohotchilarning butun umidi shu Omonulloxonga qaratildi. Chunki u ʻʻyosh afg‘onlarʼʼ ruhida tarbiyalangandi.


Missiya (lotincha) — yuksak burch, mas’uliyatli vazifa; bir davlatning ikkinchi davlatga maxsus topshiriq bilan yuborgan vakillari.


Rezidensiya (lotincha) — bir davlat diplomatik vakillari qarorgohi.