Rossiyada Davlat dumasining tashkil etilishi


Ijtimoiy harakat

Rossiya aholisining turmush darajasi G‘arbiy Yevropa davlatlariga nisbatan juda past edi. Bu hol mamlakatda chuqur iqtisodiy-siyosiy islohotlar o‘tkazilishini talab qilishga qodir konstitutsiyaviy muxolifatning yo‘qligi oqibati edi. Mavjud hukmron tuzum esa chuqur ijtimoiy islohotlarning ashaddiy dushmani edi. Korxonalarda ish vaqti o‘rta hisobda 12–14 soat davom etardi. Fabrikaga yollangan ishchi xo‘jayin do‘konidan mahsulotni nasiyaga olishga majbur edi. Do‘kon korxona egalari uchun ishchilarni qo‘shimcha ekspluatatsiya qilish vositasi vazifasini bajargan. Milliy chekka o‘lkalarda ishchilar, ayniqsa, og‘ir va huquqsiz ahvolda edi. Jamiyatda mavjud tuzumni o‘zgartirish haqida o‘ylovchi turli guruhlar, uyushmalar yo‘q emasdi. Ularning biri — G. V. Plexanov rahbarlik qilgan ʻʻMehnatni ozod qilishʼʼ guruhi edi. Bu guruh 1883-yilda tuzildi. G. V. Plexanov ishchilar sinfini inqilobiy kuch deb hisoblagan. Lekin hokimiyatni qurolli qo‘zg‘olon yo‘li bilan bosib olishga qarshi edi. U jamiyatni islohotlar yo‘li bilan yangilash tarafdori edi.

1895-yilda Peterburgda ʻʻIshchilar sinfini ozod qilish uchun kurash ittifoqiʼʼ tuzildi.
1898-yilda Rossiyadagi barcha sotsialdemokratik guruhlar ʻʻRossiya sotsial-demokratik ishchi partiyasiʼʼ (RSDRP) deb atalgan partiyaga birlashishdi. 1903-yildan boshlab bu partiyaga rahbarlik V. I. Ulyanov (Lenin) qo‘liga o‘tdi. U RSDRPdagi bolsheviklar deb atalgan oqimga yetakchilik qildi. Bolsheviklar Rossiyada xususiy mulk mutlaqo bo‘lmaydigan, jamiyat a’zolari ezuvchi va eziluvchilarga bo‘linmaydigan, davlat hokimiyati, asosan, ishchilar sinfi qo‘lida bo‘ladigan, barcha mulk davlatniki hisoblanadigan jamiyatni qurmoqchi edi.
Bunday jamiyatni qurish uchun mavjud tuzumni ishchilarning qurolli qo‘zg‘oloni (aslida, davlat to‘ntarishi) orqali ag‘darib tashlash g‘oyasini targ‘ib etishgan.

1905-yil inqilobining boshlanishi

1905-yilning 9-yanvar kuni Rossiya tarixida birinchi inqilob boshlandi. Bu inqilob Rossiya mehnatkashlarining og‘ir turmushi Rus-Yapon urushi natijasida yanada yomonlashib ketishi oqibatida yuz berdi. Podshoning ʻʻodilligiʼʼga hali ham ishongan Peterburg ishchilaridan 250 ming kishi 9-yanvar, yakshanba kuni o‘z iltimoslarini podshoga bildirish uchun tinch namoyishga chiqdi. Iltimosnomada ta’sis majlisi chaqirish, demokratik erkinliklar berish, 8 soatlik ish kuni joriy etish kabilar ilgari surilgandi. Biroq podsho tinch namoyishni o‘qqa tutishni buyurdi.
Bu voqea Rossiya tarixiga ʻʻqonli yakshanbaʼʼ nomi bilan kirgan. Peterburgdagi qonli voqealarga javoban Moskva, Riga, Varshava, Boku va boshqa shaharlarning ishchilari ish tashladi, namoyishlar boʻldi. Mamlakatda dehqonlar harakati ham boshlandi. Inqilobiy harakat, hatto ayrim harbiy qismlarga ham ta’sir ko‘rsatdi.
Chunonchi, Qora dengiz flotiga qarashli ʻʻPotyomkinʼʼ bronenosesi matroslari 1905-yilning yozida qo‘zg‘olon ko‘tarishdi.

Rossiyada parlamentning tashkil etilishi

Inqilobiy harakatning bunday tus olishi podsho Nikolay II ni yon berishga majbur etdi. 17-oktyabr kuni podsho Manifest e’lon qildi. Unda vijdon, so‘z, matbuot erkinligi, yig‘ilish o‘tkazish va turli ittifoqlar tuzish huquqi, shuningdek, qonun chiqaruvchi hokimiyat—Davlat dumasi (parlament)ni joriy etish va’da qilindi.
Hukumat 1905-yilning dekabrida Davlat dumasiga saylov to‘g‘risida qonun qabul qildi. 1906-yil 27-aprelda 1-Davlat dumasi o‘z ishini boshladi. Unda 448 deputat qatnashdi. Duma faoliyatidagi asosiy masala agrar masala edi. Deputatlarning 1/4 qismiga yaqini dehqonlar vakillaridan iborat edi. Ular Dumada ʻʻtrudoviklarʼʼ (Mehnat guruhi) fraksiyasini tashkil etishdi. ʻʻtrudoviklarʼʼ hamma yerlarning dehqonlar o‘rtasida taqsimlanishini taklif etishdi. Bu amalda pomeshik yer egaligining tugatilishini anglatardi.

Podsho esa Dumadagi vaziyatdan tashvishda edi. Duma podsho o‘ylagandek yuvosh bo‘lib chiqmadi. Shuning uchun Nikolay II Dumani tarqatib yubordi.
1907-yilning yanvarida 2-Davlat dumasiga saylov o‘tkazildi. Bu Dumada ham agrar masala asosiy masala bo‘ldi. Agrar masala xususida Duma hukumat loyihasini tasdiqlamadi. Tez orada hukumat Dumadagi sotsial-demokratlarga davlat to‘ntarishi tayyorlamoqda deb ayb qo‘ydi va ularni Duma tarkibidan chiqarishni talab etdi. Bu talabga javob berishning cho‘zilib ketgani bahonasida Nikolay II 3-iyunda yana Dumani tarqatib yubordi. Shu tariqa birinchi rus inqilobi mag‘lubiyat bilan tugadi. 1905-yilgi saylov to‘g‘risidagi qonun bekor qilindi.

Saylov to‘g‘risidagi yangi qonun

1907-yil 3-iyunda saylov to‘g‘risidagi yangi qonun qabul qilindi. Yangi qonun o‘zida hukmron tabaqa manfaatini to‘la darajada aks ettirdi. Chunonchi, bir pomeshikning ovozi 4 ta yirik burjuaziya vakilining, 260 nafar dehqonning va 543 nafar ishchining ovoziga teng edi. Shu tariqa 3-Dumaga saylangan 442 nafar deputatning 202 nafari pomeshiklarning vakillari bo‘ldi. Ayni paytda Rossiya parlamenti ikki palatali parlamentga aylandi. Davlat Kengashi parlamentning yuqori palatasi vazifasini bajardi. Davlat Kengashi a’zolarining 50 foizini podsho tayinlardi. Hukumat podsho oldida javobgar edi. Unga ʻʻvetoʼʼ huquqi berildi.

Sirtdan qaraganda Rossiya konstitutsiyaviy monarxiyaga aylangandek edi. Aslida, podsho hokimiyati cheklanmaganligicha qolaverdi. Bu ham Rossiya ijtimoiy-siyosiy hayotining o‘ziga xos bir xususiyati edi. Birinchi rus inqilobi izsiz ketmadi. Chunonchi, ishchilarga kasaba uyushmalariga birlashish huquqi berildi. Ish tashlaganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortish, dehqonlarning esa yer uchun haq to‘lashi bekor qilindi. Podsho hokimiyati izmida bo‘lsa-da, vakolatli muassasa—parlament joriy etildi.

Manifest (lotincha) — hukumatning juda muhim voqea munosabati bilan xalqqa qilgan yozma murojaati.

Fraksiya (fransuzcha-lotincha) — parlament deputatlarining biror siyosiy partiyaga mansub guruhi.

Ekspluatatsiya (fransuzcha) — mulkdorlarning boshqalar mehnati mahsulini o‘zlashtirib olishi.