Dunyoni qayta bo‘lishga da’vogarlik
Buyuk Britaniya va Fransiya juda katta mustamlakalarga ega bo‘lgan holda Germaniya bunday mustamlakalarga ega emasdi. Germaniya hukmron doiralari ʻʻquyoshning hammaning yelkasiga birday nur sochishiʼʼ talabi bilan chiqishdi. Bismark Germaniyaning xalqaro maydondagi ta’sirini kuchaytirishni o‘z oldiga vazifa qilib qo‘ydi. Yangidan tashkil etilgan fransuz qo‘shinini qasos oluvchi qo‘shin, deb hisoblay boshladi. Shu tufayli Fransiya hali batamom mustahkamlanib olmasdan, u bilan urush qilishga shoshilmoqda edi. Biroq Rossiya bilan Buyuk Britaniya Germaniyaning kuchayib ketishini istamasdi. Bismark esa ikki frontda urush qilishdan qo‘rqardi. Shunday sharoitda u o‘ziga ittifoqdosh izladi va tez orada uni topdi ham. Bu Avstriya-Vengriya imperiyasi edi.
1879-yilda Germaniya Avstriya- Vengriya bilan ittifoq tuzdi. 1882-yilda Avstriya-Vengriya-Germaniya ittifoqiga Italiya qo‘shildi. Bunga Italiyaning Fransiya bilan munosabati keskinlashishi sabab bo‘ldi. Chunonchi, Fransiya 1881-yilda Italiya da’vo qilib yurgan Tunisni bosib olgandi. Avstriya-Vengriya imperiyasi esa bu vaqtda Bolqon yarimorolida Rossiya bilan raqobatlashmoqda edi. Shunday qilib, uchta maslakdosh kuchlar birlashib, 1882-yili harbiy ittifoq — ʻʻUchlar ittifoqiʼʼni tuzishga erishdi. Shu tariqa Germaniya Fransiya va Rossiyaga qarshi qaratilgan koalitsiyaga bosh bo‘lib oldi. Bismark Rossiyani o‘z siyosiy rejalarini amalga oshirish yo‘lidagi asosiy g‘ov deb bilardi. Lekin Bismark bir vaqtda ham Fransiyaga, ham Rossiyaga qarshi kurashish yengil emasligini anglardi. 1891-yilda shovinistik tashkilot—ʻʻGerman ittifoqiʼʼ tuzildi. ʻʻQirol Prussiya ustida, Prussiya Germaniya ustida, Germaniya dunyo ustidaʼʼ degan shior ilgari surildi.
Germaniyaning mustamlakachilik ekspansiyasi
Germaniya Yevropada urushga tayyorlanishi bilan bir vaqtda mustamlakalar bosib olishga ham kirishdi. 1882-yil Bremen savdogarlari Afrikaning janubi-g‘arbiy sohilidagi Angra-Peken buxtasiga keldilar. Ular 200 ta eski miltiq va 2000 marka badaliga yerli qabila boshlig‘idan anchagina hududni sotib olishdi. Tez orada Germaniya bu yerni o‘z protektorati deb e’lon qildi. Afrikaga amaldorlar va askarlar yuborildi. Ularning yangi yerlarni bosib olishga urinishi mahalliy xalqning qattiq qarshiligiga uchradi. 1884-yilda Germaniya Afrikaning o‘rta qismidagi Togo va Kamerun hududlarini, Gvineyaning shimoliy qismini va unga yondosh orollarni ishg‘ol qildi. 1885-yilda esa Afrikaning sharqiy qismidagi hududlarni va Zanzibarni zabt etdi. Bu hudud ʻʻGermaniya Sharqiy Afrikasiʼʼ degan nom oldi.
Vilgelm II Germaniya hukmron doiralari bosqinchilik siyosatining ʻʻjarchisiʼʼ va faol amalga oshiruvchisi bo‘lib chiqdi. 90-yillarning oxirida Shandun (Xitoy) provinsiyasining bir qismi bosib olindi. O‘sha vaqtdayoq, Germaniya Tinch okeandagi Karolina, Mariana orollarini va Samoa orolining bir qismini egallagandi.
1885-yilda u Marshall orollarini qo‘lga kiritdi. Shimoliy dengizni Boltiq dengizi bilan tutashtirgan Kil kanali ochildi. Reyxstag harbiy flot qurishning ulkan dasturini qabul qildi. Bu narsa Buyuk Britaniya bilan munosabatni yanada keskinlashtirdi.
Marokashga da’vosi esa Fransiya bilan munosabatlarni yanada yomonlashtirdi. Afrikada ʻʻbizni quruq qoldirishdiʼʼ deb hisoblagan german hukmron doiralari qo‘ldan ketganlarningʼʼ o‘rnini Yaqin Sharqda to‘ldirmoqchi bo‘ldi. Ular Kichik Osiyo, Suriya, Mesopotamiya va Falastinda joylashib olmoqchi edi. Chunki bu yerlarda dunyodagi eng yirik neft konlari, g‘alla va paxta xomashyolari bor edi.
Nemis bankiri Simens tashabbusi bilan Berlinni Fors qo‘ltig‘i bilan bog‘lovchi temiryo‘l qurish rejasi tuzildi. 1889-yilda Vilgelm II ʻʻHazrati Iso qabriʼʼni ziyorat qilish bahonasi bilan Falastinga bordi. U safar vaqtida Turkiya sultoni bilan uchrashib, reja bo‘yicha Bosfordan Kichik Osiyo orqali Bag‘dodga va undan Fors qo‘ltig‘igacha temiryo‘l qurish to‘g‘risida kelishib oldi. Bu yo‘l ʻʻBag‘dod temiryo‘liʼʼ nomi bilan tarixga kirdi. Nemislarning Fors qo‘ltig‘iga chiqishi Buyuk Britaniyaning bu hududdagi manfaatlariga putur yetkazardi.
Shu sababli Buyuk Britaniya ʻʻBag‘dod temiryo‘liʼʼning Fors qo‘ltig‘iga chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun 1899-yilda Quvaytda o‘z protektoratini o‘rnatdi. Shunga qaramay, 1902-yilda Turkiya bilan Germaniya o‘rtasida temiryo‘l masalasida yakunlovchi bitim imzolandi. Ayni paytda, Germaniya zo‘r berib qurollanishni yanada kuchaytirib yubordi. Qurolli kuchlar soni keskin ko‘paytirildi. Reyxstag katta harbiy kemalar qurish va suvosti floti uchun katta-katta mablag‘ ajratdi. Biroq 1907-yilda tuzilgan Buyuk Britaniya, Fransiya va Rossiya ittifoqi Germaniyaning tashqi ahvolini murakkablashtirib yubordi.
Germaniya-Turkiya munosabatlari
XIX asr oxiridan boshlab, Germaniya-Turkiya munosabatlari tobora yaqinlashib bordi. Turkiya Germaniya qiyofasida o‘z xaloskorini ko‘rgandek edi. Xo‘sh, bunga nimalar sabab bo‘lgan? Yevropaning buyuk davlatlari bo‘lgan Buyuk Britaniya ham, Fransiya va Rossiya ham Turkiya uchun imperiyaning hali u, hali bu hududlariga ko‘z olaytirayotgan yoki birin-ketin ularni bosib olayotgan umumiy dushman davlatlarga aylangandi. Masalan, Turkiyaga rasman qaram bo‘lgan Misrni bosib olgan Buyuk Britaniya emasmidi? Yoki Tunis va Marokashga da’vogar Fransiya emasmidi? Qora dengizni O‘rtayer dengizi bilan bog‘lashga imkon beruvchi Turkiyaga qarashli Bosfor va Dardanell bo‘g‘ozlariga, Istanbul shahriga da’vogarlik qilayotgan Rossiya emasmidi? Albatta, shunday edi. Binobarin, bunday sharoitda Germaniya Turkiya ko‘z o‘ngida uning imperiyasi hududlariga da’vo qilmayotgan birdan bir davlat edi.
Buyuk davlatlarning bosimiga bardosh berish uchun Turkiyaga Germaniyadek ittifoqdosh zarur edi. Germaniya uchun Bag‘dod temiryo‘lini qura olsa, kelgusida butun Yaqin Sharqqa egalik qilishi mumkindek edi. Shuning uchun ham Germaniya Turkiyani ham moliyaviy, ham harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatladi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi yaqinlik, oxir-oqibatda, Turkiyani o‘zi sezmagan holda Germaniyaning deyarli vassaliga aylantirib qo‘ydi. Endi Turkiya xohlaydimi, yo‘qmi yaqinlashib kelayotgan Birinchi jahon urushida Germaniya tarafida turib urushda qatnashishga majbur edi.
Urushning muqarrarligi
Germaniya ham mustamlakalar bosib olishdan chetda turmadi. XIX asrning 90-yillarida u egallagan mustamlakalar hududi o‘zining hududidan deyarli besh baravar ortiq edi. Ayni paytda, Germaniyaning Yevropada hukmron bo‘lishi haqidagi da’volari kuchaydi. Ikkinchidan, jahon bozorlarida Germaniya Buyuk Britaniyaning asosiy raqibiga aylandi. Uchinchidan, Afrikani qayta taqsimlashni talab etayotgani uning ham Fransiya, ham Buyuk Britaniya bilan munosabatlarini yanada keskinlashtirib yubordi. To‘rtinchidan, Germaniyaning Bolqonga, Yaqin, O‘rta va Uzoq Sharqqa suqulib kirishi shu darajada faollashdiki, bu faollik tarixga ʻʻSharqqa hujumʼʼ (ʻʻGrang nach ostenʼʼ) nomi bilan kirdi. Endi Germaniya hukmron doiralari dunyoga jahon siyosatiga o‘tganliklarini ma’lum qildi va bu yorug‘ dunyodan joy talab qila boshladi.
Ayni paytda, barcha xalqaro nizolardan o‘z manfaati yo‘lida foydalanishga urindi.
Chunonchi, podsho Rossiyasining Bolqon yarimorolidagi manfaatlarini mensimay, Avstriya-Vengriyaning Bolqon siyosatini qo‘llab-quvvatladi. Dunyoning barcha nuqtalarida Germaniya ekspansiyasi Buyuk Britaniya manfaatlariga daxl qildi va uning qarshiligiga duch keldi. Germaniya imperatori Vilgelm II ʻʻGermaniyaning kelajagi dengizdaʼʼ degan shiorni e’lon qildi. Bu shior dengiz hukmdori — Buyuk Britaniya harbiy flotiga teng keladigan flot tashkil etish zarurligini anglatardi. Ayni paytda, Germaniya harbiy dengiz floti qudrat jihatidan ikkinchi o‘ringa chiqib olgandi. Imperator maqsadini ro‘yobga chiqarish uchun yangi harbiy kemalar qurish ishi jadallashtirib yuborildi. 1905-yilda Germaniya qurolli kuchlari Bosh shtabi ikki frontda, ya’ni ham G‘arbda, ham Sharqda (Rossiyaga qarshi) urush olib borish rejasini ishlab chiqdi. Germaniya ham harbiy, ham iqtisodiy va ham mafkuraviy jihatdan urushga tayyorlanishda o‘zining raqiblaridan o‘zib ketdi.
Koalitsiya (lotincha — birlashgan) — bir yoki bir qancha davlatlarga qarshi birlashib harakat qilish uchun ikki yoki undan ko‘p davlatlarning tuzgan vaqtinchalik harbiy-siyosiy ittifoqi.
Ekspansiya (lotincha — kengaytirish) — buyuk davlatlarning o‘zgalar hududini va bozorlarini, xomashyo manbalarini bosib olishga, siyosiy va iqtisodiy ta’sir doiralarini kengaytirishga qaratilgan siyosatlari.